Homiladorlik

MAQOLALAR

ico
Homiladorlikka tayyorlanish
Homiladorlik davrida bolaning rivojlanishi jaddal ravishda davom etishi tufayli bu davr o‘ta muhim hisoblanadi. Shuning uchun homiladorlik davri yaxshi kechib, bolaning salomatligiga zarar yetkazmaslik uchun ba’zi maslahatlarga amal qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ginekolog huzurida muntazam ravishda bo‘lish

Ba’zilar homiladorlikning ilk oylarida shifokorga bormay yuradilar. Bu noto‘g‘ri, chunki aynan ilk davr (
1 trimestr)da bolaning deyarli barcha tana a’zolari shakllanishni boshlaydi, bunda onaning salomatligi, xususan gormonal holati muhim o‘rin egallaydi. Shuning uchun homiladorlik aniqlangach, ginekolog huzurida kerakli analizlar topshirib tekshiruvlardan o‘tish lozim.

Toza havo bilan nafas olish

Sigaret va yong‘in tutuni homilador ayol organizmi uchun va o‘sayotgan homila salomatligi uchun xavflidir. Aylanish uchun imkon boricha park, o‘rmon va mashina kam bo‘lgan boshqa joylarni tanlash tavsiya etiladi.

Suvsizlanmaslik

Homilador ayol keraklikcha suyuqlik iste’mol qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Mineral yoki filtrlangan suv, ko‘k choy va qaynagan sovutilgan suvni kun mobaynida ichish kerakligi haqida unutmaslik kerak. Shirali va gazlangan ichimliklardan homiladorlik davri davomida voz kechgan ma’qul.

To‘g‘ri va foydali ovqatlanish

Kalsiy, temir va foliya kislotasiga boy mahsulotardan ko‘proq iste’mol qilish. Bug‘doy va danaklarning ham foydasi katta. Go‘shtdagi yog‘larni iste’mol qilmaslik kerak.

Toksin(zahar)lardan xoli bo‘lish

Uy tozalash vositalari, poroshok, chivin va hashoratlarga qarshi vositalar toksinlarga boy bo‘ladi. Imkon boricha ularning o‘rniga zararsiz vositalardan (masalan, soda) foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bo‘yoqlar, o‘gitlar va o‘simliklar dorivorlari homilador ayol va homila salomatligiga zarar keltirishi mumkin. Undan tashqari ba’zi kosmetika vositalari ham kuchli kimyoviy moddalardan tashkil topgan bo‘ladi. Masalan, soch bo‘yoqlarining homilaga zarar keltirishi mumkinligi haqida ilmiy tadqiqotlar mavjud. Shuning uchun homilador kimyoviy vositalardan foydalanayotganda nihoyatda ehtiyot bo‘lishi yoki umuman foydalanmasligi tavsiya etiladi. Ularning o‘rniga tabiiy vositalarni qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uzbaby.uz

[highlight]Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]
ico
Bo‘lajak ona psixologiyasi
Homiladorlik ayolni o‘zgartirishi – bu ma’lum fakt, biroq bu o‘zgarishlarning mohiyatini hamma ham tushunavermaydi. Keling, psixologlar fikriga ko‘ra ushbu davrda nimalar sodir bo‘lishini bilib olaylik.

Bolalikka yaqinroq

Homiladorlik vaqtida ayol psixologik ravishda yosh boladay bo‘lib qoladi degan fikr keng tarqalgan. Bu deyarli to‘g‘ri emas. Homilador ayol organizmida qayta tuzilish yuz berishi bois unda haqiqatan ham sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, biroq buning regress bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Shunchaki ayol o‘ziga va u bilan sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga e’tiborliroq bo‘lib qoladi, ayni davrda juda muhim hisoblangan hissiyotlari va tanasidagi sezgilariga e’tiborini jamlaydi. Bu haqiqatan ham uni kattalardan ko‘ra o‘zining asl hislariga va haqiqiy istaklariga yaqin bo‘lgan kichkina bolaga o‘xshatib yuboradi. Mashhur “homiladorlarning injiqliklari” haqida ham xuddi shularni aytish mumkin: axir bolalar odatda o‘z qiziqishlaridan voz kechishga tayyor bo‘lmaganlarida xarxasha qilishadi, homilador ayolni esa tabiatning o‘zi o‘z manfaatlarini hammasidan yuqori qo‘yishga majbur qiladi. Uning bunday xudbin hulqida yana bir ma’no bor: yaqin yillarda ayolning turmush tarzi shunday o‘zgaradiki, unga yaqinlarining ko‘magi lozim bo‘ladi – bu haqda u mana shunday bilvosita usullar orqali xabardor qilmoqda.

Hech nima sodir bo‘lmadimi?

Ba’zan, homilador bo‘lgach,
ayol xuddiki buni payqamaydi va tug‘ruqqacha hech narsa o‘zgarmagandek yashashga urinadi. Buning yomon joyi yo‘qdek tuyuladi, biroq agar bo‘lg‘usi ona o‘zining yangi maqomini e’tiborga olmasa, baribir xavotirlanadigan joyi bor. Homiladorlikka e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, umuman olganda, o‘ziga uncha e’tibor bermaydigan va o‘z tuyg‘ularidan ko‘ra tashqaridan beriladigan yo‘l-yo‘riqlarga rioya qilishga moyil ayollarda vujudga kelishi mumkin. Agar ayol homiladorlik davri davomida haddan tashqari ishga, o‘qishga yoki jamoatchilik faoliyatiga kirishib ketsa, bu voqelikdan qochishga urinishga, uning onalikka psixologik tayyor emasligiga o‘xshaydi.

Yaqin atrofdagilardan nima talab qilinadi?

Homilador ayollarga munosabatda ko‘pincha ikki qarama-qarshilik kuzatiladi. Ayrim odamlar ularni papalab, gard yuqtirmaslik, qo‘llarini sovuq suvga urdirmaslik kerak deb hisoblasa, boshqalar homiladorlarning ahvoliga ortiqcha e’tibor bermaslikni afzal bilishadi. Shubhasiz, bo‘lg‘usi ona bilan billur vaza kabi muomala qilmaslik kerak: homiladorlik kasallik emas, balki odatdagidek yashash imkonini beradigan normal fiziologik holatdir. Biroq, mazkur holatning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborsiz ham qoldirmagan ma’qul. Homiladorlik vaqtida ayolning psixikasi nisbatan ta’sirchanroq bo‘ladi, immuniteti esa zaiflashadi, shu bois uni ham jismoniy, ham hissiy ortiqcha yuklamalardan ehtiyot qilgan ma’qul. Qolaversa, qachon ayol ozmi-ko‘pmi o‘ziga e’tiborli bo‘lsa, intuitiv ravishda o‘zi zarur ehtiyot choralarini ko‘radi. Ana shu o‘z-o‘ziga quloq solish homilador uchun muhimdir. Yaqinlari hozir uning e’tibori o‘z ichiga qaratilganini va boshqalarga yetarli darajada e’tiborini qaratishga imkoni kamroqligini tushunishlari kerak. Ayniqsa bolalar (agar homiladorlik birinchisi bo‘lmasa) buni tushunishi qiyin. Bu vaziyatda ular yuqori e’tiborga muhtojlar. Shuning uchun oilada navbatdagi farzandni kutish – ularni ona yuklamasining bir qismini o‘z gardanlariga olishga tayyor bo‘lgan otasi va boshqa qarindoshlari bilan yaqinlashtirishning ayni vaqtidir.

Homiladorga psixolog zarurmi?

O‘z holicha qaraganda, homiladorlik psixologik yordam so‘rab murojaat qilish uchun sabab bo‘lolmaydi. Muammolar vujudga kelgan taqdirdagina yordam zarur bo‘ladi. Ta’sirchanlik kuchayishi tufayli aynan shu davrda ayol ilgari sezmagan psixologik qiyinchiliklariga ilk marotaba e’tibor berishi mumkin. Homiladorlik bilan turli kechinmalar bog‘liq bo‘lishi mumkin: o‘zining yangi maqomini qabul qilishga tayyor emasligi, homiladorlikning kechishi va bo‘lg‘usi tug‘ruqlar bo‘yicha xavotir, o‘zi va bola uchun qo‘rquv, onalik vazifasini uddalay olmaslikdan qo‘rqish, tananing muqarrar o‘zgarishlari bilan bog‘liq bezovtalik... Odatda, bu ancha oldin yurakning tub-tubida mavjud ichki qo‘rquvning namoyon bo‘lishidir. Shunchaki homiladorlik ularni yuzaga chiqardi. Agar bu kechinmalar noqulayliklarni keltirib chiqarsa, uni yengishga esa kuch bo‘lmasa, psixologning alohida yordami asqatadi. Shunday hayotiy vaziyatlar va sharoitlar bo‘ladiki, bunda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash singari psixologik yordam ham zarur bo‘ladi. Masalan, ko‘pincha homiladorlik tufayli keskinlashadigan er-xotin o‘rtasidagi muammolar. Biroq, bu holatda dastlab alohida ham xotinga, ham erga psixoterapiya zarur. Psixoterapevtga oilaviy borishni esa, yaxshisi, keyinroqqa surgan ma’qul. Gap shundaki, farzand kutish jarayonida ayol va erkakning kechinmalari nihoyatda turlicha va yangi vaziyatni o‘ziga xos qabul qilish bilan bog‘liq bo‘ladi, shuning uchun oilaviy terapiya ushbu davr uchun yoqimsiz og‘ir kechinmalarni keltirib chiqarishi mumkin.

© "Homiladorlik.uz" nashri

ico
Homiladorlikda qandli diabet (Toʻliq qoʻllanma)

Sizning vujudingizda yangi inson shakllanmoqda. Yodingizda boʻlsin toʻqqiz oy mobaynida tanangizda qiziqarli oʻzgarishlar sodir boʻladi. Siz farzand koʻrishga va ona boʻlishga tayyorlanmoqdasiz. Shunday ekan, qandli diabet bilan hayot tarzini olib borayotgan homilador ayol homiladorlikda qandli diabet (Gestatsion diabet) qanday kechishi, uning oʻziga xos jihatlari haqida bilishi va oʻrganishi lozim.

Homiladorlikning birinchi sakkiz haftasi homila rivojlanishining eng muhim davri hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda oʻzingizning fiziologik va ruhiy holatingizga alohida ahamiyat berishingiz, homiladorlikning har bir bosqichida ham muhimdir. 

Homiladorlikda qandli diabet

Bu masʼuliyatni amalga oshirishda siz shifokoringizning uzluksiz nazoratida boʻlib, u tavsiya qilgan tahlillarni muntazam ravishda bajarib, har oyda bir marta, oxirgi uch oyning har ikki haftasida, oxirgi oyda esa har haftada analiz topshirib turishingiz kerak boʻladi.

Homiladorlik davri qisqacha tasnifi

Odatda homiladorlik 40 hafta yoki 9 jarida oyi davom etadi. Homiladorlik davri gestatsion davr deb ataladi. Har uchta uch oylik – trimestr deb ataladi. Birinchi uch oylik – birinchi trimestr, ikkinchi uch oylik – ikkinchi trimestr va oxirgi uch oylik uchinchi trimestr deyiladi. Har bir davrda homila bachadonda tashqi hayotga tayyorlanib boradi. Asosiy mavzuga kirishishdan oldin har bir trimestrga xos o‘zgarishlar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun quyida har bir trimestrning qisqacha tasnifini keltiramiz.

Birinchi trimestr

Homiladorlikning dastlabki uch oyida farzandingizning asosiy tana a’zolari (yuragi – u qon aylantirishni boshlaydi, oshqozon tizimi, umurtqa pog‘onasi) va tizimlari shakllanadi. Yo‘ldosh – himoya va ozuqa a’zosi hisoblanib rivojlana boshlaydi va filtr vazifasini bajarib, homilani kerakli ozuqa bilan ta’minlaydi, keraksizlariga esa to‘siq bo‘ladi.

Sakkizinchi haftasida homilada ko‘z (faqat hali yumuq holda), lab, til, qo‘llar (tirsak, bilak), oyoqlar (tizza, to‘piq) rivojlana boshlaydi. To‘qqizinchi haftasigacha tug‘ilajak bola embrion, keyin esa homila deb ataladi. Birinchi trimestr oxirida homilaning uzunligi 7,5 smga, og‘irligi esa 29,0 grammga teng bo‘ladi.

Buyrak, tishlar o‘rni, panjalarda tirnoqlar umuman, asosiy a’zolar va tizimlar shakllanadi. Suyak va mushaklar ham rivojlanib boradi. Boshda soch va kipriklar o‘sa boshlaydi. Sizda esa shu davrda tez-tez toliqish seziladi.

Ikkinchi trimestr

Bu davrda homilaning o‘sishi va rivojlanishi davom etib, uning vazni 200,01 grammga, buyi 17,0-18,0 smga teng bo‘lishi mumkin. Homilaning yurak urishi yana ham sezilarli darajada bo‘lib, shifokor stetoskop yordamida eshitib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Bu paytda homiladorlik gormonlari ishlay boshlaydi.

Ko‘kragingiz kattalashib, og‘riq sezadigan bo‘lib qolishi mumkin. Uning uchi atrofidagi teri to‘q tusga kiradi. Bachadon o‘sib, siydik pufagini siqadi. Shuning uchun peshob haydash tezlashadi. Milklar qizarishi va qonashi mumkin. Shu sababli og‘iz bo‘shlig‘ini, tishlarni toza saqlash kerak. Ikkinchi trimestr oxirida (6 oylik) homila vazni 715 grammga va bo‘yi 27,5-35 smgacha ortadi.

Homila qovoqlari ochiladi, kipriklari o‘sadi, tirnoqlar barmoqlarning oxirigacha o‘sadi. Umuman, homilaning hayotiy zarur tizimlari rivojlanib, takomillashadi, qorningiz ham ko‘rinib qoladi. Homila o‘sgan sari qomatingiz o‘zgarib boradi. Me’da buzilishi, jig‘ildon qaynashi bezovta qilishi mumkin.

Uchinchi trimestr

Homilaning barcha hayotiy zarur a’zolari va tizimlari shakllanib bo‘ladi. Bosh suyak yumshoq va egiluvchan bo‘ladi. O‘sish tezlashadi. Yettinchi oy oxirida homila vazni 1022-1227 grammgacha, bo‘yi 35-42,5 smga teng bo‘ladi. Bu trimestr mobaynida bola tug‘ilishga tayyor bo‘lib, uning vazni 2965-3067,54 grammgacha, bo‘yi 50 smga teng bo‘lishi kuzatiladi.

Gestatsion diabet nazorati va sog‘lom bola

Homiladorlik muddatining har bir bosqichi homila shakllanishida juda muhimdir. Bunga erishish uchun esa homiladorlik rejalashtirilgan va puxta oʻylangan boʻlishi kerak. Qandli diabet kasalligi bor bemorlarga qoʻyilgan asosiy talab – kasallik nafaqat homiladorlik davrida, balki undan 3-6 oy avval kompensatsiyalashgan boʻlishi kerak. 

Homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi glyukoza (qand) miqdorining baland boʻlishi boʻlgʻusi chaqaloqning rivojlanishdagi tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilishining asosiy sababi boʻlishi mumkin. 

Ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon oʻtmaydi, glyukoza, keton tanachalari esa bemalol oʻtadi. Ona qonida shakar miqdori yuqori boʻlganda u yoʻldosh orqali homila qoniga oʻtib, homiladorlikning 12 haftalaridan insulin ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan homila meʼda osti bezining beta hujayralarini zoʻriqib ishlashga majbur etadi. Bu esa homila qonida insulinning yana-da koʻpayishiga olib keladi va homila vazni meʼyoridan ortiqchaligiga sabab boʻladi. Bu holat makrosomiya deb ataladi.

Homila meʼda osti bezining zoʻriqib ishlashi oqibatida koʻp miqdorda ishlanib chiqilgan insulin yangi tugʻilgan chaqaloqda uchraydigan gipoglikemiyaga (yaʼni qonda qand miqdori keskin pasayishiga) olib keladi. 

Bu holat titroq, tirishish, sababsiz bezovtalanish kabi belgilar bilan kechib, oʻz vaqtida aniqlanib, choralar koʻrilmasa fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda chaqaloqqa yordam kerak boʻladi (vena orqali glyukoza dorisi yuboriladi), bir necha kun mobaynida yangi tugʻilgan chaqaloqning qonida qand miqdorining nazorati olib boriladi.

Bundan tashqari, qandli diabetga chalingan onalardan tugʻilgan chaqaloqlarda bilirubinning koʻpayish hollari (giperbilirubinemiya) uchrab turadi. 

Yangi tugʻilgan chaqaloqning 60 foizida uchinchi-beshinchi kunlari terisi sargʻishroq tusga kiradi. Fiziologik sariqlikning bu koʻrinishi normal hol hisoblanadi. 

Bolaga bachadon ichida boʻlgan davrida uni tugʻilganidan keyingi davriga nisbatan koʻproq miqdorda qizil qon hujayralari kerak boʻladi. Ortib qolgan qon hujayralari parchalanganda ular bilirubin deb nomlanuvchi sariq modda ishlab chiqaradi. Chaqaloq jigari ishlab chiqilgan bilirubinni tez chiqarib tashlash darajasida rivojlanmaganligi sababli uning terisi sariq tusga kiradi. Odatda, bu hol 10 kungina davom etadi.

Teri sariq tusga kirishi koʻpchilik chaqaloqlarga xos boʻlsada, qandli diabet kasalligi bor ayollardan tugʻilgan chaqaloqlarda uzoqroq davom etishi kuzatiladi. Natijada, bilirubin miya va nervlarni zaharlaydi. Bunday vaziyatda baʼzi bir davolash turlarini qoʻllashga toʻgʻri keladi (maxsus nur yordamida), juda kam holatda qon quyish zarurati tugʻiladi.

Qandli diabetga chalingan onalardan tugʻilgan chaqaloqlarda yana bir muammo, yaʼni qonda kalsiy miqdori kamayib ketishi (gipokalsiyemiya) ham uchrab turadi. 

Homiladorlikda qandli diabet xavf omillari

Qandli diabetli bemorlarda homiladorlikning eng ogʻir asoratlaridan biri – homilaning ona qornida nobud boʻlishidir. Homilaning halok boʻlishiga koʻpincha gipoglikemiya, onadagi ketoatsidoz, homilada insulinning ortiqchaligi oqibatida yoʻldosh qon tomirlarining diabet taʼsirida oʻzgarishlari natijasida yoʻldosh gormonlarining yetishmovchiligi sabab boʻladi. 

Qandli diabeti bor onalardan yangi tugʻilgan chaqaloqlar oʻlimining sabablaridan yana biri homiladorlik davrida oʻpka taraqqiyotining orqada qolganligi natijasida vujudga kelgan nafas olishdagi oʻzgarishlardir. Oʻpka rivojlanib yetilmaganligi sababli vujudga keladigan oʻtkir nafas yetishmovchiligi xavfi moʻljaldan avvalroq tugʻishda hamda noilojlikdan tugʻruqni sunʼiy yoʻl bilan homiladorlikning 35-haftasigacha amalga oshirish natijasida tugʻilgan chaqaloqlarda katta boʻladi. 

Ammo, homilador ayollar oʻz vaqtida tugʻganlarida ham ularda qandli diabet boʻlsa, oʻpka alveolasining rivojlanmasligi natijasida vujudga kelgan nafas olish yetishmovchiligi ancha koʻp uchraydi.

Homiladorlikda qandli diabet kechishi

Homiladorlikda qandli diabet (Gestatsion diabet) bilan ogʻrigan bemorlarning salomatligi toʻgʻridan-toʻgʻri kasallikning nazorat darajasiga bogʻliqdir. 

Qandli diabetli ayollardan tugʻilgan bolaning salomatligi esa, onaning sogʻlomlik darajasiga bevosita aloqador. Shu sababli qandli diabetning puxta nazorati sogʻlom bola tugʻilishi garovidir. 

Buning uchun ayolda homilador boʻlishdan 2-3 oy avval qandli diabet yaxshi kompensatsiyalanishi va bu holat butun homiladorlik davomida saqlanib qolinishi kerak. Bunga sabab, bola shunchalik tez rivojlanadiki, ayol esa hali homiladorlikdan bexabar boʻlishi mumkin.

Bu esa bola uchun juda xavfli, chunki homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi qand miqdorining baland boʻlishi boʻlgʻusi chaqaloq tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilishining asosiy sababi boʻlishi mumkin. 

Homiladorlik davrida sizda koʻp oʻzgarishlar boʻlishi mumkin, bunda nafaqat tashqi koʻrinishingiz, balki diabet nazoratining oʻzgarishi ham sodir boʻladi.

Sizda insulin miqdori va ukollarning soni, parhez, jismoniy harakatlarning rejalari ham oʻzgarishi mumkin. Shu bilan birga kun davomida bir necha marta qonda qand miqdorini ham aniqlashga toʻgʻri keladi. Har bir trimestrda insulinga ehtiyoj oʻzgacha boʻladi; birinchi trimestrda insulin miqdori pasayadi, 2-3- trimestrda esa aksincha koʻpayishi mumkin.

Ushbu oʻzgarishlarni oʻz vaqtida amalga oshirish natijasida homiladorlik koʻngildagidek yakunlanishi mumkin.

Qandli diabet kasalligi turlari, kechishi, sabablari haqida ushbu maqola orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet kasalligi — belgilari, turlari, sabablari va davolash usullari

Insulin va gestatsion diabet

Qandli diabet insulin yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladigan xastalikdir. Insulin – yuqori darajada faol boʻlgan kimyoviy modda (gormon) boʻlib, u oshqozon osti bezining alohida hujayralarida ishlab chiqiladi. 

Inson yashash uchun energiya bilan taʼminlanishi zarur. Energiyani esa odam tanovul qiladigan oziq-ovqat mahsulotlardan oladi. Oziq-ovqat mahsulotlari asosan uch xil modda: oqsil, yogʻ, uglevodlardan iborat. 

Oqsil tana uchun qurilish materiali hisoblanadi, yogʻ va uglevodlar – quvvat manbasidir. Glyukozaning asosiy manbasi – uglevodlar. Uglevodlarning katta qismi ichakdan qonga glyukoza tarzida soʻriladi. Glyukoza samarali qayta ishlanib, quvvatga aylanishi uchun insulin mavjud boʻlishi zarur. 

Glyukoza insulin yordamida hujayralarga kirib, tanani energiya bilan taʼminlaydi. Insulin yetishmovchiligi oqibatida glyukoza hujayraga kira olmaydi va uning qondagi miqdori ortadi. 

Qandli diabet kasalligining 1-turida insulin yetishmovchiligini bartaraf qilish uchun insulin kiritish bilan toʻldiriladi. Insulin har kuni teri ostiga yuborilib turilishi shart. U faqat ukol orqali qilinadi, bunga sabab agar oshqozon orqali xab dori shaklida qabul qilinsa u parchalanib ketib, oʻz taʼsirini koʻrsata olmaydi.

Insulin turlari va yuborish tizimi ayol organizmining ayrim xususiyatlariga bogʻliqdir. 

Sogʻlom kishilarda nahorda qon tarkibida glyukoza – 5,5 mmol/l (100 mg foiz)dan, ovqatlangandan soʻng 2 soat oʻtgach 7,8 mmol/l (140 mg foiz)dan ortmaydi. Ayni shu koʻrsatgichlarga erishish homiladorlik davri davolanishidagi asosiy maqsaddir. 

Bunga shifokor bilan hamkorlikda erishish mumkin. Shuni esda tutish kerakki, nonushtadan oldin yuborilgan insulindan keyin ovqat isteʼmol qilinmasa, qonda shakar miqdori meʼyoridan ham pasayib ketishiga olib keladi. 

Tanaga kiritilgan insulin bemorning qachon va qancha ovqat yeyishini “bilmaydi”. Shuning uchun ham bemor insulin moddasining taʼsiri, uning ovqatlanishga muvofiq boʻlishi toʻgʻrisida oʻzi qaygʻurishi lozim.

Insulin turlari va ta’siri

Koʻpchilik har xil insulinni koʻrganlarida sarosimaga tushadilar va ularning farqlari toʻgʻrisida soʻraydilar. Birinchi marta tabiiy insulin 1921-yilda olingan. Koʻp yillardan buyon insulin qoramol hamda choʻchqaning oshqozon osti bezlaridan olinmoqda, shunga mos ravishda ular qoramol va choʻchqa insulini deb aytiladi. Choʻchqa insulinining molekulasi inson insulini molekulasidan faqat birgina aminokislotasi bilan farq qiladi va qandga xuddi inson insulini kabi taʼsir koʻrsatadi.

“Inson” insulini atamasi insulinning tuzilishi faqat odam tomonidan ishlab chiqariladigan insulin tuzilishiga mos kelishini bildiradi. U DNK-rekombinant texnologiya yoʻli bilan olinadi. 

Fabrikada tayyorlangan insulin dorilarida farqlar mavjud. Bu farqlar insulinning teri osti hujayralaridan qonga soʻrilishi tezligida hamda butun insulin soʻriladigan vaqtdadir. Mana shu ikki xususiyatni “insulin taʼsir kuchining boshlanishi” va “taʼsir kuchining davomiyligi” deb aytiladi. Ular oraligʻida esa “eng yuqori faollik davri” – taʼsirning choʻqqisi yotadi. Insulin dorilarining bir necha asosiy turlari mavjud, ulardan biri tiniq insulin eritmasidir. Uning taʼsiri tez bilinadi va taʼsir faoliyati ham uzoq emas.

Dorilarning bu turi qisqa vaqt taʼsir etish kuchiga ega boʻlgan insulin (Aktrapid, Xumulin, Regular, Insuman rapid va boshqalar) qonga soʻrilishining va tana tarkibiga yuborilgach 1/2 soatdan keyin taʼsir qila boshlaydi. Biroq, ayrim oziq-ovqat moddalari, shu jumladan, qand ichakdan qonga yana-da tezroq shimiladi, shuning uchun ham insulin ovqatdan 1/2 soat oldin qabul qilinishi kerak. 

Soʻnggi yillarda oʻta qisqa taʼsir qiluvchi insulin analoglari ishlab chiqilgan boʻlib (Xumalog, Novorapid), ularning taʼsiri inyeksiyalangandan 10-15 daqiqa oʻtib boshlanadi va shu sababli ularni ovqat isteʼmolidan avval va hattoki ovqatlanib boʻlib ham inyeksiyalansa boʻladi. Bu preparatlar taʼsir davomligini uzaytirish maqsadida ularga sekinlashtiruvchi moddalar qoʻshiladi. Insulin va va uning soʻrilishini sekinlashtiruvchi modda qoʻshilmasi odatda, kristallar hosil qiladi.

Kaloriyaga ehtiyoj homiladorlikda qandli diabet holatida oʻzgaradimi?

Inson yashashi, harakatda boʻlishi va mehnat qilishi uchun energiya sarflaydi. U bunday energiya bilan taʼminlanish uchun ovqat isteʼmol qiladi. 

Energiya moddalar almashinuvi jarayonida hosil boʻladi. Uglevodlar (qand) va yogʻlar esa, energiyaning asosiy manbayi hisoblanadi. 

Homiladorlikda qandli diabet kasalligi bor ayollarga tarkibida oson oʻzlashtiriladigan uglevodlari boʻlmagan parhez buyuriladi. Bu parhezning quvvati homilador ayolning mavjud vazniga 30-35 kkal/kg hisoblanadi. 

Parhez ovqatlar tarkibidagi oqsil miqdori 2 g/kg.ga koʻtariladi va oʻrta hisobda sutkasiga 100-120 g.ni tashkil etadi: yogʻlar miqdori 1 g/kg.ni tashkil etib, oʻrta hisobda sutkasiga 50-70 g.ga teng boʻladi. 

Quvvatiga boʻlgan talabning qolgan qismi (50-60 foiz) murakkab uglevodlarga boy mahsulotlar hisobiga qoplanadi. Qabul qilinishi kerak boʻlgan uglevodlarning sof miqdori 200 g.dan kam boʻlmaydi.

Tana oqsillarni go‘sht, baliq, tuxum, yong‘oq, dukkaklilar, sut mahsulotlaridan oladi. Oqsillar homiladorlik davrida qon hajmi, ko‘krak bezi va bachadon to‘qimasini o‘stirishi zarur. Shuning uchun bularga ehtiyoj 1,5-2 barobar yuqori bo‘ladi.

Yod va temir

Oʻrta Osiyo tuproq va suvida yod tanqisligi mavjud hududlar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, qishloq aholisida temir tanqisligi anemiya (kamqonlik) koʻp uchrab turadi,  kamqonlik homiladorlik muddati oshgan sari jadallashadi. 

Ayollar organizmida yod va temir kabi muhim mikroelementlarning yetishmasligi qandli diabet bilan kechayotgan homiladorlikning ogʻir kechishiga, asab tizimi buzilgan bolalar tugʻilishiga olib keladi. 

Agar ushbu holatning oldini olish choralari koʻrilmasa, keyinchalik bolada aqlan zaiflik shakllanishi mumkin. Shuning uchun oilada homilador ayolning ovqatlanishiga alohida ahamiyat berish kerak. 

Oziq-ovqatlar oqsil hamda temir va vitaminlarga yetarli darajada boy boʻlishi kerak. Ovqatga faqat yodlangan tuz ishlatilishi lozim. 

Homilador ayollar shifokor koʻrsatmasiga koʻra yod preparatlarini ham qabul qilib turishlari kerak boʻladi, anemiyani davolashda esa, temirli preparatlar buyuriladi.

Bundan tashqari, homilangizning suyaklari baquvvat bo‘lib shakllanishida kalsiy juda muhimdir. Kalsiyga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoj 1200 mg.ga teng.

Kalsiy va vitamin D ga ehtiyojni sut bilan to‘ldirish mumkin, sutga allergiyangiz bo‘lsa, boshqa choralar ko‘riladi.

Homiladorlik davrida vitaminlarga ehtiyoj juda baland boʻladi, ayniqsa, folat kislotasiga ehtiyoj 2 barobar ortadi. Shunga koʻra, parhezda shu vitaminga boy boʻlgan karam, jigar, loviya, apelsin, barcha gʻalla mahsulotlari boʻlgani maʼqul. Baʼzi hollarda shifokor tavsiyasiga koʻra ularning preparatlari ham qoʻllaniladi.

Vitamin tanqisligini bartaraf qilish maqsadida ularga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar bilan bir qatorda, shifokor tavsiyasiga ko‘ra butun homiladorlik davrida maxsus tayyorlangan polivitamin preparatlari qo‘llaniladi.

Vitaminlar va ularning ahamiyati haqida batafsil maʼlumot olishni istasangiz ushbu maqolani oʻqing: Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot

Qandli diabet kasalligi bor bemorlar ko‘pincha qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanadilar (asparkam, saxarin va boshqalar). Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, bu mahsulotlar yo‘ldosh orqali homilaga o‘tarkan, shuning uchun ulardan gestatsion diabet davrida foydalanmagan ma’qul.

Shuningdek, barcha homilador ayollar uchun man etilgan chekish va spirtli ichimliklar ichish kabi zarali odatlar ham homiladorlikda qandli diabet bilan xastalangan ayollarga ham birdek taʼqiqlanadi.

Homiladorlikda 1-tur qandli diabet va ovqatlanish

Qandli diabetning 1-turida insulin moddasi ishlab chiqarilmasligi bois, tanadagi insulin yetishmovchiligi unga tashqaridan insulin kiritish bilan toʻldiriladi. 

Sogʻlom kishilarda ovqat yeyilganidan soʻng oshqozon osti bezining beta hujayralari tomonidan insulin moddasi ishlab chiqariladi va bu glyukozaning oʻzlashtirilishini taʼminlaydi. 

Qandli diabetning 1-turi bilan ogʻrigan bemorlarda bunday boʻlmaydi. Ular yetishmayotgan insulin moddasini tashqaridan kiritish yoʻli bilan oladilar. Tanaga kiritilgan insulin bemorning qachon va qancha ovqat yeyishini “bilmaydi”. Shuning uchun ham bemor insulin moddasi taʼsiri uning ovqatlanishiga muvofiq boʻlishi toʻgʻrisida oʻzi qaygʻurishi lozim. 

Agar bemor tanaga kiritilgan insulin moddasi yoʻl qoʻyadigan miqdordan koʻproq ovqat yesa, qand miqdori ortib ketadi. Aksincha, agar u juda kam miqdorda va ancha kech ovqatlansa, gipoglikemiya paydo boʻlishi mumkin.

Shunday qilib isteʼmol qilinadigan ovqat va insulin muvozanatini taʼminlashi oqibatida gipo va giperglikemiyaning oldini olish mumkin. 

Esda tuting, glyukoza miqdori qonda koʻtarilish sababi ikki-uch soat oldin isteʼmol qilingan ovqatlanishga bogʻliq. Agarda har kuni bir vaqtda qonda glyukoza miqdori pasayib borsa, shifokor bilan maslahatlashing. 

Homiladorlik davrida uyqu paytida ham ovqat isteʼmol qilishga toʻgʻri keladi, bolangiz 12 soat emas 24 soat oziqlanadi. Bir xil paytda 1 stakan sut ham gipoglikemiyaning oldini oladi.

Birinchi uch oylikda koʻngil aynashi, ertalabki darmonsizlik, lohaslik oqibatida ovqatlanish kamroq boʻladi. Ahvol yaxshilanishi natijasida sekin-asta ovqatlanish ortadi.

Odatda, uchta asosiy va uchta oraliq ovqatlanish tavsiya qilinadi. Ertalabki nonushta eng kam kaloriyaga ega, bunga sabab ertalab qonda glyukoza miqdori yuqoriroq boʻlishidir.

Homiladorlik davri muammolari

Ko‘ngil aynashini quyidagicha kamaytirish mumkin

  • Boshingizni yostiqdan ko‘tarishdan oldin qotgan yoki shirin bo‘lmagan non yeng;
  • Oz-ozdan, tez-tez va xilma-xil (bir kunda 6-7 marta) ovqatlaning;
  • Achchiq va yog‘li ovqatlardan o‘zingizni tiying;
  • Ovqatlangandan so‘ng yotmang.

Ich qotishi profilaktikasi uchun

  • Ko‘p suyuqlik iste’mol qiling;
  • Kam ishlov berilgan g‘alla mahsulotlaridan tayyorlangan non, yormalar, xom uglevodlar iste’mol qiling;
  • Ko‘proq sabzavotlar qabul qiling, harakatda bo‘ling, jismoniy mashqlar bajaring.

Jig‘ildon qaynashi profilaktikasi uchun

  • Oz-ozdan, tez-tez ovqatlaning;
  • Achchiq va yog‘li ovqatlardan o‘zingizni tiying;
  • Shoshilmasdan, yaxshilab chaynab ovqatlaning;
  • Shifokorga murojaat qiling.

Ovqatlanish odatlarining o‘zgarishi

Odatda yaxshi ko‘rib iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini rad etish oqibatida taomnoma qaytadan ko‘rib chiqiladi.

Qandi diabet kasalligida ovqatlanish tartibi haqida mana bu maqola orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet taomnomasi — jadvallar, tavsiyalar va ovqatlanish tartibi

Shifokor tavsiya etgan dori-darmonlardan boshqasini qabul qilmang!

Shifokorlar maslahatisiz dorilarni qabul qilmang. Ular bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ma’lumki, ayrim dorilar tug‘ma nuqsonlarga olib keladi. Bolalarda dorilarga moyillik (o‘rganish) hosil bo‘lishi mumkin.

Qandli diabetli homilador ayol jismoniy mashq bajarishi mumkinmi?

Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish inson salomatligini mustahkamlaydi. Qandli diabet kasalligi bilan og‘riganda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish ayniqsa, muhimdir.

Jismoniy mashqlar jadal olib borilganda insulin reseptorlarining sezgirligi ortadi, bu esa qon tarkibidagi qand miqdorini pasaytiradi, insulin dozasi kamayishiga olib keladi.

Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanganda oqsil almashinuvi yaxshilanadi, yog‘lar parchalanishi kuchayadi, tana vazni kamayadi, qonda yog‘ tarkibi yaxshilanadi. Bunda qandli diabet kasalligining tomirdagi asorati rivojlanishi uchun vujudga keladigan shart-sharoitlar bartaraf etiladi.

Biroq, gestatsion diabet davrida jismoniy mashqlarni uquvsizlik bilan bajarganda ham salomatlik uchun xavfli oqibatga olib kelishi mumkin. Shuning uchun homilador ayollar o‘zlariga yoqadigan va mos keladigan jismoniy mashqlarni shifokor bilan bamaslahat bajarishlari muhimdir.

Shifokor sinchiklab sizning ko‘z, qon bosimi, yurak faoliyatingizni tekshirib, barcha o‘zgarishlarni nazorat qilib turadi.

Jismoniy mashqlar bolaga, glyukoza miqdoriga ta’sir etishi mumkin. Shuning uchun mashqlardan oldin va keyin qonda glyukoza miqdorini o‘lchash zarur.

Homiladorlikda qandli diabet bilan og‘rigan bemor qoni tarkibidagi qand miqdori 13,3 mmol/l yoki undan yuqori bo‘lsa, jismoniy mashqlar bajarish tavsiya etilmaydi.

Bunday ko‘rsatkich bilan tezda shifokorga murojaat etish tavsiya etiladi. Esda tuting, jismoniy harakatlar to‘xtatilgandan keyin ham yana 24 soat ta’siri saqlanadi.

Insulin dozasi, ovqatlanish jadvali va jismoniy mashqlar bir-biriga mutanosibligiga erishish zarur. Bunga siz shifokor yordamida erishishingiz mumkin.

Mashg‘ulotda o‘zingizni yomon his etsangiz tez bironta glyukoza miqdorini ko‘taruvchi oziq-ovqatlardan foydalanishingiz mumkin.

Ahvolingiz ancha yaxshilangandan so‘ng go‘sht bilan buterbrod, bir bo‘lak pishloq, 1 stakan sut iste’mol qiling. Mashqlarni har kuni, ayni bir vaqtda muntazam bajaring. Ehtiyot bo‘ling, haddan ziyod harakat qilmang.

Qanday mashqlar tavsiya etiladi?

Gestatsion diabet bilan kasallangan bemorlarning glyukoza miqdoriga jismoniy harakatlar qanday ta’sir etadi, degan savol qiziqtiradi.

Avvallari ayollar homiladorlik davrida jismoniy mashqlar qilishmagan. Bunga sabab, mashqlarning homilaga yomon ta’siri ehtimol qilingan. Hozirgi kunda homiladorlikdan oldin mashq qilgan bemorlar uni bajarishni davom ettirishlari mumkin. Biroq, homiladorlikdan avval mashq bajarmagan ayollarga ayni shu davrda ularni boshlash tavsiya qilinmaydi.

Bir qator jismoniy mashqlar turi homiladorlik davrida bajarilishi tavsiya etilmaydi – voleybol, basketbol, golf, sakrash, egilish, chang‘ida uchish.

Yurish nafi, ayniqsa, tanovuldan so‘ng qandli diabetda yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, ertalabki nonushtadan so‘ng yurish juda foydali hisoblanadi, chunki glyukoza miqdori ertalab baland bo‘ladi.

Suvda suzish ham juda foydali hisoblanadi. Past faollikda aerobika, baquvvat suyanchiqli o‘rindiqda o‘tirib mashqlar bajarish mumkin.

Tug‘ruqdan keyingi esa, mashqlarni 4 yoki 6 haftadan so‘ng bajarish juda muhim. Agar kesarkesish operatsiyasi bo‘lgan bo‘lsa, jismoniy mashqlar undan ham kechroq muddatda bajarilishi mumkin.

Homiladorlikda qandli diabet (Gestatsion diabet) nazorati

Qandli diabetning nazorati qonda glyukoza miqdori va siydikda glyukoza, atsetonni aniqlash orqali olib boriladi. Bunday tahlillarni o‘tkazish esa, glyukoza miqdorini ko‘zda tutilgan raqamlarda olib yurish imkonini beradi.

Qonda glyukoza  miqdorini aniqlash

Homilador ayollarda qandli diabetni kompensatsiyalash uchun qonda va siydikda glyukoza miqdorini tez-tez aniqlab turish kerak boʻladi. 

Olingan natijalar maxsus kundalikka yozib yuriladi, bunga asoslanib, diabet nazorati qanchalik yaxshi olib borilayotganini koʻrish mumkin va kerakli oʻzgartirishlar kiritish imkoni yaratiladi. Buning uchun qon tarkibidagi qand miqdorini uy sharoitida aniqlash vositalaridan foydalaniladi. 

Bu glyukoza darajasini aniqlash uchun moʻljallangan maxsus test yaproqchalari hamda bemor tomonidan test yaproqchalariga yoki glyukometrning chuqurchasiga tomiziladigan qon tomchisidagi qand miqdorini aniqlaydigan glyukometrlardir. 

Test yaproqchalaridagi natijalar ularning boʻyalish darajasini nazorat shkalasi bilan taqqoslash orqali baholanadi. Glyukometrda aniqlangan qon tarkibidagi qand natijalari elektron tabloga chiqariladi. 

Ayrim glyukometrlar elektron xotira bilan jihozlangan boʻlib, ular qon tarkibidagi qand miqdorining ilgarigi olingan koʻrsatkichlarini qayd etib boradi, bu ham bemor uchun, ham shifokor uchun qulaydir.

Koʻpchilik qandli diabeti bor bemorlarga qonda glyukoza miqdorini bir kunda 4 marotaba aniqlash tavsiya etiladi: birinchi, ikkinchi nonushtadan, tushlikdan, uyqudan oldin. 

Homiladorlik davrida kechasi ham qonda glyukoza miqdorini aniqlash muhim.

Siydikda ketonlar (atseton)ni aniqlash

Gestatsion diabet davrida nazorat faqat qonda glyukoza miqdorini aniqlash bilan cheklanmaydi. Siydikda keton tanachalari (atseton)ni aniqlash ham juda muhim hisoblanadi. 

Keton tanachalarining hosil boʻlishi ona va bola sogʻligiga juda ziyondir. Homiladorlikda qandli diabet tufayli keton tanachalari paydo boʻlish xavfi juda yuqori, buning oqibatida ketoatsidoz holati taraqqiy etishi mumkin. Shuning uchun siydikda atsetonni aniqlab turish shart. 

Buni amalga oshirishning juda oson yoʻli bor. Siydik tarkibidagi atseton miqdorini aniqlash uchun ham test yaproqchalari mavjud. 

Atseton borligi gumon qilinganida ana shu test yaproqchalari yordamida uning siydik tarkibidagi miqdorini osonlik bilan aniqlash lozim. Buning uchun yangi yigʻilgan siydikka maxsus yaproqchalar botirib olinadi. Rangi oʻzgarishiga qarab atseton bor-yoʻqligi va miqdorini aniqlash mumkin. 

Har xil muammolarning oldini olish, oʻz vaqtida hal etish uchun insulin tizimini har 5-10 kunda nazorat qilish kerak. Bu nazoratni amalga oshirish uchun balki ishda, uyda oʻzgartirish kerak boʻladi. Buni amalga oshirishni esa shifokor maslahatiga koʻra olib borish tavsiya etiladi.

Qandli diabet homiladorlikda qanday asoratlar berishi mumkin?

Homilador ayollarda qandli diabetning kechishi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Hatto sogʻlom ayoldagi homiladorlik uglevod va yogʻ moddalari almashinuvining oʻzgarishlari bilan kechadi. 

Sogʻlom ayollarda glyukoza va aminokislotalar ona qonidan homila qon aylanishiga oʻtadi. Glyukoza miqdori ona qonida pasaygani sari beta hujayralardan ajralayotgan insulin miqdori ham kamayadi, bu esa yogʻlar parchalanishi va keton tanachalari hosil boʻlishini (ketogenez) kuchaytiradi. Natijada, bu holat och qoringa gipoglikemiya va ketoz boʻlishiga olib keladi. 

Ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon oʻtmaydi, keton tanachalari esa bemalol oʻtadi. Shu sababli onada boʻladigan gipoglikemiya va giperglikemiya homila hayoti uchun xavf soladi. 

Gipoglikemiya, giperglikemiya, ketoatsidoz sodir boʻlishining oldini olish chora-tadbirlari oʻz vaqtida aniqlanmasa ular jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli ular toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlish tavsiya etiladi.

Gipoglikemiya

Qon tarkibidagi qand miqdorining meʼyoridan pasayib ketish holati gipoglikemiya deb ataladi. Bunga sabab koʻp miqdorda insulin qabul qilish, kam miqdorda ovqatlanish yoki oʻz vaqtida ovqatlanmaslik, hayajonlanish. Bunday vaziyatda qonda glyukoza miqdori va gipoglikemiya belgilarini tezda aniqlash kerak.

Gipoglikemiya alomatlari:

  • titrash, bosh aylanishi;
  • terlash;
  • oʻziga xos boʻlmagan xatti-harakatlar qilish yoki tirishish;
  • qorin ochishi;
  • bosh ogʻrigʻi;
  • sababsiz koʻz yoshlanishi;
  • diqqatni yigʻib olishning qiyinlashishi;
  • koʻz oldi qorongʻilashishi;
  • rang oqarishi;
  • ogʻiz atrofida sanchiq hissi;
  • kayfiyatning birdan oʻzgarishi;
  • koʻrishning yomonlashishi.

Gipoglikemiyaning dastlabki belgilari paydo boʻlishi bilanoq qonda glyukoza miqdorini aniqlash kerak boʻladi, bunga imkon boʻlmasa tez davo choralarini qoʻllash, yaʼni 2-4 dona oq qand yeyish yoki shakar solingan shirinliklar, limonad, meva-sabzavotlardan birontasi, ikki dona glyukoza tabletkasini qabul qilish tavsiya etiladi.

Eng xavfli tomoni shuki, gipoglikemiya holati kutilmaganda sodir boʻlishi mumkin. Masalan, insulin ertalab soat 7.30 da qilingan va meʼyorida ovqatlangan boʻlsangiz, uning taʼsiri 3 soat davom etadi. Shuning uchun soat 10 va 10.30 oraligʻida qondagi glyukoza miqdorini aniqlash kerak. Bunda glyukoza miqdori 3,3 mmol.ga teng boʻlsa, ertalabki nonushta miqdorini oshirish yoki ertalabki insulin dozasini pasaytirish kerak. 

Gipoglikemiya holatining oldini olish uchun uyda glyukagon ukoli yoxud 40 foizli glyukoza eritmasi boʻlishi muhim.

Giperglikemiya

Ikkinchi muhim muammo – giperglikemiyadir. Qon tarkibidagi qand miqdorining meʼyoridan ortib ketish holati giperglikemiya deb ataladi. Bunday holat insulin yetishmovchiligi oqibatida sodir boʻladi. 

Bunga esa har xil sabablar olib keladi: insulin dorisini muntazam ravishda qabul qilmaslik, parhezda jiddiy buzilishlarga yoʻl qoʻyish, ruhiy va his-hayajon jihatidan zoʻriqishlar (oilaviy mojarolar, ishxonadagi muammolar), hamroh xastaliklar qoʻshilishi (zotiljam, gripp va boshqalar).

Giperglikemiya belgilari:

  • qonda glyukoza miqdorining ortishi;
  • peshobda ham glyukoza miqdori oshadi;
  • tez-tez va koʻp miqdorda peshob ajratish;
  • ogʻiz qurishi;
  • bosh ogʻrishi;
  • ozib ketish va charchash.

Bularning oldini olishning eng yaxshi yoʻli tez-tez qonda glyukoza miqdorini aniqlash va uning belgilari namoyon boʻlishidan oldin davo choralarini qoʻllashdir. 

Homilador ayollarda qonda glyukoza miqdori 6,6 mmoldan oshmasligi kerak, bundan yuqorisiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Giperglikemiya oʻz vaqtida bartaraf etilmasa ketoatsidoz holati sodir boʻlib, tanada keton tanachalari yigʻila boshlaydi. Bu juda xavfli vaziyat boʻlib, tezkor davo choralari qoʻllanishini talab etadi. 

Davolash odatda uch yoʻnalish: insulin dozasini oshirish, ovqat miqdorini kamaytirish, jismoniy harakat qilish orqali olib boriladi.

Homiladorlikda diabetik koma

Qandli diabet kasalligida asosiy energiya manbayi boʻlmish glyukoza insulin tanqisligi oqibatida hujayralarga kira olmaydi. Buning oqibatida yogʻlar parchalanishi tezlashadi, tanada zaharli qoldiq mahsulotlari, avvalambor yogʻ modda almashinuvining oraliq mahsuli – keton tanachalari toʻplanib qolishi kuzatiladi. 

Koʻp miqdorda hosil boʻlgan keton tanachalari peshob bilan chiqa boshlaydi. Biroq barcha ketonlarni tana shu yoʻl bilan chiqara olmaydi va ular tanada qonda yigʻila boshlaydi. Keton tanachalariga b-oksi yogʻ, atsetouksus kislotalari, atseton kiradi, ular qonga nordonlik xususiyatini beradi, shu tufayli bu holat ketoatsidoz deb ataladi. 

Atseton uchuvchi modda boʻlganligi sababli, u oʻpka orqali ajralib chiqa boshlaydi, shu tufayli ham bemorlarning oʻpkadan chiqaradigan nafasida atseton hidi paydo boʻladi.

Odatda, homiladorlik davrida ertalab peshobda keton aniqlanishi oddiy holga kirmaydi. Shuning uchun bu vaziyatda shifokor bilan maslahatlashishga toʻgʻri keladi, qonda glyukoza miqdori 11,1 mmol/l dan baland boʻlsa albatta, peshobda ketonlarni aniqlash shart. 

Ular koʻpayib ketganda ketoatsidoz holatiga olib keladi. Ketoatsidoz va uning eng keskin namoyon boʻlishi – diabetga oid koma, qand diabetli bemor hayotiga xavf soladigan darajada ogʻirlashishi boʻlib, u kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam koʻrsatilishini talab etadi. Insulin yetishmovchiligi oqibatida ketoatsidoz sekin-asta, bir necha soatlar ichida taraqqiy etadi.

Diabetga oid komadan oldin odatda bemorda ogʻiz qurishi, chanqash, tez-tez siyish, ishtaha pasayishi, koʻngil aynashi, qusish, baʼzida qorinda ogʻriq paydo boʻlishi, holsizlik, koʻp uxlash, chiqarayotgan nafasida atseton hidining paydo boʻlishi kabi holatlar kuzatiladi. 

Suyuqlik katta miqdorda ajralib chiqa boshlashi tufayli suvsizlik alomatlari: teri va shilliq pardalarning qurishi rivojlanadi. Zarur davolash choralari koʻrilmasa bemorning ahvoli yomonlashib boradi: nafas olishi tezlashadi, holsizlik, hafsalasizlik, ruhiy tushkunlik kuchayib boradi, hushidan ketish holati yuz beradi. Komada shu narsa belgiki, bemor hushini toʻla yoʻqotadi. 

Komatoz holatida bemorning hayoti xavf ostida boʻladi, unga zudlik bilan malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi lozim. Aksariyat hollarda bemorni qutqarib qolishga erishiladi, baʼzida esa shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramasdan, oqibat fojiali yakunlanishi mumkin.

Gestatsion tekshiruvlar

Tugʻish sizning sogʻligingiz va sogʻlom bolaga erishish yoʻlida qilgan mashaqqatli mehnat yakunidir. Ayollar uchun onalik eng yuksak baxt boʻlib, hozirgi davrda zamonaviy nazorat yoʻllari bilan bunga erishish imkoni har qachongidan ham qulaydir. 

Homiladorlikda qandli diabet hayot tarziga aylanishi, uni nazorat ostida oʻtkazish yaxshi, albatta. Shunga qaramay boʻlajak farzandingiz sogʻlomligi uchun tibbiy tekshiruvlardan oʻtish maqsadga muvofiqdir. Homiladorlik davri tekshiruvlari bir necha xildan iborat. Bunday tekshiruvlar skrining tekshiruvlarga kirib, homiladorlikning birinchi yarmida perinatal (I toifa) tekshiruvlar deb ataladi. Bunday tekshiruvlar yordamida bola rivojlanishidagi genetik va struktura buzilishlarni aniqlash mumkin. 

Tekshiruvlarning ikkinchi toifasi odatda, homiladorlikning uchinchi trimestridan tugʻish davrigacha olib boriladi. Bunday tekshiruvlardan maqsad bola oʻsishini nazorat qilishdir va tekshiruv fetal nazorati deb ataladi. Ular yordamida yoʻldosh bolaning oziqlanishi va kislorod bilan taʼminlanish darajasini aniqlash mumkin.

Homila 16 haftalik (ikkinchi trimestrning birinchi yarmi) boʻlganda uning oʻsishi va rivojlanishini kuzatish, unda tugʻma nuqsonlar yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun ayollar qonida alfa-fetoprotein (AFP) miqdorining tekshirishi oʻtkaziladi. 

Agar bu test musbat natijaga ega boʻlsa, homiladorlikning ilk muddatlari toʻxtatilishi ona organizmi uchun ancha xavfsizdir. Bunday hollarda qoʻshimcha boshqa testlar qoʻllanilishi tavsiya qilinadi. Ultratovush (UTT) va amniotsentez. Bu qoʻshimcha testlar musbat natija bergan ayollarda esa koʻpincha sogʻlom bola tugʻilishi isbotlangan.

Ona tanasida tovush toʻlqinlari yordamida bolaning tana aʼzolari koʻrinishi va surati olinadi. Olingan koʻrinish sonogramma deb ataladi. Bu usul 20 yildan ziyod qoʻllanib kelinmoqda, bolaga yomon taʼsiri aniqlanmagan. 

Test oldidan qovuq boʻshatilmaydi, vagina orqali ham uni qilish mumkin, bunday holda qovuq toʻla boʻlishi shart emas. Bu test ekran kompyuter-monitoring yordamida bajariladi. Butunlay ogʻriqsiz. 

Siz bir muddat yotib tursangiz, qorningiz transduser yordamida tekshiriladi. Odatda, bunday test homiladorlikning ikkinchi yarmida oʻtkaziladi, bu vaqtgacha bola ancha katta boʻlib qolgan, jinsini aniqlash mumkin. 8 haftada esa har xil rivojlanish nuqsonlarini bilsa boʻladi. Bolaning oʻsish nazoratini bajarish uchun UTT tekshiruvi har oyda qilib turiladi.

© Miyassar RAHIMJONOVA, diabetolog.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

ico
Homiladorlik belgilari va ilk alomatlari. Homiladorlikni aniqlash usullari

Homiladorlik belgilari, uning dastlabki alomatlari har bir ayolda turlicha bo‘ladi. Homiladorlik bo‘lishni orzu qilib yashayotgan har bir ayol bu alomatlarni bilib, o‘zida tezroq his etishni istaydi. Axir, homiladorlik davri bu juda ajoyib hamda o'zgacha bir payt hisoblanadi.
Homiladorlik belgilari o‘ziga xos xarakterli simptomlar bilan o‘zini namoyon qiladi, bular homiladorlikning har qanday bosqichlarida turlichadir. Organizmning individual xususiyatidan kelib chiqqan holda turlicha kechadi. Ushbu maqola orqali homiladorlik belgilari va alomatlari, homiladorlikni aniqlash usullari kabi mavzularga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

homiladorlik belgilari
Odatda homiladorlik bilan bogʻliq qusish va koʻngil aynishi homiladorlikning 5-6 haftalarida boshlanadi.

Homiladorlik alomatlari va birlamchi belgilari

Ayol homiladorligini qancha erta aniqlasa, shuncha ko‘proq vaqt malakali maxsuslashgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tishga imkoni bo‘ladi. Tuxum hujayra urug‘langandan keyin ayol organizmida qator gormonal o‘zgarishlar kuzatiladi, bularni organizmga quloq solib aniqlasa bo‘ladi.

Quyidagi belgilarni oʻzingizda sezsangiz, homiladorlikka shubha qilishingiz va homiladorlikni tasdiqlash uchun uy sharoitida homiladorlik testini oʻtkazishingiz mumkin.

  • Hayz kelmasligi. Ushbu simptom haqida barcha ayollar bilishadi. Tuxum hujayra urug‘lanishidan so‘ng hayz siklining (menstrual sikl) cho‘zilishi kuzatiladi, chunki bachadon endometriysi endi homilaning platsentasi hosil bo‘lishi uchun sarflanadi. Ammo ayrim kasalliklarda ham hayz siklining uzayib ketishi mumkinligini unutmaslik lozim.
  • Sut bezlarining kattalashishi va og‘riqli bo‘lishi. Sut bezlari gormonal o‘zgarishlarga juda sezuvchan bo‘ladi. Homiladorlikning ilk kunlarida bezlar kattalashgan so‘rg‘ichlar og‘riqli bo‘ladi.
  • Ko‘p siyish. Homiladorlik boshlanganda ayolda ko‘p siydik ajralishi kuzatiladi. Ushbu holat XGT (xorionik gonadotropin gormoni) ko‘p ishlab chiqarila boshlangandan dalolatdir. Siydik qopi to‘lmasa ham kechqurunlari ko‘p marta hojatxonaga chiqish kuzatiladi. Bundan tashqari, homiladorlikda siydik rangi oʻzgarishi ham mumkin.
  • Tam bilishning o‘zgarishi. Gormonlar ayol organizmining ta’m bilish xususiyatlarini o‘zgartirib yuborishi natijasida, oldin yoqtirmagan ta’mlarni yoqtirib qolishi mumkin. Bundan tashqari, og‘izda metal mazasini sezish ham homiladorlikning ilk belgilari hisoblanadi.
  • Holsizlik va uyquchanlik. Bu simptom organizmda moddalar almashinuvi tezlashganligi sababli organizm charchab qolishi va progesteron gormonining uyquchanlik chaqirishi sababli kuzatiladi.
  • Ko‘ngil aynashi. Ushbu simptomlarning paydo bo‘lishi ko‘pincha homilaning 1,5 oylik davrlaridan boshlanadi, ba’zi ayollarda urug‘langan so‘ng ham kuzatilishi mumkin. Shuni yodda saqlash zarurki, ko‘ngil aynishiga oshqozon ichak trakti kasalliklari ham sabab bo‘lashi mumkin.

Nima uchun homiladorlikni erta aniqlash ahamiyatli?

Homiladorlikni boshida kechirayotgan har bir ayol homiladorlikni ilk belgilari qanday ekanligini bilishi muhimdir. Chunki:

  • Ayol organizmi reproduktiv jihatdan homilaning yetilishiga tayyor boʻlmasa;
  • Patologik rivojlanish (bachadondan tashqari homiladorlik) xavfi katta boʻlsa;
  • Homilada genetik va tugʻma nuqsonlar aniqlansa;
  • Tibbiy koʻrsatma boʻyicha homiladan qutulish zarurati boʻlsa, ayolning hayotini saqlab qolish uchun unga xavf solishi mumkin boʻlgan holatlarni erta aniqlash va oldini olish uchun kerak boʻladi.

Homila necha kunda bilinadi yoki homiladorlik ilk belgilari qachon seziladi?

Bu ayolning individual xususiyatiga bog‘liq. Odatda, erta belgilar urug‘langandan so‘ng 8-9 kun ichida seziladi.

Homiladorlikning ikkilamchi belgilari

  • Homiladorlik belgilari sifatida bazal temperaturaning oshishi;
  • Progesteron gormoning ko‘plab ishlab chiqarilishi natijasida tana harorati 37 gradusgacha ko‘tarilishi mumkin;
  • Chanoq sohasida og‘irlik hissini sezish - ushbu sohada qon aylanishi ko‘payadi, ayol bosim va og‘irlikni seza boshlaydi.
  • Uyqusizlik - charchash hissi ko‘pincha asab qo‘zg‘aluvchanligiga olib kelishi natijasida uyqusizlik kuzatilishi mumkin.
  • Belda og‘riq sezish - bel sohasida simmilovchi og‘riqlarni sezish mumkin. Ammo buyrak kasalliklarida ham og‘riq kuzatilishi mumkin.
  • Bosh og‘rig‘i - gormonal o‘zgarishlar asab tizimiga ta’sir qilganligi sababli bosh og‘rish kuzatilishi mumkin.
  • Ishtahaning ochilishi - moddalar almashinuvi tezlashuvi fonida ishtaha ochiladi.
  • Hid bilish va ta’m bilishning kuchayishi - agar oldinlari ayol ba’zi hidlarga e’tibor bermagan bo‘lsa, homiladorlikda hidlarga sezuvchanligi ortadi.
  • Qo‘zg‘aluvchanlik va kayfiyatning o‘zgarishi - ko‘pchilik ayollar jaxldor va kayfiyati tez-tez o‘zgarib turuvchi bo‘lib qolishadi.
  • Implantatsion qon kelish - urug‘langan tuxum hujayraning bachadon shilliq qavatiga birikish paytida ayol qinidan qon aralash suyuqlik kelishi homiladorlikning ikkilamchi alomatlaridan biri hisoblanadi;
  • Tana vaznining o‘zgarishi - ayol organizmi homilani ozuqa bilan ta’minlab berishi uchun tana vazni ortishi kuzatiladi.
  • O‘tirgan vaqtda noqulaylik - chanoq bo‘shlig‘iga qon kelishi ko‘payganligi sababli bo‘ladi.
  • Yuz, qo‘l va oyoqlarning shishi - homiladorlikda organizm ko‘proq suyuqlik ushlab qolishga harakat qiladi. Su sababdan ham yuz, qo‘l, oyoqlarda turli darajadagi shishlar kuzatiladi.
  • Yuzdagi har xil toshmalar - ayol oldinlari terisi bilan hech qanday muammolar bo‘lmagan bo‘lsada, homiladorlikda yuzda husnbuzarlar (ugri) toshadi. Bu gormonal disbalans bilan tushuntiriladi.
  • Qorin dam bo‘lishi - gormonlarning ichakka yumshatuvchi ta’siri natijasida ichaklarda meteorizm kuzatiladi.
  • Ko‘krak sohasida venoz qon tomirlar surati kuchayishi - homiladorlik boshlangandan so‘ng organizm uni oziqlantirish uchun ham tayyorlanib boradi, vezon qon tomirlar surati laktatsiya jarayoni boshlanayotganligidan dalolatdir. Ko‘krak so‘rg‘ichi rangi ham to‘qlashadi.
  • Yuz terisining rangi qizarishi - gormonlarning kapillyarlarga ta’siri natijasida qon tomirlar kengayadigan bo‘lib qoladi.
  • Qorinning oq chizig‘ida pigmentatsiyaning buzilishi - homilador ayollar uchun xarakterli bo‘lgan simptom kindikdan qov simfizigacha hosil bo‘lgan “yo‘lakcha” paydo bo‘ladi.
  • Immunitetning susayishi - homiladorlik paytida immun sistema sustlashganligi sababli ayol organizmi oddiy O‘RVI va shamollashlarga duchor bo‘lishi oson bo‘lib qoladi.

Ovulyatsiyadan keyin homiladorlik yuz berishi mumkinmi?

Ovulyatsiyadan keyin homilador boʻlish ehtimoli juda ham kam. Ovulyatsiya yuz bergandan keyin tuxum hujayra 12-24 soat ichida urugʻlanishi mumkin. Lekin undan soʻng tuxum hujayra urugʻlanish uchun yaroqsiz hisoblanadi. Shuning uchun, homiladorboʻlishni istagan ayollar, albatta, ovulyatsiya kunini bilishi, hayz siklini nazorat qilib borishi lozim. Homiladorlikni rejalashtirayotgan juftliklarga ovulyatsiyadan oldingi fertil kunlarda hamda ovulyatsiya kunida jinsiy aloqada boʻlish tavsiya etiladi.

Hayz siklingizni nazorat qilmasangiz, shuningdek ovulyatsiya kuningizni aniq bilmasangiz homiladorlikni rejalashtirish qiyin boʻlishi mumkin.

Emizikli ayolda homiladorlik alomatlari va belgilari

Yosh ayol yangi tug‘ilgan chaqaloqni emizikli davrida bo‘lsa, u quyidagi homiladorlik belgilari yoki o‘zgarishlarni sezsa, homiladorlik boshlangan bo‘lishi mumkin:

  • Sut tarkibining o‘zgarishi. Gormonlar ta’siri ostida ona suti tarkibi o‘zgarib bola sutni emmay qo‘yadi;
  • Sut bezlarida sut kelishining kamayishi;
  • Emizayotgan paytdagi noqulayliklar. Gormonlar ta’siri ostida sut bezlari qattiqlashadi, so‘rg‘ichlar qo‘pollashadi va kattalashadi.

Yuqoridagi belgilardan tashqari, umumiy holsizlik, uyquchanlik va hissiy tanglik kabi alomatlar ham kuzatilishi mumkin.

Qanday holatlarda homiladorlik patologiya bilan kechayotgan bo‘lishi mumkin?

  • Kuchli og‘riq hissini sezish. O‘ng yoki chap qovurg‘a osti sohalarida vaqti-vaqti bilan kuchli takrorlanib turuvchi og‘riq sezilsa;
  • Qindan takrorlanib turuvchi og‘riq bilan keluvchi qonli suyuqliklar ajralsa;
  • Homiladorlik belgilarining o‘z vaqtida paydo bo‘lmasligi kuzatilsa, homiladorlik patologiya bilan kechayotgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu alomatlar quyidagi asoratlarning rivojlanishini ko‘rsatishi mumkin:

  • Ektopik homiladorlik ya'ni bachadondan tashqari homiladorlik;
  • Spontan abort (homila tushishi);
  • Homila rivojlanishining kechikishi.

Homila qachon bachadonga tushadi?

Homiladorlikning ilk kunlarida ayol tuxum hujayralarining urug‘lantirilishi, uning bo‘linishi va embrionga aylanishi amalga oshiriladi. Ushbu davrda homiladorlik alomatlari sezilmasligi mumkin.

Agar sperma tuxum hujayra ichiga kirsa, urugʻlanish yuzaga keladi. Soʻngra bachadon naychasi orqali urugʻlangan tuxum hujayra (zigota) naycha orqali bachadon tomon yoʻnaltiriladi. Zigota bachadon naychasi boʻylab harakatlanarkan, zigota hujayralari qayta va qayta boʻlinadi. Zigota bachadonga 3 kundan 5 kungacha muddatda yetib boradi.

Bachadonda ham hujayralar boʻlinishni davom ettiradi va blastotsista deb ataladigan hujayralar toʻplamiga aylanadi. Urugʻlangandan taxminan 6 kun oʻtgach, blastotsista bachadon shilliq qavatiga yaqinlashadi va implantatsiya yuz beradi hamda uning oʻsishi boshlanadi. Implantatsiya deb ataladigan bu jarayon 9 yoki 10-kunga qadar yakunlanadi. Implantatsiyadan keyingi 8 hafta davomida u embrion deb ataladi. Toʻqqizinchi haftadan boshlab, to tugʻilishgacha u homila deb nomlanadi.

Homiladorlikni aniqlash usullari

Zamonaviy, ixtisoslashtirilgan diagnostika usullari homiladorlikning beshinchi kunidan boshlab, homiladorlikni aniqlash imkonini beradi. Homiladorlikning uch kunlik belgilarini deyarli aniqlash imkonsizdir.

homiladorlikni aniqlash yo'llari
Testni shoshib, jinsiy aloqadan soʻng yoki hayz koʻrish tugagandan keyin darhol oʻtkazish hech qanday natija bermasligi mumkin. 

Homiladorlik testi va belgilari

Farzandli boʻlishni rejalashtirayotgan koʻpgina ayollar, oʻzlarida homiladorlikning ilk belgilarini sezishlari bilan uy sharoitida homiladorlikni aniqlash uchun, odatda, homiladorlik testlaridan foydalanishadi. Chunki, bu testlar ham foydalanishga qulay ham ishonchliligi bilan ajralib turadi. Testni oʻtkazish qoidalariga rioya qilinsa, albatta, toʻgʻri va aniq natijaga erishish mumkin.

Xoʻsh, homiladorlik testi necha kunlik homilani aniqlaydi? Maʼlumotlarga koʻra, hayz sikli muntazam boʻlgan ayollar homiladorlik testini navbatdagi hayz kelish muddatining ilk kunlaridan oʻtkazishlari mumkin. Va homiladorlik muddati oʻrtacha hisobda, taxminan, toʻrt haftalik hisoblanadi.

Agar navbatdagi hayz kelishi muddatini aniq bilmasangiz yoki nomuntazam hayz davriga ega boʻlsangiz, oxirgi himoyasiz jinsiy aloqaga kirishgan kuningizdan kamida uch hafta oʻtib, test oʻtkazish maqsadga muvofiqdir.

Homiladorlik testi turlari, toʻgʻri foydalanish qoidalari haqida batafsil maʼlumot olishni istasangiz mana bu maqolani ham oʻqing: Homiladorlik testi →

Ginekologik tekshiruvda homiladorlik alomatlari

Ginekologik tekshiruvlar natijasida, ginekolog homiladorlik davri davomida yuzaga keladigan belgilarni aniqlashi mumkin.

  • Bachadon hajmining kattalashishi va konsistensiyasi o‘zgarishi;
  • Tashqi jinsiy a’zolarning rangi o‘zgarishi;
  • Bachadon harakatchanligi oshishi;
  • Bachadonning siljishi.

Qachondan homiladorlik belgilari UTT (UZI) - ultratovush tekshiruvi orqali aniqlanadi?

homiladorlikni aniqlash
Ultratovush tekshiruvlar ona va homila uchun xavfsiz hisoblanadi.

Homiladorlik belgilarini aniq ko‘rsatib beruvchi tekshiruv usulidir. Ultratovush tekshiruv (UTT) homiladorlikning 3-haftasidan boshlab aniqlab beradi. Tekshiruv abdominal yoki transvaginal datchiklar yordamida o‘tkaziladi. UTT dan tashqari, hayz davrining 20-kunida homiladorlikning belgilari ekspress usullar yordamida aniqlash ham mumkin.

Uy sharoitida homiladorlikni aniqlash usullari

Baʼzida ayollar uy sharoitida homiladorlikni aniqlash uchun eng qulay usul — homiladorlik testi boʻlgan taqdirda ham ilmiy jihatdan isbotlanmagan ayrim bir usullardan foydalanishadi. Masalan, yod, tuz, soda kabi moddalar orqali. Bu kabi usullar ham koʻp soʻralayotganligi tufayli ushbu savolga ham qisqacha toʻxtalib oʻtishga qaror qildik.

Homiladorlikni soda bilan aniqlash

Isteʼmol sodasi bilan homiladorlikni aniqlashda gʻoya shundan iboratki, siydikdagi XG soda bilan reaksiyaga kirishib, qotib qoladi yoki pufakchalar hosil qiladi.

Buni sinab koʻrish uchun taxminan teng miqdordagi isteʼmol sodasiga ertalabki yigʻilgan peshob qoʻshiladi. Va bir necha daqiqa kutiladi. Agar sodaga hech narsa qilmasa, oʻzgarish sezilmasa, ayol homilador emas. Agar u qotib choʻksa yoki pufakchalar paydo boʻlsa, ayol homilador hisoblanadi. Boshqa koʻplab uy sharoitida homiladorlikni aniqlash usullarida boʻlgani kabi, ushbu test samaradorligining ham ilmiy dalillari mavjud emas.

Homiladorlikni yod bilan aniqlash

Toza idishga siydigingizni solasiz. Soʻng unga 2 tomchi yod quyasiz. Agar yod shu zahoti erib ketsa, homiladorlik mavjud emas, yod bir necha soniya erimay tura olsa, hamda tarqalmasa, homiladorlik yuz bergan  hisoblanadi.

Tuz bilan homiladorlikni aniqlash

Osh tuzi orqali homiladorlikni uy sharoitida aniqlash uchun tuz va siydik teng miqdorda olib, aralashtiriladi. Masalan, 1 osh qoshiq tuzga 1 osh qoshiq siydik qoʻshiladi. Aralashmani bir necha daqiqaga qoʻygandan soʻng, agar tuz erisa, natija manfiy. Agarda u toʻplanib qolsa, ayol homilador hisoblanadi. Ushbu usuli ham hech qanday ilmiy dalillarga asoslanmagan.

Uyda sharoitida bajariladigan ushbu usullar tasodifan homiladorlik testi bilan bir xil natijani berishi mumkin. Ikkala usuldan ham bir xil natija olish, uy sharoitidagi soda, tuz, yod bilan oʻtkaziladigan usullarning toʻgʻri va ishonchli ekanligini unutmasligingiz lozim. Shuning uchun ham homiladorlik alomatlari sezila boshlasa, tavsiya etilgan muddatda ishonchli boʻlgan homiladorlik testini oʻtkazishingiz maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Homiladorlikda hayz kelishi mumkinmi?

Homiladorlik ilk davrlarida qonli ajralmalar kelishi hayz koʻrishiga oʻxshaydi. Ayol miyasiga birinchi navbatda “homiladorlik vaqtida hayz koʻryapman” degan fikr keladi. Ammo bu holat hayz koʻrish emas, qon ketish deb ataladi.

Bu holatga tabiiy jarayonlar hamda baʼzi jiddiy patologik omillar sabab boʻlishi mumkin. Masalan, erta qon ketishlarga yuqorida taʼkidlaganimiz, urugʻlangan tuxum hujayraning bachadonga yopishishi - implantatsiya jarayoni sabab boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, baʼzida progesteron yetishmovchiligi yoki erkaklar gormonlari — androgenlarning koʻpligi ham erta muddatlarda qon ketishiga olib keladi.

Qonli ajralmalar kelishining patologik sabablari quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • Homiladorlik toʻxtashi xavfi;
  • Oʻsishdan toʻxtagan homila;
  • Bachadondan tashqari homiladorlik.

Sanab oʻtilgan patologik holatlar ayol organizmi uchun xavfli hisoblanadi. Homiladorlik vaqtida ayolning umumiy ahvoli yomonlashsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Homiladorlik belgilari paydo bo‘lsa, ayol nima qilishi kerak?

Agar jinsiy munosabatdan keyin homiladorlik belgilarini o‘zingizda sezsangiz, birlamchi tasdiq uchun homiladorlik testini o‘tkazib, ginekolog huzuriga borishingiz lozim. Homiladorlik tasdiqlansa va bo‘lajak ona sifatida homilani saqlab qolmoqchi bo‘lsangiz, mahalliy shifoxonadan ro‘yxatga yoziling. Bolani dunyoga keltirish juda katta ma’suliyatdir, shuning uchun har qanday zararli odatlardan vos keching, ovqat ratsionini esa, foydali mahsulotlar bilan to‘ldiring.

Bundan tashqari, homiladorlikka oid foydali kitob, jurnal, sayt va mobil ilovalardan foydalanishingiz lozim. Homiladorlik uchun zarur bo‘lgan maslahatlarni bizning Avitsenna.uz saytidan topishingiz mumkin.

Chunki homiladorlik alohida masʼuliyatli davr bo‘lganligi, sizdagi o‘zgarishlar bevosita bo‘lajak farzandingizga ham taʼsir qilganligi sababli, homiladorlikka oid bilim va ko‘nikmalaringizni oshirib borishingizga to‘g‘ri keladi.

Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.

Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.

Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60

Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Homiladorlik taqvimi: 12-hafta
Homiladorlikning 12-haftasini shifokorlar bejiz kichkintoyning birinchi yubileyi deb atashmaydi. O‘zingizni tabriklasangiz bo‘ladi: yo‘lning uchdan birini bosib o‘tdingiz, dastlabki xavotirli trimestr ortda qoldi. Bola tushib qolishi xavfi anchagina kamaygan, demak, endi qarindoshlar, do‘stlaringiz va rahbaringizni bu sirdan voqif etsangiz bo‘laveradi. Bu muddatda ayol hisobga turgan bo‘ladi, endi u 3–4 haftada bir marta shifokor ko‘rigiga borib turadi. Odatda ayol o‘zini yaxshi his eta boshlaydi, kichkintoy esa faol tarzda o‘sishni davom etadi.

Homiladorlikning 12-haftasida nimalar yuz beradi

Homiladorlikning har bir haftasi u yoki bu alomatlar, sezgilar va o‘zgarishlar bilan birgalikda kechadi. Shunday qilib: homiladorlikning o‘n ikkinchi haftasida nimalar yuz beradi? Ertalabki ko‘ngil aynishi tobora yo‘q bo‘lmoqda, ayrimlar 12-haftada
toksikozni umuman esdan chiqaradi. Nihoyat ovqatdan rohatlanish paydo bo‘ladi! Ehtimol siydikning tez-tez kelishi ham sizni bezovta qilmay qo‘yadi. Ichaklarning peristaltikasi o‘zining faoliyatini kamaytiradi, demak, qabziyat paydo bo‘lishi ehtimoli katta bo‘ladi. Qon aylanishi tezlashganligi natijasida ayol yuragi tezroq urayotganini his etishi mumkin. Bachadon esa eniga 10 sm kengaygan, kichik tosga u bemalol sig‘a olmaydi va qorin bo‘shlig‘iga qarab ko‘tariladi. Yurak, o‘pka, buyrakka yuklama oshadi, shuning uchun qattiq charchash, keragidan ortiqcha ovqat yeyish va rejimning boshqa buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Homiladorlikning 12-haftasida homilaning ahvoli qanday bo‘ladi

Kichkintoy borgan sayin odamchaga o‘xshab boradi, lekin boshi tanasiga nisbatan kattaligicha qoladi. Qo‘l-oyoqlari hali juda mitti bo‘lishiga qaramay, ular shakllanib bo‘lgan. Homiladorlikning 12-haftasida homilaning kattaligi uzunasiga 7–10 sm, vazni 15–20 gramm bo‘ladi. Bolaning ichki organlari shakllanib bo‘lgan, demak, infeksiyalar hamda dori-darmonlar ta’siri kichkintoyga avvalgiday katta xavf sololmaydi. Endi kichkintoyning ko‘zchalarini yopadigan qovoqlari bor, uning quloq solinchaklari ham paydo bo‘lgan. Jajji qo‘llarida esa tirnoqchalar ham bor! Bolakay lablarini tirishtirishni, mushtchalarini siqishni, aftini burishtirishni, og‘izchasini ochib-yopishni o‘rganib olgan. Kichkintoy bovul qilishni o‘rgangan, yana atrofidagi suyuqlikni yutishni ham biladi. Bolaning miyasi ikki yarim pallaga ajralib bo‘lgan.

Kayfiyat nihoyatda o‘zgaruvchan

Hissiy barqarorlik hozircha yo‘q, qo‘qqisdan keladigan xavotir xurujlari yoki kayfiyatning birdan ko‘tarilib ketishi mazkur davrda me’yoriy holatdir. Xuddi o‘sha gormonlar ushbu sohani nazorat qilishni davom etadilar, shuning uchun hissiy beqarorlik kun davomida bir necha marotaba takrorlanishi mumkin. Shifokorning ruxsati bilan homilador ayollar uchun mo‘ljallangan gimnastika bilan shug‘ullanish mumkin, bu narsa sizning sog‘lig‘ingizga ham, ruhiy-psixologik holatingiz uchun ham foydali bo‘ladi. Oddiy autotrening bilan shug‘ullanish ham ortiqchalik qilmaydi: shunchaki har tongda ko‘zgu oldida turib olib, qorningizni silagan holda kichkintoyga va o‘zingizga ham mehringiz to‘lib-toshayotganini ayting.

Ovqatlanish qoidalari: fastfud va gazlangan suvga yo‘q deng

Bu davrda sizning ovqatlaringiz turli hil bo‘lishi kerak, meva va sabzavotlarga alohida e’tibor bering. Hozirgi vaqtda organizmga har qachongidan ham o‘simlik to‘qimalari kerak. Kuniga 2 litrgacha suv iching, shirin gazli ichimliklar va qog‘oz qadoqdagi sharbatlarni sotib olmang. Fastfud tayyorlanadigan yemakxonalarni ham chetlab o‘tavering. Ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yubormang, kechki payt esa to‘yib ovqat yemang (aks holda qorindagi og‘irlik va hojatxonaga tez-tez qatnash uyqungizga xalaqit beradi).

Homiladorlikning 12-haftasida UZIdan o‘tish

Hozir skrining qilishning vaqti keldi. Biokimyo tekshiruvi uchun tomirdan qon topshirishingiz kerak. Homiladorlikning mazkur davri va bundan keyingi bosqichlarida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar bola sog‘lig‘i va onaning holati uchun mutlaqo xavfsizdir. Birinchi rejali UZI o‘tkazishning vaqti keldi. Shifokor mazkur taomil vaqtida bachadonning holatini va uning tonusini o‘rganadi, yo‘ldoshning joylashishini aniqlaydi, tug‘ishning dastlabki sanasini belgilay oladi. Birinchi UZI vaqtida homilaning kattaligi va rivojlanish dinamikasiga baho beriladi. Shu bilan birga shifokor o‘ta muhim axborotga ega bo‘ladi: rivojlanishdagi ehtimoliy patologiya yoki xromosoma anomaliya xatarlarini o‘rganadi. Mazkur UZIni o‘tkazib yuborish mumkin emas – u beradigan axborot muhim ahamiyatga ega.

Homiladorlikning 12-haftasidagi sezgilar

Atrofdagilar qorningiz dumaloq bo‘lib qolganini hali ko‘rishmaydi. Lekin bo‘lg‘usi onaning o‘zi ko‘zgu qarshisida turib bu o‘zgarishlarni kuzatishi mumkin. Odatda ayol shu davrda molniyali va tugmachali shimlardan voz kechib, elastik, uzunroq ko‘ylaklarni o‘ziga ep ko‘ra boshlaydi. Kiyim badanga yopishib turmasa-da, qorin bo‘shlig‘i atrofida “tortishib turganiday” sezgilar ko‘pincha paydo bo‘ladi. Ko‘krak borgan sayin to‘lishib, hajman kattalashib boradi, shundan terida qichishish boshlanishi mumkin. Ehtimol byustgalterni almashtirish vaqti ham kelib qolgandir. Bu o‘rinda homilador ayollar uchun tayyorlanadigan ich kiyim materialining sifati muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab o‘tishimiz joiz. U tabiiy matodan tayyorlangan va tarkibida paxta tolasi mavjud bo‘lishi kerak hamda tanaga tegib turganida yoqimsiz sezgilarni keltirib chiqarmasligi kerak. Homiladorlikning 12-haftasida tana va yuz terilarida pigment dog‘lari paydo bo‘lishi mumkin, ular tug‘ruqdan keyin yo‘q bo‘lib ketadi. Qorindagi qoramtir chiziqchani ko‘rib ham cho‘chimaslik kerak, u ham tug‘ruqdan keyin g‘oyib bo‘ladi. Kiyim-boshlarni o‘zgartirish bilan mashg‘ul bo‘lish hamda o‘zingizning ajoyib holatingizdan boshingiz osmonga yetishi kerak. Ayrim yangi sezgilar juda g‘aroyib bo‘ladi va ular sizning kayfiyatingizni yanada ko‘taradi.

© J. Xo'jaxon

Homiladorlik.uz nashri.