Bronxial astma nafas yo‘llarining surunkali kasalligi bo‘lib, uning asosida doimiy yallig‘lanish belgilari yotadi. Yallig‘lanish jarayonida bronxlar sezuvchanligi ortib, natijada bronx-o‘pka tizimida o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bu o‘zgarishlar bemorlarda takror-takror nafas qisishi, hansirab qolish, ko‘krak qafasida xirillash va og‘irlik paydo bo‘lishiga hamda kechalari yo‘tal xuruji tutishiga olib keladi. Astma so‘zi “bo‘g‘ilish”, “hansirash” ma’nolarini bildirishi bejizga emas. Chunki bronxial astmaga duchor bo‘lganlar bronxlar shilliq qavatining shishishi, shilliq ishlab chiqarishning kuchayishi va bronxspazm tufayli tez-tez nafas qisishidan shikoyat qiladilar.
Xastalikning ilk xurujlari bolalikda yoki balog‘atga yetish davrida boshlanishi mumkin. Ayrim odamlarda esa bu kasallik keksalik yoshida ham rivojlanadi. Bronxial astma ko‘pincha biror kasallik (nafas yo‘llarining jiddiy yallig‘lanishi, zotiljam, qizamiq, ayollarda jinsiy a’zolar yallig‘lanishi) yoki qattiq asabiylashish va ruhiy zo‘riqishdan keyin paydo bo‘ladi. Yozning o‘zgaruvchan kunlarida, ayniqsa ob-havo sovuq va nam bo‘ladigan ko‘klam hamda kuz fasllarida bronxial astma xurujlari kuchayadi.
Kasallik tarixi
Gippokrat zamonida (miloddan avval) ham ayni bahor kezlarida o‘simliklar changining atrofga tarqalib kishilarda allergiya qo‘zg‘ashi ma’lum bo‘lgan. Lekin u vaqtlarda allergiya holatidan hech kimning xabari yo‘q edi. Gippokrat nafasi qisib qolgan bemorlarga efedra giyohini yoqib tutunidan hidlash zarurligini tavsiya etgan.
Abu Bakr ar-Roziy “Tibbiyotga doir mukammal kitob” asarida bironxial astma alomatlarini batafsil bayon etib ba’zi gullarning va ayrim ovqat mahsulotlarining bu kasallikka sabab bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Keyinchalik esa Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” ning uchinchi kitobida astma to‘g‘risida so‘z yuritib, bu kasallik xurujlari boshlanishida tabiiy va iqlimiy omillarning ahamiyati katta ekanini qayd etadi. Nafas qisishi xurujlarining badan terisiga toshma toshishi bilan birga davom etishini ham ibn Sino birinchi bo‘lib kuzatgan.
O‘n sakkizinchi asrda bir qancha olimlar astmani “asabiy holatlar natijasida o‘pkaning tirishib qisilishidan” boshlanadigan alohida bir turdagi hansirash deya fikr bildirishgan. Rus terapevti Sokolskiy fikriga ko‘ra xurujlar asosan kechalari, ya’ni odamning his-tuyg‘ulari junbushga kelganda vegetativ asab tizimi qo‘zg‘alishi natijasida tutib qoladi, bu ko‘pincha bronxial astmaning psixonevroz holati sifatida talqin etiladi.
O‘n to‘qqizinchi asr boshlariga kelib avstriyalik pediatr shifokor Pirke “allergiya” atamasini klinik amaliyotga birinchi marta joriy etdi. Pirke ko‘pgina kishilarning organizmi befarq bo‘ladigan moddalarga nisbatan ayrim odamlarning organizmi o‘ta sezgir bo‘lishini payqadi. Uning ta’kidlashicha astma allergik kasallik hisoblanib, bu – organizmning ayrim ta’sirlarga javoban odatdan tashqari, ya’ni boshqacha tarzda javob berishidir.
Dard qo‘zg‘atuvchi “Tangacha”lar
Bronxial astma juda ko‘p sabablarga ko‘ra kelib chiqadi. Barcha allergik kasalliklardagi kabi bronxial astma ham “allergen” deb ataladigan ba’zi moddalarga organizm sezgirligining oshishi tufayli paydo bo‘ladi. Allergenlar organizmga nafas, ovqat hazm qilish yo‘llari, teri va shilliq pardalar orqali kirishi mumkin. Unutmaslik kerakki, allergenlar bronxial astmadan tashqari eshakem, kon’yunktivit, rinit, migren singari kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.
Olimlarning kuzatish natijalariga ko‘ra, quyidagilar bronxial astma xurujlarini qo‘zg‘atadi:
- mushuk, it junlari, uyda boqiladigan qush va parrandalarning patlari;
- akvariumdagi baliqlar tangachalari, shuningdek ularga oziqa sifatida beriladigan dafniya tolqonlari;
- tuxum, shokolad, asal, qulupnay, apelsin, yong‘oq singari iste’mol mahsulotlari;
- kundalik turmushda ishlatiladigan kimyoviy moddalar (masalan kir yuvish vositalari, hasharotlarga qarshi zaharli sepmalar, ho‘l va quruq mevalarni uzoq saqlash uchun qo‘llaniladigan dorilar);
- kutubxonalarda saqlanayotgan eski kitoblarning gardlari, devorga osilgan yoki polga to‘shalgan gilamlarning changlari.
Bulardan tashqari, xonadonlardagi uy kanalari (eskirgan jun adyol va paryostiqlarda ko‘p uchraydi), xovlilarda o‘sadigan ba’zi daraxtlar (chinor, terak), hayvonlar (xonaki issiqqonli jonivorlar) , oziq-ovqatlar (sitrus mevalar va donli mahsulotlar) dorilar (penitsillin, streptomitsin, aspirin, sulfanilamidlar uzoq vaqt qabul qilinganda) ham kishilarda bronxial astmani yuzaga keltiradi.
Shuningdek chaqaloqligida ko‘krakdan erta ajratilib sun’iy ovqatlar bilan boqilgan ba’zi bolalarga yuqorida ta’kidlangan mahsulotlar berilsa, ularning badaniga toshma toshishidan boshlab to bronxial astma xurujigacha olib boradigan allergik kasallik belgilari paydo bo‘lishi mumkin.
Ko‘krak qafasi qisiladi
Nafas qisish bronxial astmaning asosiy klinik belgisi hisoblanadi. Ba’zi bir allergenlarning ta’siri, yallig‘lanish kasalliklarining qaytalanishi, asabiy-ruhiy zo‘riqish holatlari xuruj avj olishiga turtki beradi.
Kasallikning xurujlari to‘rt bosqichda kechadi.
Birinchi bosqichda xurujdan bir necha daqiqa yoki bir necha soat oldin bemorni yo‘tal tutadi, tomog‘i, ko‘zlari, teri yoki quloq suprasi qichishadi. Bemorda peshob ajralishi kuchayadi. Bu bronxial astma xurujining ilk darakchi belgisi.
Ikkinchi bosqich bo‘g‘ilishlar bilan kechadi. Xuruj vaqtida nafas yo‘llaridagi mayda bronxlar torayadi, ularning shilliq qavati shishib bronx naychasida shilimshiq modda ajraladi. Bemorning ko‘krak qafasi siqiladi, u to‘liq nafas chiqara olmaydi. Ko‘pincha nafas chiqarish hushtaksimon xirillashlar bilan kechadi. Bemorning yuzi ko‘pchiydi, ko‘karadi, bo‘yin venalari shishadi.
Aynan shu bosqichda bemorni vaqti-vaqti bilan qiynoqli yo‘tal tutadi, u balg‘am tashlaydi. Balg‘am quyuq, yopishqoq, ba’zan ko‘pikli bo‘ladi. Xurujlar uzoq muddat davom etsa, jigar kattalashadi va oyoqlarda shish yuzaga keladi.
Uchinchi bochqichda xurujlar tez-tez qaytalanadi, ko‘p miqdorda balg‘amli yo‘tal paydo bo‘lib bu bemorga yengillik beradi. Ba’zan kutilmaganda xuruj tutib bemorning ish faoliyati susayadi, uyqusi yomonlashadi.
To‘rtinchi bosqich og‘ir kechadi, ya’ni kasallik tez-tez qo‘zib turadi. Muolajalar olinishiga qaramasdan, tungi xurujlar tez-tez ro‘y beradi, bemorning jismoniy faolligi cheklanadi. Ushbu bosqichning salbiy tomoni shundaki, bronxial astma surunkali bronxit bilan rivojlana boshlaydi. Bu esa o‘z navbatida surunkali nafas yetishmovchiligi yoki o‘pka emfizemasi (o‘pka pufakchalari – alveolalarning kengayishi)ga olib keladi.
To‘rtta bosqichda ham kasallik zo‘rayib ketaversa va uzoq muddatli og‘ir nafas qisish xurujlari ro‘y bersa bemor organizmida muhim a’zolar ishi yomonlashadi. Masalan yurakning elektr o‘qi o‘ngga qarab siljiydi, shuningdek o‘pka tizimida ham xavfli o‘zgarishlar yuzaga keladi. Hatto qovurg‘alar oralig‘i kengayadi, bora-bora o‘pka faoliyati keskin buzilishi mumkin.
Kasallikning turlari
Atopik turi
Kasallikning atopik turi ko‘proq yoshlarda uchraydi. Nafas qisish xurujlari bemorning bir necha xil omillar (masalan chang, ovqat allergenlari, dorilar)ga duch kelganidan so‘ng boshlanadi. Birdaniga ro‘y bergan xuruj to‘xtashidan oldin bemor rangsiz, yopishqoq balg‘am ajratadi. Bu vaqtda qonda gistamin (biogen aminlar qatoriga kiradigan fiziologik faol modda) miqdori ortadi.
Infeksion-qaram turi
Infeksion-qaram turdagi bronxial astma ko‘pincha 35-45 yoshlarda rivojlanadi. Kasallik asta-sekin boshlanib, qaytalanish davri uzoq muddatga cho‘ziladi va og‘ir kechadi. Ko‘p hollarda astma belgilari bronxit alomatlari bilan birgalikda rivojlanadi. Bu vaqtda bemor balg‘amida leykotsitlar (oqqon tanachalari) miqdori ortadi.
Autoimmun turi
Bronxial astmaning autoimmun turi uzluksiz qaytalanishi va og‘ir kechishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu kasallik belgilari kishining yoshlik chog‘laridayoq shakllanib ulguradi va keyinchalik zimdan rivojlanib, birdaniga yuzaga chiqadi.
Disgormonal turi
Disgormonal turdagi bronxial astmaning ayollarda kuzatilishi og‘ir oqibatlarga olib keladi. Ya’ni tuxumdon faoliyati buzilishi, hayz ko‘rishdan oldin, hayz vaqtida yoki klimiks davrida bemorlarning ahvoli yomonlashishi mumkin. Bunday vaqtda gormonal dorilar bilan davolashni to‘xtatishga urinish ahvolni battar mushkullashtiradi.
Asabiy-ruhiy tur
Asabiy-ruhiy turdagi astmaga chalinganlar axvoli so‘rab surishtirilganda, ruhiy shikastlanishlar, ziddiyatli holatlar, jinsiy faoliyatdagi o‘zgarishlar, bosh miya jarohatlari xurujlar boshlanishiga boshlanishiga sabab bo‘lishi aniqlangan.
Disadrenergik tur
Disadrenergik turdagi astmada bemor qonida qand miqdori kamayadi.
Xolinergik turi
Xolinergik turida astma rivojlanishi adashgan nervlar faolligining oshishi bilan bog‘liq kechadi. Bunda bemor burnidan ko‘p suyuqlik ajraladi, tungi nafas qisishlari ro‘y beradi. Bemor ko‘zdan kechirilganda qizil dermografizm (terida iz qolishi) kuzatiladi.
Jismoniy-zo‘riqish astmasi
Jismoniy-zo‘riqish astmasi esa bronxlarning birlamchi reaktivligi o‘zgargan bemorlarda kelib chiqadi.
Bemorlarni tekshirish
Bronxial astma bilan og‘rigan bemorning avvalo balg‘ami tekshiriladi va unda granulotsitlar (donachali leykotsitlar) paydo bo‘lishi kasallikka qay darajada ta’sir ko‘rsatayotgani aniqlanadi.
Bundan tashqari, maxsus apparat yordamida nafas olish yo‘llari bronxoskopiya qilinadi. Bunda mutaxassis shifokor bemorning nafas olish yo‘llari shilliq qavati holatini aniqlaydi, shuningdek yallig‘lanish turi va uning qanchalik tarqalganligi, zararlanishning yuza yoki chuqurligiga e’tibor beradi.
Bronxografiya usuli yordamida bronxlarning xolati o‘rganiladi. Umuman, har bir usulning o‘ziga xos afzalligi bor, ya’ni tekshiruvlar yordamida nafas olish yo‘llarida paydo bo‘lgan o‘zgarishlar va o‘pkaning qay qismi qanday darajada zararlangani aniq – ravshan namoyon bo‘ladi. Aytish joizki, hozirgi kunda zamonaviy tibbiyotimiz bronxial astma kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni har tomonlama chuqur tekshirish uchun barcha vositalarga ega.
Xurujdan “qutqaruvchi“ dorilar
Bronxial astma xurujlarining oldini olish uchun bemor uzoq muddat qunt bilan bosqichma-bosqich davolanadi. Bunda yallig‘lanishga qarshi preparatlar va ta’siri uzoq davom etadigan bronxodilatatorlar keng qo‘llaniladi. Ayniqsa ingalyatsion glyukokortikosteroidlar ko‘proq naf beradi. Ularning barchasi bemorni muqarrar xurujlardan qutqarib qolishi bilan katta ahamiyatga ega.
Shuningdek aerozol ingalyatorlar, natriy xromoglikat, aerokom, natriy nedokromil singari yallig‘lanishga qarshi preparatlar shifokor nazoratida qabul qilinadi. Bundan tashqari, bemorni davolashda glyukokortikosteriodlar (GKS) bronxial astma davosida juda muhim o‘rin tutadi. Ya’ni ularni mahalliy tarzda (ingalyatsion yo‘l bilan) ishlatish gormonlar ichishni cheklashga imkon beradi, asoratlar ro‘y berishini kamaytiradi.
Sistem glyukokortikoidlar, bronxodilatatorlar va shunga o‘xshash preparatlar qattiq nafas qisishi xurujlarini to‘xtatishga yordam beradi. Bunday dori-darmonlar o‘pkadagi o‘tkir yoki surunkali davolash barobarida bronx devorlaridagi infeksiya o‘choqlarini tozalaydi, yo‘lini ochadi, kengaytirib bo‘shashtiradi, shuningdek tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.
Umuman bronxial astma ikki guruhdagi preparatlar bilan davolanadi. Birinchi guruhi yallig‘lanishga qarshi bo‘lib uzoq muddatli, davomli tarzda ishlatiladi. Ikkinchi guruhi esa tez yordam ko‘rsatuvchi preparatlar hisoblanadi va bemor ahvolini vaqtincha yaxshilashga xizmat qiladi.
Bronxial astmani dori-darmonlarsiz davolash usuli (naturoterapiya) ham yo‘lga qo‘yilgan. Naturoterapiya to‘rtta guruh (eliminatsion terapiya, mashq qildiruvchi terapiya, fitoterapiya, aralash usullar bilan ta’sir o‘tkazish)ni o‘z ichiga oladi. Aniqroq aytgand,a muolajalar turi bemorning ruhiy holati, kasallikning kechishi va qaysi bosqichda ekanligiga qarab tanlanadi.
Shuni bilish muhimki, bronxial astmani davolash kechiktirilganda, u zo‘rayib bir qancha og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin. Ya’ni o‘tkir o‘pka emfizemasi, o‘pka barotravmasi, yurak-tomir faoliyatining buzilishi ro‘y beradi. Shuning uchun ham bemorga tashxisni to‘g‘ri qo‘yib, davolashni boshlash va bunda kasallikning og‘ir-yengilligini hisobga olish juda-juda zarur.
Xalq tabobatida bronxial astma kasalligini davolash
Qadimgi tabiblar bronxial astmani yengillashtiradigan ko‘pgina davo usullarini tavsiya etishgan. Bular quyidagicha:
Piyozli muolaja
Tuxumdan kattaroq bitta piyozni tozalab qirg‘ichni katta teshiklaridan o‘tkazib yoki pichoqda to‘g‘rab bir kosaga solinadi, so‘ng darhol kosa atrofi mato bilan o‘raladi. O‘rtasi ochiq bo‘lishi kerak, ana shu ochiq joyga burun bilan og‘izni qo‘yib 5 daqiqa burun bilan, 5 daqiqa og‘iz bilan chuqur nafas olish kerak bo‘ladi. Nafas olganda burun bilan olib, nafas bilan chiqarish kerak, og‘iz bilan olganda burun bilan chiqarish kerak. Piyoz burundagi, bronxdagi yallig‘lanishni sekin-asta yo‘qotadi, tez-tez shamollashning oldini oladi va o‘sha zahotiyoq nafas olish birmuncha yaxshilanadi. Bu muolajani kasallik og‘ir bo‘lsa, birinchi 10 kunda uch mahal ovqatdan oldin, ikkinchi 10 kunlikda kuniga ikki mahaldan erta bilan nahorda va kechqurun uyqudan oldin bajariladi. Ikkinchi oydan boshlab har kuni bir marotabadan shu usul qo‘llanib turilsa, o‘pkaning yuqori nafas qismlari. Bronxlar yallig‘lanishlari ketib, nafas olish yaxshilanadi va bemor shifo topadi.
Behili muolaja
Behi qadim zamonlardan shifobaxsh meva sifatida ma’lum bo‘lgan va uning bir qator ijobiy xususiyatlari haqida turli xil manbalarda bir qator fikrlar bayon etilgan. Abu Ali ibn Sino tomonidan ham behi astma kaksalligini davolashda muvaffaqqiyatli qo‘llangan. Behi urug‘ining bir qoshig‘idan tayyorlangan mahsus damlama balg‘am ko‘chirishga va yengil nafas olishga yaxshi yordam beradi. Behi mevasi urug‘ini olib tashlab, ichiga dumba va asal solinadi, qopqog‘i opilib qog‘oz paketga solinib gaz pechida past olovda 25-30 daqiqa pishiriladi. Tayyor behi issiqligida iste’mol qilinadi, ajralib chiqqan shirasini ham ichish zarur, iste’moldan keyin chuqur nafas olish kerak, balg‘amlar pishib ko‘chishi osonlashadi. Muolajani 10 kun takrorlash lozim.
Anjirli muolaja
Balg‘amni ko‘chirishda anjir bebaxo hisoblanadi. Abu Ali ibn Sino tavsiyasiga binoan anjir mevasini sut bilan qo‘shib qaynatib ichilsa, balg‘am ko‘chiruvchi va yo‘tal qoldiruvchi vosita sifatida yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Anjir mevasi qoqisidan tayyorlangan damlama og‘ir yo‘talni qoldiruvchi vosita sifatida tavsiya etiladi. Damlamadan ovqatdan oldin kuniga 4-5 mahal bir piyoladan kamida 3 kun ichish tavsiya etiladi.
Kunjutli muolaja
Abu Ali ibn Sino kunjut urug‘i bilan moyini teng miqdorda aralashtirib, astma kasalligida o‘n kun davomida kuniga uch mahal bir choy qoshiq miqdorida ovqatdan yarim soat oldin ichib turishni tavsiya etadi.
Uy sharoitida biror muolajani qo‘llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni unutmang!
Ushbu maqolani ham o‘qing: Nafas qisishiga nimalar sababchi?
Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.
Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).
1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:
Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks
Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
© Tib.uz