Tibet tabobatining asosiy maqsad va vazifasi – odamlarning uzoq yillar sog‘lom va baxtli hayot kechirishini ta’minlashdan iborat. O‘z mohiyati bo‘yicha Tibet tabobati – bir vaqtning o‘zida fan, san’at va falsafani o‘zida mujassam etgan buyuk ta’limot bo‘lib, uning asosida muolajalar aynan kasallikning o‘zini davolashga yo‘naltirilmaydi, balki inson organizmiga bir butun yaxlit tizim tarzida qaraladi va muolajalar ham kompleks tarzda amalga oshirib boriladi, ya’ni bemorda mavjud bo‘lgan birgina (masalan, diabet, zotiljam yoki saraton) kasallikni emas, balki butun organizmni davolash amalga oshiriladi. Tibet tabobati fandir, chunki uning prinsiplari tizimli va mantiqiy tuzilmalar asosida bayon qilingan. Tibet tabobati san’atdir, chunki u mijozga tashxis qo‘yish jarayoni, davolovchi vrach yoki amaliyotchi tabibning jonkuyarligi, bemorning holatini tushunish va uni nozik his-tuyg‘ulari vositasida seza olish qobiliyatining uyg‘unligini o‘zida zohir etgan ijodiy tafakkurga asoslangan bo‘ladi. Tibet tabobati falsafadir, chunki bu tibbiyot ta’limotida insonning taqdiri va axloqiy prinsip meyorlari to‘laligicha qamrab olingandir. Tibet tabobati, hozirgi kunda butun dunyoda mavjud bo‘lgan amaliy-ilmiy tibbiyotlar o‘rtasida eng samarali tibbiyot sifatida e’tirof etilgan. Bu tabobatning falsafasiga ko‘ra: «Davolab bo‘lmaydigan kasallik yo‘q, balki davolab bo‘lmaydigan kasal bor, xolos».