Ba’zan biror holat yuzasidan asabiylashib, undan xalos bo‘lishga qiynaladi, kishi. Aslida asabiylashmaslik uchun nimalar qilish kerak? U surunkali tus olsa-chi?
Shu kabi savollar yuzasidan Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-klinikasining oliy toifali shifokor-nevropatologi Bahrom MIKLIYEVga murojaat qildik.
Uyqu paytida qo‘rqish, yig‘lash, cho‘chish kabi holatlar ham asabiylikka sabab bo‘ladi, — deydi shifokor-nevropatolog Bahrom Mikliyev. — Arzir-arzimas narsalardan xafa bo‘lish, haddan tashqari qiyin sharoitda uzoq vaqt ishlash, yaxshi dam olmaslik, spirtli ichimlik ichish, tamaki chekish, ishida, ko‘chada bo‘ladigan noxush kayfiyat, kelishmovchilik, urish-janjal kabilar oqibatida ham asab kasalliklari kelib chiqishi mumkin.
Asabiylashish tufayli organizmda modda almashishi buzilib, asab taranglashadi, hayajonlangan vaqtda esa ko‘p energiya sarf bo‘ladi. Jumladan, bosh miya glyukozani ko‘proq iste’mol qiladi va kislorodga muhtojligi oshadi. Odam tez-tez nafas oladi, yurak urishi kuchayadi va tezlashadi. Shunday kuchli zo‘riqishdan kishi nihoyatda charchaydi. Miya va miya qobig‘idagi qon tomirlari zaiflashadi. Natijada bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi. Insonning qon bosimi ham birdan ko‘tarilib, miyaga qon quyiladi.
Yurakka hujum qilmasin...
Odam hadeb asabiylashaversa, kayfiyati tez-tez buziladigan, shovqin-suronni, salgina baland ovozni, o‘yin-kulgini yoqtirmaydigan, loqayd bo‘lib qoladi. Bosh miya o‘z faoliyatini qo‘zg‘alish va tormozlanish holatlari orqali bajaradi. Bu ikki holat doimo bir-biri bilan o‘rtacha muvozanatda bo‘ladi. Bordi-yu, odam ishda yoki uyda notinch bo‘lsa, kutilmaganda boshiga musibat (kulfat) tushsa, bunday vaqtlarda bosh miyada muvozanat buziladi. Natijada u yurak va me’dada, ichaklarda har xil og‘riqlar seza boshlaydi. Bunday asabiylashish tez-tez takrorlanadigan bo‘lsa, bosh miya faoliyati o‘zgaradi. Kishi jahldor bo‘lib qoladi, uyqusi buzilib, xotirasi pasayadi, ishda tez charchaydi, yurak kasalliklari ham kelib chiqadi. Bularning hammasi asabni sekin-asta ishdan chiqarib, nevroz (asabiylik) kasaliga duchor qiladi.Eng oson davo — sport
Kasallik alomatlari endigina boshlanayotgan davrda va yuqoridagi ko‘ngilsiz hollarning oldini olish uchun, avvalo, oilada, ishxonada va ko‘cha-ko‘yda samimiy, xushmuomala bo‘lish kerak. Shu bilan birga, mehnat va dam olishni to‘g‘ri taqsimlash, vaqtida ovqatlanish, zararli odatlarga ruju qo‘ymaslik, tiniqib uxlash, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turish lozim. Aqliy mehnat kishilari ham muntazam ravishda jismoniy ish bilan mashg‘ul bo‘lishi zarur. Badantarbiya, sport asabni mustahkamlab, irodani toblaydi. Asab tizimi ishini yaxshilash va uning mustahkamligini oshirish uchun B1, B2 kabi vitaminlarga boy mahsulotlar, go‘ja oshi, arpa noni, qo‘y go‘shti, pishloq, tuxum, karam, baliq, qovoq, ismaloq, olma, asal, seldrlarni iste’mol qilib turish tavsiya etiladi. Nevrozlarning oldini olishda ovqatlanish, mehnat va dam olishni to‘g‘ri tashkil qilish barobarida atrofdagi kishilar bilan o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim. Shuningdek, xalq tabobatida qo‘llaniladigan dorivor vositalardan ham foydalanish yaxshigina foyda beradi.© Bahrom MIKLIYEV, nevropatolog. Alim ESHPO‘LATOV, jurnalist. “Oila davrasida” gazetasi.
Asabingizni asrang!
Asab tolalaringizni va sog‘lig‘ingizni asrash uchun quyidagi tavsiyalarga rioya eting. Tavsiyalar:- Har kuni o‘zingiz va atrofingizdagilarga “Bugun qanday yaxshi voqealar bo‘ldi-a?” deya savol bering. Ijobiy narsalarni eslash sira ortiqchalik qilmaydi.
- Sizning qo‘lingizda bo‘lmagan yoxud o‘tib ketgan ishlar uchun asabiylashmang.
- O‘zingizni hayotingiz bilan yashang, o‘zganiki bilan emas. Birovlarning muammolaridan uzoq yuring.
- Mayda, ammo eng zarur muammolarni tezroq hal eting. Katta ishlarni qismlarga bo‘lib oling.
- Eslashga arzigulik voqea-hodisalarni suratlarga, kundaligingizga muhrlang.
- Noxush holatlarni hazil-mutoyiba bilan yengib o‘ting.
- Dilingizga og‘ir botadigan gap aytishganida “Manzilda adashishdi”, dengda, u haqda unuting.
- “Nimaiki bo‘lmasin, bari yaxshilikka” maqoli doim yodingizda tursin.
- Kuchli psixologik jarayonga duch kelganda, tezda tinchlanish uchun qaynoq, achchiq qahva iching, raqsga tushing, uy yoki ishdan chiqib, toza havoda sayr qiling.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot