4.1
(114)

Vaqti kelib, bolani ko‘krakdan ayirishga to‘g‘ri keladi. Bu jarayon bolalar uchun qanchalik azob bo‘lsa, onalar uchun ham shunchalar iztirobli… Ammo buning ham o‘z sababi va omillari bor. Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Onalar nima uchun bolani ko‘krakdan ayi­radilar:

  • Bola ikki yoshga yetib, ko‘krak sutiga ehtiyoj sezmagani uchun;
  • Tishlari chiqib, tishlab olish holatlari ko‘paygani uchun;
  • Qorni ochmasa ham emishga ruju qo‘ygani uchun;
  • Ona yana homilador bo‘lib qolsa yoki rejalashtirsa;
  • Ona ishga chiqsa;
  • Sutga ta’sir qiladigan ba’zi dorilarni qabul qilishni boshlasa va hokazo.

Ko‘krakdan ayirish uchun nimalarga e’tibor qilish lozim?

Tabiiyki, vaqti kelib, bolani sutdan ayirishga to‘g‘ri keladi. Ko‘krak sutini emishga o‘rganib qolgan bola osonlikcha bunga ko‘nmaydi. Ko‘krak suti talab qilib yig‘lashga tushadi. Bu paytda otalar ko‘makka kelishi zarur. Bir muddat pyure, bo‘tqa va sho‘rva kabi ko‘shimcha ovqatlarni otasi yedirib tursin. Shunda bola onasiga tarmashavermaydi va sal bo‘lsada ko‘krakni unutadi. Kechqurun ham yoningizda olib yot­mang. Sut hidi uning «xumor»ini qo‘zg‘aydi. Agar yolg‘iz yotishdan qo‘rqsa, otasining yoniga qo‘ying.

Ba’zida esa bolalarni yangi o‘yinchoqlar bilan chalg‘itib, ko‘krakdan ayirish mumkin. Yangilikka qiziqqan bola uch-to‘rt kun ichida ko‘krakni unutadi. Dam olish kunlari biror dugona yoki qarindoshingiznikiga olib boring. Ularning bolalari bilan o‘ynab, chalg‘igan bolakay sizga ko‘p ham talpinmaydi. Otasi bilan ko‘chaga sayrga chiqarib yuboring. Sizni qancha kam ko‘rsa, ayirish shuncha oson bo‘ladi.

Qachongacha emizish mumkin?

Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar oziqlanishi milliy komissiyasi maslahatiga ko‘ra, bolani yarim yoshgacha ko‘krak suti bilan boqish shart. So‘ngra meva va sabzavotli pyure, bo‘tqalar berish mumkin. Agar ko‘krakdan ayirish uchun hech qanday jiddiy sabab bo‘lmasa, emizishda davom ettiravering. Farzandingizni ikki yoshgacha emizsangiz, u turli kasalliklardan hi­moyala­nadi. Hatto uch yoshgacha emizish ham mumkin: chunki ona suti bola uchun eng foydali ozuqadir. Ona suti immunitetni ko‘taradi, infeksiyali kasalliklardan saqlaydi va allergiya chaqirmaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kamqonlik (Anemiya)

Dori qabul qilish mumkinmi?

Sut kelishini to‘xtatish uchun maxsus tabletkalar ishlab chiqarilgan. Ammo buni faqat mutaxassis maslahati bilan qabul qilish kerak! Chunki ko‘pincha dorilar nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Mavrak (shalfey) damlamasini (bir osh qoshiq mavrakka qaynoq suv quyiladi va 15 daqiqa damlanadi) kunda bir mahal ichish ham sutni kamaytiradi.

Qachon ayirish kerak?

Bolaning tishi chiqayotganida, kasal bo‘lib qolganida yoki emlanganda ko‘krakdan chiqarish tavsiya etilmaydi. Chunki ona suti bu pallada uni tinchlantiradi va og‘riqni bosadi. Salqin kunlarda jumladan, kuzning oxiri va qishda ko‘k­rakdan ayirish maqbul payt. Yozda ayirish esa ichaklarda muammolar keltirib chiqaradi. Odatda 16-20 soat o‘rtasida sut kam ishlab chiqariladi. Shu pallada bolaga ko‘krak tutib, kamroq emdirib, uni ko‘krakdan ayirish mumkin.

Birdaniga ayirish to‘g‘rimi?

Bolani birdaniga emishdan to‘xtatish to‘g‘ri emas. Emish soatlarini kamaytirib boring va kundan-kunga kamroq ko‘krak tuting. Sutingizni to‘liq sog‘ib tashlamang, biroz qolsin. Yo‘qsa, organizm sut tugagani haqida «signal» olgach, yana sut kelishni boshlaydi.

Agar bola ko‘krakni rad etsa…

Bu bolaning yoshiga bog‘liq. Agar bir yoshdan o‘tgan bola emishni istamasa, uni o‘z holiga qo‘y­gan ma’qul. Agar yoshga to‘lmagan bo‘lsa, pediatr ko‘rigiga olib boring. Buning sababi bo‘lishi kerak. Balki uning tili og‘rigan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, sepgan atiringizdan «begonasiragandir». Yoki bo‘lmasa sutingizning ta’mi o‘zgargandir. Masalan, sarimsoqpiyoz yeyish ham sutni taxirlashtiradi. Shuningdek, hayz ko‘rish ham sut ta’miga ta’sir qiladi. Bunday pallada sutingizni sog‘ib, qoshiqcha yoki piyolada ichiring.

Ko‘krakdan ayirish usullari:

Odatlarni o‘zgartiring! Avval o‘ng tomonga yonboshlab emdirishga o‘r­gangan bo‘lsangiz, en­di chap tomonga o‘ting. Bunday noqulaylik bolaga yoqmay, ko‘krakni olmasligi mumkin.

Soatga qarab emdirgan bo‘lsangiz, endi vaqtni o‘zgartiring. Kechasi iloji boricha emdirmang.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ona suti

Hidingizni o‘zgartiring! Boshqacha iforli atir, loson, talklarni ishlating. Doimiy hi­dingizga o‘rgangan bola ko‘krakdan begonasiraydi.

Ko‘proq emizishning foydasi:

  • Ona bolasini qanchalik ko‘p emizsa, ko‘k­rak va tuxumdon saratoni xavfi shuncha kamayadi.
  • Ko‘krak suti bilan oziqlantirish osteoporoz kasalligining oldini oladi.
  • Ikki yoshgacha emgan bolalarda asab kasalliklari kam uchraydi.
  • Yarim yoshdan ko‘krakdan ayrilgan bolalar diabet va quloq kasalliklariga tez yo‘liqishadi.

Yosh onalar nima deydi?

Shu o‘rinda biz bolasini ko‘krakdan ayirgan yosh onalarni so‘roqqa tutdik.

Feruza Ibragimova, 25 yosh: — Bolam ikki yoshdan o‘tsa hamki, emishga ruju qo‘ygandi. Uydami, ko‘chadami, mehmonga borgandami, farqi yo‘q, emishni istab qolardi. Turli usullardan foydalanib ko‘rdim, bo‘lmadi. Oxiri onamning maslahatiga ko‘ra, uni ota uyimga ikki-uch kunga tashlab keldim. Onam unga qaradilar, kechasi xumor tutib yig‘laganda ovutdilar. Uyga olib kelsam, ko‘krak so‘ramadi…

Barno Rashidova, 32 yosh: — Bolam bir yoshga yetib-yetmay yana homilador bo‘lib qolgandim. Shu sabab vaqtli ko‘krakdan ayirishga majbur bo‘ldim. Quruq sut aralashmasini tayyorlab berdim, ammo ichmadi. Ikki hafta urinib, uni idishdan emishga o‘rgatdim. Qo‘shimcha taomlar — sutli bo‘tqalar berdim. Hali aqlini uncha tanimagani uchun ko‘krak so‘rab xarxasha qilmadi. Ammo o‘zim ham qiynaldim, shuning uchun keyingi farzandimni uch yoshgacha emizdim.

Saida Xoldorova, 28 yosh: — Bolam ikki yoshga yetay deganda, bog‘chaga berib ishga chiqishga qaror qil­dim. Ammo asosiy muammo uni ko‘krakdan ayirish edi. Bog‘chada unutar desam, battar bo‘ldi. Bog‘cha opasini xunob qilib yuboribdi. Bog‘chadan keliboq emdirardim. Oxiri qaynonamning maslahatiga kirib, ko‘kragimga murch sepib emdirdim. Bolaginam yuzini burishtirib, qaytib emmadi.

Ona suti haqida sakkizta noto‘g‘ri tushuncha

Yosh onalar o‘rtasida yuruvchi ba’zi gaplar ko‘pincha haqiqatdan yiroq bo‘ladi. Quyida ana shunday noto‘g‘ri fikrlar bilan tanishasiz.

  • Birinchi fikr: sutni yig‘ish kerak! Ko‘k­rakni bolaga tez-tez bermay, sut limmo-lim to‘l­gach, berish kerak. Shunda sut ko‘payadi.
  • Haqiqatda esa bolaga qancha ko‘p ko‘krak tutilsa, shuncha ko‘p sut keladi. Ko‘krakni sutdan tez-tez bo‘shatib turish sut ishlab chiqarish gormonini tezlashtiradi.
  • Ikkinchi fikr: emdirib bo‘lgach, qolgan sutni sog‘ib tashlab kerak!
  • Noto‘g‘ri! Sog‘ish shart emas. Agar sog‘sangiz, yana sut kelishni boshlaydi. Siz esa ortiqcha sutdan tag‘in bezor bo‘­lasiz.
  • Uchinchi fikr: sutning sifati har xil bo‘ladi. Ba’zi ayollarning suti yog‘li, kaloriyali, ba’zilarda esa aksincha bo‘larmish.
  • Haqiqatda esa ham­ma onaning suti bola yoshiga qarab o‘zgarib turadi. Boshida shirin, vitaminli, keyinchalik yog‘li, to‘yimli bo‘lib boradi. Onaning ovqatlanishi sut sifatiga unchalik ta’sir etmaydi. Ammo och qolish sut kamayishiga olib keladi.
  • To‘rtinchi fikr: sut ko‘krakda turib qol­sa, aynishi mumkin!
  • Haqiqatda esa aynimaydi. Ancha vaqt turib qolgan sut ta’mi o‘z­garishi mumkin, ammo bu bola uchun xavfsiz.
  • Beshinchi fikr: issiqda go‘dak sutdan tashqari, suv ham ichishi shart!
  • Haqiqatda ­esa go‘dak olti oylik bo‘l­guncha sutdan boshqa ichimlikka sira ehtiyoj sezmaydi. Boisi sutning 90%i suvdan iborat.
  • Oltinchi fikr: bir yoshdan so‘ng ko‘krak suti bola uchun befoyda!
  • Haqiqatda esa unday emas. Bir yoshdan so‘ng emadigan ko‘krak sutida ko‘plab vitamin, minerallar mavjud va u bolani kasalliklardan himoyalaydi.
  • Yettinchi fikr: ba’zi ayollar sersut, ba’zilarda esa sut kam bo‘ladi.
  • Haqiqatda esa aslida farzand tug‘ilgach, hammada sut bir xil miq­­­­­­­­­­­­dorda keladi. Ayrim gormonal kasalliklarni hisobga olmasa, albatta. Ammo emizish borasida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘ygan onalarda sut kamayib ketishi kuzatiladi.
  • Sakkizinchi fikr: ona qanchalik ko‘p va xilma-xil ovqatlansa, sut ham ko‘p bo‘ladi!
  • Haqiqatda esa sutning miqdori bolaning emishiga bog‘liq. Sut bolaning istagiga ko‘ra kelarkan.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Miopiya — uzoqdan yaxshi ko‘ra olmaslik

«Bekajon» gazetasi.

Mavzuga aloqador maqola: Ona suti