Ba’zan tungi uyqumizda qo‘rqinchli tush ko‘rib uyg‘onib ketamiz va bu tushning dahshatli tafsilotlarini ancha vaqtgacha esimizdan chiqarolmay yuramiz. Bosinqirash deb ataladigan bu holat nega uchraydi? Quyida bosinqirashning ba’zi sabablari haqida so‘z yuritiladi. uyquda bosinqirash
  1. O‘tkir ziravorli ovqatlarni uyqudan oldin iste’mol qilish

Uyqu tibbiyoti sohasidagi professor Robert Rozenbergning fikricha, o‘tkir ziravorlar qo‘shilgan ovqatlar modda almashuvini kuchaytirib, tana haroratining oshishiga olib keladi, natijada bosh miya faoliyati kuchayib ketadi, inson uxlagan holatida ham miyaning bu faolligi pasaymaydi va yorqin, dahshatli tushlar ko‘rishga sabab bo‘ladi.
  1. Tarkibida melatonin tutgan doriga o‘xshash vositalarni qabul qilish

Shimoliy Karolinadagi Uyqu instituti direktori Robert Oksmanning fikriga ko‘ra, melatonin uyquning tush ko‘riladigan fazasini uzaytirish hisobiga uyqu sifatini yaxshilaydi, insonda uyqudan qoniqish tuyg‘usini paydo qiladi. Lekin melatonin ortiqcha dozada qabul qilinganda bosinqirash holatiga olib keladi, insonda bezovtalik, jahldorlik keltirib chiqaradi.
  1. Uyqudan oldin televizor ko‘rish

Uxlashdan oldin ta’sirli film yoki serial tomosha qilsak, esda qolarli tushlar ko‘ramiz. Psixolog Stiv Orma aytganidek, tushlarimiz birlamchi ongimizning mahsuloti, shuning uchun o‘qilgan kitob yoki ko‘rilgan filmdan qanchalik qattiq ta’sirlansak, uyqumizda bu taassurotlarimiz qayta jonlanayotgandek bo‘ladi.
  1. Ba’zi dori vositalarini qabul qilishni to‘xtatish

Keng tarqalgan antidepressant dorilarni ma’lum vaqt qabul qilib, keyin to‘xtatilganda, yorqin, shiddatli, hatto dahshatli tushlar ko‘riladi, bu holat ma’lum vaqtdan keyin o‘tib ketadi.
  1. Uyqu vaqtidagi apnoe holati

Apnoe — vaqtinchalik nafas to‘xtab qolishi bo‘lib, xurrak otuvchi odamda ba’zan kuzatilishi mumkin. Apnoe holatida bosh miyada kislorod tanqisligi yuzaga kelishi natijasida hayajonli tush ko‘rish va bosinqirash ham yuzaga keladi, deydi Rozenberg. Agar siz xurrak otuvchilardan bo‘lsangiz va 8 soat uxlasangiz ham uyqudan xuddi charchagandek bo‘lib uyg‘onayotgan bo‘lsangiz, uyqu bo‘yicha mutaxassisga murojaat qilganingiz ma’qul.
  1. Bundan oldingi tunni uxlamay o‘tkazish

Rozenbergning fikricha, uyqusiz tun natijasida bosh miya uyquning tez fazasi, ya’ni aynan tush ko‘riladigan fazasining o‘rnini to‘ldirishga harakat qiladi, bu esa tezkor va yorqin tushlar ko‘rishga sabab bo‘ladi.
  1. Surunkali stress

Stress va davomli bezovtalik uyqu sifatining yomonlashishiga olib keladi, uyquda bosh miya salbiy taassurotlarni tahlil qilishda davom etadi. Uyquning aynan tez fazasida, ya’ni tush ko‘riladigan fazasida miyamiz eng kuchli taassurotlarni yuzaga chiqaradi, deb hisoblaydi Rozenberg.  

© Zdorovie.com / Daryo.uz

Ushbu maqolani ham o'qing:
Miasteniya qanday kasallik?