Inson salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘yib davolash tibbiyot xodimlari oldida turgan asosiy vazifalardan sanaladi. Xastaliklarni erta aniqlash, insonning to‘laqonli sog‘lom hayot kechirishi maqsadida tibbiyot sohasida barcha imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. Xususan, travmatologiyada amalga oshirilayotgan qator yangiliklar bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashga qaratilgan. Ayniqsa, suyak yemirilishi yoki bo‘g‘imlar artrozini davolashda yangicha usullarni qo‘llash borasida chuqur izlanishlar olib borilmoqda. Mazkur mavzu yuzasidan kengroq ma’lumot olish uchun oliy toifali shifokor, travmatolog Odil Valiyev bilan "Sog‘lom avlod uchun" jurnalining jurnalisti Valida Abdug‘affor qizi suhbatlashdi. Ushbu suhbat bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Artroz kasalligi qanday kasallik?
– Artroz kasalligi qanday kasallik? Uni keltirib chiqaruvchi omillar haqida ma’lumot bersangiz. – Artroz bo‘g‘imning distrofik surunkali kasalligi bo‘lib, moddalar almashinuvi va ichki sekretsiya bezlari faoliyatining buzilishi, bo‘g‘imlarning shikastlanishi, shamollash, intoksikatsiya, yuqumli kasalliklar oqibatida kelib chiqadi. Artrozda yirik tizza, chanoq-son, boldir-tovon, bilak hamda mayda bo‘g‘imlar, xususan, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari (spondiloartroz) zararlanadi. Bunda bo‘g‘imlar biroz shishadi, bosib ko‘rilganda og‘riydi, bukish, yozish chog‘ida qirsillagan tovush eshitiladi. Bu holat 40-60 yoshli insonlar orasida ko‘proq uchraydi.Bo‘g‘imlarda uchraydigan kasalliklar
– Bo‘g‘imlar tuzilishi va unda uchraydigan kasalliklar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. – Suyaklarning harakatchan birikishini ta’minlovchi yuza oralig‘ida bo‘shliq mavjud. Ko‘pincha oyoq qo‘lning naysimon suyaklari bo‘g‘im sohasida yo‘g‘onlashib, boshqa suyakning qarama-qarshi yuzasida esa botiqchalar va maydonchalar hosil qiladi. Suyaklarning bo‘g‘im yuzalari bo‘g‘im paylari bilan qoplangan bo‘lib, ular harakat vaqtida sodir bo‘ladigan zarblarni kamaytiradi, bo‘g‘imning erkin va elastik harakat qilishiga imkon beradi. Bo‘g‘im hosil qilishda ishtirok etadigan suyaklarning uchlari biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan bo‘lib, bo‘g‘im xaltasi, ichki tomondan esa sinovial parda bilan o‘ralgan. Bu parda paylar yuzasini namlab turuvchi va ular harakatini yengillashtiruvchi suyuqlik ishlab chiqaradi, aks holda harakat chog‘ida bo‘g‘im hosil qilgan suyaklarning yuzalari o‘zaro ishqalanib og‘riq paydo qiladi va harakat cheklanadi. Bo‘g‘im yuzalarining shakliga qarab sharsimon (ko‘p o‘qli), g‘altaksimon (bir o‘qli), tuxumsimon (ikki o‘qli) bo‘g‘imlarga bo‘linadi. Ba’zi suyaklar o‘zaro bo‘g‘im yordamisiz, biriktiruvchi to‘qimalar, boylamlar va paylar yordamida birikadi. Bo‘g‘imlar harakati odamning tik yurishi, bukilishi, ishlashi kabi holatlarini ta’minlaydi. Sovuq havo, kasallik, shikastlanishlar, moddalar almashinuvining buzilishi bo‘g‘imlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Muntazam badantarbiya bilan shug‘ullanish ularni mustahkamlaydi. Bo‘g‘im kasalliklari orasida uning shikastlanishi (suyak chiqishi), artroz (tug‘ma yoki moddalar almashinuvining izdan chiqishi tufayli yallig‘lanish), artrit kabi xastaliklar uchrab turadi.Suyak yemirilishi sabablari
– Suyak yemirilishiga olib keluvchi sabablar nimada? – Keksalik, xotin-qizlarda tuxumdonlarning olib tashlanishi, qiz bola balog‘atga yetsa-da, organizmdagi ba’zi gormonal o‘zgarishlar tufayli kuzatiladigan amenoreya (hayz kelmasligi), uzoq vaqt gormonal dori vositalarini qabul qilish, shuningdek, chekish, spirtli ichimliklar ichish kabilarni ko‘rsatish mumkin. Shu bilan birga, kalsiyga boy mahsulotlarni kam, oqsil va fosfatlarga boy bo‘lganlarini esa ko‘p iste’mol qilish, qahvani me’yoridan ortiq ichish, organizmda D vitaminining yetishmasligi, uzoq vaqt kuzatilgan harakatsizlik, bo‘g‘imlarda qon aylanishining buzilishi, bo‘g‘imlardagi tug‘ma nuqsonlar, ayollarda klimaks davrida estrogen garmonlarning yetishmasligi, jarohat, suyak sinishlari, turli xildagi yuqumli kasalliklar ham suyak yemirilishiga olib keladi.Kasallik profilaktikasi
– Xastalikning oldini olish uchun qanday choralar ko‘riladi? – Avvalo, ota-onalar farzandlarining bolaligidan boshlab tarkibi kalsiyga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilishini nazorat qilishlari lozim. Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish, quyoshda yetarlicha toblanish, yuqori xavf omillarini kamaytirish, ya’ni spirtli ichimliklar, qahvani kam iste’mol qilish, chekish, och qolishdan saqlanish, homiladorlik davrida kalsiyga boy mahsulotlarni iste’mol qilish shart. Chekish ichaklarda kalsiy so‘rilishini, estrogen ishlab chiqarilishi va suyak og‘irligini kamaytiradi. Qahva va osh tuzini ko‘p iste’mol qilish kalsiyning peshob orqali chiqarib yuborilishini kuchaytiradi.Bo‘g‘im va suyaklar mo‘rt bo‘lmasligi uchun
– Bo‘g‘im va suyaklar mo‘rt bo‘lmasligi uchun qanday mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi? – Keksa kishilarning kalsiyga bo‘lgan bir kecha-kunduzlik ehtiyoji 1500 mg. Bu ehtiyoj kalsiyga boy bo‘lgan – sut va sut mahsulotlari (pishloq, yogurt, tvorog), baliq, jigar, sabzavotlar (karam, soya, no‘xat, mosh, sholg‘om), quruq va ho‘l mevalar (turshak, anjir, olma) va yong‘oq, kunjut, bodom, yeryong‘oq bilan qondirilishi mumkin. Shuningdek, keksa yoshdagilar ovqat ratsionida qizil go‘sht (yosh qoramol, buzoq go‘shti) miqdorini ham cheklashi lozim. Baliq va jigarda esa D vitamini ko‘p bo‘lib, kalsiy va fosfor ichakda yaxshi so‘riladi. Oksalat saqlovchi (ko‘katlar, choy, shokolad) va ko‘p miqdordagi o‘simlik kletchatkasi (ildizli mevalar, poliz mahsulotlari) kalsiyning so‘rilishini kamaytiradi. Iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida kalsiyning yetishmasligi, uning ichakda so‘rilishining kamayishi, bemorlarning quyoshda yetarli darajada sayr etmasliklari ham osteoporozga sabab bo‘lishi mumkin. Kalsiy dori vositalari bemorlarning sut va sut mahsulotlarini kam iste’mol qilganlarida va ularni hazm qila olmaganlarida tavsiya etiladi. Suyak yemirilishini dori vositalari bilan davolashda preparatlarning turi va ularni berish davomiyligi, shuningdek, kasallikning turi va ifodalanish darajasi, keksa kishilar yoshi va jinsi, ulardagi mavjud surunkali kasalliklar, oldingi suyak sinishlarini inobatga olgan holatda belgilanadi.Artrozlarni davolash
– Davolanishdan so‘ng bemor yana odatiy hayot tarziga qayta oladimi? – Og‘ir turdagi suyak yemirilishi, ya’ni artrozlarning 3-4-darajalari operativ yo‘l bilan davolanadi. Bulardan biri sun’iy bo‘g‘im – endoprotez qo‘yish jarrohlik amaliyoti bajarilgandan so‘ng bemorlar yana odatiy turmush tarziga qaytishlari mumkin.© Odil Valiyev, travmatolog. Valida Abdug‘affor qizi, jurnalist. "Sog‘lom avlod uchun" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Oʻsmirlik davri. Boladagi jismoniy va ruhiy oʻzgarishlar