Odamzot qadimdan uyquning tabiati bilan qiziqib kelgan. Qadimda tabiblar uyquning asl tabiatini yaxshi va to‘g‘ri anglamagani bois bu holat organizmning zaharlanishi yoxud bosh miyada qon aylanishining buzilishi oqibati deb hisoblaganlar. Shu vaqtdan buyon olimlar uyquning tabiatini chuqurroq va kengroq o‘rganishga urinib kelishgani bois hozirda bu holat haqida birmuncha qiziqarli dalillar to‘plangan.
Qaysidir ma’noda uyqu odam uchun oziq-ovqat iste’mol qilishdan ko‘ra ahamiyatliroqdir. E’tibor bering, odam oziq-ovqatsiz 2 oygacha yashay oladi, holbuki uyqusiz 10 kundan ortiq yashay olmaydi. Yosh organizm uchun o‘rtacha uyqu me’yori 10 soatgacha bo‘lsa, yoshi o‘tib borayotgan odamlarning uyqusi o‘rtacha 6 soatgacha kamayib ketishi mumkin.
Odamlar o‘rtacha davomiylikdagi umrining uchdan bir qismini uyqu holatida o‘tkazishadi. Uyqu siklik xususiyatli jarayon bo‘lib, o‘rtacha davomiylikdagi (7-8 soatli) mazkur jarayonda 4-5 sikl o‘rin almashadi. Ushbu sikllarning har birida 2 tadan faza farqlanadi: sust va tez kechadigan uyqu holatlari.
Har 2000 nafar kishining bittasi narkolepsiya dardiga chalingan. Tabiati g‘alati bo‘lgan ushbu kasallikka chalingan odam oxir oqibatda nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Narkolepsiya dardiga chalinib qolishlikning oldini olish uchun bu xastalik haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishingizni istaymiz.
Narkolepsiya deganda, tibbiyot sohasidagi mutaxassislar uyqu jarayonining buzilishi bilan xarakterlanadigan o‘ziga xos kasallikni nazarda tutishadi. Bu dardga chalingan odamlar doimo uyquchan bo‘lishadi. Kasallik xuruj qilganida odam o‘ta darajada holsizlanib qoladi, uni birdan kuchli uyqu bosadi. Bunda odam qancha vaqt davomida uxlab olganining hech qanday ahamiyati qolmaydi. Narkolepsiyaga chalingan odamlar kutilmaganda har qanday vaziyatda ham uyquga ketishi mumkin. Eng ahamiyatlisi shuki, bu kasallikka chalingan odamlar aslida ularga nima bo‘layotganini mutlaqo anglashmaydi.
Klinik tibbiyot, texnologiyalar va farmokologiya sohalarida erishilgan ulkan yutuqlar ushbu g‘alati kasallikning tabiatini anglashga, unga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashga imkoniyatlar yaratib berdi. Taassufki, narkolepsiyani batamom davolashning chorasi hanuz topilmagan. Shunga qaramasdan, bugungi kunda klinik tibbiyotning imkoniyatlari bu darga chalingan bemorlarni normal ijtimoiy hayot kechirishlarini ta’minlay oladi.
Uyquchanlik (narkolepsiya) nima sababdan rivojlanadi?
Bu masalada tibbiyot sohasidagi olimlar qat’iy fikr bildirishdan ojizlar. Taxmin qilinishicha, narkolepsiya bosh miya, aniqroq qilib aytganda, bosh miyadagi uyqu va tetiklik holatlarini nazorat qiluvchi markazlar faoliyatidagi patologik (nuqsonli) o‘zgarishlar oqibatidir. Bu jarayonlar klinik jihatdan katapleksiya (emotsional shart-sharoitlar tufayli bexosdan tana mushaklari tarangligining yo‘qolib qolishi) oqibatida yuzaga keladigan holat. Bunday holatdagi odamning harakatlanish qobiliyati vaqtinchalik yo‘qoladi hamda uyqu holatidagi «falajlanish» – uyqu holatida harakatlanish layoqatining yo‘qotilishi kabi alomatlarda ifodalanadi. Bunday vaziyatda odam beixtiyor uyquga ketib tush ko‘rishi ham mumkin. [su_quote]Narkolepsiyaning kelib chiqishida biron bir psixiatrik va psixologik omillarning rol o‘ynashi tasdiqlanmagan. Ayrim vaqtlarda bu g‘alati kasallikka bir vaqtning o‘zida butun oila a’zolari chalinib qolishi mumkin.[/su_quote] Bizning davrimizda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida narkolepsiya dardiga chalingan bemorlarning bosh miyasida gipokretin deb nomlangan kimyoviy ingrediyentning yetishmasligi aniqlangan. Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, narkolepsiya dardiga chalinish genlar tizimida gipokretin moddasining ishlab chiqarilishiga javobgar bo‘lgan elementlar faoliyatining izdan chiqishi hamda shaxsiy hayot kechirish tarzi bilan bog‘liq.Narkolepsiya - uyquchanlik alomatlari qanday?
Aksariyat hollarda narkolepsiya quyidagi alomatlar orqali ifodalanadi:- kunduzgi vaqtda haddan tashqari uyquga berilish;
- katapleksiya (kutilmaganda tana mushaklari tarangligining keskin pasayib ketishi);
- uyqu vaqtidagi «falajlanish» (uyqu vaqtida mutlaq harakatsizlik holatining his etilishi; fiziologik jihatdan haqiqiy falajlikka o‘xshab ketadi, ammo uzoq vaqt davom etmaydi);
- gipnagogik xususiyatga ega gallyutsinatsiyalar (kunduzgi vaqtda uyquga ketish yoxud uyqudan uyg‘onish chog‘ida yuz beradigan gallyutsinatsiyalar).
Tungi uyquning buzilishi
Narkolepsiyaga chalingan odamlar kunduzi o‘zini tetik his eta olmaydi, tungi vaqtda esa miriqib uxlay olmaydi. Boshqa alomatlari. Narkolepsiyaga chalingan bemorlar aksariyat hollarda predmetlarning ikkiga ajralib ko‘rinishi, diqqat-e’tiborini jamlay olmasligi, xotiraning yo‘qolishi, bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishadi. Bu dardga chalingan yosh bolalar fiziologik jihatdan o‘zining tengdoshlaridan rivojlanishda ortda qoladi. Katta yoshdagi odamlar kundalik ish yumushlarini bajara olish layoqatini yo‘qotishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tilgan klinik alomatlar kuzatilsa, shu zahoti shifokorga murojaat qilish kerak.Xastalikka tashxis qanday qo‘yiladi?
Birlamchi Sizni davolovchi shifokor boshqa (yo‘ldosh) kasalliklari bor-yo‘qligini aniqlashi zarur. Shundan keyin somnolog (uyqu buzilishi va uning fiziologiyasi bo‘yicha mutaxassis)ga borish tavsiya etiladi. Narkolepsiya degan tashxis qo‘yilsa, kasallikning qay darajada kuchli rivojlanganligini aniqlash uchun polisomnografiya va MSLT test (uyqu jarayonlarining buzilishini aniqlashga imkon beruvchi maxsus sinov turi) amalga oshiriladi. Polisomnografiyani amalga oshirish uchun bemor tunni somnologik laboratoriyada o‘tkazishi kerak. Bunday sharoitda birinchi kuni bemorning bosh qismiga maxsus elektrodlar joylashtirilib bosh miya, yurak va ko‘z sohasidagi funksional jarayonlar kuzatiladi. Sinovlarning ikkinchi kunida MSLT test o‘tkaziladi. Buning uchun kunduzgi vaqtda shifokor-mutaxassislar kuzatuvida har ikki soat ichida qisqa muddatga uyquga ketish taklif qilinadi. Mazkur test yordamida har bir kishining uxlash xususiyati (tibbiy tilda aytganda uyquning patterni) kuzatiladi.Narkolepsiya - uyquchanlik qanday davolanadi?
Aytib o‘tganimizdek, hozirgi vaqtgacha narkolepsiyani davolash imkoniyatlari izlab topilmagan. Biroq, ushbu xastalikning klinik kechishini nazorat qilib borish va uning oqibatlarini nisbatan yumshatish yo‘llari aniqlangan. Amalda narkolepsiyaga chalingan bemorlarga kompleks tarzda davolanish tavsiya etiladi. Buning uchun turli dori-darmonlar tayinlanadi. Bemorning yurish-turish xususiyatlari o‘rganilib tegishli maslahatlar beriladi. Xastaning yaqinlari, hamkasblari bilan profilaktika-tushuntirish ishlari olib boriladi. Tayinlanadigan dori-darmonlar pirovard natijada kunduzgi uyquchanlikni, katapleksiyani, gallyutsinatsiyalarni va uyquning buzilishini bartaraf etish yoxud ularning oqibatlarini nisbatan yumshatishga yo‘naltirilgan bo‘lishi darkor. Nima bo‘lganida ham kasallik bilan bemor hamda shifokor birgalikda kurashishi shart.- Kasallikka chalingan bemorlar shifokorning tavsiyalariga amal qilishidan tashqari, turmush tarzini ham to‘g‘ri tashkil etishi zarur. Bu borada mutaxassislarning quyidagi amaliy tavsiyalariga rioya etish foydadan xoli bo‘lmaydi:uyqu va tetiklik orasida mutanosiblikni ta’minlash;
- uy yoki ish sharoitida bajariladigan ayrim turdagi yumushlarni, masalan, ovqat tayyorlash, avtomobilni boshqarish chog‘ida nihoyat darajada ehtiyotkor bo‘lish;
- shifokor tayinlagan dori-darmonlarni kanda qilmay o‘z vaqtida qabul qilish;
- o‘z holatini kuzatib borib har qanday o‘zgarishlar haqida darhol davolovchi shifokorga ma’lum qilish.
© "Sog‘lom avlod" gazetasi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot