Ta’kidlash kerakki, bavosilga chalingan bemorlarning aksariyati, shifokorga murojaat qilishdan iymanib, o‘zlaricha dori-darmon qilishadi. Noto‘g‘ri muolajaning oqibati esa ma’lum: kasallik yanada zo‘rayib, ahvol og‘irlashadi… Xo‘sh, bavosil qanday kasallik? Kelib chiqish sabablari nimada? Davosi-chi? Shu kabi savollarga proktolog-jarroh shifokor Rustam To‘laganov javob beradi. gemorroy

Ich qotishi yomon!

Bavosil to‘g‘ri ichak pastki qismi vena qon tomirining tugun-tugun bo‘lib kengayishi bo‘lib, tugunlar orqa chiqaruv teshigida joylashishiga qarab ichki va tashqi bo‘ladi. Tibbiyot otasi Gippokrat bu kasallikka “gemorroy” deb nom bergan edi. Bavosil rivojlanishiga turki beruvchi sabablar bir qancha – kamharakatlilik, og‘ir yuk ko‘tarish, uzoq vaqt ich qotishi, yo‘g‘on ichak kasalliklari va hokazo. Bu kasallikka chalinish anchayin oson. Gap shundaki, odam ko‘p vaqtini vertikal, ya’ni tik holatda o‘tkazadi. Oqibatda esa oyoq, kichik chanoq a’zolari va to‘g‘ri ichak venalarida qon bosimi oshadi. Odamning yoshi o‘tgani sayin bu venalar zaiflashadi. Shu ahvolda o‘tkir ta’mli va yog‘li ovqatlarni ko‘p yesangiz, spirtli ichimliklardan tiyilmasangiz, muammo orttirib olishingiz hech gap emas. Avvaliga hazm ishi buziladi, qabziyat kelib chiqadi. Surunkali qabziyat, ya’ni ich qotishi esa ko‘pincha bavolsini o‘ziga “hamroh” qilib oladi. Homilador ayollarda ham bavosil ko‘p kuzatildi. Chunki ularda to‘g‘ri ichak chanoqqa yopishib turishga majbur va bu vena tomirlarining ezilishiga olib keladi. Tug‘ruq paytidagi kuchanish ham qo‘shimcha salbiy ta’sirlardan hisoblanadi.

Bavosilning bosqichlari

Avvaliga bavosil tugunlari kattalashib, ko‘pincha hojat paytida qonaydi, chunki uzoq vaqtgacha qonga to‘lib turishi natijasida tugunlar cho‘ziladi va devori yupqalashib qoladi. Keyin yorilib, yaralar paydo bo‘ladi. Bavolsilning qon chiqmaydigan turi ham bor, bunda orqa teshik sohasi qichiydi, achishadi, xuddi nimadir borga o‘xshab tuyuladi. Ba’zan bemorlar o‘tib ketar, deb beparvo yuraveradilar. Oqibatda kasallik surunkali turga o‘tadi, jiddiy davo qilinmasa, tobora zo‘rayib, asoratlari paydo bo‘ladi. Eng ko‘p uchraydigan asorati – bu qon ketib, kamqonlik (anemiya)ga olib kelishi yoki o‘tkir trombozlar hosil qilishi. Kasallikning ikkinchi bosqichida odam uzoq o‘tirsa va kuchanaversa, tugunlar tashqariga chiqib qolishi mumkin. Ba’zan hojatda artinganda qog‘ozda qon izlarini ko‘rish mumkin, ba’zan esa hojat paytida qon tizillab oqadi. Ana shunda darrov shifokor-proktologga murojaat qilish shart. Afsuski, beparvo bo‘lganda, uchinchi bosqich boshlanadi. Endi bemor chiqib qolgan tugunni qo‘li bilan itarib ichkariga kiritishga majbur bo‘ladi. Bu bosqichda tugunlar, hatto, aksirganda yoki og‘ir yuk ko‘targanda ham chiqib ketishi mumkin. Asorat og‘irlashganda, jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. To‘rtinchi bosqichda bavosil tugunlari ichga kirmaydi, uzum shodasiga o‘xshab ketadi, yallig‘lanadi. Bunday paytda og‘riq juda kuchli bo‘ladi, hatto, hojat qog‘ozining salgina tegishi ham kuchli og‘riq beradi.

Bavosil kasalligining davosi bor

Shifokor tekshirganda, to‘g‘ri ichakda xavfli o‘sma yoki poliplar va yaralar bor-yo‘qligini aniqlab, davolashga kirishadi. Bavosil to‘g‘ri davolansa, bir haftada o‘tib ketadi. Shifokor tekshirishdan oldin, albatta, og‘riqsizlantiradi. Qanday og‘riqsizlantiradigan preparatlar – tabletkalar, surtmalar, gemorroidal shamchalar kerakligini aytadi. Bavosilga qarshi shamchalar murakkab konservativ davolash uchun mo‘ljallangan. Bir xil shamchalar og‘riqsizlantiruvchi, boshqalari yallig‘lanishga qarshi, yana biri spazmolitik, boshqasi yarani bitiruvchi yoki qon oqishini to‘xtatish xususiyatiga ega. Dorixonalardan qaysi shamchani ishlatsa bo‘lishini farmatsevtdan so‘rash maqsadga muvofiq emas, chunki avval shifokor ko‘rigidan o‘tib, tashxis aniq bo‘lgandan keyingina mutaxassis nazoratida, uning tavsiyasi bilan davolashga kirishiladi. Bavosilni davolashda, avvalo, kasallikni keltirib chiqargan asosiy sabablarni aniqlash va shu sabablarni iloji boricha yo‘qotish kerak bo‘ladi. Spirtli ichimliklar ichmaslik, garmdori, qora murch, sirka va sho‘r narsalarni vaqtincha iste’mol qilmaslik zarur. Yog‘li sho‘rvalar, dudlangan mahsulotlar, o‘tkir ziravorlardan voz kechish, yengil hazm bo‘ladigan ovqatlarni tanovul qilish zarur. Bu xastalikka chalingan kishilar lavlagi, karam, sabzi, qora non, qatiq, kepak non, o‘simlik moyi, olma, anjir, qora olxo‘pi, o‘rikdan ko‘proq iste’mol qilishlari kerak, o‘rik sharbati nihoyatda foydali. Eng muhimi, ichingiz hamisha ravon bo‘lsin.

Zaruriy maslahatlar

  • Kuniga kamida 1,5-2 litr suyuqlik iching.
  • Sarxil sabzavot va mevalardan ko‘proq yeb turing. Bug‘doy kepagi ich kelishini osonlashtirib, qabziyatning oldini oladi.
  • Orqa chiqaruv teshigi sohasini jarohatlamaslik uchun ko‘p huqna qilmang.
  • Jismonan faol bo‘ling, kichik chanoq a’zolarida qon aylanishini yaxshilaydigan mashqlar bajaring.
  • Ich kelishi ravon bo‘lishini ta’minlang.
  • Ortiqcha vazningiz bo‘lsa, ozing.
  • O‘zboshimchalik bilan davolanmay, proktolog shifokorga murojaat qiling.
O‘zingizga o‘zingiz tashxis qo‘yib, o‘zboshimchalik bilan davolanmang! Bavosil «niqobi» ostida to‘g‘ri ichakning boshqa kasalliklari yashiringan bo‘lishi mumkin. Tashxisni faqat mutaxassis qo‘yadi.
Foydali maqola:  Bavosil yoxud gemorroyda qanday muolajalar qo‘llash mumkin?

© Tib.uz nashri