Ongni chalg‘itish va “Mudrayotgan sherik”

Keling, nima uchun cheka boshlaganimiz haqida fikr yuritaylik. Mazkur masalaning tagiga yetish uchun esa ost ong – kaminaning ta’rifi bilan aytganda “mudrayotgan sherik”ning ta’siri naqadar kuchli ekanini o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi. Barchamiz o‘zimizni aqlli, xatti-harakatlarini nazorat qila oladigan va hayot yo‘lini mustaqil belgilashga qodir shaxs deb hisoblaymiz. Aslida yurish-turishimiz muayyan andazalarga bog‘liq, chunki biz – bizni tarbiyalagan jamiyatning mahsulimiz. Kiyinishimiz, odamlar orasida o‘zimizni tutishimiz, hatto, turmush ikir-chikirlari, xullas, hayotimizning barcha jabhasida g‘ayrishuuriylik namoyon. Ost ongning ta’siri shunchalik kuchliki, qat’iy ishonchingizni o‘zgartirib yuborishingiz hech gap emas. Sigaretani pullab, mo‘may daromad ko‘rayotganlar buni juda yaxshi bilishadi, o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilishda asosiy e’tiborni ana shu jihatga qaratadi. O‘ylab qarasangiz, esimizni taniganimizdan beri chekish haqidagi axborot oqimiga duch kelaveramiz: sigareta rohat bag‘ishlaydi, odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, u yer yuzidagi eng qimmatli narsa. Nima, sizningcha bu gaplar mubolag‘ami? Aytingchi, kinofilm yoki spektakllarda o‘limga mahkum odamning oxirgi iltimosi nima bo‘ladi? Albatta, sigareta! Tomosha vaqtida o‘sha sahnalarga alohida e’tibor qaratmaymiz, lekin “mudroq sherigimiz” – ost ong ularni o‘ziga singdirishga ulguradi. Ochig‘ini aytganda, bizga uqtirilayotgan fikr quyidagicha: “Dunyodagi eng qadrli va hayotimning so‘nggi daqiqalarida men istaydigan narsa – bu sigareta”. Televideniyeda sigareta reklamasi taqiqlangani haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirishadi. Lekin aholining aksariyati ekranga mixlangan paytdagi holatga e’tibor bering-a: bilyard o‘yinchilari sigareta tutuniga to‘la klubda o‘z mahoratlarini namoyish etishadi. Odatda bunday dasturlarga tamaki kompaniyalari homiylik qilishadi. Bu taxlit yashirin reklamani televizorda juda ko‘p ko‘rish mumkin. Mana sizga odamlar ongini chalg‘itish. Chekishga qarshi roliklarda boshqacha manzaraga guvoh bo‘lamiz – saraton tahdidi, kesib tashlangan oyoqlar va hokazo. Bunday vahimali antireklamalardan keyin odamlar yoppasiga chekishni tashlashlari kerak edi. Biroq hech qachon bunday bo‘lmaydi. Chekishga qarshi kampaniyalar hatto o‘smirlarni ham chekishdan to‘xtatib qololmaydi. Yanada achinarlisi shuki, chekuvchilarning o‘zi o‘zlarini chalg‘itish va aldash bilan ovora. Chekish sog‘likka katta zarar yetkazishi haqidagi gapni ular eshitishni istashmaydi. “Ana, Fred amaki saksonga kirgandi, – deya allakimnidir misol keltirishadi, – umri bo‘yi umuman kasal bo‘lmagan. Vaholanki, kuniga qirqta sigareta chekardi”. Axir o‘sha Fred amaki og‘ziga aslo sigareta olmaganida, hozir ham tirik bo‘lishi mumkin edi-ku! Ayni navqiron yoshida hayot bilan vidolashgan kashandalar kammi? Koshki bu gaplar chekuvchilarning qulog‘iga kirsa! E’tibor bergan bo‘lsangiz, aksar chekuvchilar o‘zlarining qat’iyatliligi bilan ajralib turadi. Odatda bular shaxsiy biznesga ega odamlar, korxona rahbarlari yoki muayyan kasb egalari, masalan: vrachlar, huquqshunoslar, politsiyachilar, sotuvchilar. Xullas, qizg‘in ish bilan band kishilar. Ularning yanglish fikriga ko‘ra, chekish stressdan xalos qilar emish. Bundan tashqari, og‘izdan tutun purkash kishini yetakchi qilib ko‘rsatarmish, ya’ni bu odam asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan va unga taqlid qilish mumkin. Chekuvchilarning boshqa bir guruhi – bir xil ish tarziga ega odamlar. “Nima uchun chekasiz?” degan savolga ularning javobi bitta: “Zerikkanimdan”. Lekin chekish zerikishga barham berishi haqidagi fikr ham xato. Ko‘pchilikning nazarida yelim bug‘idan nafas olish (toksikomaniya) yoxud giyohvandlikning turgan-bitgani yaramaslik. Bizning mamlakatda yiliga ko‘pi bilan o‘nta odam toksikomaniya, yuztasi giyohvandlik tufayli o‘lim topadi. Xo‘sh, chekishdan qancha odam o‘ladi? Yuz minglab! Sigaretani jamiyatimizdagi birinchi raqamli qotil desak adashmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, uning sotuvi mutlaqo qonuniy. Istalgan gazeta do‘koni, bar, klub yoki restoranda bemalol sotib olish mumkin. Sigaretaning jozibador qutisiga boshqacha nazar tashlang va ichidagi og‘uni ko‘rishga harakat qiling. Diqqatingizni bir joyga to‘plab, o‘zingizga savol bering:
  • Men nima uchun chekyapman?
  • Sigareta menga chindan ham kerakmi?
  • Yo‘q, UMUMAN KЕRAK EMAS!
Fikrimcha, chekish haqida gapirilar ekan, eng qiyini – ongni chalg‘itish mexanizmini tushuntirib berish. Nima uchun tuppa-tuzuk aqlli odamlarga sigaretaga qaram bo‘lib qolgani aytilsa, o‘zlarini ahmoqlarcha tutishadi? Har qancha achchiq bo‘lmasin, tan olib aytamanki, ana shunday ahmoqlarning eng kattasi o‘zim edim. Men otamning qay ahvolga tushganini bilishimga qaramay, kuniga yuztalab sigareta chekardim. U baquvvatgina edi, aynan chekish sabab yosh o‘lib ketdi. Esimda, otam ertalablari qattiq yo‘talar va balg‘am tuflardi. Chekish unga hech qanday lazzat bag‘ishlamayotganiga, tabiiyki, aqlim yetgan. Onamdan: “Kashandaga aylanishimga hech qachon yo‘l qo‘ymang”, deb o‘tingan ham edim. O‘n besh yoshimda sog‘lom turmush tarzining ashaddiy tarafdori bo‘lganman. Sport mening hayotimga aylangan va bu bilan o‘zimga bo‘lgan ishonchim yuksak edi. O‘shanda kimdir menga keyinchalik kuniga yuzta sigareta chekishimni aytsa bormi, zig‘ircha ishonmagan bo‘lardim. Qirq yoshimda esa ham jismonan, ham ruhan kashandaga aylandim-qoldim. Men chekmasdan na jismoniy va na aqliy mehnat qilolmaydigan darajaga yetdim. Qo‘limdagi televizor pultini bosayotganimda ham, lampochkani almashtirayotganimda ham lablari orasida sigareta bo‘lardi. Sigaretalar meni o‘limga yetaklayotganini anglar, ortiq o‘zimni alday olmasdim. O‘sha paytda chekish ongimga qanchalar ta’sir ko‘rsatishini tushunmaganimga haligacha hayronman. Qanchalik kulgili bo‘lmasin, aksar kashandalar chekish rohat bag‘ishlaydi, deb o‘ylashadi. Bu borada mening fikrim qat’iy edi: diqqatni jamlashga va asablarimni tinchlantirishga yordam bergani uchungina sigareta chekaman. Hozir umuman sigareta chekmayman va o‘sha voqealar aynan men bilan sodir bo‘lganiga ishonolmay qiynalaman. Bu xuddi qo‘rqinchli tushdan uyg‘onishga o‘xshaydi. Nikotin ham giyohvand modda, shuning uchun sizning ta’m bilish reseptorlaringiz ishini sustlashtiradi. Chekishning eng dahshatli tomoni sog‘ligingizga putur yetkazayotgani va cho‘ntagingizni qoqib olayotgani emas, balki ruhiyatingizga zarar yetkazayotganidir. Siz chekishingizni oqlash uchun haqiqatga o‘xshash tuyulgan har qanday gapni gapiraveradigan bo‘lib qolasiz. Esimda, chekishni tashlashga muvaffaqiyatsiz urinishlarimning biridan keyin trubka chekishga o‘tdim. Men trubka chekish organizmga kamroq zarar yetkazishiga va shu tariqa jismimni zaharlayotgan nikotin miqdori kamayishiga ishonar edim. Trubkaga solinadigan ba’zi tamaki navlari umuman tozalanmaydi. Bunday tamakining ta’mi avvaliga yoqimli tuyulsa-da, aslida uni chekish naq azobning o‘zginasi. Trubkaga o‘tganimdan uch oy keyin tilimning uchi yiringlaydigan bo‘ldi. Bilsangiz, trubka kosasining tagida jigarrang yelimsimon suyuqlik to‘planib qoladi. Ba’zan trubka kosasini gorizontal holatda ko‘tarsangiz bormi, o‘ylashga ulgurmasingizdan og‘izingizga to‘lgan narsadan ko‘nglingiz behuzur bo‘lib ketadi. Oqibatda esa, qayerda turganingizdan qat’i nazar, tupurishga tushasiz. Trubkadan qutulish uchun uch oy sarfladim. Hayron qoladigani, ana shu muddat ichida biror marta bo‘lsa ham o‘zimga-o‘zim savol bermabman: “Nima uchun o‘zimni bunchalar azoblashim kerak?” Bu dunyoda trubka tarafdorlari tiqilib yotibdi. Ularning ishonchi komilki, trubka chekish kishiga huzur bag‘ishlaydi. Menga ayting-chi, nega endi trubkani yoqtirib qolishi uchun odam o‘zini azob-uqubatlarga giriftor etishi kerak? Axir shu matohsiz ham baxtli bo‘lish mumkin-ku?! Gap shundaki, siz nikotinga o‘rganib qolgan paytdan e’tiboran ongni chalg‘itish ta’siri oshib boraveradi. Ost ong ichingizdagi maxluqchani boqish kerakligi haqida buyruq beradi, siz esa itoatkorona bo‘yin egasiz. Avval ham ta’kidlaganimdek, odamlarni chekishga undaydigan narsa – bu qo‘rquv. Organizm nikotindan mahrum qolgan mahal paydo bo‘ladigan va kishini qat’iyatsizlikka mahkum etadigan qo‘rquv. Buni fahmlamasligingiz esa bunday muammo yo‘qligini bildirmaydi. Aynan ongni chalg‘itish chekishni tashlashda asosiy to‘siqlarni keltirib chiqaradi. Lekin xavotirlanishga aslo hojat yo‘q, chunki hech narsani tashlashingizga to‘g‘ri kelmaydi. Balki dahshatli xastalikdan xalos bo‘lib, ajoyib afzalliklarga ega bo‘lasiz. Ongni chalg‘itish operatsiyasi paydo qilgan natijalarni hozirning o‘zidayoq o‘chirib tashlaymiz. Chekishni allaqachon o‘rganganlar bizni chekishga undaydigan odamlardir. Biz ularga qarab nimadandir quruq qolayotganimizni o‘ylaymiz. Biz chekishni o‘rganish uchun o‘zimizni turli qiyinchiliklarga mubtalo etamiz, lekin oramizdagilarning birortasi ham chekmaslik bilan aynan nimadan quruq qolganini tushuntirib berolmaydi. Har safar chekuvchi odam bilan uchrashganingizda, u chekishda o‘ziga xos xosiyat borligini, aks holda umuman chekmasligini uqtiradi. Kashanda chekishni to‘xtatgan taqdirda ham o‘zini qatordan tushib qolgandek his qiladi, ayniqsa, turli o‘tirishlarda yoki yonida kimdir chekayotganida. Shunday lahzalardan birida u atigi bir marta chekib ko‘rgisi keladi. U qanday ishga qo‘l urganini anglashga ulgurmay, qaytadan chekuvchiga aylanadi. Demak, shunday qilib ongni chalg‘itish ishidan xalos bo‘lamiz. Chekuvchi hayotida ko‘p narsalardan mahrum bo‘ladi, jumladan:
  • SALOMATLIK,
  • KUCH-QUVVAT,
  • BOYLIK,
  • RUHIY HALOVAT,
  • QAT’IYAT,
  • JUR’AT,
  • O‘Z-O‘ZINI HURMAT QILISH, BAXT, OZODLIKdan.
Xo‘sh, shuncha narsani qurbon berish evaziga chekuvchini nimalarni qo‘lga kiritadi? Chekish halovat va qat’iyat bag‘ishlashi haqidagi safsatadan boshqa HЕCH NARSANI!

© Allen Karr. “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi. Tib.uz