Dunyo statistikasiga ko‘ra, Yer sharining 10-15 foiz aholisi artroz bilan og‘riydi. Yoshga yosh qo‘shila borgani sari bu xastalikka chalinish xavfi sezilarli ravishda oshadi. Artroz alomatlari 30-40 yoshda aniqlanadi. 60 yoshdan keyin esa deyarli hamma bu dardga yo‘liqishi mumkin. artroz kasalligi

Artroz qanday kasallik?

Dunyo miqyosida keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiruvchi artroz — bo‘g‘inlar kasalligidir. Uning aniqroq nomi — osteoartroz. Birlamchi artroz 40-50% hollarda kuzatiladi. Kasallik sog‘lom bo‘g‘inda yuzaga keladi va uning sababi bo‘g‘inning zararlanishi emas, balki og‘ir jismoniy mehnat. Ikkilamchi artroz 50-60% hollarda uchraydi. Bunda artrozga chalingan bo‘g‘in kasallikdan oldin zararlangan bo‘ladi (masalan, jarohat natijasida).

Qaysi bo‘g‘inlar artrozdan aziyat chekadi?

Bo‘g‘inlarning artrozga chalinishi ko‘pincha tananing pastki yarmiga (tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘in, tizza bo‘g‘ini…) to‘g‘ri keladi. qo‘llarda esa asosan barmoq suyaklari bo‘g‘inlari kasallikka chalinuvchan bo‘ladi.

Sabablari

Og‘ir jismoniy mehnat artrozga olib keladi. Agar bunda harakatlar doim bir xil takrorlanadigan bo‘lsa, artroz bilan kasallanish vaqti yaqinlashaveradi. Masalan, futbolchilarning «professional» xastaliklaridan biri — tizzi bo‘g‘ini artrozi. Semiz insonlar ham shu kasallikka moyil bo‘lishadi. Agar ikkita bo‘g‘inning bir-biriga tegib turuvchi yuzasi yaxshi tutashmasa, artroz kelib chiqadi. Chunki bunday holatda tog‘ayga bosim bir xilda tushmaydi. Artrozning bu ko‘rinishi ko‘proq skolioz yoki yassioyoqka chalingan insonlarda rivojlanadi. Shuningdek, bo‘g‘inlar jarohatlanishi, yallig‘lanishi, shamollashi, modda almashinuvi va qalqonsimon bez faoliyati buzilishi ham artrozga sabab bo‘ladi.

Alomatlari

Aynan erta bosqichlarida bo‘g‘indagi o‘zgarishlarda biroz qirsillash boshlanadi. Keyinroq qirsillash kuchayadi, harakatlanganda tez charchab qolish holati yuzaga keladi. Tinch holatdan harakat holatiga o‘tganda noqulaylik kuzatiladi. Bo‘g‘inlarda qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, tungi betinim og‘riqlar bezovta qiladi. Odatda ular harakatlanganda susayadi. Agar tizzalarda og‘riq boshlansa, bu — tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘in artrozi alomatlaridan biri. Artrozda bo‘g‘in atrofi to‘qimalarida yallig‘lanish alomatlarini ham ko‘rish mumkin: terida qizg‘ish, biroz shishgan dog‘ yuzaga keladi, ko‘pincha uning harorati baland bo‘lib, paypaslab ko‘rilganda og‘riq seziladi. Shuningdek, bu xastalikda tez-tez uchraydigan shikoyatlar zinaga chiqib-tushish bilan bog‘liq qiyinchilikdan iborat bo‘ladi. Kasallikning kech bosqichida esa ko‘pincha og‘riydigan bo‘g‘in harakatining cheklanishi kuzatiladi. Eng asosiy belgisi — bo‘g‘inlardagi qirsillash va jismoniy mehnatdan keyin unchalik kuchli bo‘lmagan og‘riqqa o‘xshash his.

Qanday aniqlanadi?

  • Rengten tekshiruvi;
  • qon tahlili;
  • sinovial suyuqlikni tekshirib ko‘rish;
  • gistologik tekshiruv.
Qaysi usulni qo‘llashni bemorning ahvoliga qarab shifokor belgilaydi.

Artroz turlari

Tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘in artrozi (koksartroz) kasallikning ancha keng tarqalgan turi. 40 yoshdan keyin erkak va ayollarda bir xil uchrasa-da, kasallikni ayollar og‘irroq boshdan kechirishadi. Kasallikning tananing faqat bir tomonidagi bo‘g‘inlar zararlanadigan bu turida bemor yurganda bir tomonga egilib, oqsoqlanish kuzatiladi. Tizza bo‘g‘inlari artrozi (gonartroz)dan ko‘proq ayollar aziyat chekadi. Unga venalarning varikoz kengayishi va ortiqcha vazn sabab bo‘ladi. Gonartrozda tananing ikki tomoni ham birday zararlanadi, lekin og‘riq sindromi faqat bir tomonda kuzatiladi. Barmoqlar orasi bo‘g‘inlari artroziga ko‘proq menopauza davridagi ayollar moyil bo‘ladi. U ko‘pincha bir nechta barmoqda yuzaga keladi. Kasallikning ilk bosqichlarida bosh va uchinchi barmoqda paydo bo‘ladi. Paypaslab ko‘rganda og‘riq seziladi. Uning shakllanish davrida bemor sanchiq, yengil achishishga o‘xshash sezgilarni tuyishi mumkin. Umurtqa pog‘onasi artrozi harakatni cheklab qo‘yadi. Rentgen qilib tekshirilganda artrozga chalingan umurtqa bambuk tayoqchasiga o‘xshash ko‘rinishda bo‘ladi.

Davolash usullari

Fizioterapevtik muolaja — suyaklar, bo‘g‘in atrofi to‘qimalaridagi turli moddalar sirkulyatsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mikroto‘lqinli terapiya — to‘lqinlar artroz bilan zararlangan organizmga ancha chuqur kirib boradi va bemorga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ultrato‘lqinli terapiya kasallikka chalingan sohada og‘riq sindromi bo‘lganida, sinovit bo‘lmagan vaziyatlardagina qo‘llaniladi. Ateroskleroz, klimaks, mastopatiya, fibromioma kabi holatlarni boshdan kechirayotganlar uchun bu usul tavsiya etilmaydi. Shuningdek, artrozni davolashda elektroforez, lokal baroterapiya, metabolik terapiya kabi usullar ham bor. Mavzuga aloqador maqola: Osteoxondroz kasalligi - sabablari, turlari va davolash usuli

© Iskandar XO‘JANOV,  tibbiyot fanlari doktori, professor.