3.5
(28)

Vegetativ distoniya sindromi tashxisi vrachlar tomonidan ko‘p qo‘yiladi. Bemorlar ham bu kasallik qanday dard ekan, deb qiziqib yurishadi. Shu haqda ma’lumot berib o‘tsam.  Vegetativ distoniya sindromiyurak urib ketishi, qizib yoki sovib ketish, ko‘p terlash, qo‘rquv va xavotir, uyqu buzilishi, jizzakilik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik.

Kasallikning eski nomi “neyrotsirkulyator distoniya” bo‘lib,  yoshlar orasida ko‘p uchraydi. Bunday bemorlarning qon bosimi ko‘pincha past yuradi, yuragi tez uradi, to‘yib nafas ola olmaydi, xuddi havo yetmagandek sezadi, qorni g‘o‘ldirab yuradi, tez-tez siyishga boradi, jinsiy sovuqqonlik kuzatiladi. Ularda yurak sanchishlari ko‘p kuzatilganligi bois, doimo EKG apparatiga tushib yurishadi. Biroq ularda yurak kasalligi aniqlanmaydi va bu holat asab bilan bog‘liqligiga bemor amin bo‘ladi. Yurak sohasidagi og‘riqlar sanchuvchi, kuydiruvchi va siquvchi xususiyatga ega bo‘ladi.

Bemorning jaxli chiqsa qorachiqlari kengayib ketadi, yuragi dukillab ura boshlaydi, qon bosimi tushib ketadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, quloqlari shang‘illab bitib qoladi. Ularda havo yetishmay bo‘g‘ilib qolish, tomoqda biror narsa turgandek bo‘lish holatlari ham ko‘p kuzatiladi. Aksariyat bemorlarda chuqur xo‘rsinib qo‘yishlar ko‘p uchraydi.

Odamlar gavjum va havosi dimiqqan joylar ularga yomon ta’sir qiladi, sovuqqa ham chidamsiz bo‘lishadi. Tunda ikkala oyog‘i bezovta bo‘lib uxlay olmay chiqish ham uchrab turadi. Tong yorishi bilan oyoqlardagi bezovtalik o‘tib ketadi. Bunday bemorlar ertalab uyg‘onganda yuz-ko‘zlari biroz shishgan va ko‘zlar tagi salqigan bo‘ladi. Ba’zida ayollar “shishib ketayapman” deb siydik haydovchi dorilar ichib yurishadi. Qorinning pastki qismi og‘rib yurishi, ichak faoliyati buzilishi, ovqatning qiyin hazm bo‘lishi ham kuzatilib turadi.

Bu kasallikda bemorning kayfiyati tez-tez buzilib turadi va arzimagan narsaga jahli chiqadi, hissiy portlashlar tez-tez kuzatilib turadi, atrofdagi voqealardan doimo norozi bo‘lib yuradi. Ba’zida depressiyaga tushib hech kim bilan gaplashmay qo‘yadi, hech narsadan qoniqmaydi. Asossiz qo‘rquv va xavotir, aqliy va jismoniy ishlarga xohish yo‘qligi, parishonxotirlik va xotiraning pand berib yurishi vegetativ distoniyaning doimiy hamrohidir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Migren kasalligi (So‘ragan edingiz)

Davolash qanday olib boriladi?

Bemorni davolash deyarli har doim ijobiy natija beradi. Davolashni nevropatolog va tibbiy psixolog amalga oshiradi. Davolashda fizioterapevtik va psixoterapevtik muolajalar ko‘p qo‘llaniladi.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz