Yurak qon-tomir tizimi kasalliklari dunyo bo‘yicha hozirgi kunga qadar nogironlik va o‘limning asosiy sababi ekanligicha qolmoq­da. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘­ra, bu muammo yana bir necha o‘n yillar davomida shu tendensiyada davom etishi kutilmoqda.

Statistika

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, barcha o‘lim holatlarining 56 foizi yurak qon-tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqadi. Buning deyarli yarmi (umumiy o‘limning 26 foizi) yurakning koronar kasalliklari ulushiga to‘g‘ri keladi. Yurak qon-tomir kasalliklari Yevropada yiliga 4,3 mln (48%), 27 ta Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining 2 mln (42%) aholisining o‘limiga sababchi bo‘ladi.

Yurak ishemik kasalliklari Yevropada o‘limning eng ko‘p sababi hisoblanadi. Erkaklarda 16%, ayollarda 15% o‘lim yurak i­shemik kasalliklari sababli yuzaga keladi. Insult o‘lim sababchisi sifatida YuIKdan keyingi 2-o‘rinda (ayollarda 17%, erkaklarda 11%) turadi. Yurak qon-tomir kasalliklari, uning asoratlari mehnat qobiliyatini yo‘qotish hamda nogironlikning asosiy sababi hisoblanadi. Mamlakat miqyosida sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanayotgan mablag‘ning bir ne­cha marta o‘sishiga olib keladi.

Ma'lumot uchun

XX asrda yurak qon-tomir tizimi kasalliklarining o‘sishi bir tomondan keksa yoshli aholi sonining ortishi bilan tushuntirilsa, ikkinchi tomondan iqtisodiyotning o‘sishi va sanoatlashtirish natijasida mehnat va turmush tarzining yaxshilanishi, ovqatlanish taomillarining o‘zgarishi bilan bog‘liq. 1970-yilda butun dunyo aholisining 37 foizi shaharlarda yashagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qiladi, 2020-yilga borib 61 foizga yetishi kutilmoqda. Turmushning o‘z­garishi, eng avvalo, ovqatlanish xarakterining o‘zgarishiga olib keladi. Yuqori kaloriyali ovqatlanish, ratsionda yog‘ miqdorining oshirishi va klechatka, go‘sht hamda rafinadlangan uglevodlarning kamayishi arterial gipertoniya, dislipidemiya va boshqa qator yurak qon-tomir kasalliklarining rivojlanishida asosiy xavf omili hisoblanadi. Gipodinamiya odat­da semizlik (ayniqsa, uning abdominal turi), qandli diabet va insulinorezistentlik bilan birga keladi. Mehnat va turmush sharoitining mexanizatsiyalashuvi, o‘tirgan holda faoliyat ko‘rsatuvchi “xobbi”larning (televizor ko‘­rish, kompyuterda ishlash) paydo bo‘lishi va transport tizimining takomillashuvi energiya sarfining kamayishiga, insonning kam harakat bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Chekish

Chekish yurak qon-tomir tizimi kasalliklariga olib keluvchi yana bir muhim xavf omili hisoblanadi. Bugungi kunda juda ko‘p rivojlangan mamlakatlarda aholi orasida chekish kamayib bormoqda. Rivojlanayotgan va aholisining iqtisodiy ahvoli birmuncha past­roq bo‘lgan mamlakatlarda yirik tamaki ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘z marketing xizmatlarini rivojlantirmoqda. Chekish­ni kamaytirishga davlat tomonidan bo‘layotgan harakatlar (reklamalarni cheklash, jamoat joylari va restoranlarda chekishni ta’qiqlash, aholiga chekishning zarari to‘g‘risida ma’lumotlar berish) tamaki chekishning kamayi­shiga olib keladi. Shotlandiyada chekishni ta’qiqlashdan so‘ng o‘tkir koronar sindrom sababli gospitalizatsiya sezilarli kamaygan. INTERHEART tadqiqotlarida birlamchi miokard infarktining 70 foizi chekish va dislipidemiya bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan.

Irsiy omil sababchimi?

Yurak qon-tomir kasalliklarining rivoj­lanishida irsiy omil muhim o‘rin egallaydi. Afsuski, irsiy omilni turmush tarzini o‘zgartirish yoki dori-darmonlar bilan o‘zgartirib bo‘l­maydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yaqqol irsiy anamnez bo‘lgan kishilarda ham boshqa faktorlar qo‘shilmasa, yurak qon-tomir kasalliklari kamdan kam rivojlanadi. Ko‘pchilik davlatlarning tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, kasallanish, nogironlik va o‘limni kamaytirishda xavf omillarga qarshi kurash davolashdan ko‘ra samaraliroqdir. Turmush tarzini o‘zgartirish va xavf omillarini korreksiya qilish kasallik progressiyalangunga qadar va manifest ko‘rinishlarida ham bir xilda samarali va foydali ekanligi yirik tadqiqotlarda inkor etib bo‘lmas ilmiy dalillar asosida isbotlab berilgan. Masalan, o‘rtacha giperxolesterinemiya mavjud che­kuvchi bemorlarda samarali usul statinlarni qabul qilish emas, balki chekishni to‘xtatish hisoblanadi.

Tadqiqot natijasi

Amerika kardiologlar assotsiatsiyasi (AHA) tavsiyalari shimoliy Amerikada o‘tkazilgan Fremengem tadqiqotlari natijalariga asoslansa, Yevropa kardiologlar assotsiatsiyasi (ESC) tavsiyalari SCORE (Systematic Coronary Risk Evalution – Koronar xavfni umumiy baholash) tadqiqotlari tavsiyalariga asoslanadi. O‘rta Osiyo mamlakatlarida bunday yirik tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Shu sababli bugungi kunda sog‘liqni saqlash xodimlarining oldida zamonaviy tashxis va davo usullarini takomillashtirish va reabilitatsiyaning muqobil usullarini ishlab chiqishdek muhim vazifa turadi.

Asosiy vazifa

Yurak qon-tomir tizimi kasalliklari insonning turmush tarzi va mavjud xavf omillari bilan uzviy bog‘liq. Mazkur kasalliklar profilaktikasining asosiy maqsadi kishilarning yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rishini va ular oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holatlari chastotasini kamaytirish, ularning umrini uzaytirish va umrining oxirigacha hayot sifatini saqlab qolish hisoblanadi. Ko‘pgina xavf omillari turmush tarzini o‘zgartirish orqali nazorat qilinsa, ayrimlari (arterial gipertoniya, dislipidemiya va qand miqdori) medikamentoz yo‘l bilan korreksiya qilinadi. Yurak qon-tomir tizimi kasalliklarining asoratlari va u bilan bog‘liq no­xush holatlarning oldini olishda kasalliklarning birlamchi profilaktikasi qulay, samarali va iqtisodiy jihatdan arzon ekanligi Yevropa kardiologlar jamiyati (ESC), Amerika kardiologlar assotsiatsiyasi (AHA), Amerika kardiologlar hay’ati (ACC), Butunrossiya kardiologlar Ilmiy jamiyati (VNOK) va Yurak yetish­movchiligi bo‘yicha mutaxassislar jamiyati (OSSN) tomonidan e’tirof etilgan va tavsiya qilingan.

Quyida biz yurakning koronar kasalliklari, ularning kelib chiqishidagi ahamiyati va xavf omillarini korreksiya qilish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Yurak koronar kasalliklari xavf omillari ikki guruhga bo‘linadi.

I. O‘zgartirish mumkin bo‘lgan xavf omillari:

  • dislipidemiya;
  • tamaki chekish;
  • yuqori qon bosimi;
  • uglevodlarga tolerantlikning buzilishi yoki qandli diabet;
  • ortiqcha tana vazni yoki semizlik;
  • psixosotsial omillar;
  • gipodinamiya;
  • meva va sabzavotlarni kam iste’mol qilish;
  • ortiqcha (yuqori kaloriyali) ovqatlanish;

II. O‘zgartirib bo‘lmaydigan xavf omillari:

  • yosh (erkaklar 55 yoshdan, ayollar 65 yoshdan yuqori bo‘lishi);
  • jins;
  • irsiy (oilaviy) moyillikning borligi.

Tadqiqotlar natijalari yurak ishemik kasalliklari xavf omillari ahamiyatini baholash, har bir xavf omiliga alohida yondashishni taqozo qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining YuIK profilaktikasi bo‘yicha ekspertlarining 1982-yilgi ko‘rsatmalarida YuIK profilaktikasi quyidagi 3 ta komponentdan iborat deb hisoblanadi.

Populyatsion strategiya

Populyatsion strategiya – turmush tarzini o‘zgartirish, tashqi muhit omillari va ijtimoiy-iqtisodiy omillarga qarshi kurash barcha aholini qamrab olishi kerak. Profilaktika Davlat dasturlari asosida amalga oshiriladi. Populyatsion strategiya aholining turmush tarzini o‘zgartirish: chekuvchilar sonini kamaytirish, aholining jismoniy faolligini oshirish, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanishni shakllantirishni ta’minlovchi yirik masshtabli dasturlar orqali amalga oshiriladi.
Yuqori xavf strategiyasi aholi orasidan YuIK xavfi yuqori bo‘lgan kontengent ajratib olinib, tegishli chora-tadbirlar olib boriladi.
Ikkilamchi profilaktika YuIK aniqlangan bemorlarda uning asoratlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi va amal­ga oshiriladi. Bu bosqichda shuni e’tiborga olish lozimki, ko‘pchilikda xavf omillarini korreksiya qilish boshlangan vaqtda ateroskleroz rivojlangan bo‘ladi. Olib borilayotgan chora-tadbirlar kasallikning salbiy oqibatlarining oldini olgani bilan uni tamomila yo‘qotmaydi. Profilaktik choralarni erta qo‘l­lash orqali xavf omillarini korreksiya qilish yoshlikdan boshlanganda 90 foiz yurak xurujlarining oldi olinishi tadqiqotlarda isbotlangan.

Profilaktika

Yevropa kardiologlar jamiyati (ESC) yurak qon-tomir kasalliklari profilaktikasini quyidagi guruhlarda olib borishni ta’kidlaydi.

  • YuIK, pereferik arteriyalar va bosh miya aterosklerozi tashxisi qo‘yilgan bemorlar guruhi;
  • aterosklerotik genezli yurak qon-tomir kasalliklari kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lgan guruh;
  • oila a’zolarida yurak qon-tomir tizimi kasalliklari erta rivojlangan (erkaklarda 55 yoshdan, ayollarda 65 yoshdan avval) aholi guruhi;
  • ota-onalarida yurak qon-tomir tizimi ka­salliklari bor aholi guruhi.

Yevropa kardiologlar jamiyatining (ESC) quyidagi tavsiyalari yurak qon-tomir tizimi kasalliklari, shu jumladan, yurak ishemik kasalliklarining rivojlanish xavfini kamaytiradi:

  • chekmaslik;
  • ratsional (sog‘lom) ovqatlanish;
  • jismoniy faollik (o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy mashqlarni kuniga 30 minut bajarish);
  • tana vazni indeksining 25 kg/m2 dan, qorin aylanasining erkaklarda 94 sm dan, ayollarda 80 sm dan kam bo‘lishi;
  • arterial qon bosimining 140/90 mm.sim.ust. dan past bo‘lishi;
  • xolesterinning qondagi miqdori 5 mmol’/l (190 mg/dl)dan past bo‘lishi;
  • past zichlikdagi lipoproteidlar qondagi miqdorining 3 mmol’/l (115 mg/dl) dan past bo‘lishi;
  • qondagi glyukoza miqdorining 5,6 mmol’/l (100 mg/dl)dan past bo‘lishi.

Oybek RO‘ZIYEV, Buxoro davlat tibbiyot instituti
“Ichki kasalliklar” kafedrasi assistenti,
Dilorom OCHILOVA, Buxoro davlat tibbiyot instituti
“Farmakologiya, normal va patologik fiziologiya” kafedrasi assistenti.

“Sog‘lom avlod uchun”  jurnali.