Aritmiyalar haqida soʻz yuritish juda ham murakkabdir. Zero, bu muammo tibbiyotdagi, xususan, yurak xastaliklarini oʻrganuvchi soha – kardiologiyadagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Gap yurak maromining buzilishlari boʻlmish aritmiyalar haqida ketmoqda.

Aniqlik kiritamiz, aritmiya nima?

Aritmiya soʻzi yunoncha aritmos (“a” – yoʻq, “ritmos” – marom) soʻzidan olingan boʻlib, barcha yurak maromi buzilishlari uchun umumiy atama hisoblanadi. Aritmiya bilan tibbiyotning kardiologiya sohasi keng shugʻullanadi. Umuman olganda, yurak aritmiyasi yurakning kundalik “jismoniy” ishidagi oʻzgarish boʻlib, bunda yurak maromining son va sifat jihatidan buzilishi kuzatiladi.

aritmiya

Yurak aritmiyasi surunkali yoki xurujli boʻlishi, baʼzida qaysidir kasallikning yoki tanadagi buzilishlarning belgisi sifatida kuzatilishi mumkin. Misol uchun, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish, sigareta chekish, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilish aritmiyaga sabab boʻlishi mumkin. Aritmiyani tashxislash uchun EKG (elektrokardiografiya) tekshiruvi mavjud. Bu tekshiruv keng tarqalgan boʻlib, aritmiyalarni tashxislabgina qolmay, balki ularning turlarini ham aniqlashga yordam beradi.

Har bir inson hayoti davomi bir marotaba boʻlsa-da, yurak faoliyati buzilishini oʻzida his qilib koʻradi. Ayniqsa, imtihon oldidan, maʼsuliyatli vaziyatlarda, kuchli asabiylashishda yurak oʻzining “borligini” bildiradi. Yurak 24 soat davomida 100 000 martadan koʻproq qisqaradi.

Aritmiyaning turlari

Yurak aritmiyalarining bir necha turlari mavjud.

Sinus tugunining aritmiyalari koʻp hollarda xavfsiz boʻlib, alohida davo yoki yondoshuvni talab etmaydi. Bu aritmiyalarga sinusli taxikardiya, sinusli bradikardiya, sinusli aritmiya kiradi.

Sinusli taxikardiya bu yurak urishlari sonining 90 martada koʻp boʻlishidir. Bu aritmiya turi sogʻlom odamda ham uchraydi, masalan, yugurganda, zinadan yuqori qavatga koʻtarilganda yurak tana ehtiyojlarini qondirish maqsadida tezroq ura boshlaydi. Jismoniy yuklama toʻxtatilgach, yurak urishi soni oʻz meʼyoriga keladi. Biroq sinusli taxikardiya kamqonlik, qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlarning belgisi boʻlishi mumkin.

Sinusli bradikardiya yurak urishlari sonining 60 tadan kam boʻlishidir. Bu aritmiya ham sogʻlom odamda uchraydi, ayniqsa, uyqu paytida tananing ehtiyojlari kam boʻlganda, yurak urishlari soni kamayib ketadi.

Ektopik aritmiyalar murakkabrok aritmiya turi boʻlib, mutaxassis yondashuvini talab etadi. Bunday aritmiyalarni tashxislash uchun kardiolog-mutaxassisga murojaat qilish kerak. Ektopik aritmiyalarga hilpillovchi aritmiya, qorinchalar va qorincha usti ekstrasistoliyalari kiradi.

Ekstrasistola yurakning navbatdan tashqari qisqarishi boʻlib, odam ekstrasistola yuz berganda yurak joyidan qoʻzgʻalganidek, qotib qolgandek hissiyotni sezadi. Ekstrasistolalar sogʻlom odamda ham uchrab turadi. Biroq ularning soni bemor odamga nisbatan ancha kam boʻladi va maxsus davoni talab etmaydi.

Aritmiyalar qanday tashxislanadi?

Aritmiyalarni tashxislash uchun bemorda xuruj paytida EKG tekshiruvini oʻtkazish lozim. Buni davo muassasalarida bajarish mumkin. Murakkab aritmiyalar uchun esa yanada chuqurroq tekshiruv talab etiladi. Bunday tekshiruvlarga 24 soat davomida yurak faoliyatini yozib oluvchi Xolter boʻyicha EKG tekshiruvini olish mumkin. Bu tekshiruv mitti uskuna yordamida bajariladi. Ushbu uskuna odam tanasiga oʻrnatiladi. Tekshiruv yordamida koʻpgina murakkab aritmiyalarga tashxis qoʻyish mumkin. Bu tekshiruv ancha yillardan beri Oʻzbekistonda mavjud va muvaffaqiyat bilan qoʻllanilib kelinmoqda.

Aritmiya nimasi bilan xavfli?

Har qanday aritmiyani ham xavfli deyish nooʻrin. Xavf aritmiyaning qanchalik murakkabligiga, tanaga qanchalik zarar bera olishiga bogʻliq. Shuningdek, aritmiyaning xavflilik darajasini belgilashda, bemorning avval oʻtkazgan yoki ayni paytdagi kasalligi ham hisobga olinadi. Masalan, miokard infarkti oʻtkazgan bemorlarda aritmiyaning boʻlishi har doim yuqori oʻlim xavfi borligidan darak beradi.

Aritmiyani davolash

Zamonaviy tibbiyot aritmiyalarni davolashda ancha ilgarilab ketdi. Shunday boʻlsa-da, aritmiyaning baʼzi turlari oldida tibbiyot ojizligicha qolmoqda. Bugungi kunda aritmiyalarni ham dori-darmon bilan, ham dorisiz davolash mumkin. Har qanday aritmiya alohida yondashuvni talab etadi va har bir bemor bu borada oʻziga xosdir.

Aritmiyasi mavjud boʻlgan kishi mutlaqo oʻz-oʻzicha davolanmasligi, xususan, oʻzbilarmonlik bilan aritmiyani toʻxtatuvchi dori vositalarini isteʼmol qilmasligi kerak, chunki aritmiya boshqa xastaliklar bilan birga kechishi mumkin. Hamma aritmiyalar ham davo talab etavermaydi. Aritmiyani davolash zaruriyatini shifokor hal qiladi.

Tomir urishi qanday aniqlanadi?

Tomir urishlari sonini aniqlashni har bir odam bilishi kerak. Buning uchun shifokor boʻlish shart emas. Odam bilagining barmoqlarga yaqin qismining ikki chetida ikki arteriya tomiri oʻtgan, bu tomirlar koʻrsatkich va oʻrta barmoq bilan birga asta sekinlik bilan bosib koʻrilsa, tomir urishini aniqlash mumkin. Ammo tomir hamma odamga birday kuch bilan uravermaydi. Masalan, qon bosimi baland odamlarda tomir urishlari sezilarli daraja kuchli boʻladi.

Qon bosimi past odamlarda esa tomir urishini ilgʻash biroz qiyin. Shu sababli, tomir urishini aniqlashda, eʼtibor bir joyga jamlash kerak boʻladi. Tomir urishlari sonini aniqlash uchun avval tomirni yaxshilab topib olib, soʻngra sekundomer yoqiladi. Eʼtiborni tomirga qaratib, bir daqiqadagi urishlar sonini xayolan sanaladi. Sanayotgan paytda sekundomerga kamroq qarash lozim, aks holda inson beixtiyor sekundomer ishlash ritmiga qarab sanaydi va xato qiladi. Sogʻlom odamning yuragi tinch holatda 60 tadan 90 tagacha uradi. Tomir urishi sonidan tashqari uning, bir maromda urish-urmasligini ham aniqlash kerak.

Xurujda birinchi yordam

  • Derazalar ochiladi, koʻylakning yoqasi yechiladi, kamar sal boʻshatiladi.
  • Divan yoki oʻringa qulay oʻrnashiladi.
  • Koʻzlar yumiladi va 10 soniya davomida koʻz olmalari ikkala koʻrsatkich barmoq bilan qattiqroq, lekin ogʻritmaydigan darajada bosiladi. Ushbu amal 1 daqiqada 3 marta bajariladi.
  • Chuqur nafas olinadi va ushlab turiladi; amal 5 marta takrorlanadi va 2-3 daqiqa kutib turiladi, soʻngra yana bajarish mumkin.
  • Oyoqni tizza boʻgʻimida bukib, oʻtirib olinadi, qorinlar songa tekkan; shu vaziyatda chuqur nafas olib soʻng, kuchaniq bajariladi.

Muolajalar yordam bermagan hollarda tez tibbiy yordam chaqirish kerak. Xuruj tezda oʻtib ketgan boʻlsa-da, shifokor qabuliga borish lozim.

Aritmiyaga chalinmaslik choralari

  • Sigareta chekmaslik.
  • Spirtli ichimliklar isteʼmolini toʻxtatish.
  • Qahvani yoki tarkibidan kofein saqlovchi mahsulotlarni ortiqcha isteʼmol qilmaslik kerak.
  • Baliq mahsulotlarini koʻproq isteʼmol qilish lozim.
  • Yashil rangli har qanday sabzavot yoki oshkoʻkni koʻproq isteʼmol qilish lozim.
  • Profilaktik tarzda vitamin E qabulini esdan chiqarmaslik lozim.

© Umid Abdusattorov, karidolog.