Yod tanqisligi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklarga bugun dunyoning 800 million aholisi duchor bo‘lgan, deyishmoqda mutaxassis shifokorlar. Yana bir milliarddan ortiq kishining shunday kasallikka chalinish xavfi saqlanib qolmoqda.
Jahonda aholining 1,5milliardga yaqini yodni kam iste’mol qiladi. Yod tanqisligi natijasida yuzaga keladigan kasalliklar eng ko‘p uchraydigan xastaliklar qatoriga kiradi. Ushbu modda inson salomatligi uchun suv va havodek zarur mikroelement hisoblanadi. U qalqonsimon bez tomonidan ishlab chiqariladigan gormonlarning asosini tashkil etadi. Bu gormonlar organizmning o‘sishi, rivojlanishi hamda tanadagi barcha a’zolarning faoliyati uchun muhimdir.
Yod tanqisligi qalqonsimon bez gormonlarining ishlab chiqarilishining kamayishiga olib keladi. Bu modda tana va miyaning rivojlanishini ta’minlaydi.
Organizm uchun muhim element bo‘lgan yod moddasi asosan oziq-ovqat mahsulotlari orqali qabul qilinadi. Lekin bizning tuproq va suvimizda, unda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, don va go‘sht mahsulotlarida yod miqdori juda kam bo‘lib, insonning kundalik ehtiyojini qondira olmaydi. Uning yetarli miqdorda qabul qilinmasligi oqibatida esa yod tanqisligi holatlari yuzaga keladi.
Ushbu element tanqisligi o‘sha yoshdagi insonning o‘sish va rivojlanish jarayoniga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun odamning yoshi qancha kichik bo‘lsa, yod tanqisligi ham shunchalik katta xavf soladi.
Yod yetishmasligi kasalliklari hamma uchun ma’lum bo‘lgan bo‘qoqdan tortib, jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolish va reproduktiv salomatlikning buzilishigacha bo‘lgan keng qamrovli kasalliklarni o‘z ichiga oladi.
Qalqonsimon bezning gormonlari homilaning bosh miyasini sog‘lom shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qiladi.
Yod tanqisligi homiladorlik davrida homilaning tushishi, bolaning o‘lik tug‘ilishi va uning turli nuqsonlar bilan dunyoga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kretinizm kasalligi homilador onada yodning juda og‘ir darajadagi surunkali yetishmovchiligining oqibati bo‘lib, bolaning pakana, jismoniy nuqsonlar va aqliy yetishmovchilik bilan tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Agar kishining aqliy va jismoniy mehnat qobiliyati susaysa va u tez charchaydigan va kasalliklarga tez-tez chalinadigan bo‘lib qolsa, demak uning vujudiga yod moddasi yetishmaydi. Ko‘p hollarda odamning kayfiyati tushkun (apatiya, depressiya) holatida bo‘ladi yoki bemor uyquchan bo‘lib qoladi.
Yod tanqisligidan qanday himoyalanish mumkin?
Aholini yod bilan ta’minlashning eng samarali va iqtisodiy jihatdan qulay usuli – ovqatlanish ratsioniga yodlangan osh tuzini kiritish hisoblanadi. 5-20 gramm yodlangan tuz (bunga xarid qilingan tayyor oziq-ovqat mahsulotlari hamda nondagi tuz miqdori ham kiradi) odamning yodga bo‘lgan bir kecha-kunduzlik ehtiyojini qondiradi. Yodlangan tuzni muntazam ravishda iste’mol qiling. Xarid qilayotganingizda mahsulotning ishlab chiqarilgan muddatiga, uning yodlanganligiga qarang. Tuzni usti yopiq, to‘q va jigarrang tusli shisha idishlarda, qorong‘i, salqin joyda saqlash kerak.“Sog‘lom avlod” gazetasi.
Soglom.uz nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )