Yozda qanday ovqatlanish kerak?

Sovuq kunlarda qovurilgan go‘sht, yog‘li ovqatlar, o‘tkir ichimliklar ko‘proq iste’mol qilinsa, yozda bu holat boshqacha tus oladi. Issiq sharoitda salqin kunlardagiga nisbatan ovqatlanishda cheklanishlar, keskin o‘zgarishlar bo‘ladi. Agar bu paytda yog‘li ovqatlar yoki spirtli ichimliklar ko‘p iste’mol qilinsa, hazm a’zolariga katta yuklama tushadi. Natijada kishini kun bo‘yi lohaslik va lanjlik bezovta qiladi.

Xo‘sh, qanday ovqatlansak, issiq kunlarda kasalliklar va noxushliklardan xoli bo‘lamiz?

Issiq o‘lkalarda hazm va oziqlanish fiziologiyasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, yoz oylari ovqatlanishning maqsadga muvofiq bo‘lishi va u bilan bog‘liq kasalliklarning kelib chiqmasligi uchun ba’zi qoidalarga rioya qilish tavsiya etiladi. Masalan, odamlar qish, bahor fasllaridan yozgi mavsumga o‘tishda kiyinishini o‘zgartirgani singari ovqatlanishda ham mos ratsionni ko‘rib chiqishi lozim. Bunda taom tarkibi, miqdori va sifati issiq iqlimga balanslashtirilishi kerak. Ovqatlanishda ratsiondagi oqsillarning umumiy miqdori 15 foizdan oshmasligi talab etiladi. Oqsil manbai hisoblangan qo‘y, mol, parranda go‘shtlari hamda baliq mahsulotlari sut-qatiq bilan almashtirilishi maqsadga muvofiq. Sut, qatiq, suzma va boshqa shunga o‘xshagan mahsulotlarda ham organizmga kerak bo‘ladigan oqsillar mavjud. Ular organizmni kerakli moddalar bilan talab darajasida ta’minlab turishi mumkin. Mavsumda sergo‘sht, qovurilgan, yog‘li va dudlangan taomlarni iste’mol qilishdan biroz cheklanmasa, tanada kislota ko‘payadi. Yoz kunlari shirinlik va pishiriqlar iste’molini ham birmuncha kamaytirgan ma’qul. Ularning o‘rniga turli-tuman meva, poliz mahsulotlari iste’mol qilishni ko‘paytirish foydaliroqdir.

Shuningdek, jaziramada eng ko‘p iste’mol qiladiganimiz – suv. Chanqaganda sovuq suv ichish o‘rniga asosiy e’tiborni ko‘k choy va har xil o‘tlardan tayyorlangan ekstraktlarga qaratish kerak. Chunki ular organizmdagi chanqoqni uzoqroq qondirib turish xususiyatiga ega. Ayniqsa, bu narsa yoz kunlari jismoniy faoliyat bilan ko‘proq shug‘ullanadigan odamlarga tegishli. Chunki ularning organizmi boshqalarga nisbatan ko‘proq suv yo‘qotadi. Issiq kunlarda spirtli ichimliklarni, qora choy hamda kofe ichmagan ma’qul. Shuningdek, gazli, shirin ichimliklar ham chanqoqni qondirishga yaramaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili

Yana shu narsa muhimki, yozgi ovqatlanishda iste’mol qilinadigan turli-tuman taomlar miqdori, masalan, sho‘rva, palov, lag‘mon, chuchvara va boshqalar odatdagidan biroz kam bo‘lgani ma’qul. Aksincha yoz kunlari nihoyatda to‘yib ovqatlanish oshqozon-ichak funksiyasining buzilishiga olib kelishini unutmaslik lozim. Ishtahani “jilovlab” turish uchun yozda nonushta, tushlik va kechki ovqatlar orasida kamida 2 marta meva-cheva va poliz mahsulotlaridan tamaddi qilib olgan ma’qul.

Soha mutaxassislarining tadqiqotlariga ko‘ra, haftada bir kun aniq bir belgilangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan yengil ovqatlanish, ya’ni parhez taomlanish salomatlik uchun muhim ahamiyatga ega ekan. Bunday paytlari kun davomida bo‘lib-bo‘lib faqat 1-1,5 litrgacha qatiq ichiladi yoki 2,5-3 kilogrammgacha tarvuz yoki shuncha miqdordagi bodring, olma va boshqa mevalar iste’mol qilinadi. Bunday parhez ortiqcha vazn yoki semizlik ta’siridan aziyat chekuvchilar uchun ayniqsa asqatadi. Uni imkon qadar dam olish kunlariga belgilagan ma’qul. Bu jarayon hammada ham silliq o‘tavermaydi, ayrim kishilarda bosh aylanib, qayt qilish, behuzur bo‘lish hollari kuzatiladi. Bunda parhez darhol to‘xtatilishi kerak.

Taom tayyorlashda masalliqlarning eskirmaganiga e’tibor qaratish muhim. Bizning sharoitimizda oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori harorat ta’sirida aynishi, buzilishi tufayli zaharlanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Yoz kunlari qiymalangan go‘sht, baliq, kalla-pochalardan tayyorlangan somsa, kotlet, chuchvara, mantilar iste’molida nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak. Uy bekalarimiz qiymalarni bevosita taom pishirishdan oldin tayyorlashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yuqorida yoz kunlari sut va sut mahsulotlaridan keng  foydalanish lozimligi haqida gapirib o‘tdik. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, ushbu mahsulotlar issiq paytlari tez buziladi. Shuning uchun ular plyus 4 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda (sovutkich va muzlatkichlarda) saqlanishi lozim.

Aytilgan tavsiyalarimiz asosida yozgi ovqatlanish tartibiga o‘zgartirish kiritishni sekin-astalik bilan amalga oshirgan ma’qul. Chunki keskin va darhol amalga oshirilgan o‘zgarish organizmga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Asosiysi, har bir kishi ishtahasi va holatiga qarab taom tayyorlab, iste’mol qilishi maqsadga muvofiq. Faqat ularni yeganda huzur-halovat bag‘ishlovchi bo‘lsa, kifoya.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Oqilona (ratsional) ovqatlanish nima?

© SH.QURBONOV,
biologiya fanlari doktori, professor.
«Qashqadaryo» gazetasi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button