Astigmatizm (yunoncha a - inkor qo‘shimchasi va stigme — nuqta) - yorug‘lik nuqtaviy manbaining tasviri bitta tekislikda yotmaydigan ikkita o‘zaro tik kesmada kuzatiladigan optik tizim aberratsiyasi. Agar nuqtaviy manbadan tarqaluvchi nurlar dastasi optik tizimdan o‘tishda deformatsiyalanib, bir nuqtada kesishmay, turli nuqtalarda kesishsa, bunday nurlar dastasiga astigmatik dasta, hodisaning o‘zi astigmatizm deyiladi. Astigmatizm, masalan, silindrik linzalarda va nurlar dastasi optik o‘qqa katta burchak ostida tushuvchi sferik linzalarda kuzatiladi. Keyingi holda buyumning optik o‘qdan uzoqdagi nuqtalari tasvirini aniq kuzatib bo‘lmaydi. Astigmatizmdan xoli murakkab optik tizimlar anastigmatlar deb ataladi.
[caption id="attachment_10364" align="aligncenter" width="770"] Foto: Optik.uz[/caption]
Tibbiyotda astigmatizm deganda ko‘zning tiniq muhitlari turli meridianlardan (graduslarda belgilanadi) kelayotgan nurlarni sindirib, bir nuqtada jamlay olmasligi tushuniladi. Ko‘z shox pardasi va gavharidan nur o‘tganda, odatda, u sinib, fokus nuqtasi bitta bo‘ladi. Lekin astigmatizmda vertikal va ko‘ndalang yo‘nalishdagi nur sindirish kuchi turlicha bo‘lgani uchun nur yig‘ish nuqtasi ham turli sathda bo‘ladi. Bunday bemorlarga o‘ziga mos meridianlarda (00 dan-1790gacha) silindr shaklidagi kontakt linzalar va ko‘zoynaklar taqish tavsiya etiladi.
[caption id="attachment_10365" align="aligncenter" width="900"] Foto: Optik.uz[/caption]
Bolalarda astigmatizm kasalligi
Shuningdek, orttirilgan astigmatizm ham borki, u ko‘z jarohati oqibatida yoki jarrohlikdan keyin ko‘zda chandiq hosil bo‘lishi natijasida yuzaga kelishi mumkin. Yaqinni yoki uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik dardiga chalingan insonlarda ma’lum darajada astigmatizm ham mavjudligi ehtimoldan xoli emas. Uning o‘ta og‘ir turi birikkan astigmatizm bo‘lib, kishi bunda yaqin masofadan ham, uzoqdan ham yaxshi ko‘ra olmaydi. [caption id="attachment_10370" align="aligncenter" width="600"] Foto: metroparent.com[/caption] Ba’zi hollarda inson astigmatizm xastaligi bilan og‘riganini payqamay qolishi ham mumkin. Biroq boshda og‘riq paydo bo‘lishi, narsalarning chaplashib yoki ikkita bo‘lib ko‘rinishi, kompyuter yoxud kitobdan ko‘zning tez toliqishi kabi belgilar yuz ko‘rsatsa, darhol mutaxassisga murojaat qilish lozim. Ko‘z shifokori maxsus jadval va silindrsimon linzalar ko‘magida ko‘rish a’zosini tekshirib, aniq tashxis qo‘yib beradi. Astigmatizmni maxsus linza yoki ko‘zoynaklar orqali bartaraf etish mumkin. Undan batamom xalos bo‘lish esa jarrohlik amaliyotini taqozo etadi. Davo choralari ichida birmuncha samarali va xavfsiz hisoblangani “LASIK” deb atalmish ko‘rishni lazer yordamida davolash usulidir. 15 daqiqacha davom etuvchi lazer jarrohligi asnosida avval maxsus asbob yordamida muguz pardaning ustki qatlami kesib olinadi. So‘ng unga lazer yordamida ishlov berilib, sferik holga keltiriladi. Shundan keyin muguz parda joyiga qaytarib qo‘yiladi va o‘zida mavjud kollagen moddasi hisobiga holatini tiklab oladi. Shu sababli bunda chok qo‘yish talab qilinmaydi. Natija jarrohlik amaliyotidan keyingi 1-2 soat ichida sezila boshlaydi. Ko‘rish qobiliyati 1 hafta davomida to‘la tiklanadi. Ta’kidlash joizki, astigmatizmni davolamaslik g‘ilaylik yoki ko‘rishning keskin yomonlashuviga olib kelishi mumkin.Me’yor yoki kasallik
1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda astigmatizm kasalligining uchrashi me’yoriy hol hisoblanadi. Go‘dakar ko‘zi juda tik muguz pardaga ega bo‘lib, astigmatizm 6 dioptriyagacha yetishi mumkin. Bolakaylar muguz pardasi shakli asta-sekin o‘zgarib, 5-6 yoshga yetganlarning 5 foizidagina 1 dioptriyadan ortiqroq darajadagi astigmatizm kuzatiladi. Vaqt o‘tishi bilan fiziologik holat ro‘y berishi asnosida uning darajasi 0,5 – 0,75 dioptriyagacha kamayadi va boshqa oshmaydi. Agar ota-onalar yoki bobo-buvilarda astigmatizm bo‘lsa, u irsiyat orqali ham o‘tishi mumkin. Ko‘z jarohatlangan yoki shikastlangan, shuningdek, xastalikka chalingan taqdirda esa bolakaylarda astigmatizm darajasi yanada ortishi yuz beradi.Bolalar astigmatizmining xavfli jihati
[caption id="attachment_10372" align="aligncenter" width="653"] Foto: Shutterstock.com[/caption] Bolalar astigmatizmining xavfli jihati, uning ta’sirida miya faoliyati bilan bog‘liq tarzda ko‘rish qobiliyatining susayishi sodir bo‘ladi. Agar yorug‘lik shu’lasi to‘r pardada fokuslanmasa, miya aniq tasvirdan mahrum bo‘ladi. Bunday paytda ko‘rish qobig‘i hujayralari rivojlanishdan to‘xtaydi, miya ko‘rish signallariga ishlov bera olmaydi va ko‘ruv yomonlashadi. Ayni nuqsonli holatlarga chek qo‘yish uchun maxsus yoki bir tomoni to‘silgan oddiy ko‘zoynaklardan foydalaniladi. Aytilishicha, xastalangan ko‘zning to‘silmagan holda ochiq turishi miya faoliyatini kuchaytirish va ko‘rishni yaxshilashga xizmat qilar ekan. Biroq sog‘lom ko‘zning yopib qo‘yilishi kuniga bir necha soatdan oshmasligi kerak. Aks holda bu ko‘z ham kasallanishi, ko‘rish faoliyatining sustlashishi yuz berishi mumkin. 1 yoshgacha bo‘lgan bolakaylarda astigmatizm xastaligini aniqlash nihoyatda qiyin kechadi. Shu bois ularni 3, 6 va 12 oyda ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Agar shu oraliqda astigmatizm aniqlansa, zamonaviy davolash usullari orqali kasallik bartaraf etiladi. Aytish joiz, 6-7 yoshli bolalarda davo amaliyoti samaraliroq kechadi. Bolalar astigmatizmini faqat okulistgina aniqlay olishi mumkin, lekin bu har doim ham muvaffaqiyatli amalga oshavermaydi. Negaki, go‘daklar hali boshlarini tutish, qimirlamay bir holatda turish va kerakli tomonga qarashning uddasidan chiqa olishmaydi. Shu jihatdan tashxis ba’zida xato qo‘yilishi ham mumkin. Ota-onalar esa farzandlaridagi ko‘rish nuqsonlarini aniqlashda amaliy imkoniyatga ega emaslar. Agar go‘dak buyumlarning bir chekkasini bossa yoki o‘yinchoqni stolga to‘g‘ri qo‘yolmasa, bunga uning narsalarning chekkasini aniq ko‘ra olmasligi sabab bo‘lishi mumkin. Bu holda yaxshisi, okulistga murojaat qilgan ma’qul. Agar shifokor go‘dakning ko‘z xastaligiga chalinganini tasdiqlasa, unda maxsus ko‘zoynak taqish, ko‘z mushaklari va ko‘rishdagi zo‘riqishlarga ijobiy ta’sir etuvchi majburiy gimnastika mashqlarini bajarish lozim bo‘ladi. Umuman, kichkintoylarni okulist ko‘rigidan muntazam suratda o‘tkazib turish talab etiladi. Ko‘rish a’zosidagi nuqsonni oldinroq payqash o‘tkazib yuborilgan xastalikni davolashdan ko‘ra yaxshi ekanligini unutmaslik zarur.Astigmatizmni aniqlash uchun test
Ko‘zda astigmatizm bor yoki yo‘qligini oddiy, oson va o‘zingizga qulay joyda aniqlashnish 2 ta usuli. Test vaqtida ekrandan 1,5 - 2 metr (mobil qurilmadan foydalanayotgan bo‘lsangiz 70-80 sm.) uzoq masofa bo‘ling! Bu birinchi rasmdagi testda agar har hil rangli chiziqlar bir chiziq bo‘ylab o‘z o‘qida bir birini kesayotganini ko‘rsangiz, demak, ko‘zingizda astigmatizm kuzatilmadi. Agar chiziqlar kesishishi tartibsiz holda tuzligani ko‘rinsa, u holda astigmatizm xavfi bo‘lib, ko‘z shifokoriga ko‘rinishingizni tavsiya qilamiz. Bu ikkinchi rasmdagi testda agar chiziqlar bir chiziq bo‘ylab o‘z o‘qida bir birini kesayotganini ko‘rsangiz, demak, ko‘zingizda astigmatizm kuzatilmadi. Agar chiziqlar kesishishi tartibsiz holda tuzligani ko‘rinsa, ya’ni, chiziqlar alohidaligi ko‘rinmasa u holda astigmatizm xavfi bo‘lib, ko‘z shifokoriga ko‘rinishingizni tavsiya qilamiz.Savol - javob
- Menda miopik astigmatizm aniqlandi. Bu kasallik kuchayib nasldan-naslga o‘tmadimi? Javob uchun rahmat. Javlon Abdullayev, shifokor: - Bu kasallik kuchayishi kasallikning kechishiiga bog‘liq. Astigmatizm kasalligi nasldan-naslga o‘tadi, lekin kelgusi avlodda namoyon bo‘lishi genetik chachishish qonuniyatlariga bog‘liq.© “Baxtiyor Yog‘du” X.K. Optik.uz
"Birsafda" jurnali. Birsafda.uz
Javlon Abdullayev, shifokor. Atf.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Quruq ko‘z sindromi nima? Uning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?