Sog‘liq uchun xavfli oziq-ovqat mahsulotlari insoniyat tarixining ilk davridan boshlab odamzotga muammo bo‘lib kelgan. Bugungi kunda biz duch keladigan ko‘pgina muammolar aslida yangilik emas.
Jahonda barcha davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga doir imkon boricha katta kuch va ko‘p mablag‘ sarf qilganlariga qaramasdan rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda ham oziq-ovqat mahsulotlarining zararlanishidan paydo bo‘ladigan kasalliklar sog‘liqni saqlashning jiddiy masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ich ketish (diareya) xastalliklari sababli dunyoda har yili 1,8 million kishi vafot etishi hisoblab chiqilgan. Bunday holatlarning aksariyati ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari yoki toza bo‘lmagan suvni iste’mol qilinishi bilan bog‘liq. Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tayyorlash – ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarining oldini oladi.
200 dan ortiq ma’lum bo‘lgan xastaliklargina oziq-ovqat mahsulotlaridan zararlanish sababli vujudga keladi.Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ovqat tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi kishilar o‘rtasida ularning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda tibbiy savodxonligini oshirish muhim ekanligini ancha oldin aniqlagan edi. 1990 yillar boshida JSST “Xavfsiz ovqat tayyorlashning o‘n olti qoidasi” ni ishlab chiqdi va bu qoidalar faol ravishda turli tillarga tarjima qilinib, ko‘plab nusxalarda nashr etildi. Lekin bu ishni amalga oshirish jarayonida yanada sodda va hammabop qo‘llanma kerakligi ayon bo‘ldi. Xavfsiz ovqatlanish va xavf omillari bo‘yicha mutaxassislar orasida bo‘lib o‘tgan, sal kam bir yil davom etgan bahs – munozaralardan so‘ng JSST tomonidan “Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili” deb nomlangan plakat ishlab chiqildi. Uning mazmuni aholining eslab qolishini osonlashtirish maqsadida soddalashtirilgan. Xavfsiz ovqat tayyorlashning o‘n olti qoidasi, shuningdek, tavsiya etilgan choralarning batafsil keltirilgan asoslari kiritildi. Oziq-ovqatlarning xavfsizligi buzilgan holatlar sababli rivojlanadigan kasalliklar ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlar uchun birday muammodir. Tibbiy xizmat tizimining katta foizi shu muammoni hal etish bilan band bo‘ladi. Ko‘proq maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limi yoshidagi bolalar, qariyalar va bemorlarga bu salbiy holat ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yuqorida bayon etilgan sabablar yana davlat iqtisodiyoti, milliy rivojlanish va xalqaro savdo-sotiqqa ham katta zarar yetkazadi. Bemorlar diareya (ichketish) sababli oriqlab ketadi. Natijada ular og‘ir ahvolga tushadi. Mikroorganizmlar shunchalik kichkinaki, to‘g‘nog‘ich boshiga ularning milliontasini joylashtirish mumkin. Bakteriyalar, viruslar, zamburug‘lar, mog‘or va parazitlar bularning hammasi mikroorganizmlardir. Oziq-ovqat mahsulotlarining hidi, mazasi, ko‘rinishi ularning xavfsiz ekanligidan yetarli darajada dalolat bermaydi. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’molga yaroqsiz qiladigan mikroorganizmlar ovqatning tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradi va ularni xavfli mahsulotga aylantiradi. Masalan, non ustidagi mog‘or zamburug‘i zaharli modda (toksin)larni ishlab chiqaradi. Oziq-ovqat mahsulotlari orqali kasallik chaqiradigan, asosan keng tarqalgan xavfli mikroorganizmlarga quyidagilar misol bo‘la oladi:
- Bakteriyalar – salmonella, shigella, campylobacter va e.coli ichak tayoqchasi;
- parazitlar – giardia, trixinella;
- viruslar-A gepatiti, norovirus kabilardir.
Kasallangan bo‘lsangiz nima qilish kerak?
Agar dard chekayotgan bo‘lsangiz oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘lingiz bilan tegmang yoki taom tayyorlamang. Xastalik belgilari yo‘q bo‘lgandan so‘ng 48 soatgacha shu tartibga rioya qiling. Lekin ovqat qilmaslikning iloji bo‘lmasa, taom tayyorlashdan oldin va uni tayyorlash davomida qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuvib turing. Agar kasallik belgilari juda og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Oziq-ovqatlarning zararlanishi sababli kelib chiqadigan xastaliklar faqat mikroorganizmlar sababligina emas balki kimyoviy moddalar tufayli ham paydo bo‘ladi.Zaharli va zararli omillar
Tabiiy toksinlar, metallar va ekologiyani ifloslantiruvchi moddalar, hayvonlarni zararkunandalardan tozalash uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar, noto‘g‘ri ishlatilgan pestitsidlar, tozalovchi kimyoviy vositalar, oziq-ovqat vositalarini tayyorlashda ishlatiladigan qo‘shimcha (dorivor)lardan noto‘g‘ri foydalanish kabi holatlar. Kimyoviy moddalardan zaharlanish xavfini kamaytirish uchun poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvish, ularning po‘stini archish kabi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish kifoya qiladi. To‘g‘ri saqlangan mahsulotlarda ba’zi tabiiy zaharlarning paydo bo‘lishining oldi olinadi yoki kamayadi. Zaharlanish – kimyoviy ifloslanish natijasida vujudga keladigan betoblikni ifoda etuvchi atama. Ba’zi tabiiy zaharlar (masalan, aflatoksin) oziq-ovqat mahsulotlarining mog‘orlashi oqibatida paydo bo‘ladi. Aflotoksinlar jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida saraton kasalligini qo‘zg‘atadi. Mikroorganizmlar o‘zingizga va boshqalarga yuqishiga yo‘l qo‘ymang. “Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili” ga rioya qiling, ya’ni:- Tozalikka rioya qiling,
- xom oziq-ovqat mahsulotlarini tayyor ovqatlardan ajrating,
- taom tayyorlash davomida oziq-ovqat mahsulotlariga issiqlik bilan yaxshi ishlov bering,
- oziq-ovqat maxsulotlarini xavfsiz haroratda saqlang,
- toza suv va yangi hamda sarxil oziq-ovqat xomashyosidan foydalaning.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Oqilona (ratsional) ovqatlanish nima?
© Guli Shayxova, TTA “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi professori. "Sog‘lom avlod" gazetasi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot