Tarixiy manbalarda keltirilishicha,miloddan taxminan ikki ming yil muqaddam Misrda yoysimon bronza ustaralar ishlatila boshlangan. Insoniyat tarixida temirdan yasalgan ustara esa ilk bor Rim imperiyasida paydo bo‘ldi, o‘sha ustaralar hozirgilariga juda o‘xshagan ekan. Mashhur sarkarda Iskandar Zulqarnayn jangga kirishdan oldin barcha askarlariga soqol olishni buyurgan, chunki dushman askarning soqolidan ushlab, urishishi mumkin edi-da.
Vaqt o‘tgani sayin soqol olish vositalariyu qoidalari takomillashib bordi. Zamonamiz erkaklari soqol qirtishlashda deyarli hech qanday muammoga duch kelishmaydi, faqat bu jarayonda o‘ziga xos gigiyena qoidalarini unutishmasa bo‘lgani.
Soqol kuniga o‘rtacha 0,5 mm o‘sadi. Bu soqolga ikki yil davomida tig‘ tegizilmasa, uzunligi 30 santimetrga yetishi mumkin degani. Ammo zamonamiz erkaklari bunga aslo rozi bo‘lmasliklari aniq. Axir soqol olish uchun bor-yo‘g‘i 10 daqiqa vaqt ketadi, xolos. Biroq toma-toma ko‘l bo‘lur deganlaridek, erkak kishi umri bo‘yi 4-5 oy vaqtini aynan soqol olishga sarflar ekan.
Soqol olish vositalarining arzoniga ucha ko‘rmang, aks holda o‘z teringiz zarar ko‘radi. Soqol cho‘tkaning sifatlisini tanlang (bo‘rsiq junidan tayyorlangani eng yaxshi hisoblanadi). Lezviya doim o‘tkir bo‘lsin, sal o‘tmaslashganini sezdingizmi, yangisiga almashtiring.
Elektr ustara ishlatishga ahd qilsangiz, texnikaning mazkur yutug‘ini sotib olishda diqqatliroq bo‘ling. Elektr ustaraning bitta tig‘i aylanib, ikkinchisi esa uzunasiga soqol olsa, ko‘ngilni to‘q qilish mumkin. An’anaviy ustaradan foydalanuvchilar esa lezviya po‘latining sifatiga e’tibor berishlari lozim.
Soqol olishdan avval terini yumshatish uchun iliq suv bilan yuving. Xuddi shunday suvda soqol cho‘tkani ham namlang va yuzingizga krem (yoki iliq suvda yuvilgan sovun ko‘pigi) surting. Quyuq ko‘pik paydo bo‘lsin. Keyin ustarani ham iliq suvga botirib oling. Ustarani bo‘yindan boshlab, ehtiyotkorlik bilan, avval tuk o‘sgan tarafga qarab, keyin esa teskarisiga yurgizing. Soqol ko‘p o‘sgan joylarga ustarani qattiqroq bosib, terini shila ko‘rmang, yaxshisi, ustarani ko‘proq yurgizing. Axir teri nozik a’zo, ketmon chopiladigan tomorqa emas. Agar terida husnbuzar yoki shilingan joylar bo‘lsa, yanada diqqatliroq bo‘lishga to‘g‘ri keladi, ularga soqol olishdan avval odekolon surtgan ma’qul.
Soqolni olib bo‘lgach, yuzingizni yuving, arting va maxsus krem surting. Agar teringiz quruq bo‘lsa, spirtga boy kremdan foydalanmaganingiz ma’qul. Buning o‘rniga loson yoki quruq teri uchun alohida krem ishlatsa bo‘ladi.
Elektr ustara bilan soqol olishdan oldin yuzga yaxshilab krem surtish kerak, shunda tuklar qattiq bo‘ladi va ustaraning qirishi osonlashadi. Aytaylik, uzoq muddat oddiy ustaradan foydalanib, keyin elektr ustaraga o‘tgan bo‘lsangiz, bu sizga bir muncha qiyin, natija u qadar yaxshi chiqmayotgandek tuyilishi mumkin. Lekin xulosa chiqarishga shoshilmang, teri soqol olishning yangi usuliga o‘rganishi kerak.
Qanaqa ustaradan foydalanmang, soqol olib bo‘lgach, yuzingizni albatta loson bilan arting. Ba’zan soqol olgandan so‘ng teri kesilsa yoki shilinsa, 3 foizli vodorod peroksidi yoki yod surtish maqsadga muvofiq.
Hech qachon birovning soqol oladigan uskunalaridan foydalana ko‘rmang, birorta teri kasalligini yuqtirib olishingiz mumkin.
Tib.uz nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )