Melanoma – melanotsitlar (melanin pigmentini ishlab chiqaruvchi teri hujayralari) dan paydo bo‘ladigan o‘sma bo‘lib, so‘nggi o‘n yillar davomida bu kasallik bilan og‘rish holatlari ko‘paydi. 75 foizdan ortiq melanomalar terida joylashgan xollar yoki sepkillar o‘rnida rivojlanadi. Shu sababli mutaxassislar tanadagi xollarni doimo nazorat qilib borishni va ulardan birortasining ko‘rinishi shubha uyg‘otsa darhol onkolog shifokorga ko‘rinishni maslahat beradilar.
Xol (nevus) – teridagi xavfsiz o‘smasimon o‘zgarish bo‘lib, pigmentlanmagan, ya’ni rangsiz bo‘lishi ham mumkin. Asosiy diqqatni jigarrang xollarga – melanotsitar nevuslarga qaratish lozim. Chunki ular melanoma rivojlanishiga turtki berishi mumkin.
Katta yoshdagi odamlarning ko‘pchiligida bir nechtagacha xol bo‘ladi. Ba’zi xollar (odatda eng kattalari) bola ona qornida ekanligida yuzaga kelib, qolganlari hayot davomida paydo bo‘ladi. Agar odamning tanasida xollar juda ko‘p yoki oilasidagilarda teri raki bilan og‘riganlar bo‘lsa, demak bunday odam xavflilik guruhiga kiradi va u muntazam ravishda mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi hamda terisini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qilishi lozim. Bugungi kunda ommalashib borayotgan solyariy va quyosh vannalaridan foydalanishda meyordan chetga chiqmaslik talab etiladi.
Xollar o‘zgarishiga gormonal tebranishlar (masalan, homiladorlikda) va ultrabinafsha nurlar sabab bo‘ladi. Shu sababli, yozning jazirama quyoshli kunlarida terini mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra parvarish qilgan ma’qul. O‘lchami 6 millimetrdan oshgan, kuchli pigmentlangan, teridan ko‘proq bo‘rtib turgan xollarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Xollar (nevuslar) melanoma kasalligini keltirib chiqarish xususiyatiga qarab ikki turga bo‘linadi.
Melanomani keltirib chiqarmaydigan nevuslar: Ichki epitelial nevus, papillomatoz nevus, verrukoz nevus (papillomatoz nevusning bir turi),  galonevus (Setton nevus), teri ichi nevusi, mo‘g‘ul dog‘i.
Melanomani keltirib chiqaruvchi nevuslar: Chegarali nevus, ko‘kimtir nevus, otanevus, Ito nevusi, katta gigant pigmentli nevus, displastik nevus, terining pigmentli kerodermiyasi, dyubreyl melonozi.

FRIDMAN QOIDASINI QO‘LLANG

Melanomani iloji boricha erta aniqlash juda muhim. Xavfli xollarni aniqlash uchun o‘z-o‘zini ko‘rikdan o‘tkazish ham foyda beradi. Bu asosan Fridman qoidasi (shuningdek, ABCDE qoidasi deb ham nomlanadi) yordamida amalga oshiriladi:
A (asymmetry) – asimmetriya. Xavfsiz xol simmetriyaga ega bo‘ladi. Ya’ni, holning o‘rtasidan xayolan o‘tkazilgan to‘g‘ri chiziq uni bir xil shakldagi ikki pallaga ajratishi kerak. Agar xol simmetrik bo‘lmasa, uni rasmga olib, vaqti-vaqti bilan o‘zgarishlar sodir bo‘lmayotganligini tekshirib turish kerak.
B (border) – chegara. Xavfsiz xol bir tekisdagi, aniq, yaqqol chegaraga ega. Agar xol chegarasi bir tekis bo‘lmasa, noaniq bo‘lsa, bu xavotirlanish va shifokorga ko‘rinish uchun asos bo‘ladi.
C (color) – rang. Xavfsiz xolning rangi bir xilda, odatda jigarrang tusda bo‘ladi. Agar xolning pigmentatsiyasi kamaysa yoki keskin kuchaysa (qora ranggacha bo‘lishi mumkin), rangi bir tekis emas, aksincha ba’zi joylarida boshqa ranglar (qora, qizil, ko‘k) paydo bo‘lsa, darhol onkolog shifokorga ko‘rinish kerak.
D (diameter) – diametr. Diametri 6 millimetrdan kam xollar kamdan-kam hollardagina melanomaga aylanadilar. O‘lchamlarning kattalashishi, qalinlashuv, shuningdek xol o‘z chegarasidan tashqariga “oqib ketayotgandek” tuyulishi yaxshi belgilar emas.
E (evolution) – evolyutsiya. Xoldagi har qanday o‘zgarishlar – qichishish, po‘st tashlash, achishish, sanchiq, taranglashish, undagi tuk va sochlarning to‘kilishi, yoriq paydo bo‘lishi, yarachalar paydo bo‘lishi, qon oqishi, xol atrofida yallig‘lanish areolasi paydo bo‘lishi mutaxassis shifokor ko‘rigini talab etadi.

ANIQ SABABLARI NOMA’LUM

Melanomani keltirib chiqaruvchi sabablar noma’lum bo‘lsada, unga turtki beruvchi omillar aniqlangan:

  • ultrabinafsha nurlar ta’sirida terisi kuygan odamlar ko‘proq melanomaga chalinadilar;
  • xollarning jarohatlanishi (urib, tirnab, kesib olish), xollar kiyim bilan ham jarohatlanishi mumkin;
  • xollarning ko‘pligi (50 tadan ortiq);
  • teri, sochlar, ko‘zlar rangi yorqin ekanligi;
  • ionizatsiyalovchi radiatsiya va elektromagnit nurlanish;
  • spirtli ichimliklarni ichishda meyordan oshish;
  • uzoq muddat davomida gormonal kontratseptivlar qabul qilish.

[box type="info" align="aligncenter" ]Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ultrabinafsha nurlanishni ham kanserogen, ya’ni xavfli o‘sma hosil qilishi mumkin bo‘lgan omil deb tan olgan. Agar odam tanadagi xavfsiz xolni oldirib tashlamoqchi bo‘lsa, avval mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tishi va uning ko‘rsatmasiga binoan harakat qilishi lozim.[/box]

Oftobda qancha muddat turish bezararligi haqidagi aniq tavsiyalar yo‘q. Bu boradagi umumiy maslahat shuki, soat 11 dan 17 gacha (ba’zi joylarda 10 dan 16 gacha) quyoshning eng faol vaqti hisoblanib, bu paytda oftobda toblanmaslik kerak. Hatto ertalab va qosh qoraya boshlaganda ham terini quyoshda kuyishdan asrash lozim. Salomatlik uchun ertalab va kech tushishiga yaqin yuz va qo‘llarni quyoshga 10-15 daqiqa tutish yetarli.

DЕRMATOSKOPIYA – ISHONCHLI TЕKSHIRUV

Shifokor ko‘rik paytida avvalo vizual tekshiruvni amalga oshiradi. Buning uchun maxsus lupalardan foydalanib, nevusning tuzilishi, o‘zgarishi, tomirlar holati, melanotsitlar paydo bo‘lishining buzilishi o‘rganiladi.
Dermatoskop (kichik qo‘l mikroskopi) yordamida xolning ichi o‘rganilib, u xavfsiz ekanligini aniqlash mumkin. Shuningdek, sitologik va gistologik tahlil ham o‘tkaziladi.
Birlamchi melanoma (kasallikning erta bosqichi) jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Bunda nafaqat pigmentli o‘sma, balki 2-5 santimetr atrofdagi to‘qimalar ham (kasallik bosqichi, o‘sma bor joydan kelib chiqib) olib tashlanadi.
Ko‘zga tashlanib turadigan joylarni kamroq jarohatlanishiga e’tibor qaratiladi.
Olib tashlangan to‘qimaning gistologik tahliliga ko‘ra immunoterapiya buyurilishi mumkin. Avvalgi joyda yangi melanoma paydo bo‘lishi xavfi mavjudligicha qolaveradi. Shu sababli, teridagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida payqash juda muhim.

Xollarni ultrabinafsha nurdan himoya qilish lozim. Buning uchun:

  • quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish lozim;
  • soat 11 va 16 oralig‘ida iloji boricha quyoshda kamroq bo‘lish kerak.
  • solyariydan umuman foydalanmaslik lozim. Xavflilik guruhiga kiruvchilar quyosh vannalaridan umuman voz kechganlari ma’qul;
  • keng ayvonli bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va tanani yopib turadigan kiyim kiyish zarur;
  • bolalar 3 yoshgacha quyoshda toblanish va qorayishdan saqlanishlari kerak, chunki quyoshda kuyish bolada kelajakda melanoma rivojlanishi xavfini oshiradi.

Mirza-Ali G‘OFUR-OXUNOV,

Tibbiyot fanlari doktori, professor.

Sihat - salomatlik jurnali.