Bosh miya to‘qimasi ichida o‘tkir yallig‘lanish oqibatida yiringning bir joyga (o‘choqli) to‘planib, uning atrofi qobiq bilan o‘ralishi miya abssesslaridir. Bosh miya abssesslari

Kasallik tasniflanishi

Kelib chiqishiga ko‘ra bosh miya abssesslarining bir necha xili tafovut qilinadi:
  • rinogen (yiringli rinit va sinusitlar natijasida);
  • otogen (yiringli otit, labirintit, evstaxeit, mastoiditlar oqibatida);
  • ochiq teshib kiruvchi bosh miya travmalarining asorati tufayli va metastatik (boshqa a’zo va organlarda kuzatiladigan yiringli-yallig‘lanish kasalliklarining asoratlari tufayli).
Shuningdek, yiringli o‘choqning joylashishiga qarab chakka bo‘lagi, miyacha, peshona bo‘lagi, tepa va ensa sohalarining abssesslari ham kuzatiladi.

Kelib chiqishi

Bosh miya abssesslari hamisha ikkilamchi kasalliklar hisoblanib, uning asosiy qo‘zg‘atuvchilari stafilokokklar, streptokokklar, zamburug‘lar, ichak tayoqchalari, anaerob bakteriyalardir. Infeksiyalar ikki xil yo‘l bilan kontakt va gematogen (qon orqali) tarqaladi. Infeksiyaning kontakt yo‘li bilan tarqalishi bosh miya abssessi shakllanishida eshituv a’zolarining yiringli yallig‘lanishlari (otit, mastoidit) oqibatida infeksiya kalla qutisi ichiga kirishi natijasida kelib chiqadi va bu abssesslar ko‘proq chakka bo‘lagida joylashishi bilan xarakterlanadi. Shu boisdan bunday abssesslar otogen asbsesslar deb ham ataladi. Gematogen yo‘l bilan infeksiya tarqalib, miya abssessi vujudga kelishida boshqa a’zolardagi yiringli yallig‘lanishlar (pnevmoniya, infeksion endokardit, oshqozon-ichak tizimi, buyrak va taloqda joylashgani) sababli infeksiyaning qon-tomirlar orqali miyaga ko‘chishi (metastatik abssess) ro‘y beradi. Abssesslarning bunday turida bakteremiya o‘chog‘ini (ko‘p holatlarda) topishning ilojisi bo‘lmasligi mumkin.

Kasallikning klinik manzarasi

Bosh miya abssesslarining klinik manzarasini umumiy xurujlar tashkil etadi. Ya’ni:
  • bosh miya simptomlarining kuchayib borishi (bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qusish, darmonsizlik, quvvatsizlik, es’hushning buzilishi);
  • qaltirash (yuqori tana harorati va intoksikatsiya evaziga);
  • o‘choqli nevrologik simptomlar (qo‘loyoqlarda harakat cheklanuvi yoki yo‘qolishi, harakat faoliyatiga tegishli bosh miyaning nervlari faoliyatining izdan chiqishi, tananing ma’lum qismlarida sezgi buzilishi, miyacha yarim sharlari va bodomsimon sohalariga tegishli o‘zgarishlar);
  • meningeal simptomlar (ensa mushagi taranglashuvi, oyoqlarni yozolmaslik);
  • epileptik (talvasali).
Bosh miya abssesslarining shakllanish davrida tana haroratining baland bo‘lishi, pulsning tezlashuvi, abssess shakllanib, uning atrofini kapsula to‘liq o‘rab bo‘lgach esa aksincha, tana harorati me’yorlashib pulsning sekinlashuvi (bradikardiya) qayd etiladi. Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ko‘rsatilib o‘tilgan umumiy bosh miya simptomlari kalla ichi bosimining oshib ketishi, intoksikatsion (zaharlanish) simptomlar yiringning qon–tomir tizimi bo‘ylab tarqalishi, o‘choqli simptomlar esa bosh miyaning qaysi sohasi abssess tufayli bosilayotganligi oqibatida, meningial simptomlar miya pardalarining ta’sirlanishi sababli, muvozonatga, qad-qomatni tutishga tegishli o‘zgarishlar esa miyacha va uning bodomsimon qismi faoliyatlarining buzilishi tufayli yuzaga keladi. Abssess shakllanib bo‘lgandan keyin sanab o‘tilgan simptomlar orasidagi o‘choqli simptomlardan boshqasi (yiring kapsula bilan o‘ralib atrofdagi miya to‘qimasi va boshqa a’zolarga ta’sir qila olmasligi natijasida) so‘na boshlaydi. Bosh miya abssesslarining joylashishiga qarab o‘ziga xos o‘choqli nevrologik simptomlar kuzatiladi. Bosh miya abssessi peshona bo‘lagida joylashganda intellektning susayishi, xotira sustlashuvi, gandiraklab (mastga o‘xshab) yurish, epileptik xurujlar, yurganda orqaga qarab yiqilish holatlari ro‘y beradi. Abssess miyachada joylashganda mushaklar tonusi pasayishi mumkin. Abssess tepa bo‘lakda joylashganda sezgi buzilishlari kuzatiladi. Miya asosida joylashganda ko‘z olmalari harakati va ko‘rish faoliyatining har xil buzilishlari paydo bo‘lishi mumkin.

Bosh miyaning abssess kasalligini tashxislash

Bosh miyaning abssess kasalligiga tashxis qo‘yishda bemorning shikoyatlari, kasallikning rivojlanish xususiyatlari, quloq, tomoq, burunda yiringli-yallig‘lanish va yurak kasalliklari mavjudligi, aniqlangan nevrologik umumboshmiya va o‘choqli simptomlar, exo-ensefaloskopiya, bosh miya kompyuter va magnit-rezonans tomografiya tekshirish usullarining natijalari inobatga olinadi. Bosh miya abssesslari o‘z vaqtida malakali tarzda davolanmagan hollarda kalla qutisi suyaklarining osteomiyeliti, miya qorinchalari ichiga yiringning yorib kirishi sababli davolanish mushkul bo‘lgan meningit, meningoensefalitlar, gidrotsefaliya, epilepsiya, qo‘l-oyoqlar falajlanishi singari og‘ir asoratlar va ushbu asoratlar sababli bemorning umri qisqarishi singari noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.

Kasallikni davolash

Bosh miya abssesslari xirurgik usulda davolanishni taqozo etadi. Hozirgi vaqtda abssess bo‘shlig‘ini drenajlab yiringdan holi qilish, keyin antibakterial eritma bilan o‘rnatilgan uzoq muddatli drenaj orqali abssess bo‘shlig‘ini yuvib turish, shuningdek, uni ochiq usulda, ya’ni kalla suyagi ochilib kapsulasi bilan birga olib tashlash usullari amaliyotda qo‘llaniladi.

Oldini olish uchun

Bosh miya abssessi kasalligining profilaktikasida sog‘lom turmush tarzining ahamiyati katta. Inson o‘zining salomatligiga bolalikdan jiddiy e’tibor ajratishi, ota-onalarning go‘daklarini sog‘lom ulg‘aytirishlari, tomoq, quloq, burun sohalaridagi yallig‘lanish kasalliklarini profilaktika qilish singarilar kasallikka chalinishga qarshi sinalgan choralardir.

 © Amirqul SHODIYEV, Samarqand davlat tibbiyot instituti “Neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya” kafedrasining dotsenti, tibbiyot fanlari doktori. "Sihat-salomatlik" jurnali.