Ovqatdan zaharlanish

MAQOLALAR

ico
Botulizm: zaharlanishdan ehtiyot bo‘ling
Kuzatishlarga ko‘ra, bu kasallik asosan uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini (tuzlamalarni) iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi. Buning sababi shundaki, sabzavotlar (masalan, bodring, pomidor, baqlajon singarilar) ning band qismiga tuproq orqali botulizm sporalari tushgan bo‘lishi mumkin. Ular konservalanganda, idish ichidagi havosiz muhitda ana shu sporalar o‘zidan botulotoksin ajratib chiqaradi. Botulizm kasalligini aynan shu toksinlar keltirib chiqaradi. Uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini iste’mol qilish oqibatida botulizm toksini ajralib, u ichakda tez so‘riladi, qonga o‘tadi va butun organizmga tarqalib asosan, markaziy hamda vegetativ nerv tizimini shikastlaydi. Kasallik toksinli marinad (tuzlama) iste’mol qilingandan 12-24 soat o‘tgach odatda to‘satdan boshlanadi. Bemorlarda umumiy darmonsizlik, lanjlik, ko‘ngil aynashi, qusish holatlari kuzatiladi. Ko‘pincha og‘iz quriydi, oshqozonda og‘riq sezilishi mumkin. 6 yoki 24 soat o‘tgandan keyin botulizmga xos nevrologik alomatlar paydo bo‘ladi. Ko‘z oldi xiralashgan bemor buyumlarni aniq ko‘rolmaydi, ba’zan narsalar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinadi (diplopiya). Shuningdek, qovoqlari osilib, ko‘zini ocholmaydi, ko‘z qorachiqlarining kengligi o‘zgaradi va soqqalarining harakati buziladi, ovqat yutish qiyinlashadi, tovushi pasayadi, u manqalanishi, dimog‘ida gapirishi ham mumkin. Yutish faoliyati buzilganligi sababli aksariyat hollarda bemor ichgan suyuqlik uning burnidan oqib chiqa boshlaydi. Ko‘p hollarda botulizm kasalligining xilma-xil simptomlari (belgilari) bemorni turli soha vrachlariga (masalan nevropatolog, okulist, otorinolaringolog, terapevt va boshqalarga) murojaat etishiga sabab bo‘ladi. Bu holat esa kasallikni o‘z vaqtida aniqlanmasdan qolishiga olib keladi. Yuqorida aytib o‘tilgan alomatlar sezilishi bilanoq shifokorni uyga chaqirish zarur. “Tez yordam” kelguncha, bemorda yutish faoliyati buzilmagan bo‘lsa, unga qaynatilgan suvni iliq holida ichirish yoki 2-3 litr iliq suv bilan huqna (klizma) qilish mumkin. Bu bemor ahvolini biroz yengillashtiradi. Botulizmga chalingan kishi imkon qadar tezroq shifoxonaga yetkazilishi zarur. Chunki kasallik mikroblarining zahari dastlab qonga o‘tadi, keyin ular to‘qimalar sari shiddat bilan harakatlanadi. Bordiyu davolash kechiktirilsa og‘ir asoratlar (masalan, qon-tomir tizimi faoliyatining buzilish va nafas yetishmovchiligi, zotiljam, miokardit singarilar) ro‘y berishi, hatto bemor nobud bo‘lishi ham mumkin. Maslahatlarimiz shuki, bodring, pomidor va boshqa shu singari sabzavotlarni uy sharoitida tuzlamang. Yaxshisi ularni savdo shahobchalaridan xarid qiling!

Sohibjon ALIMOV, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasining reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Botulizm – ovqatdan zaxarlanish
Botulizm – ovqatdan zaxarlanishlar ichida og‘ir kechadigan kasallikdir. Bu kasallik botulizm tayoqchalari bilan zararlangan ovqat iste'mol qilinganda vujudga keladi va markaziy asab tizimini shikastlanishi bilan kechadi. Botulizm tayoqchalari tabiatda keng tarqalgan bo‘lib, tuproq, suv, hayvon, baliqlar ichagida uchraydi va qobiq ichida yillar davomida saqlanadi. Kislorodsiz va qulay sharoitda ko‘payadi, hamda inson uchun xavfli bo‘lgan zahar ishlab chiqaradi. Botulizmning asosiy sabablari: Kasallik odamda uy sharoitida termik ishlov berish qoidalariga amal qilinmay tayyorlangan konserva (sabzavot,meva, qo‘ziqorin,go‘sht,baliq), dudlangan tovuq go‘shti, kolbasa mahsulotlarini iste'mol qilinganda kelib chiqadi. Konservalash jarayonida gigiуenik va texnik qoidalarga rioya qilinmaslik natijasida, mikrop konserva bankasida yopiq muhitda tez rivojlanadi. Sifati buzilgan konserva mahsulotlari ichida gaz yig‘ilishi natijasida qopqog‘i ko‘tarilib qoladi (bombaj). Bemor odamda quyidagi belgilar kuzatiladi:
  • odamning boshi og‘riydi
  • ko‘ngli aynib, qusadiog‘zi quriydi
  • ko‘z oldi qorong‘ilashib, narsalar qo‘shaloq bo‘lib ko‘rinadi
  • ko‘z qorachig‘i kengayadi
  • nutqi buziladi (afoziya)
  • nafas olishi qiyinlashadi
  • yutinishi qiyinlashadi
  • yuragi to‘xtab qolayotgandek tuyuladi
Kasallik qanday kechadi: Kasallik zararlangan ovqatni iste'mol qilinganidan 12-24 soat o‘tgach, yoki 1-5 kundan keyin boshlanadi. Zahar (toksin) ichakda tez so‘rilib, qonga o‘tadi va butun organizmga tarqalib, asab tizimini,shu bilan birga mushaklarni shikastlaydi. Kasallikni oldini olish uchun:
  • uy sharoitida konserva tayyorlash jarayonida har bir inson sanitariya     va gigiуena qoidalariga rioya qilishi kerak;
  • konserva mahsulotlarini tayyorlashda (sabzavot-meva, qo‘ziqorin va ko‘katlarni) sifatiga ahamiyat berish kerak;
  • sabzavot-mevalar tuproq bilan ifloslanishi mumkin, shu bois ularni oqar suvda, so‘ng qaynatilgan suvda yaxshilab yuvish kerak;
  • mahsulotlarni yuqori  harorat ostida 20 daqiqadan kam bo‘lmagan vaqt davomida qaynatish kerak;
  • nordon bo‘lmagan (bodring, yashil no‘xot) mahsulotlaridan konserva tayyorlashda ularga uksus kislotasi qo‘shishni unutmang;
  • uy-sharoitida konserva tayyorlamaslik kerak;
  • konserva mahsulotlarini qorong‘i va salqin joyda saqlang.
 
ico
Ovqatdan zaharlanish - yoz muammosi!
Ayni yoz oylarida havo isib, yeguliklarning tez buzilishi kuzatiladi. Bu esa ayniqsa yosh bolalarda ovqatdan zaharlanib qolish holatlarini keltirib chiqaradi. Chunki sifati buzilgan yeguliklarni bolalar bilib-bilmay iste’mol qilishadi, oqibatda oshqozon ishi buzilishi yoki ichak infeksiyalari bilan kasallanishlar ro‘y beradi. ovqatdan zaharlanish

Yozning issiq oylari boshlanishi bilan quyidagi tavsiyalarga amal qilish zarur:

  • Saqlanish muddati o‘tgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilmang!
  • Ko‘cha-ko‘yda usti ochiq holda sotilayotgan yeguliklarni xarid qilmang!
  • Unutmang, uy sharoitida tayyorlangan muzqaymoq va kremli qandolat mahsulotlarining sifati buzilgan bo‘lishi mumkin!
Ovqatdan zaharlanish ayniqsa bolalarda tez rivojlanib boradi va ko‘pincha noxush oqibatlar bilan tugaydi. Buning bir qancha sabablari bor.

Jumladan:

  • bolalarda jigarning himoya faoliyati sust bo‘ladi;
  • ichaklarning me’yoriy mikroflorasi tez izdan chiqadi;
  • buyraklarining filtrlash qobiliyati sust rivojlangan bo‘ladi;
  • yosh organizm tashqi ta’sirlarga o‘ta sezuvchan hisoblanadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan omillar bolalarda ovqatdan zaharlanishning kattalarga qaraganda ko‘proq uchrashi va ancha qiyin kechishini ifodalaydi. Kasallikning bir nechta belgilari borki, ular “
Tez yordam” shifokori yetib kelguniga qadar ovqatdan zaharlanish tashhisini qo‘yishga yordam beradi.

Ovqatdan zaharlanish alomatlar quyidagilar:

Shunday holatlar ro‘y berganda bolani imkon qadar shifoxonaga eltish kerak. Aks holda qayt qilish va tana harorati ko‘tarilishi bolada ko‘p suv yo‘qotishni yoki umumiy holsizlik kelib chiqishini tezlashtiradi, ko‘ngil aynishi esa uzoq vaqtgacha ishtaha yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

Bolalarda ovqatdan zaharlanishning profilaktikasi:

  • ovqatlanishdan avval har safar qo‘llarni sovunlab yuving;
  • umumiy hojatxonadan foydalanganda tozalikka rioya eting;
  • taomlarni har gal yangidan pishirib iste’mol qiling;
  • meva-sabzavotlar va ko‘katlarni yaxshilab yuvib, qaynagan suvda chaying;
  • do‘kondan olingan yeguliklar (jemli shirinkulcha, kremli pishiriqlar singarilar) ning qadog‘idagi saqlanish muddatiga e’tibor qarating;
  • pishirilgan taomlarni yoki xarid qilingan yeguliklarni albatta muzlatgichda saqlash zarur;
  • ko‘chadan uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olmang.
Bolalarning yoz faslida ovqatlanishini kattalar qat’iy nazorat qilishlari lozim. Shuningdek, oilada umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish juda muhim. Bu narsa bolalarda ovqatdan zaharlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi.

© Olga NIYAZOVA, Toshkent tibbiyot akademiyasi “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi” mutaxassisi. "Sihat-salomatlik" jurnali.