Yapon soforasi (lotincha Styphnolobium japonicum) baland bo‘yli daraxt bo‘lib, 25 metrgacha boradi. Bargi tuxumsimon. Gullari sariq-oq tusda bo‘ladi. Iyunda gullab, mevasi sentyabr-oktyabrda pishib yetiladi. Bu daraxtning 10 ga yaqin turi mavjud. Yovvoyi holda Janubiy Xitoy va Yaponiyada o‘sadi. Yapon soforasi ayni paytda 100ga yaqin mamlakatlarda ekiladi. U manzarali daraxt sifatida ko‘kalamzorlashtirish maqsadida ekilib, o‘stiriladi. Ayniqsa, Kavkaz, Qrim, Markaziy Osiyoda keng tarqalgan. Istirohat bog‘larida, ko‘chalarda maxsus manzara tariqasida ko‘chati o‘tqaziladi. Yapon soforasi farmatsevtika sanoatida xom ashyo sifatida g‘oyat qadrlanadi. Inchunun, u bir qator xastaliklarni davolashda yaxshi samara beradi. Sababi, tarkibida foydali moddalar bisyor. Jumladan, rutin, glikozid, oshlovchi moddalar, alkoloidlar, organik kislotalar, darmon-dori — C (askorbin kislotasi) mavjud. Urug‘ida 10 % yog‘simon moy bor. Xalq tabobatida Yapon soforasi qon bosimi ko‘tarilganida, ichburug‘, oshqozon (me’da) va o‘n ikki barmoqli ichak yarasida, ichki qon ketishida ijobiy samara beradi. [caption id="attachment_3830" align="aligncenter" width="496"]Yapon soforasi Yapon soforasi[/caption] Bunda Yapon soforasi mevasining spirtdagi tindirma (nastoyka)sidan foydalaniladi. Spirtli tindirma tashqi muolajada ham qo‘llaniladi, ya’ni chuqur va yiringli yaralarni davolashda bakteritsid omil sifatida tavsiya etiladi. Tibbiyotda shamollashga qarshi samarali vosita hisoblanadi. Stomatologiya amaliyotida ham malham bo‘la oladi. Chunonchi, spirtli tindirmasi parodontoz, stomatit va  boshqa og‘iz bo‘shlig‘i xastaliklarida yaxshi naf keltiradi. Uy sharoitida tayyorlash usullari: 1. 3 osh qoshiq maydalangan sofora mevasi (50 gr.) ga 500 ml. 70%li tibbiy spirt qo‘shiladi. 15 kun mobaynida xona haroratida saqlashga qo‘yiladi, keyin suziladi. Tayyor bo‘lgan tindirma yuqorida qayd etilgan xastaliklarni davolashda kuniga 20-30 tomchidan taomdan 15 daqiqa oldin ichiladi. 2. 2 osh qoshiq quritilgan sofora gullari va shoxchalariga 400 ml. qaynoq suv qo‘shiladi-da, 15 daqiqa mobaynida past olovda qaynatiladi. Sovigach, suzilib, 30ml.dan 3 mahal taomdan oldin ichiladi. Mana shu muolaja usullari yordamida yuqori qon bosimi (gipertoniya) va oshqozon yarasi xastaligidan qiynalganlar shifo topishi mumkin. Yapon soforasi gullaridan olingan dori omillari keng ko‘lamda ishlatiladi. Bod (revmatizm), nurlanish xastaligida, diabetda, glomerulonefrit, trombopenit xastaliklarida shifo bag‘ishlaydi.

© "Shifo info" gazetasi.

[divider] [highlight]Avitsenna.uz saytida quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]