Bugundan boshlab saytimizda professor Zarifboy Ibodullayevning "Sharq" nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida 2015-yil bosmadan chiqarilgan "Asab va ruhiyat" nomli ilmiy-ommabop kitobini mutoala qilishingiz mumkin.
Kitob muallifi tashabbusi bilan O‘zbekistonda "Tibbiyot psixilogiyasi" faninini o‘qitish konsepsiyasi ishlab chiqilgan va dastlabki o‘zbek tilidagi darslik yaratilgan.
Sizga taqdim etayotgan nashr haqida muallif shunday deydi:
- Ushbu kitobning birinchi nashri chop etilgach, tez orada tarqalib ketdi. Inson kasal bo‘lib qolgach kimga borsam ekan, bu darddan qanday qutulaman, davolanishga qancha vaqt ketadi, yana avvalgi xolimga qayta olamanmi kabi savollar uni qiynaydi. Kitobda shu kabi savollarga javob berishga harakat qilingan.
Kitob eng ko‘p uchraydigan kasalliklar haqida bo‘lib, unda bosh miyaning qon tomir kasalliklari, epilepsiya va tutqanoq sindromlari, bosh miyaning yallig‘lanish kasalliklari, parkinsonizm, miyaning ichki bosimi, tanadagi turli og‘riqlar, osteoxondroz, disk churrasi, depressiya, nevroz, ipoxondriya, isteriya, migren, psixosomatik buzilishlar, fobiya va qo‘rquv, bolalar va kattalarda uchraydigan aqliy zaifliklar, xotira buzilishlari, bosh aylanish va chayqalib yurishlarga asosiy urg‘u berilgan.
Ba’zi bemorlar to‘g‘ri davolash muolajalarini olsa-da, o‘z salomatligini yana saqlay olishmaydi yoki shu kasallikka oid qoidalarga amal qilishmaydi va yana kasal bo‘lib qolishadi. Ushbu kitobda qaysi kasallikda qanday yo‘l tutish kerakligi bemorlar uchun oddiy va qisqa qilib bayon qilingan. Ba’zan ruhiy siqilish yoki surunkali charchash sababli paydo bo‘lgan oddiy bosh og‘riqni bosh miyaning ichki bosimi oshgan yoki beldagi doimiy og‘riqni umurtqa pog‘onasi disk churrasi deb davolanib yurishadi. Shunday paytlarda ushbu kitob ularga asqotadi deb o‘ylayman.
Hozirda o‘z kasalligini internet orqali izlab o‘ziga turli tashxislar qo‘yib yoki bo‘lmasa aslida havfli bo‘lmagan kasallikdan qo‘rqib uyida yotib olgan yoki o‘zini-o‘zi davolash usuliga berilib ketgan bemorlarni ko‘p uchratamiz. Ba’zida bunday bemorlar og‘ir asoratlar bilan bizga ham ko‘p murojaat qilishadi. Men bemorlarga tibbiyot xodimlari ruxsatisiz o‘zingizga tashxis qo‘ymang, o‘zbilarmonchilik bilan dorilar qabul qilmang, oqibati yomon bo‘ladi, deb qat’iy tayinlagan bo‘lur edim. Mana shunday bemorlarni ko‘p uchratganim uchun ham ushbu kitobni yozish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Men iloji boricha eng ko‘p uchraydigan asab va ruhiy kasalliklar haqida ma’lumot berishga harakat qildim. O‘ylaymanki ushbu kitob bemorlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi, ularni shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilishga undaydi.
Endi ushbu kitobning birinchi nashri haqida ikki og‘iz so‘z. Ushbu kitob nashr yuzini ko‘rgach aholi orasida bir necha oy ichida tarqalib ketdi. Klinikamizga murojaat qilganlar va men bilan shaxsan uchrashgan bemorlar o‘zlarini bezovta qilgan kasalliklar haqida yozishimni so‘rab ko‘p iltimoslar bo‘ldi. Afsuski kichik bir kitobda barcha kasalliklar haqida ma’lumot berish imkoni yo‘q. Biroq kitobxonlar talabini e’tiborga olib, iloji boricha turli asab kasalliklarini yoritishga harakat qildim. Shuningdek, kitobda asab va ruhiyatga oid hikoyalar, rivoyatlar va aforizmlar ham keltirilgan. Qo‘l ostimizda davolangan bemorlar haqida ham ma’lumotlar berilgan. Kitobimizning bu nashri ham sizlarga manzur bo‘ladi, degan umiddaman.
Saytimiz jamoasi nomidan kitob muallifi va taqrizchilarga, nashrga tayyorlagan "Sharq" nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi jamoasiga o‘z minnadorchiligimizni bildiramiz!
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )