Kuzda ba’zi kasalliklar qo‘zg‘alishidan xabardormiz. Havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadigan shamollash va yuqumli kasalliklardan tashqari, bo‘g‘im xastaliklari ham ayni shu davrda bosh ko‘taradi. Ular sirasiga bod (revmatizm), artrit, osteoartroz, bo‘g‘im (larning) yemirilishiga olib keladigan yuqumli va tug‘ma kasalliklar kiradi.

Bo‘g‘imlarga shikast yetkazadigan yana bir kasallik mavjud. U ilmiy tilda ankilozlashgan spondiloartrit deyiladi. Uning yana bir nomi bor: Bexterev kasalligi.
Kasallik mashhur rus olimi, iqtidorli nevropatolog V.M.Bexterev sharafiga qo‘yilgan. Mazkur kasallik nafaqat qo‘l-oyoq, balki umurtqa bo‘g‘imlarini zararlab, harakatning cheklanishiga olib keladi.
Kasallikni sharhlashdan avval bo‘g‘imlarning vazifasi va ularni sog‘lom saqlash uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz kerakligi haqida ma’lumot bersak.

Bo‘g‘im o‘zi nima?

Tanamizda suyaklardan mustahkamroq a’zo yoxud to‘qimaning o‘zi yo‘q. Ularni bir-biriga biriktirib turuvchi va harakatimizni belgilab turadigan bo‘g‘imlarni aytmaysizmi? Ular yordamida qo‘l-oyoqlarni egib-rostlashimiz, ikki tomonga aylantirishimiz mumkin. Har bir odamda naq 187 dona bo‘g‘im mavjud. Bo‘g‘imlarni suyaklar birlashgan joylarda topasiz. Ular uchga bo‘linadi.

Birinchilari suyaklarning bemalol harakatlanishini ta’minlaydi. Misol uchun, tirsak, tizza, barmoq bo‘g‘imlari, elka va tos-son bo‘g‘imlari doimiy harakatda bo‘ladi.
Ikkinchi guruhdagi bo‘g‘imlar esa qisman harakatda bo‘ladi. Ularga umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari kiradi.
Uchinchi guruh bo‘g‘imlar umuman harakatlanmaydi. Ular bosh miyani o‘rab turuvchi kalla suyagi bo‘g‘imlaridir.

Bo‘g‘imlar bir-biriga ishqalanib turganligi uchun harakatlanishimizni bilasizmi?

Bu holat kuch bilan 5 10 daqiqa davom etsa bormi, suyaklardan asar ham qolmasdi. Baxtimizga bo‘g‘imlarimiz maxsus suyuqlik bilan namlanib, parchalanishdan saqlanadi. Bu suyuqlikning miqdori atigi 0,1-4 millilitr bo‘lsada, bemalol harakatlanishimiz, uy yumushlarini bajarishimiz, kerak bo‘lsa, sport bilan muntazam shug‘ullanishimiz uchun etib ortadi. Olimlar uni sinovial suyuqlik deb nomlaydi. U bo‘g‘imlar joylashgan kapsulada bo‘lib, harakat paytida bo‘g‘imlarni namlab turadi. Kapsula suyaklar bilan birlashadi.

Foto: iStockPoto

Bo‘g‘im uchun nimalar ma'qul?

Suyuqlik

Kun davomida ichadigan suyuqlikning 1-1,5 litri mineral suv yoki o‘tli damlamalarga to‘g‘ri kelishi kerak. Mineral suv, albatta, gazsiz bo‘lishi shart. Bo‘g‘imlar ko‘k choyni ham xush ko‘radi. Choyga 2 dona yalpiz bargidan solib, damlasangiz, yanada foydali.

Turli don-dunlar

Bo‘g‘imlarning jonu-dili! Bo‘g‘imlaringiz bilan birga suyaklar ham uzoq xizmat qilsin desangiz, ko‘proq guruch, perlovka, grechixadan taom tayyorlab, tanovul qiling. Perlovka haqida eshitib, og‘zingiz nordon bo‘lgandir. Perlovka aslida bug‘doyning ishlov berilgan doni bo‘lib, o‘zida ko‘plab vitaminlar, ayniqsa, A va B vitaminlarini saqlaydi. Ular tetiklashtiruvchi ta’sirga ega bo‘lib, ko‘rish va fikrlash qobiliyatimizni yaxshilaydi. Perlovkadan nafaqat sho‘rva, balki palov ham tayyorlash ham mumkin.

Revmatizm, artrit bilan xastalangan kishilar, avvalo, qo‘l-oyoqlaridagi og‘riqdan shikoyat qiladi. Og‘riqdan qutulishning osongina yo‘li ham bor. Buni amalga oshirishga nafsingiz yo‘l bersa, bas. Gap shundaki, bo‘g‘im og‘riqlari qiynagan zahoti yog‘siz, parhezbop taomlarga o‘tish kerak. 2 hafta davomida nonushtaga suli yoki bug‘doy yormasidan bo‘tqa tanovul qilsangiz, og‘riqli damlarni unutasiz.

Meva-sabzavotlar

E’tibor bergan bo‘lsangiz, odamning yoshi keksaygach, xom meva-sabzavotni yemay qo‘yadi. Aynan shuning uchun, keksa yoshlilar orasida qabziyat ko‘p tarqalgan. Haqiqatan ham, meva-sabzavotlarni xomligicha sharbat yoki salat ko‘rinishida iste’mol qilish ko‘plab kasalliklarga davo bo‘ladi. Lavlagi sharbati qon bosimini meyorida saqlashga yordam bersa, olma, yong‘oq, bodom ta’sirida ateroskleroz va insultning oldi olinadi. Bo‘g‘imlar harakati cheklanmay, ich qotishi, darmonsizlik, hatto, gijjalardan qutulish imkoni bo‘ladi. Siz ham ularni ko‘proq iste’mol qiling. Ayniqsa, salatlarni ko‘proq eng.

Xulosa: meva-sabzavotlar bilan do‘st bo‘lmas ekansiz, turli xildagi xas-taliklarga engilaverasiz. Shunday ekan, ta’bingizga to‘g‘ri keladigan meva yoxud sabzavotlarni muntazam iste’mol qiling. Meva-sabzavotlarning rangiga ham ahamiyat bering. Sa-riq, qirmizi rangdagi meva-sabzavotlarda yallig‘lanishga qarshi kurashuvchi karatinoid deb nomlanadigan moddalar juda ham ko‘p.

Baliq

Norvegiya olimlari tibbiy tadqiqotlar natijasida baliqni muntazam iste’mol qilish bo‘g‘im kasalliklarida shifo ekanligini aniqlashdi. Baliqni nafaqat qovurib, balki mantiqasqonda dimlab, yoki undan kotlet hamda kabob tayyorlab esangiz, foydasi ko‘proq bo‘ladi.

Chunki taom tayyorlashning bu turlarida baliqdagi barcha foydali elementlar saqlanib qoladi. Baliqni muntazam iste’mol qilish orqali keksalikni ortga surishingiz, o‘zingizni doim tetik sezishingiz mumkin bo‘ladi. Baliq organizdagi moddalar almashinuvini tezlashtiradi, miya faoliyatini yaxshilaydi, xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Chunki uning tarkibida quvonch paydo qiladigan moddalar juda ko‘p.

Yuz dardga davo salat

Salat tayyorlash uchun qizil sabzi, o‘rtacha kattalikdagi sariq olmani qirg‘ichdan chiqarib, tuz o‘rniga 2 3 tomchi limon sharbati tomizing. Salatni bir choy qoshiq yog‘siz qaymoq (smetana) yoki o‘simlik yog‘i bilan aralashtirib egan durust.
Keksalik gashtini bardam-baquvvat surish haqida o‘ylasangiz, hozirligini yoshlikdan ko‘ring. Doimiy harakat, xushfe’llik, mazali taom – bu uchlik, shubhasiz, uzoq umr ko‘rishingizga yordam beradi.

Bo‘g‘imlarga nima yoqmaydi?

Bo‘g‘imlarimizni qiynashni istamasak, aynan nimalar ularga yoqmasligini bilib olaylik.

Yog‘li taomlar

Mazali bo‘lsada, bo‘g‘imlarga og‘irlik qiladi. Agar podagra, bod bilan og‘rib turgan mahal yog‘li sho‘rva ichsangiz, yoki qovurma taomlar esangiz, ahvol yanada yomonlashadi. Shunday ekan, yog‘li taomlarni imkon qadar kamroq iste’mol qiling.

Qo‘ziqorin, mayonez solingan salatlar

Shuningdek, turli konserva, dudlangan mahsulotlar: qazi, kolbasa hamda tuzlamalar. Yoshlikda ularni ko‘p iste’mol qilsangiz, keksalikda bo‘g‘im kasalliklari bilan og‘rish ehtimoli ko‘payadi.
Xulosa: yuqoridagi mahsulotlarni bo‘g‘imlarning dushmanlariga qiyoslash mumkin.

Kamharakatlik

Uning natijasida a’zoi-to‘qimalaringiz, jumladan, bo‘g‘imlar ham noziklashib, yallig‘lanishga moyil bo‘lib qoladi. Keksayganda «voy belim...» deb qolmaslik uchun ko‘proq harakatda bo‘ling. Bu, albatta, uyg‘ongan zahoti karavotdan sapchib turish degani emas. Bo‘g‘imlar juda nozik — keskin harakatlar ularni qiynab qo‘yadi. Uyg‘ongach, yaxshilab kerishish, oldinga-orqaga egilish mashqlari qo‘l-oyoq chigilini yozishga yordam beradi. Kasbingiz bir joyda uzoq o‘tirishni taqozo etsa, har yarim soatda 5 daqiqalik tanaffus qiling. Bo‘g‘imlar (ayniqsa, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari) uchun turnikda osilish, ikki yonga egilish mashqlari foydali.

Asabiylashish

Ma’lum bo‘lishicha, organizmda C va B vitaminlarining etishmasligi bo‘g‘im kasalliklariga olib keladi. Bu amerikalik olimlarning so‘nggi xulosasi. Aslida C va B vitaminlarini kundalik taomnomangizdan bemalol topasiz. Har birimiz sevib iste’mol qiladigan ko‘k choy, sabzi, na’matak va bulg‘or qalampirida C vitamini bisyor. B vitamini esa qora non, sut, tuxum sarig‘i va gulkaramda ko‘p.

Unda nega bo‘g‘im kasalliklari uchrayveradi, deysizmi? Buning bari asab tarangligidan. Tajanglik hozir urfmi, deyman, odamlarning bari asabiy, jizzaki. Maslahatim, muammolarni ro‘kach qilib, tajanglikni odatga aylantirmang. Hayotda salomatlikdan qimmatliroq narsaning o‘zi yo‘q. Uni har narsadan ustun qo‘ying. Aksi bo‘lsa, ruhiy zo‘riqish kabi g‘oyat noxush dardni ortirib olasiz. Bu holat odamni holdan toydiradi, egan ovqati yuqmay, vitaminlar organizmga singish o‘rniga yuvilib ketadi.
Xulosa: asablarni asrash — bo‘g‘im kasalliklardan saqlanish demakdir.

Ortiqcha vazn

Bir qop kartoshka qancha tosh bosadi? Albatta, 25-30 kg. Yosh o‘tgan sari to‘lishish, tabiiy. Ammo ortiqcha 20-25 kg. vazn kun bo‘yi bir qop kartoshka ko‘tarib yurishdek gap. Ozishga harakat qilmas ekansiz, bu «qop» nafaqat qo‘l-oyoqlarni, balki yurakni ishdan chiqarishi tayin.

Yelvizak

Yoz kunlari deraza-eshiklarni ochib, kirayotgan shabodadan huzur qilishingiz turgan gap. Bu paytda bo‘g‘imlar e’tiroz bildirmasligi mumkin. Ammo havo salqinlashi bilan bu odatingiz pand berishi aniq.
Xulosa: bo‘g‘imlarimiz havo o‘zgarishiga o‘ta ta’sirchan. Xona havosini har kun almashtiring, ammo yelvizakda o‘tirmang.

Infeksiyalar

Ularga oddiy gripp va tomoq og‘rig‘i, gaymoritdan boshlab, jinsiy a’zolardagi shamollashlar kiradi. Bu kasalliklarni vaqtida davolamaslik bo‘g‘imlarni yallig‘lantirib, yurak dardiga yo‘l ochib berishi mumkin.

Bo‘g‘imlar ob-havoni sezadimi?

Ob-havoning o‘zgarishiga nafaqat bo‘g‘imlar, balki butun organizm ta’sirchan bo‘ladi. Ko‘pchilik odamlarning bu holatda qon bosimi ko‘tariladi, boshi aylanadi, behollik qiynaydi, yurak urishi tezlashadi. Revmatizm, artrit kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ham ob-havo o‘zgarishini zimdan «sezadi». Bularning hammasi organizmda kechayotgan yallig‘lanish jarayonidan darak beradi. Chunki sog‘lom odamlarda bunday holat bo‘lmaydi. Har yili yilning issiq faslida dam olish maskanlarida hordiq chiqarib, radonli, balchiqli vannalar qabul qilish, sovuq mavsumdan oldin esa yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega dori vositalar, inyeksiyalar olsangiz, havo soviganida, bunday holatdan qiynalmaysiz.

Bo‘gimlarni nega qisirlatamiz?

Ko‘pchilik kishilar uchun bu odat tusiga kirgan. Ba’zilar shu yo‘l bilan asablarini tinchlantiradi, boshqa birovlar esa xayoli parishon holatida shunday qilishni xush ko‘rishadi. Avvalo, nega bunday bo‘lishini aniqlaylik. Bu o‘ylaganingizdek, bo‘g‘imlarda yig‘ilib qolgan tuzlar emas. Qisirlash bo‘g‘imlardagi tog‘ay to‘qimasidan chiqadi. Qo‘llarni qisirlatganda og‘riq sezmaymiz.

Negaki tog‘aylarda asab to‘qimalar yo‘q. Ammo bu odatga aylansa, tog‘aylar mo‘rtlashib, atrofidagi to‘qimalarni yallig‘lantirishi, bu esa suyaklarga ozor berishi mumkin. nega deganda suyaklardagi asab tolalar og‘riqni darhol sezadi. Noxush odatingiz artroz kasalligini chaqirishi mumkin.

Qisirlatish natijasida nafaqat bo‘g‘im, balki tog‘ay to‘qimasi, paylar, qo‘l mushaklari zararlanadi. Ularga shikast etgan-etmaganligini aniqlash uchun shifokorga murojaat eting. Shifokor suyak va bo‘g‘im to‘qimasini mustahkamlovchi xodroitin sulfat, glyukozamin sulfat, gidroxlorid bo‘lgan vositalar buyuradi. Shuningdek, bir muddat darmondori yig‘indilarini ichib turish kerak.

Davolanishdan keyin yana eski odatingizni eslamaslik uchun rezina xalqadan foydalanish mumkin. Uni qo‘lda ezish bo‘g‘imlar uchun maroqli va gimnastika vazifasini o‘taydi. Bo‘g‘imlar harakatchanligini saqlab qolish uchun, barmoqlarni yig‘ib, kaftga tekkizish mashqi bajariladi.

Rus shifokorlari kashf etgan kasallik

Belingiz zirqirab, xuddi bo‘g‘imlaringiz qotib qolayotgandek tuyulsa, belangi bo‘lib qolibmanda, deyishingiz mumkin. Shifokorga borsangiz, taxminingizdan tashqari, sizda Bexterev kasalligi bor-yo‘qligi ham tekshiriladi.

Bexterev kasalligi nafaqat bo‘g‘imlar, balki umurtqa pog‘onasini ham zararlaydi. Kasallik irsiy bo‘lib, nasldan- naslga o‘tish ehtimoli bor. Avvaliga umurtqaning dumg‘aza sohasi zararlanadi: keyinchalik yallig‘lanish umurtqa bo‘ylab yuqoriga — bel, elka va qo‘l bo‘g‘imlariga tarqaladi. Yallig‘lanishniku dori vositalar yordamida to‘xtatish mumkin. Ammo kasallikning zararli – tomoni bo‘g‘imlarning dag‘allashib, egiluvchanligini yo‘qotishida.

Og‘riqqa bo‘ysinib, harakat qilmas ekansiz, kasallik tobora avj olaveradi. Shuning uchun shifokorlar har kuni 30-40 daqiqa davomida badantarbiya mashqlarini bajarish kerakligini bemorga uqtiradilar.
Bu kasallik mashhur rus shifokori, akademik V. M. Bexterev sharafiga qo‘yilgan.

Olim 30 yoshlar atrofidagi erkak bemorlarni kuzatayotgan paytda ularning bo‘g‘imlaridagi o‘zgarishlar tobora kuchayib, umurtqa bo‘g‘imlariga ta’sir qilishini aniqlagan. Shu bois keyinchalik mazkur holat uni kashf qilgan shifokor nomi bilan atala boshladi.

Xastalik nega yuzaga keladi?

Organizmda immunitet degan tizim borligi haqida ko‘pchilik bilsa kerak. U bizni turli xil kasalliklardan saqlaydi. Tashqi muhitdan tanamizga biron mikrob yoki virus kirmoqchi bo‘lsa, immunitet darrov qarshilik ko‘rsatadi. U yoki bu yo‘l bilan mikroblar kirishga ulgurdi deylik. Immunitet darhol qon tanachalari va boshqa bir qator hujayralar yordamida mikroblar bilan kurashishga tushadi. Tabiatning jumbog‘ini qarang-ki, ba’zan shu himoya tizimimiz mikrob o‘rniga o‘zining to‘qimalari, to‘g‘rirog‘i, bo‘g‘imlarga hujum qiladi. Natijada bemorda Bexterev xastaligi ro‘y beradi.

Davolanishdan avval...

Tanadagi yashirin infeksiyalarni aniqlash kerak. Agar sizning:

  • asabingiz tez-tez buzilsa;
  • tomog‘ingiz og‘rib, og‘izga yara chiqsa;
  • burun bitishi, gaymorit qiynasa;
  • labga uchuq toshsa (bu har doim ham tushda cho‘chish alomati emas, balki organizmda o‘rnashib olgan virus tufayli);
  • yelka, bel, jinsiy a’zolarda noma’lum qizil toshmalar paydo bo‘lsa;
  • ich buzilishi qabziyat bilan almashinib tursa;
  • tahlillar organizmda gijja borligini aniqlasa;
  • peshob paytida achishish sezilsa;
  • tishlar yemirilib, milklar qonaydigan bo‘lib qolsa, shifokorga ahvolingizdagi o‘zgarishlar haqida ayting. Bu davolanish jarayoni samarali kechishini belgilaydi.

Davolashda shifokor tavsiyalari foydali

  • Ertalabki badantarbiya, turnikda osilish mashqlari.
  • suzish.
  • kasallikning tinish davrida uqalash va fiziomuolaja (igna bilan davolash, magnit va zulukterapiya)lar qabul qilish.
  • suv yordamida asta-sekin chiniqish.

Zararli

  • Uzoq masofaga yugurish, keskin harakatlar talab etadigan mashqlar bajarish.
  • Achchiq qora choy, qahva, spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish.
  • Maxsus dori vositalar yordamida immunitetni ko‘tarish. Bu sizga qimmatga tushishi mumkin. Chunki bu birikmalar organizmga qay darajada ta’sir etishini aniq bilmaymiz. Buning o‘rniga asalari mumi, asalari changi, odamgiyoh (jenshen) kabi tabiiy vositalar yordamida immunitetni ko‘tarish mumkin.

Yordamchi usul yordamida davolanish

Davolanishda shifokor buyurgan dori-darmonlardan tashqari, girudoterapiya, ya’ni  zuluklar yordamida bajariladigan muolajalar qo‘llaniladi. Zuluk so‘lagidagi maxsus moddalar umurtqa bo‘g‘imlarini «yumshatib», immunitetni ko‘tarishga qodir! Bu esa kasallikning chekinishiga yordam beradi. Shuning uchun shifokor tavsiyasiga ko‘ra,bu usuldan ham foydalaning.

Davolanishda uqalash, ignaterapiya, asalari mahsulotlarini qo‘llash kabi usullardan keng foydalaniladi.Bemor ruhiy tushkunlikka tushmasligi kerak. Shifokor ko‘rsatmalarini bajarish, qiyinchiliklarga qaramay, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lish, doimiy harakat davolanishning samarasini belgilaydi. Bu esa sog‘ayib, to‘laqonlik yashashingizga yordam beradi. Kasallik oldida yengilmang, balki uni yengishga harakat qiling!

Badantarbiya yordam beradi

Kasallikdan qutulishning yana bir yo‘li ko‘proq harakatda bo‘lish. Qaysi yoshda bo‘lmang, ertalab badantarbiya mashqlarini bajarishga erinmang. U bo‘g‘imlarni qizdirib, kun davomida yaxshi kayfiyatda bo‘lishingizni ta’minlaydi. Badantarbiya mashqlari ochqoringa bajarilishi esingizda bo‘lsin. Avval o‘zingiz uchun qulay sharoitda o‘tirib, tinchlanishga, chuqur nafas olib, sekin chiqarishga harakat qiling.

  1. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. O‘ng qo‘lni yuqoriga ko‘taring. Chap oyoqni tizzadan bukib, tovonni chap qo‘lda ushlang. Bu holatda 10-15 soniya turishga harakat qiling. Mashq davomida engil nafas olishga urining. Dastlabki holatga qayting. Mashqni o‘ng oyoqda ham takrorlang.
  2. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. Chuqur nafas olinib, qo‘llar keng yoyiladi. 3 soniyaga nafasni ushlab turing. Nafas chiqarib, chap qo‘lni chap oyoqqa tekkizing. Dastlabki holatga qayting. Mashqni o‘ng qo‘lda ham takrorlang.
  3. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. Oldinga egilib, o‘ng qo‘l yordamida o‘ng oyoq barmoqlariga tekkiziladi. Shu holatda turib, chap qo‘lni oldinga cho‘zing va 3 soniya nafasni chiqarmaslikka harakat qiling. Mashq bajarayotgan paytda imkon qadar oyoqlarni bukmang. Mashq chap qo‘l bilan ham takrorlanadi.
  4. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. O‘ng oyoqni qo‘lda tutib, orqaga qa-yiring.

Uy sharoitida davolanamiz...

Asal va karam

Karam bargiga asal surtilib, og‘riyotgan joyga qo‘yiladi. Usti doka va jun ro‘mol bilan mahkam bog‘lanadi. Kompress har kuni yotishdan oldin bir oy davomida qo‘yiladi. Bo‘g‘imdagi shish tezroq yo‘qolishi uchun ertalab va yotishdan oldin yarim piyoladan karam sharbati ichiladi.

Bo‘g‘im uchun shifobaxsh gil

Bo‘g‘im kasalliklarida qadimgi tabiblar bejizga gildan foydalanishmagan. Gilning ajoyib davolovchi xislati shundaki, teriga surtilsa, turli kompresslar qo‘yilsa, tanadan zararli moddalarni so‘rib chiqaradi, uzoq qiynayotgan og‘riqdan xalos etadi. Buning uchun hovli yoki tomorqa tuprog‘ining (bir metr chuqurlikdagi, oftob nurlari tegib turadigan toza joyidan qazib olinadi).

Muolaja uchun Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi shifobaxsh gil-tuproqdan topsangiz, foydasi yanada ziyoda bo‘ladi. Gil iliq suv bilan aralashtirilib, yumshoq xamir holiga keltiriladi. Og‘riyotgan joyga kompress sifatida qo‘yilib, ustidan tsellofan va jun ro‘mol bilan bog‘lab yotiladi. Muolajani yotishdan oldin bajarish kerak. Ertasiga gil olinib, shu joyga toza asal va o‘simlik yog‘i aralashmasi yoki bolalar kremi quyuq qilib surtiladi.Bir marta ishlatilgan gildan qayta foydalanib bo‘lmaydi.

O‘simliklar yordamida

Tirnoqgul (nogotki) yordamida bir talay bo‘g‘im kasaliklarini davolash mumkin. Buning uchun 2-3 tup o‘sib turgan o‘simlik guli va barglari salqin joyda quritiladi. Undan ikki hovuch olinib, shisha idishga solinadi. Ustidan 100 gramm tibbiyot spirti quyiladi va usti yopiq idishda qorong‘i joyda saqlanadi. 3 kundan keyin tindirma tayyor bo‘ladi. Unga paxta bo‘lagi shimdirilib, zararlangan joylarga surtiladi. Muolaja har kuni yotishdan oldin 2 hafta davomida bajariladi.

Sur’at BOBOJONOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.
"Shifo-info" gazetasi.