Asal

MAQOLALAR

ico
Asaldan shifobaxsh reseptlar
Asalning shifobaxsh xususiyatlari haqida juda ko‘p yozish mumkin. U foydali shirinlik hamda dori sifatida har bir uyda bo‘lishi kerak. Yetti mo‘’jizaning biri bo‘lgan asal turli kasalliklarga darmon bo‘lishda chinakam mo‘’jiza ekani qadimdan isbotlangan.

Oshqozon yarasi bezovta qilganda…

…ertalab va kechqurunlari bir choyqoshiq asalni og‘izga solib, shimib yurilsa, foyda qiladi.

Bola kechalari ko‘p yig‘lab chiqsa…

…vaqti-vaqti bilan labiga asal surting. Kattalarga ham uyqusizlikda asal yordam beradi. Buning uchun valeriana eritmasini asalli suvga qo‘shib ichish kerak.

Ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun…

…asalni qizil sabzi sharbatiga qo‘shib, doimiy ravishda ichib yurish lozim.

Bosh og‘risa…

bo‘yimodaron  damlamasiga asal qo‘shib, soch ildizlariga surtiladi.

Qondagi gemoglobin darajasini ko‘taradi…

…agar kefirga asal aralashtirib ichsangiz.

Tomoq og‘rig‘i va gaymoritda…

1 l. qaynagan suvga 100 gr. asal va 50 gr. tuz qo‘shing. Ushbu aralashma bilan tomoq va og‘iz bo‘shlig‘i g‘arg‘ara qilinsa, yallig‘lanish jarayonini to‘xtatadi. Burunga olib chayilganida esa gaymoritni davolashda ko‘maklashadi.

Qon bosimini tushiradi…

…agar asalni yalpiz va kashnich sharbatiga aralashtirib ichilsa.

Tishlaringizni oqartirishni istasangiz…

…asalga yerqalampir (xren) sharbatini aralashtirib yuving.

Teri kuyishi va boshqa muammolarida…

…shivit suviga asal qo‘shib, yaraga qo‘yib bog‘lansa, yordam beradi.

Qovug‘i bo‘sh bolalarga…

…doimiy ravishda no‘xat, asal va petrushkani aralashtirib berib turilsa, peshob tutishni yaxshilaydi.

Yo‘tal bezovta qilsa…

…iliq sutga asal solib iching.

Grippning oldini olish uchun…

200 grammdan asal va sariyog‘, 20 gr. un va uch dona tuxum sarig‘ini qo‘shib, ko‘pirtiring. Aralashmani muzlatkichda saqlang. Kuniga 3 mahal 1-3 choy qoshiqqa 1 tomchi lyugol eritmasidan solib, ovqatdan oldin qizil sabzi yoki limonli suv bilan iching.

Yuz terisini tozalash uchun…

…50 grammdan asal va bodring suvini aralashtirib surting. Yarim soatdan so‘ng yuvib tashlang.

Ajinlarni yo‘qotish uchun…

…25 gr. asalga bitta tuxum sarig‘i, yarim choy qoshiq glitserin solib aralashtiring. Tozalangan yuz terisiga surtib, 15 daqiqadan so‘ng yuving.

Furunkul va yaralarda…

1 osh qoshiq asalga 2 ta tuxum sarig‘i, yarim choy qoshiq tuz va ozroq un solib, xamir qoring. Xamircha furunkul va boshqa yaralarga qo‘yib bog‘lansa, ularni oson bartaraf etadi.

Buyrak muammolarida…

Asalni na’matak damlamasiga qo‘shib ichilsa, buyrakni quvvatlantirib, tuzlari chiqib ketishida yordam beradi.

Xotira zaiflashsa…

200 grammdan asal, piyoz suvi va limon aralashmasini ovqatlanish vaqti 1 osh qoshiqdan yeb turilsa, xotirani mustahkamlaydi.

Mastit davosi

Asalni zaytun yog‘i bilan aralashtirib, ko‘krakka kompress qilinsa, mastitni davolaydi.

Miomaga qarshi chora

Jo‘ka (lipa) asali bilan miomadan qutulish mumkin. Buning uchun har kuni 2-3 qoshiqdan shu asalni iste’mol qiling. Propolisini esa dokaga o‘rab, 1 hafta davomida kechasi qin ichiga qo‘yiladi. 3 kun dam olib, yana bir haftalik davolash muolajasi o‘tkaziladi.

Jigar uchun foydasi

Tvorogga asal qo‘shib iste’mol qilinsa, jigarga foyda.

Kosmetologiyada…

3 osh qoshiq tvorogga ozroq qaymoq va 1 osh qoshiq asal qo‘shib, quyuq aralashma tayyorlang. Uni yuz va bo‘yin terisiga surtsangiz, tiniqlashtiradi, yuz mushaklari tonusini yaxshilaydi. Har qanday yuz terisiga to‘g‘ri kelaveradi.

Bu qiziq!

  • Qadimgi Misrda asal qimmati pulga tenglashtirilgan. Bu an’ana keyinchalik Rimga ham o‘tgan. U yerda jarima pul, mol-xol yoki asal bilan to‘langani ma’lum.
  • 1 kg. asal olish uchun asalarilar 4.500 marta uchib, 6-10 mln. guldan nektar yig‘adi.
  • Asal keltiruvchi arilar umuman uxlamaydi.

Diqqat!

Choy asalning foydasini kamaytiradi. Shuning uchun asalni suvga qo‘shib ichish kerak.

© Dilnoza.

Sugdiyona.uz nashri.

ico
Bo‘g‘im muammolari va ularni davolash

Kuzda ba’zi kasalliklar qo‘zg‘alishidan xabardormiz. Havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadigan shamollash va yuqumli kasalliklardan tashqari, bo‘g‘im xastaliklari ham ayni shu davrda bosh ko‘taradi. Ular sirasiga bod (revmatizm), artrit, osteoartroz, bo‘g‘im (larning) yemirilishiga olib keladigan yuqumli va tug‘ma kasalliklar kiradi.

Bo‘g‘imlarga shikast yetkazadigan yana bir kasallik mavjud. U ilmiy tilda ankilozlashgan spondiloartrit deyiladi. Uning yana bir nomi bor: Bexterev kasalligi.
Kasallik mashhur rus olimi, iqtidorli nevropatolog V.M.Bexterev sharafiga qo‘yilgan. Mazkur kasallik nafaqat qo‘l-oyoq, balki umurtqa bo‘g‘imlarini zararlab, harakatning cheklanishiga olib keladi.
Kasallikni sharhlashdan avval bo‘g‘imlarning vazifasi va ularni sog‘lom saqlash uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz kerakligi haqida ma’lumot bersak.

Bo‘g‘im o‘zi nima?

Tanamizda suyaklardan mustahkamroq a’zo yoxud to‘qimaning o‘zi yo‘q. Ularni bir-biriga biriktirib turuvchi va harakatimizni belgilab turadigan bo‘g‘imlarni aytmaysizmi? Ular yordamida qo‘l-oyoqlarni egib-rostlashimiz, ikki tomonga aylantirishimiz mumkin. Har bir odamda naq 187 dona bo‘g‘im mavjud. Bo‘g‘imlarni suyaklar birlashgan joylarda topasiz. Ular uchga bo‘linadi.

Birinchilari suyaklarning bemalol harakatlanishini ta’minlaydi. Misol uchun, tirsak, tizza, barmoq bo‘g‘imlari, elka va tos-son bo‘g‘imlari doimiy harakatda bo‘ladi.
Ikkinchi guruhdagi bo‘g‘imlar esa qisman harakatda bo‘ladi. Ularga umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari kiradi.
Uchinchi guruh bo‘g‘imlar umuman harakatlanmaydi. Ular bosh miyani o‘rab turuvchi kalla suyagi bo‘g‘imlaridir.

Bo‘g‘imlar bir-biriga ishqalanib turganligi uchun harakatlanishimizni bilasizmi?

Bu holat kuch bilan 5 10 daqiqa davom etsa bormi, suyaklardan asar ham qolmasdi. Baxtimizga bo‘g‘imlarimiz maxsus suyuqlik bilan namlanib, parchalanishdan saqlanadi. Bu suyuqlikning miqdori atigi 0,1-4 millilitr bo‘lsada, bemalol harakatlanishimiz, uy yumushlarini bajarishimiz, kerak bo‘lsa, sport bilan muntazam shug‘ullanishimiz uchun etib ortadi. Olimlar uni sinovial suyuqlik deb nomlaydi. U bo‘g‘imlar joylashgan kapsulada bo‘lib, harakat paytida bo‘g‘imlarni namlab turadi. Kapsula suyaklar bilan birlashadi.

Foto: iStockPoto

Bo‘g‘im uchun nimalar ma'qul?

Suyuqlik

Kun davomida ichadigan suyuqlikning 1-1,5 litri mineral suv yoki o‘tli damlamalarga to‘g‘ri kelishi kerak. Mineral suv, albatta, gazsiz bo‘lishi shart. Bo‘g‘imlar ko‘k choyni ham xush ko‘radi. Choyga 2 dona yalpiz bargidan solib, damlasangiz, yanada foydali.

Turli don-dunlar

Bo‘g‘imlarning jonu-dili! Bo‘g‘imlaringiz bilan birga suyaklar ham uzoq xizmat qilsin desangiz, ko‘proq guruch, perlovka, grechixadan taom tayyorlab, tanovul qiling. Perlovka haqida eshitib, og‘zingiz nordon bo‘lgandir. Perlovka aslida bug‘doyning ishlov berilgan doni bo‘lib, o‘zida ko‘plab vitaminlar, ayniqsa, A va B vitaminlarini saqlaydi. Ular tetiklashtiruvchi ta’sirga ega bo‘lib, ko‘rish va fikrlash qobiliyatimizni yaxshilaydi. Perlovkadan nafaqat sho‘rva, balki palov ham tayyorlash ham mumkin.

Revmatizm, artrit bilan xastalangan kishilar, avvalo, qo‘l-oyoqlaridagi og‘riqdan shikoyat qiladi. Og‘riqdan qutulishning osongina yo‘li ham bor. Buni amalga oshirishga nafsingiz yo‘l bersa, bas. Gap shundaki, bo‘g‘im og‘riqlari qiynagan zahoti yog‘siz, parhezbop taomlarga o‘tish kerak. 2 hafta davomida nonushtaga suli yoki bug‘doy yormasidan bo‘tqa tanovul qilsangiz, og‘riqli damlarni unutasiz.

Meva-sabzavotlar

E’tibor bergan bo‘lsangiz, odamning yoshi keksaygach, xom meva-sabzavotni yemay qo‘yadi. Aynan shuning uchun, keksa yoshlilar orasida qabziyat ko‘p tarqalgan. Haqiqatan ham, meva-sabzavotlarni xomligicha sharbat yoki salat ko‘rinishida iste’mol qilish ko‘plab kasalliklarga davo bo‘ladi. Lavlagi sharbati qon bosimini meyorida saqlashga yordam bersa, olma, yong‘oq, bodom ta’sirida ateroskleroz va insultning oldi olinadi. Bo‘g‘imlar harakati cheklanmay, ich qotishi, darmonsizlik, hatto, gijjalardan qutulish imkoni bo‘ladi. Siz ham ularni ko‘proq iste’mol qiling. Ayniqsa, salatlarni ko‘proq eng.

Xulosa: meva-sabzavotlar bilan do‘st bo‘lmas ekansiz, turli xildagi xas-taliklarga engilaverasiz. Shunday ekan, ta’bingizga to‘g‘ri keladigan meva yoxud sabzavotlarni muntazam iste’mol qiling. Meva-sabzavotlarning rangiga ham ahamiyat bering. Sa-riq, qirmizi rangdagi meva-sabzavotlarda yallig‘lanishga qarshi kurashuvchi karatinoid deb nomlanadigan moddalar juda ham ko‘p.

Baliq

Norvegiya olimlari tibbiy tadqiqotlar natijasida baliqni muntazam iste’mol qilish bo‘g‘im kasalliklarida shifo ekanligini aniqlashdi. Baliqni nafaqat qovurib, balki mantiqasqonda dimlab, yoki undan kotlet hamda kabob tayyorlab esangiz, foydasi ko‘proq bo‘ladi.

Chunki taom tayyorlashning bu turlarida baliqdagi barcha foydali elementlar saqlanib qoladi. Baliqni muntazam iste’mol qilish orqali keksalikni ortga surishingiz, o‘zingizni doim tetik sezishingiz mumkin bo‘ladi. Baliq organizdagi moddalar almashinuvini tezlashtiradi, miya faoliyatini yaxshilaydi, xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Chunki uning tarkibida quvonch paydo qiladigan moddalar juda ko‘p.

Yuz dardga davo salat

Salat tayyorlash uchun qizil sabzi, o‘rtacha kattalikdagi sariq olmani qirg‘ichdan chiqarib, tuz o‘rniga 2 3 tomchi limon sharbati tomizing. Salatni bir choy qoshiq yog‘siz qaymoq (smetana) yoki o‘simlik yog‘i bilan aralashtirib egan durust.
Keksalik gashtini bardam-baquvvat surish haqida o‘ylasangiz, hozirligini yoshlikdan ko‘ring. Doimiy harakat, xushfe’llik, mazali taom – bu uchlik, shubhasiz, uzoq umr ko‘rishingizga yordam beradi.

Bo‘g‘imlarga nima yoqmaydi?

Bo‘g‘imlarimizni qiynashni istamasak, aynan nimalar ularga yoqmasligini bilib olaylik.

Yog‘li taomlar

Mazali bo‘lsada, bo‘g‘imlarga og‘irlik qiladi. Agar podagra, bod bilan og‘rib turgan mahal yog‘li sho‘rva ichsangiz, yoki qovurma taomlar esangiz, ahvol yanada yomonlashadi. Shunday ekan, yog‘li taomlarni imkon qadar kamroq iste’mol qiling.

Qo‘ziqorin, mayonez solingan salatlar

Shuningdek, turli konserva, dudlangan mahsulotlar: qazi, kolbasa hamda tuzlamalar. Yoshlikda ularni ko‘p iste’mol qilsangiz, keksalikda bo‘g‘im kasalliklari bilan og‘rish ehtimoli ko‘payadi.
Xulosa: yuqoridagi mahsulotlarni bo‘g‘imlarning dushmanlariga qiyoslash mumkin.

Kamharakatlik

Uning natijasida a’zoi-to‘qimalaringiz, jumladan, bo‘g‘imlar ham noziklashib, yallig‘lanishga moyil bo‘lib qoladi. Keksayganda «voy belim...» deb qolmaslik uchun ko‘proq harakatda bo‘ling. Bu, albatta, uyg‘ongan zahoti karavotdan sapchib turish degani emas. Bo‘g‘imlar juda nozik — keskin harakatlar ularni qiynab qo‘yadi. Uyg‘ongach, yaxshilab kerishish, oldinga-orqaga egilish mashqlari qo‘l-oyoq chigilini yozishga yordam beradi. Kasbingiz bir joyda uzoq o‘tirishni taqozo etsa, har yarim soatda 5 daqiqalik tanaffus qiling. Bo‘g‘imlar (ayniqsa, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari) uchun turnikda osilish, ikki yonga egilish mashqlari foydali.

Asabiylashish

Ma’lum bo‘lishicha, organizmda C va B vitaminlarining etishmasligi bo‘g‘im kasalliklariga olib keladi. Bu amerikalik olimlarning so‘nggi xulosasi. Aslida C va B vitaminlarini kundalik taomnomangizdan bemalol topasiz. Har birimiz sevib iste’mol qiladigan ko‘k choy, sabzi, na’matak va bulg‘or qalampirida C vitamini bisyor. B vitamini esa qora non, sut, tuxum sarig‘i va gulkaramda ko‘p.

Unda nega bo‘g‘im kasalliklari uchrayveradi, deysizmi? Buning bari asab tarangligidan. Tajanglik hozir urfmi, deyman, odamlarning bari asabiy, jizzaki. Maslahatim, muammolarni ro‘kach qilib, tajanglikni odatga aylantirmang. Hayotda salomatlikdan qimmatliroq narsaning o‘zi yo‘q. Uni har narsadan ustun qo‘ying. Aksi bo‘lsa, ruhiy zo‘riqish kabi g‘oyat noxush dardni ortirib olasiz. Bu holat odamni holdan toydiradi, egan ovqati yuqmay, vitaminlar organizmga singish o‘rniga yuvilib ketadi.
Xulosa: asablarni asrash — bo‘g‘im kasalliklardan saqlanish demakdir.

Ortiqcha vazn

Bir qop kartoshka qancha tosh bosadi? Albatta, 25-30 kg. Yosh o‘tgan sari to‘lishish, tabiiy. Ammo ortiqcha 20-25 kg. vazn kun bo‘yi bir qop kartoshka ko‘tarib yurishdek gap. Ozishga harakat qilmas ekansiz, bu «qop» nafaqat qo‘l-oyoqlarni, balki yurakni ishdan chiqarishi tayin.

Yelvizak

Yoz kunlari deraza-eshiklarni ochib, kirayotgan shabodadan huzur qilishingiz turgan gap. Bu paytda bo‘g‘imlar e’tiroz bildirmasligi mumkin. Ammo havo salqinlashi bilan bu odatingiz pand berishi aniq.
Xulosa: bo‘g‘imlarimiz havo o‘zgarishiga o‘ta ta’sirchan. Xona havosini har kun almashtiring, ammo yelvizakda o‘tirmang.

Infeksiyalar

Ularga oddiy gripp va tomoq og‘rig‘i, gaymoritdan boshlab, jinsiy a’zolardagi shamollashlar kiradi. Bu kasalliklarni vaqtida davolamaslik bo‘g‘imlarni yallig‘lantirib, yurak dardiga yo‘l ochib berishi mumkin.

Bo‘g‘imlar ob-havoni sezadimi?

Ob-havoning o‘zgarishiga nafaqat bo‘g‘imlar, balki butun organizm ta’sirchan bo‘ladi. Ko‘pchilik odamlarning bu holatda qon bosimi ko‘tariladi, boshi aylanadi, behollik qiynaydi, yurak urishi tezlashadi. Revmatizm, artrit kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ham ob-havo o‘zgarishini zimdan «sezadi». Bularning hammasi organizmda kechayotgan yallig‘lanish jarayonidan darak beradi. Chunki sog‘lom odamlarda bunday holat bo‘lmaydi. Har yili yilning issiq faslida dam olish maskanlarida hordiq chiqarib, radonli, balchiqli vannalar qabul qilish, sovuq mavsumdan oldin esa yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega dori vositalar, inyeksiyalar olsangiz, havo soviganida, bunday holatdan qiynalmaysiz.

Bo‘gimlarni nega qisirlatamiz?

Ko‘pchilik kishilar uchun bu odat tusiga kirgan. Ba’zilar shu yo‘l bilan asablarini tinchlantiradi, boshqa birovlar esa xayoli parishon holatida shunday qilishni xush ko‘rishadi. Avvalo, nega bunday bo‘lishini aniqlaylik. Bu o‘ylaganingizdek, bo‘g‘imlarda yig‘ilib qolgan tuzlar emas. Qisirlash bo‘g‘imlardagi tog‘ay to‘qimasidan chiqadi. Qo‘llarni qisirlatganda og‘riq sezmaymiz.

Negaki tog‘aylarda asab to‘qimalar yo‘q. Ammo bu odatga aylansa, tog‘aylar mo‘rtlashib, atrofidagi to‘qimalarni yallig‘lantirishi, bu esa suyaklarga ozor berishi mumkin. nega deganda suyaklardagi asab tolalar og‘riqni darhol sezadi. Noxush odatingiz artroz kasalligini chaqirishi mumkin.

Qisirlatish natijasida nafaqat bo‘g‘im, balki tog‘ay to‘qimasi, paylar, qo‘l mushaklari zararlanadi. Ularga shikast etgan-etmaganligini aniqlash uchun shifokorga murojaat eting. Shifokor suyak va bo‘g‘im to‘qimasini mustahkamlovchi xodroitin sulfat, glyukozamin sulfat, gidroxlorid bo‘lgan vositalar buyuradi. Shuningdek, bir muddat darmondori yig‘indilarini ichib turish kerak.

Davolanishdan keyin yana eski odatingizni eslamaslik uchun rezina xalqadan foydalanish mumkin. Uni qo‘lda ezish bo‘g‘imlar uchun maroqli va gimnastika vazifasini o‘taydi. Bo‘g‘imlar harakatchanligini saqlab qolish uchun, barmoqlarni yig‘ib, kaftga tekkizish mashqi bajariladi.

Rus shifokorlari kashf etgan kasallik

Belingiz zirqirab, xuddi bo‘g‘imlaringiz qotib qolayotgandek tuyulsa, belangi bo‘lib qolibmanda, deyishingiz mumkin. Shifokorga borsangiz, taxminingizdan tashqari, sizda Bexterev kasalligi bor-yo‘qligi ham tekshiriladi.

Bexterev kasalligi nafaqat bo‘g‘imlar, balki umurtqa pog‘onasini ham zararlaydi. Kasallik irsiy bo‘lib, nasldan- naslga o‘tish ehtimoli bor. Avvaliga umurtqaning dumg‘aza sohasi zararlanadi: keyinchalik yallig‘lanish umurtqa bo‘ylab yuqoriga — bel, elka va qo‘l bo‘g‘imlariga tarqaladi. Yallig‘lanishniku dori vositalar yordamida to‘xtatish mumkin. Ammo kasallikning zararli – tomoni bo‘g‘imlarning dag‘allashib, egiluvchanligini yo‘qotishida.

Og‘riqqa bo‘ysinib, harakat qilmas ekansiz, kasallik tobora avj olaveradi. Shuning uchun shifokorlar har kuni 30-40 daqiqa davomida badantarbiya mashqlarini bajarish kerakligini bemorga uqtiradilar.
Bu kasallik mashhur rus shifokori, akademik V. M. Bexterev sharafiga qo‘yilgan.

Olim 30 yoshlar atrofidagi erkak bemorlarni kuzatayotgan paytda ularning bo‘g‘imlaridagi o‘zgarishlar tobora kuchayib, umurtqa bo‘g‘imlariga ta’sir qilishini aniqlagan. Shu bois keyinchalik mazkur holat uni kashf qilgan shifokor nomi bilan atala boshladi.

Xastalik nega yuzaga keladi?

Organizmda immunitet degan tizim borligi haqida ko‘pchilik bilsa kerak. U bizni turli xil kasalliklardan saqlaydi. Tashqi muhitdan tanamizga biron mikrob yoki virus kirmoqchi bo‘lsa, immunitet darrov qarshilik ko‘rsatadi. U yoki bu yo‘l bilan mikroblar kirishga ulgurdi deylik. Immunitet darhol qon tanachalari va boshqa bir qator hujayralar yordamida mikroblar bilan kurashishga tushadi. Tabiatning jumbog‘ini qarang-ki, ba’zan shu himoya tizimimiz mikrob o‘rniga o‘zining to‘qimalari, to‘g‘rirog‘i, bo‘g‘imlarga hujum qiladi. Natijada bemorda Bexterev xastaligi ro‘y beradi.

Davolanishdan avval...

Tanadagi yashirin infeksiyalarni aniqlash kerak. Agar sizning:

  • asabingiz tez-tez buzilsa;
  • tomog‘ingiz og‘rib, og‘izga yara chiqsa;
  • burun bitishi, gaymorit qiynasa;
  • labga uchuq toshsa (bu har doim ham tushda cho‘chish alomati emas, balki organizmda o‘rnashib olgan virus tufayli);
  • yelka, bel, jinsiy a’zolarda noma’lum qizil toshmalar paydo bo‘lsa;
  • ich buzilishi qabziyat bilan almashinib tursa;
  • tahlillar organizmda gijja borligini aniqlasa;
  • peshob paytida achishish sezilsa;
  • tishlar yemirilib, milklar qonaydigan bo‘lib qolsa, shifokorga ahvolingizdagi o‘zgarishlar haqida ayting. Bu davolanish jarayoni samarali kechishini belgilaydi.

Davolashda shifokor tavsiyalari foydali

  • Ertalabki badantarbiya, turnikda osilish mashqlari.
  • suzish.
  • kasallikning tinish davrida uqalash va fiziomuolaja (igna bilan davolash, magnit va zulukterapiya)lar qabul qilish.
  • suv yordamida asta-sekin chiniqish.

Zararli

  • Uzoq masofaga yugurish, keskin harakatlar talab etadigan mashqlar bajarish.
  • Achchiq qora choy, qahva, spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish.
  • Maxsus dori vositalar yordamida immunitetni ko‘tarish. Bu sizga qimmatga tushishi mumkin. Chunki bu birikmalar organizmga qay darajada ta’sir etishini aniq bilmaymiz. Buning o‘rniga asalari mumi, asalari changi, odamgiyoh (jenshen) kabi tabiiy vositalar yordamida immunitetni ko‘tarish mumkin.

Yordamchi usul yordamida davolanish

Davolanishda shifokor buyurgan dori-darmonlardan tashqari, girudoterapiya, ya’ni  zuluklar yordamida bajariladigan muolajalar qo‘llaniladi. Zuluk so‘lagidagi maxsus moddalar umurtqa bo‘g‘imlarini «yumshatib», immunitetni ko‘tarishga qodir! Bu esa kasallikning chekinishiga yordam beradi. Shuning uchun shifokor tavsiyasiga ko‘ra,bu usuldan ham foydalaning.

Davolanishda uqalash, ignaterapiya, asalari mahsulotlarini qo‘llash kabi usullardan keng foydalaniladi.Bemor ruhiy tushkunlikka tushmasligi kerak. Shifokor ko‘rsatmalarini bajarish, qiyinchiliklarga qaramay, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lish, doimiy harakat davolanishning samarasini belgilaydi. Bu esa sog‘ayib, to‘laqonlik yashashingizga yordam beradi. Kasallik oldida yengilmang, balki uni yengishga harakat qiling!

Badantarbiya yordam beradi

Kasallikdan qutulishning yana bir yo‘li ko‘proq harakatda bo‘lish. Qaysi yoshda bo‘lmang, ertalab badantarbiya mashqlarini bajarishga erinmang. U bo‘g‘imlarni qizdirib, kun davomida yaxshi kayfiyatda bo‘lishingizni ta’minlaydi. Badantarbiya mashqlari ochqoringa bajarilishi esingizda bo‘lsin. Avval o‘zingiz uchun qulay sharoitda o‘tirib, tinchlanishga, chuqur nafas olib, sekin chiqarishga harakat qiling.

  1. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. O‘ng qo‘lni yuqoriga ko‘taring. Chap oyoqni tizzadan bukib, tovonni chap qo‘lda ushlang. Bu holatda 10-15 soniya turishga harakat qiling. Mashq davomida engil nafas olishga urining. Dastlabki holatga qayting. Mashqni o‘ng oyoqda ham takrorlang.
  2. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. Chuqur nafas olinib, qo‘llar keng yoyiladi. 3 soniyaga nafasni ushlab turing. Nafas chiqarib, chap qo‘lni chap oyoqqa tekkizing. Dastlabki holatga qayting. Mashqni o‘ng qo‘lda ham takrorlang.
  3. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. Oldinga egilib, o‘ng qo‘l yordamida o‘ng oyoq barmoqlariga tekkiziladi. Shu holatda turib, chap qo‘lni oldinga cho‘zing va 3 soniya nafasni chiqarmaslikka harakat qiling. Mashq bajarayotgan paytda imkon qadar oyoqlarni bukmang. Mashq chap qo‘l bilan ham takrorlanadi.
  4. mashq. Dastlabki holat: oyoqlar elka kengligida, qo‘llar tushirilgan. O‘ng oyoqni qo‘lda tutib, orqaga qa-yiring.

Uy sharoitida davolanamiz...

Asal va karam

Karam bargiga asal surtilib, og‘riyotgan joyga qo‘yiladi. Usti doka va jun ro‘mol bilan mahkam bog‘lanadi. Kompress har kuni yotishdan oldin bir oy davomida qo‘yiladi. Bo‘g‘imdagi shish tezroq yo‘qolishi uchun ertalab va yotishdan oldin yarim piyoladan karam sharbati ichiladi.

Bo‘g‘im uchun shifobaxsh gil

Bo‘g‘im kasalliklarida qadimgi tabiblar bejizga gildan foydalanishmagan. Gilning ajoyib davolovchi xislati shundaki, teriga surtilsa, turli kompresslar qo‘yilsa, tanadan zararli moddalarni so‘rib chiqaradi, uzoq qiynayotgan og‘riqdan xalos etadi. Buning uchun hovli yoki tomorqa tuprog‘ining (bir metr chuqurlikdagi, oftob nurlari tegib turadigan toza joyidan qazib olinadi).

Muolaja uchun Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi shifobaxsh gil-tuproqdan topsangiz, foydasi yanada ziyoda bo‘ladi. Gil iliq suv bilan aralashtirilib, yumshoq xamir holiga keltiriladi. Og‘riyotgan joyga kompress sifatida qo‘yilib, ustidan tsellofan va jun ro‘mol bilan bog‘lab yotiladi. Muolajani yotishdan oldin bajarish kerak. Ertasiga gil olinib, shu joyga toza asal va o‘simlik yog‘i aralashmasi yoki bolalar kremi quyuq qilib surtiladi.Bir marta ishlatilgan gildan qayta foydalanib bo‘lmaydi.

O‘simliklar yordamida

Tirnoqgul (nogotki) yordamida bir talay bo‘g‘im kasaliklarini davolash mumkin. Buning uchun 2-3 tup o‘sib turgan o‘simlik guli va barglari salqin joyda quritiladi. Undan ikki hovuch olinib, shisha idishga solinadi. Ustidan 100 gramm tibbiyot spirti quyiladi va usti yopiq idishda qorong‘i joyda saqlanadi. 3 kundan keyin tindirma tayyor bo‘ladi. Unga paxta bo‘lagi shimdirilib, zararlangan joylarga surtiladi. Muolaja har kuni yotishdan oldin 2 hafta davomida bajariladi.

Sur’at BOBOJONOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.
"Shifo-info" gazetasi.

ico
Tabiiy asal iste’mol qilishning afzalliklari
Asal qadim zamonlardan inson tanasi uchun eng foydali mahsulotlardan biri hisoblangan. Tarkibida zaruriy fermentlarning yuqori miqdori va tabiiy asalning qarishni sekinlashtirish qobiliyati, shifobaxsh xususiyatlari uni supertaom sifatida qadrlanishiga asos bo‘lgan. Hozirda, bizlar ajdodlarimiz rioya qilgan tabiiy ovqatlanish qoidalarini tiklashga urinmoqdamiz. Shunday ekan, har kuni asal (albatta tabiiysini) iste’mol qilishni kundalik hayotingizga joriy qila olsangiz, qanday ijobiy natijalarga erishish mumkinligi borasida ma’lumotlarni taqdim etamiz. tabiiy asal

Teringiz tozalanadi

Asal tabiiy antioksidant hisoblangani bois, tananing ortiqcha toksinlardan xoli bo‘lishiga yordam beradi. U o‘zining antibakterial xususiyatlariga ko‘ra, teringizni soflashtiradi va tiniqlashtiradi.

Ozishga yordam beradi

Vazn tashlashni istaganlar ham asal tanovulini hayotlariga tatbiq etishlari mumkin. Asaldagi shakar, bizlar iste’mol qiluvchi oq shakar yoki qanddan farq qiladi. Shunday ekan, shokolad yoki shirin gazli ichimliklar o‘rniga asal yeyishga o‘rganing. Natijasini tezda payqaysiz.

Qon tarkibidagi shakar miqdorini kamaytiradi

Asal haqiqatdan ham katta miqdorda shakarga ega. Ammo, fruktoza va glyukozaning ajoyib mutanosibligi sababli, inson tanasi qondagi shakar miqdorini mustaqil ravishda boshqara oladi. Bu hali hammasi emas. Bunga qo‘shimcha ravishda, tanadagi xolesterin miqdori kamayadi.

Yurakka foydali

Asaldagi flavonoidlar (inson tanasiga taom tarkibida tushib, ko‘plab fermentlar faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shu sababli xalq va rasmiy tabobatda keng qo‘llaniladi) va antioksidantlar yurak-qon kasalliklarining oldini olishga yordam beradi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, asal xolesterinning oksidlanish jarayonini sekinlashtiradi, shu bilan insultga uchrash ehtimolini jiddiy ravishda kamaytiradi.

Tanani tozalaydi

Asalni iliq suvga aralashtirib iste’mol qilish ovqat hazm qilish tizimidagi toksinlar va zararli chiqindilarni yuvishning eng samarali usulidir. Bu esa uy sharoitida
tanani tozalashning eng arzon va oddiy yo‘lidir.

Tabiiy himoyachi

Asal inson immun tizimiga ajoyib ta’sir ko‘rsatishi bilan ham o‘ziga xosdir. Asosiysi, bunda siz sof, organik (tabiiy), vitamin va minerallar, fermentlarga boy asalni xarid qiling. U sizni ko‘plab salbiy bakteriyalardan asrashiga kafolat beramiz.
ico
Asal dunyosi: Asal - bebaho ne’mat
Assalom alaykum, hurmatli www.avitsenna.uz sayti foydalanuvchilari. Biz xalqimizning dasturxoniga o‘zimiz yetishtirgan tabiiy asalni sifatli va arzon narxlarda yetkazib berish maqsadida www.asaldunyosi.uz saytini yaratdik va barchaga qulaylik yaratish maqsadida onlayn to‘lovlar va bepul yetkazib berish xizmatlarini ham joriy qildik. Biz har bir xonadonning dasturxonida asal bo‘lishini xohlagan holda tabiiy asalning nechog‘li inson organizmi uchun kerakliligi to‘g‘risida ham ma’lumot berishni joiz deb topdik. Asal haqida Tabiiy asal biologik aktiv iste’mol mahsuloti hisoblanib 92-93 foizi inson qoniga so‘riladi va inson organizmining himoya kuchini qayta tiklashga yordam beradi. Immunitetni mustahkamlaydi. Stress va toliqishdan xalos qiladi. Bosh og‘rig‘ini qoldiradi. Yurak quvvatini oshiradi. Jigar faoliyatini yaxshilaydi. Angina, shamollash, oshqozon yarasi kasalliklarini davolashda, shuningdek buyrak va o‘t qopi kasalliklarini oldini olishda asalga tengi yo‘qdir. Bundan tashqari oshqozon ichak kasalliklarida ham asaldan foydalanishadi. Inson organizmida temir moddasi juda muhim funksiyani ya’ni tana a’zolariga kislorod tashish bilan shug‘ullanadi. Atrofimizdagi barcha temir moddasi biologik aktiv holatda bo‘lmaganligi sababli iste’mol qilingan temir moddasi oshqozonni zararlaydi ammo ona- tabiatning sahovati evaziga tabiatimizdagi dukkakli o‘simliklar ya’ni grechka, akatsiya, oqquray, loviya va boshqa shunga o‘xshagan o‘simliklarlardan olingan asal tarkibida biologik aktiv temir moddasi mavjud bo‘lib, uni iste’mol qilganda qondagi temir moddasini ko‘paytiradi. asal dunyosi Asal tarkibidagi mikroelementlar qon plazmasidagi elementlarga mos keladi va shuning uchun asal barcha organlarni tozalovchi suyuklik (kapelnitsa) sifatida qaraladi. Asal inson organizmiga bebaho energiya beruvchi ne’mat hisoblanadi. Asalni iste’mol qilish insonni yengil harakatlanishga, yoshartirishga, uzoq umr ko‘rishga yordam beradi. Asalni kasallikni davolash uchun emas balki kasal bo‘lmaslik uchun ham iste’mol kilish kerak.
ico
Asal - tabiat durdonasi
Asalni xalq tabobati tavsiya etadigan shifobaxsh ne’matlarning podshohi deyish mumkin. Asal, bol faqat shirinlik bo‘lib qolmay, eng avvalo shifo hamdir. Qur’oni karimdagi Naml (asalari) surasi uning naqadar foydali va ardoqli narsa ekanini ko‘rsatib qo‘ygan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Asal iste’mol qilinglar, u ko‘p kasalliklarga shifodir», deganlar. Asal Yaratganning chinakam mo‘’jizaviy ne’mati, bandalar salomatligini asrash va yaxshilashdagi ulug‘ mehribonligi belgisidir. O‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: ongsiz, aqlsiz bir hasharotga tinimsiz uchib-ishlab, asal yig‘ishni amr qilib qo‘ygan Zot bundan faqat insonlarning sog‘lom va bardam bo‘lishlarini iroda etmaganmi? Asalari bir kilo asal to‘plash uchun uyasidan 120-150 ming marta uchib chiqishi, to‘rt yuz ming chaqirim masofani uchib o‘tishi kerak. Bu, Er kurrasini belidan o‘n marta aylanib o‘tishga teng keladi. Eng qizig‘i, asalari o‘zi yiqqan asalning yuzdan bir qisminigina iste’mol qiladi, qolgani insonlarga tuhfa etiladi. O‘tmishdagi tabiblar asalni bejizga «uzoq umr ko‘rish malhami», «hayot sharbati», deb aytishmagan. Darhaqiqat, uning tarkibida inson organizmiga o‘ta zarur va foydali yuzdan ortiq biologik modda bor. Ayniqsa undagi riboza moddasi faqat tirik organizmlarda uchraydi. Bundan tashqari, unda tana faoliyati uchun muhim glyukoza, oqsil, fruktoza, organik kislotalar, B-1, B-2, B-3, B-6, C, K, E darmondorilari, mikro va makroelementlar bor. Asaldagi ayrim darmondori va shifobaxsh moddalar boshqa hech bir ozuqada uchramaydi. Qadim-qadimdan turli kasalliklarni davolashda, odamlarning bardamligi, sog‘lomligi va baquvvatligini ta’minlashda asalni tavsiya qilishgan, u barcha dori-darmon va malhamlarning asosiy tarkibi hisoblangan. Hadislarda Payg‘ambarimizning qorni og‘rigan odamga asal eyishni tavsiya qilganlari haqida aytilgan. O‘tmishning mashhur yunon faylasufi Pifagorning aytishicha, uning uzoq umr ko‘rishiga muttasil asal iste’mol qilishi asosiy sabablardan bo‘lgan ekan. Yana bir donishmand Demokrit esa bir asrdan ortiq yashagan bo‘lib, u umrboqiylik sirini muntazam asal eyish va badanini moy bilan muolaja qilishda, deb bilgan. Qadimiy Misr, Yunoniston, Bobil, Hindiston va Xitoyda bemorlarni asal yordamida davolash urf bo‘lgan. Tibbiyot fanining otasi, ulug‘ hakim Abu Ali ibn Sino asalning ko‘plab xosiyatlarni keltirib o‘tadi: «Asal mijozni tozalaydi, qonning tomirlarda yurishini ravonlashtiradi, go‘shtni buzilish va sasishdan saqlaydi. Yiringli, chuqur yaralarni tozalab qotiradi. Ko‘z xiraligidan xalos etadi. Bo‘g‘madan qutilishga yordam beradi. Bodomcha bezlari og‘rishining oldini oladi. Asal suvi me’dani kuchli qiladi. Ishtahani ochib, ovqat hazmini yaxshilaydi. Temiratkini asal va achchiqtosh aralashmasi yo‘q qiladi». Ibn Sino ta’biricha, navqironlikni saqlab qolish uchun asal iste’mol qilib turish kerak. Ayniqsa yoshi ulg‘ayib qolganlarga u bebaho shifo va quvvat manbaidir. U shamollash, holsizlik, asab to‘qimalari kasalliklarida yaxshi davo bo‘ladi. Asal bolalar va qariyalarga, tanadagi modda almashinuvi buzilgan kishilarga birday foydalidir. Ayniqsa u ozib ketish, ich qotishi, oshqozon-ichak yaralari kasalliklarini davolashda, miyani ozuqalantirishda asqotadi.Zamonaviy tibbiyotda ham turli kasalliklarni davolashda asaldan keng foydalanilmoqda. Masalan, turli jarohatlar va yaralar, shamollash, yuqori nafas yo‘llari va o‘pka xastaliklari, yurak, jigar, buyrak, asab to‘qimalari, oshqozon-ichak, teri va ko‘z kasalliklari ham asal yordamida muolaja qilinmoqda. Davolash kosmetikasi, radiatsiya tufayli paydo bo‘ladigan nur kasalliklarida ham asal beminnat yordamchidir. Eng qizig‘i, asal olingan joyga qarab ularning turi ma’lum kasalliklarga shifo bo‘lar ekan. Masalan, yuqori nafas yo‘li shamollaganlarga tog‘ asali foyda qiladi. Hazm yo‘llari xastaliklarida esa cho‘l va dalalardan olingan asal shifo bo‘ladi. Yurak xastaliklarida o‘rmon asali ko‘proq naf keltirsa, buyrak xurujida kashtan daraxti gulining asali qo‘llaniladi. Kamqonlikda asalni malina bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi. Asal darmonsizlik va sil kasali tufayli paydo bo‘luvchi kamquvvatlilikda ham yaxshigina yordam beradi. Buning uchun asalni sarxil sabzi sharbatiga qo‘shib kuniga 80-100 grammdan ichib turish tavsiya etiladi. Asalni piyozni qirg‘ichdan o‘tkazilgan to‘lpiga qo‘shib iste’mol qilish tananing umumiy tonusini ko‘tarishga yordam berishi ham tabiblar tajribasida sinovdan o‘tgan.Gripp kasalligining oldini olish va uni davolashda ham asal beminnat davodir. Buning uchun asalni po‘stlog‘idan ajratib qirg‘ichda maydalangan sarimsoq piyoz bilan baravar miqdorda yaxshilab aralashtiriladi va uyqu oldidan bu aralashma bir choy qoshiq miqdorida qaynatilgan suv bilan 3-5 kun davomida ichilsa, kasallik chekinadi. Har qanday shifobaxsh ne’matni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish zarar keltirgani kabi asaldan foydalanishda mo‘’tadillikka e’tibor qaratish lozim. «Asalning ham ozi shirin» degan maqol bejizga to‘qilmagan. Shifokorlar qandli diabet, astma (nafas bo‘g‘ishi), asalga badani sezgirlik ko‘rsatadigan bemorlarga uni tavsiya etishmaydi. Katta yoshdagilar bir kunda 100-150 gramddan, yosh bolalar esa 30-40 grammdan ortiq asal emaganlari ma’qul. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa choyqoshiqdagi asalning uchdan birini berish mumkin, xolos.Asalni ovqatdan bir-bir yarim soat oldin yoki ovqat egandan uch soat o‘tgach iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uni shirchoy, sut yoki shirgurunch bilan egan foydaliroq. Asalni qaynoq suv yoki choyga aralashtirib ichish tavsiya qilinmaydi. Chunki ellik darajadan yuqori issiq suvga solingan asal tarkibidagi foydali minerallar o‘ladi.Tashnalikda asalni issiq yoki sovuq choyga, toza suvga aralashtirib ichilganida ham chanqovni bosadi, ham turli xastaliklarga davo bo‘ladi. Asal sharbati kishini ruhan va jismonan tetik qilishi bilan birga, yurak va miya faoliyatini ancha yaxshilaydi. Nafaqat asal, hatto asalari mumi (propolis) va suti ham bebaho shifo vositasidir. Asalari suti ko‘kyo‘tal, oshqozon yarasi, bod (revmatizm), kamqonlik, bemadorlik va boshqa ko‘pgina kasalliklarni davolashda ishlatiladi.

Asal qiyomi

Xalq tabobatida asalari qiyomi yoki yelimi (propolis) juda ko‘p xastaliklarga beminnat davo sifatida juda qadimdan foydalanib kelingan. Asalari uyasidagi teshikchalarni, kirish-chiqish yo‘llarini berkitishda, uyachalar xonasidagi devorlarni mustahkamlashda ishlatadigan sharbatsimon bu elimning davolash xususiyatlari asosida mikroblarga va shamollashga qarshi kurash, biologik quvvatni oshirish, og‘riq qoldirish kabi xossalar yotadi. Propolis nafas yo‘llari, quloq-tomoq-burun, ovqat hazm qilish yo‘llari xastaliklari, bo‘qoq, uzoq muddat tuzalmayotgan yaralar, bachadon bo‘yni emirilishi (eroziyasi), erkaklik jinsiy bezi kasalligi, immunitet susayishi kabi holatlarda keng qo‘llanilmoqda. Kuygan yoki yaralangan joylarni davolashda asalari elimi eng yaxshi vositadir. Kuyishdan hosil bo‘lgan yaraga yoki surunkali varrikoz yaralariga elimning 15 foizli malhamini uch-to‘rt qatlam dokaga qo‘yib bog‘lash yaxshi samara beradi. Chipqonni davolashda toza elimni kulcha qilib chipqon ustiga qo‘yiladi va ustidan yopishqoq qog‘oz (leykoplastir) bilan mahkamlanadi va to chipqondan yiring chiqa boshlamagunicha olinmaydi. Xuddi shu usulni teri kasalliklarida ham qo‘llash mumkin. Elimning turli foizdagi aralashmalaridan qo‘tir (gribok), teri o‘smasi (rak), o‘smirlar yuzidagi toshmalar, qadoq, so‘gal, surunkali va og‘ir toshmalar (ekzema), soch to‘kilib ketishi (kallik), terining oq kasalligi, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolashda ham samarali foydalanilmoqda. Zamonaviy tibbiyotda va xalq tabobatida asalari mumining turli miqdordagi aralashmalari surunkali tomoq qurishi (faringit), burun yallig‘lanishi (rinit), nafas qisishi (bronx astmasi), ORZ, pnevmoniya, o‘pka va teri sili, qon bosimini pasaytirish va qondagi xolestrin miqdorini kamaytirish, bavosir (gemorroy), oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari, turli yaralarni davolashda ham ishlatilmoqda. Eng ajablanarlisi, juda ko‘p kimyoviy dori-darmonlar boshqa a’zolarda qandaydir asorat qoldirgani holda asalari elimi hech qanday zararli ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki antibiotiklardan farqli o‘laroq, asalari elimi tabiiy modda bo‘lgani uchun unda mikroorganizmlarning moslashuvchanligi hodisasi sodir bo‘lmaydi, elim ularning kuchayib ketishiga, ta’sirini o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaydi. Asalari parvarishi bilan shug‘ullanuvchilarning kasallikka kam chalinishlarining o‘ziyoq asalari chiqargan hamma narsa shifobaxsh ekanini isbotlab turibdi. Masalan, asalari uchun ozuqa omili bo‘lmish o‘simliklarning erkaklik to‘qimalari (gulchanglar) ajoyib biologik kuch-quvvat bag‘ishlovchi, tanani faollashtiruvchi vosita bo‘lib, u ayniqsa qarib-qartaygan tanalarga juda foydalidir. Gulchang keksa kishilarning asab tizimi faoliyatini yaxshilashi ham kashf etilgan. Gulchang juda ko‘p mamlakatlarda kosmetik davolashda ham keng qo‘llanilmoqda. Asalarini chaqtirish yoki uning tibbiyot yo‘li bilan olingan zaharini qo‘llash orqali ham qadim-qadimdan turli kasalliklar muolaja qilib kelingan. Masalan, zaharnga asal qo‘shib, kallik davolangan, soch o‘stirishda ishlatilgan. Rusiya podshohi Ivan Grozniy va Shvetsiya qiroli Karl O‘nikkinchi bu xushbo‘y suyuqlikdan podagra (bo‘g‘in va to‘qimalar kasalligi)ni davolashda foydalanishgan. Hozirgi zamon tibbiyotida ham asalari zahari keng miqyosda qo‘llanilmoqda. Chunki asalari zahari juda kuchli antibiotik modda sanaladi, uning tarkibidagi viropin, apisartron va boshqa shifobaxsh moddalar juda ko‘p kasalliklarni davolash va oldini olishda tengi yo‘q samarali vositadir. Asalari zahari bod (revmatizm), nevrit va nevralgiya kabi asab tizimi xastaliklari, ko‘zning ba’zi kasalliklarini davolash, qon bosimini mo‘’tadillashtirishda samarali ishlatilmoqda. Ammo uni o‘zboshimchalik bilan har kim o‘zicha qo‘llashi, bolalarni davolashda ishlatishi xatarli oqibatlarga olib borishi mumkin.

© "Asal Dunyosi"

ico
Bolalar uchun kaloriyali mahsulotlar
Bolalarning ovqatlanishi ham muhim jarayon bo‘lib, ularning har tomonlama yaxshi o‘sishi, aqliy salohiyati rivojida asosiy o‘rin tutadi. Bu barcha ota-onalar birdek bilishlari zarur bo‘lgan jihatdir. Ularning farzandlari kundalik ovqatlanish taomnomasidan joy olgan mahsulotlar sifati va kaloriyasiga e’tiborli bo‘lishlari ham diqqatga sazovordir. Quyida bolalar taomnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan mahsulotlar haqida tavsiya berib o‘tamiz.

Tvorog

Bola ovqatida qimmatli mahsulot hi­soblanadi. U oqsilga boy bo‘lib, muvozanat ho­lat­dagi alishtirib bo‘lmaydigan aminokislota­lari ko‘p. Tvorogda ayniqsa, metionin mo‘l, u o‘sayotgan organizm uchun juda foydali. Uning oqsili sutnikiga nisbatan oson hazm bo‘ladi. Tvorogda shuningdek, kaltsiy, kaliy va fosfor miqdori ko‘p.

Go‘sht

Shubhasiz, to‘la qimmatli oqsilli mahsulotlar qatoriga kiradi. Go‘sht oqsillari bola organizmi uchun zarur aminokislotalar saqlaydi. Bu mahsulot fosfor, kaliy, natriy, magniy, kaltsiy tuzlariga boy. Bola ovqatida go‘sht konservalaridan foydalanish mumkin. Ayniqsa, ular ovqati uchun tayyorlanadigan maxsus go‘sht konservalari alohida qimmatga ega bo‘ladi.

Qand va qandolatchilik mahsulotlari

Ko‘p quvvat beradigan va ta’m xossalari yuqori bo‘lgan qand — uglevod yaxshi hazm bo‘ladi. Qandni ko‘pgina ovqatlarga qo‘shish ularning singish xususiyatini oshiradi va ta’mini yaxshilaydi. Biroq ortiqcha qand miqdori bola organizmi uchun zarar, chunki ishtahani pasaytiradi.

Asal

Juda qimmatli oziq modda, chunki unda engil hazm bo‘ladigan uglevodlar,
vitaminlar, turli-tuman tuzlar bo‘ladi. Lekin hamma bolalar uni yaxshi ko‘tara olmaydilar, bu mahsulotni tayinlashda shuni hisobga olgan yaxshi. Unutmang, farzandingizning jismonan va ma’nan etuk o‘sishi uning har kunlik iste’mol qiladigan mahsulotlariga ham bog‘liqdir. Bunda sizga yuqoridagi tavsiyalar asqotishi aniq.

«Do‘stlik bayrogi» gazetasi.