Yuz sohasidagi og‘riqlarning asosiy sababi – uch shoxli nerv zararlanishidir. Bu haqda kitobda ma’lumot bor. Biroq hech qaysi nerv zararlanmasa ham stomatologik muolajalardan so‘ng yuzida, lunjida, milkida va tilida paydo bo‘lgan og‘riqlarga shikoyat qilib yurishadi. Ayniqsa, yuz sohasida kuzatiladigan og‘riqlar bemorlarni juda qiynab qo‘yadi. Bu og‘riqlar kuchi turli darajada, oddiy achishishdan tortib kuchli sanchuvchi og‘riqlar ko‘rinishida bo‘ladi. Og‘riq ikkala chakka, peshona, iyak sohalarida kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlarda ruhiy zo‘riqishlar kuchaygan yoki tezlashgan sayin og‘riqlar ham kuchayib boradi. nevrit Yuz sohasidagi og‘riqlar uchun ularning ovqat yeyotgan paytda kamayishi yoki yo‘qolishi xosdir. Bemor har kuni turli sohadagi yoki turli darajadagi og‘riqdan shikoyat qiladi. Ruhiy siqilishlar sababli ro‘y bergan og‘riqlarda og‘riq qoldiruvchi dorilar emas, balki tinchlantiruvchi dorilar yordam beradi. Ba’zan tuzalib ketgan bemorlar og‘riqning kuchayganidan shikoyat qilib, yana vrachga murojaat qilishadi. Buning sababi, ko‘pincha uydagi va ishdagi mojarolar hisoblanadi. Til sohasida og‘riq bilan xastalangan bitta ayol bizning nazoratimizda bo‘lgan. Bemor davolash kursini olib ketganidan so‘ng biroz vaqt o‘tgach, og‘riqning kuchayganidan murojaat qilib yana kelardi. Gap shundaki, bemorning turmush o‘rtog‘i aroqxo‘r va uyida tez-tez janjal bo‘lib turadi. Buning oqibatida bemor nevroz kasalligiga duchor bo‘lgan. Har galgi ruhiy-hissiy zo‘riqishlar bu og‘riqlarni qo‘zg‘ab yuborardi.

Qovurg‘alararo og‘riqlar haqida

Qovurg‘alar orasidan o‘tuvchi nervlar zararlanganda (shamollaganda) kuchli sanchuvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Ba’zida bu og‘riqlar bemorga nafas oldirgani qo‘ymaydi. Biroq doimo siqilib, ruhan ezilib yuradigan odamlarda ham bunday og‘riqlar kuzatilib turadi. Bunday og‘riqlarga psixogen nevralgiya deb ataladi. Shulardan biri – qovurg‘alararo nevralgiyadir. Psixogen nevralgiyalar ichida qovurg‘alararo og‘riqlar alohida e’tiborni talab qiladi. Ayniqsa, yurak sohasida joylashgan og‘riqlar bemorlarni o‘ta bezovta qiladi. psixogen nevralgiya- Yosh ukasi avtomobil halokatidan o‘lgan bemorning yurak sohasida sanchuvchi og‘riq paydo bo‘ladi. Bemor kardiologga murojaat qiladi. U bemorni yaxshilab tekshirib, kardiogramma qilib, yuragi sog‘lom ekanligini, qattiq siqilganidan shu og‘riq paydo bo‘lganini, tinchlantiruvchi dorilar ichish kerakligini va nevropatologga murojaat qilishini tavsiya qiladi. Nevropatolog ham bemorni obdan tekshirib, tinchlantiruvchi dorilar yozib beradi va psixoterapevtik muolajalar o‘tkazadi. Shunga qaramasdan, bemor ikki oy ichida yurak sohasidagi og‘riqlardan qo‘rqib 16 marta EKG qildirgan va 10 marta «Tez yordam» mashinasini chaqirgan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘krak qafasining chap tomonida psixogen og‘riqlar juda ko‘p uchraydi. Buning asl sababi, yurakning chap tomonda joylashganligidir. Bu yana bir marta «qovurg‘alararo nevralgiya» va «Stenokardiya» tashxislariga ehtiyotkorlik bilan yondoshish kerakligini talab qiladi.

 © Ibodullayev Zarifboy, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi.

Ushbu maqolani ham o'qing:
Miasteniya qanday kasallik?