Barcha suyak bo‘g‘imlarining harakatchanligi va qayishqoqligi - katta yoshda va keksayganda o‘smirlarcha yengil va epchil harakatlanishning zarur sharti hisoblanadi. «Aytishga oson, ammo bajarish qiyin», - deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak, ha siz haqsiz. Hatto yengil qarsillash ham keksayish boshlanganidan va bo‘g‘im kemirchagining noziklashganidan dalolat berishi mumkin. Shu bois xalqimizdagi hikmatli iborani sal boshqacharoq qilib, ya’ni «Suyak bo‘g‘imlaringni yoshlikdan asra» deyishimiz mumkin, chunki suyak bo‘g‘imlaridagi o‘zgarishlarning dastlabki bosqichida profilaktika choralarini ko‘rish va davolash, suyaklarning yemirilish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtiradi. Xo‘sh, suyak bo‘g‘imlarining shikastlanishiga asosan nimalar sabab bo‘ladi? Infeksiya (yallig‘lanish) - mahalliy yoki umumiy yallig‘lanish, bunda suyak bo‘g‘imlarining shikastlanishiga organizmdagi har qanday infeksiya o‘chog‘i sababchi bo‘lishi mumkin. Infeksiya qon va limfa orqali suyak bo‘g‘imlariga tarqalishi va undagi sinovial suyuqlikda o‘tirib qolishi mumkin. Bu holatda bo‘g‘imlarining shikastlanishi eng og‘ir hisoblanadi, u bo‘g‘imlardagi jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi. Bunday sabablar infeksion artrit, revmatoid artrit va ikkilamchi artrozni keltirib chiqaradi. Jarohatlar - bo‘g‘imlarning yopiq shikastlanishi - lat yegan joylar, cho‘zilishlar va kapsulali-bog‘lovchi apparatdagi uzilishlar, bo‘g‘im ichidagi hosilalarning shikastlanishi, bo‘g‘im ichidagi sinishlar artrit rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Irsiyat (tug‘ma o‘zgarishlar). Bo‘g‘im displaziyasi (grekchadan «dys» - buzilish va «plaseo» - hosil qilaman) bilan tug‘ilgan kishilar bo‘g‘im biomexanikasining yomon faoliyati tufayli artrit (osteoartrit) rivojlanishi mumkin bo‘lgan guruhga kiradilar. Ba’zi odamlarga kemirchak hosil qilishga javobgar genlardan biridagi nuqson nasl orqali o‘tadi. Bu nuqsonli kemirchak hosil bo‘lishiga olib keladi, b esa, o‘z navbatida, bo‘g‘imning tez yemirilishini hamda uning oqibatida artrozni keltirib chiqaradi. Moddalar almashinuvining buzilishi. Semizlik oyoq bo‘g‘imlariga va umurtqaga tushadigan yuklamani oshiradi, metabolik buzilishlarning (organizmdagi moddalar almashinuvidagi) umumiy ta’siri esa butun tayanch-harakat apparatining faoliyatiga bo‘lgan yuklamani ko‘paytiradi. Ortiqcha vazn kemirchak hujayralarida patologik o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi, buning natijasida kemirchak to‘qimasi o‘z elastikligini yo‘qotadi va unda yoriqlar paydo bo‘ladi - bu tizza va tos-son bo‘g‘imlarining artrozi rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Moddalar almashinuvidagi buzilishlar bo‘g‘imlarning zirqirab og‘rishi (podagra), koksartroz (tos-son bo‘g‘imlarining osteoartrozi) va gonartroz (tizza bo‘g‘imlarining osteoartrozi) kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Sovuq qotish - past harorat ta’siri natijasida organizm faoliyatining buzilishi. Sovuq qotish nafaqat juda past haroratda yuz berishi mumkin, balki ob-havo namligi yuqori bo‘ladigan mo‘’tadil haroratda ham sodir bo‘ladi. Shuningdek jismoniy toliqishda, och qolganda, alkogoldan mast bo‘lganda organizmning sovuq qotishga chidamliligi pasayadi. Natijada turli artritlar rivojlanadi. Gipokineziya (grekchadan «hypo» - past + «kinesis» - harakat) - hayot tarzi, professional faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlari yoki bemorlik paytida yotish rejimi bilan shartlangan harakatlar sonining va xarakterining cheklanganligi bo‘g‘imlardagi patologik jarayonlarning rivojlanishida katta rol o‘ynaydi va tayanch-harakat apparatidagi buzilishlarning sezilarli omillaridan biri hisoblanadi. Ba’zi holatlarda tibbiy texnologiyalarning rivojlanishi sog‘liq bilan muammolar paydo bo‘lishini butunlay bartaraf etish imkonini beradi. Ammo bo‘g‘im xastaliklarida bunday holatlarga umid bog‘lamaslik kerak - bunday xastalik kundalik e’tiborni talab etadi. Har narsaga shubha bilan qaraydigan odamlar esa, keksayish jarayonini davolash befoyda deb hisoblaydilar. Biroq jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, profilaktika va davolash ishlari qancha erta boshlansa, bo‘g‘imlarning harakatchanligini saqlab qolish imkoniyati shuncha katta bo‘ladi. Profilaktika chorasi sifatida mutaxassislar to‘g‘ri ovqatlanishni va shunga mos ravishda harakat rejimini tavsiya qilishadi - bu ortiqcha vaznni kamaytiradi. Ovqatlanishda juda oddiy mahsulotlarga e’tibor berish, ya’ni hayvon yog‘i iste’molini kamaytirish, yog‘li go‘shtni yog‘siziga yoki yaxshisi, baliq yoki parranda go‘shtiga almashtirish, qand, un mahsulotlari bo‘lgan uglevodlarni hamda tuzni kamaytirish kerak bo‘ladi. Va, albatta, kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan oddiy va barchaga ma’lum qoidalarga amal qilish lozim:
  •  yuk ko‘targanda, og‘irlikni ikkala qo‘lga taqsimlash kerak, yaxshisi ryukzakdan foydalangan ma’qul;
  • oyoqlarni chalishtirib o‘tirish zararli, yaxshisi orqangizni stul suyanchig‘iga berib, oyoqlarni cho‘zgan holda ustma-ust qo‘ysangiz bo‘ladi;
  • ishda o‘tirganingizda son, boldir va dumba mushaklarini navbatma-navbat taranglashtirish va bo‘shashtirish zarur;
  • uy ishlarini bajarganda tutqichi qulay oshxona idishlaridan, tizzada o‘tirish zarur bo‘lganida yumshoq yostiqchalardan va polni yuvish uchun shvabradan foydalanish kerak;
  • o‘tiradigan stulingizning tirsakqo‘ygichlari qo‘lga suyangan holda turish oson bo‘lishi uchun tizza bo‘g‘imidan sal balandroqda joylashishi lozim;
  • poyabzalingiz qulay, iloji boricha tabiiy materiallardan tikilgan, 3 5 sm keladigan turg‘un va keng poshnali bo‘lgani maq’ul.
Hamma, ayniqsa kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lgan kishilar o‘z suyak bo‘g‘imlarining holatini nazorat qilib borishlari, bo‘g‘imlardagi qon aylanishini yaxshilashga, bo‘g‘im atrofida yaxshi mushak korsetining shakllanishiga hamda harakatchanlikni saqlab qolishga yordam beradigan maxsus mashqlarni bajarishlari zarur. Bundan tashqari, kasalliklarning boshlang‘ich bosqichida kemirchakka ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan, uning tuzilishini yaxshilaydigan va yoshligini uzaytiradigan preparatlardan foydalanish lozim. Ularga tarkibida xondroitin (boshqacha qilib aytganda, xondroprotektorlar), glyukozamin, seladrin va metilsulfonilmetan moddalari mavjud mahsulotlar kiradi. Buning ustiga mazkur preparatlar bo‘g‘imlardagi og‘riqni oladi yoki uni kamaytiradi. Shuningdek, bo‘g‘imlarning harakatchanligi uchun kurashda kemirchakning o‘zi va bo‘g‘imlar atrofidagi to‘qimalarning mikrotsirkulyatsiyasi va oziqlanishini yaxshilashga yordam beradigan usullar ham o‘zining samaradorligini isbotlagan. Ularga dori-darmonlar bilan davolash (tomirlar uchun preparatlar, venotoniklar, antioksidantlar) ham, dori-darmonsiz (fizioterapiya, manual texnika, suv bilan davolash, balchiq bilan davolash, serovodorodli va radonli vannalar) davolash usullari ham kiradi. Kasallangan bo‘g‘imga tushadigan yukni kamaytiruvchi ortopedik korreksiya (patak-supinatorlar, maxsus ortopedik poyabzal va hokazo) ham katta ahamiyatga ega. Aytganday, olimlar artritning dastlabki alomatlari paydo bo‘lishidan ancha oldin uni oddiy qon tahlili yordamida aniqlashni o‘rganishganini bilasizmi? Unga ko‘ra artritning birinchi belgilari paydo bo‘lishidan bir necha yil oldin bemorning qonida sitokinlar guruhiga kiruvchi muayyan oqsil moddalar darajasi oshar ekan. Ushbu moddalar immun tizimidagi hujayralar tomonidan ishlab chiqilishi ma’lum bo‘ldi. Bo‘g‘imlarni harakatchan holatda uzoq vaqt ushlab turish imkoniyati bunday kasalliklar profilaktikasi va davolanishiga kompleks yondashuvga tayanadi. Mutaxassislar muntazam ravishda (bir yilda kamida ikki marta) shifokor ko‘rigidan o‘tishni tavsiya etishadi, bu boshlang‘ich bosqichlardagi o‘zgarishlarni aniqlash, kemirchak to‘qimasi iloji boricha uzoqroq muddat regeneratsiya qila olishi uchun uni davolovchi badantarbiya va oziqlantiruvchi moddalar bilan rag‘batlantirish imkonini beradi. [highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: [/highlight]