«Qizimga skolioz tashxisini qo‘yishdi… Kelajakda homilador bo‘la oladimi?» — 17 yoshli qizimga shifokorlar skolioz tashxisini qo‘yishgan. Oxirgi 5-6 yil ichida tinmay davolatdik: massaj, gimnastika, parafin muolajalari… Suzish va raqs mashg‘ulotlariga ham qatnadi. Raqs maktabidagi mashg‘ulotlardan so‘ng ahvoli ancha yaxshilangandi. Biroq hozir yana avvalgi holatga qaytganday. Eshitishimcha, skoliozni uzoq muddat davolash kerak ekan. Qizimning yoshi esa katta bo‘layapti, xavotirdaman... Umurtqa pog‘onasining qiyshayishi Bunga normal umurtqa pog‘onasi shaklining o‘zgarishi sabab bo‘ladi. Bunda 3 xil ko‘rinishi mavjud bo‘lib, skolioz (yonga), lordoz (oldiga) va kifoz (orqaga) qiyshayishi bilan farqlanadi. Skoliozda umurtqa pog‘onasining chap yoki o‘ngga qiyshayishi kuzatiladi. Skolioz turlari
  • Idiopatik skolioz (kasallikning noaniq ko‘rinishi);
  • tug‘ma skolioz (rivojlanish jarayonida yuzaga keladigan holatlar asosida);
  • bolalikdagi raxit kasalligining asorati natijasida.
Kelib chiqish sabablari
  • Mushaklar va asab tizimi kasalliklari;
  • bolaning kichikligida suyaklardagi raxit xastaligi;
  • umurtqa pog‘onasining rivojlanish jarayonidagi tug‘ma nuqsonlar;
  • mushaklarning bo‘shligi, gavdani noto‘g‘ri tutish;
  • jismoniy rivojlanishning sustligi va organizmga kerakli moddalar yetishmasligi;
  • orttirilgan turli jarohatlar.
Xavfli darajasi qanday? Kasallik asosan bola 3-4 yasharligida aniqlanadi. Bunda bemorning shikoyatiga ko‘ra kasallik belgilari va turi tekshiriladi. Skolioz 4 darajada bo‘lib, 1-2-darajalari vaqtida aniqlansa, samarali davolash mumkin. Biroq 3 va 4-daraja turlari jiddiy guruh sanalib, davolash uzoq davom ettiriladi. Ammo bu darajalarni ham davolasa bo‘ladi. Faqat muolaja davomiyligi qat’iy nazoratni talab qiladi. Kasallikni aniqlash... Shifokorlar kasallikni aniqlash eng avvalo ota-ona zimmasida bo‘lishini ko‘p bora ta’kidlashadi. Zotan, boladagi jismoniy o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq oiladagilar payqashlari mumkin. Bordiyu bolaning tana tuzilishida biror o‘zgarish sezsangiz, albatta shifokorga murojaat eting. Bolaning tana tuzilishi, oyoq-qo‘llarining teng va uzun-kaltaligi, bo‘g‘imlar sonining bir xilligi, harakatlanishi, qadam bosishdagi holatlarga bee’tibor bo‘lish yaramaydi. Tekshiruvlar Agar farzandingizning umurtqa pog‘onasiga doir shikoyatlar bo‘lsa, avval shifokor tomonidan uning umumiy holati o‘rganiladi. Shundan kelib chiqib, keyingi tekshiruv turlari belgilanishi mumkin. Skolioz kasalligini aniqlashda shifokor bola umurtqa pog‘onasining tekisligini tekshiradi. Undan so‘ng rentgen va kompyuter tomografiyasi uchun yo‘lanma berilishi mumkin. Skolioz 17 ta umurtqa orasida yuzaga keladigan patologiyadir. Rentgen tekshiruvi esa bu o‘zgarishning darajasini aniqlashda yordam beradi. Mazkur tekshiruvlardan so‘nggina shifokor kerakli muolaja turini belgilaydi.skolioz Muolaja Kasallikning kelib chiqish holati va darajasiga ko‘ra bir necha muolaja bosqichlari o‘tkaziladi. Bunda aosisy e’tibor davolashning to‘liq va tartibli bo‘lishiga qaratilishi kerak.
  • Dori preparatlari (organizm uchun kerakli bo‘lgan kalsiy, suyak mustahkamligini ta’minlovchi moddalar);
  • fizioterapiya (massaj, davolash gimnastikasi, suzish, raqs...);
  • umurtqa pog‘onasini tortish (qo‘ltiq tagiga maxsus tasma o‘tkazilib, umurtqa pog‘onasi tortiladi);
  • jarrohlik muolajalari (odatda operatsiya 3-4-darajada o‘tkazilib, umurtqa suyaklari orasiga maxsus disk qo‘yiladi);
agar kasallikning kelib chiqish sabablari boshqa xastaliklarga bog‘liqligi taxmin qilinsa, qo‘shimcha tarzda qon tahlili, peshob suyuqligi va organizmdagi moddalar almashinuvi kabi holatlar ham tekshiriladi. Skoliozga chalinganlar homilador bo‘lishi mumkinmi?skolioz va homiladorlik Albatta mumkin. Faqat bunda skoliozning darajasini inobatga olish zarur. Ushbu kasallik tashxisi qo‘yilagn ayollar bemalol homilador bo‘lishlari va tug‘ruq holatini boshdan kechirishlari mumkin. Mazkur holat ginekolog va ortoped-travmatolog nazoratida amalga oshiriladi. Agar homiladorlikning so‘nggi oylarida biror o‘zgarish kuzatilsa yoki kasallik darajasiga ko‘ra ayolning salomatligida xavf paydo bo‘lsa, tug‘ruqni muddatidan ilgari amalga oshirish (kesarcha kesish) yo‘li bilan bajarish mumkin. [box type="info" align="aligncenter" ]Bu muhim! Bolalarda skolioz qancha erta aniqlansa, davolash ham shuncha samarali bo‘ladi. Chunki bola ulg‘aygani sari umurtqa pog‘onasidagi suyaklar ham qattiqlashib, davolash qiyinlashadi. Kichikligida esa hali suyaklar mo‘rt bo‘lgani bois uni to‘g‘rilash mumkin.[/box] E’tibor bering!
  • Bolaning bir yelkasi ikkinchisidan balandroq bo‘lsa;
  • yelka kuragining ko‘rinishi turlicha bo‘lsa;
  • oldinga engashganda umurtqa suyaklarining qiyshiqligi ko‘rinsa;
  • bir oyog‘ining uzunligi ikkinchisidan farqlansa;
  • harakatlanishda oqsash, bir yonga engashish kabi holatlar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting.
Shuningdek… Muolaja davomida taomnomaga ham ahamiyat qarating. Bunda uglevod, oqsil va mineral moddalarga boy mahsulotlar foydali. Kalsiy, zarur vitaminlarni ham unutmang. Ortiqcha vazn ham kasallik uchun mumkin bo‘lmagan holatdir. Maxsus ortopedik matras, bo‘y o‘lchamiga mos o‘rindiq va stollar, tekis yostiqdan foydalanish ham umurtqa pog‘onasi uchun foydadan xoli emas. Qizlar uchun juda baland poshnali poyafzallar tavsiya etilmaydi. Ular umurtqa pog‘onasi suyaklarining bukchayishi va qiyshayishiga zamin yaratadi. Maktab yoshidagi bolalarga iloji boricha ortopedik massaj geli o‘rnatilgan ryukzak xarid qilish kerak. Skoliozning oldini olish uchun ortopedik mashqlar
  • Oyoq uchida turib, ikkala qo‘l yuqori ko‘tariladi. Barmoqlarni bir-biriga tekkizib, tana bilan birga aylanish lozim.
  • Oyoqni yelka kengligiga moslab, qo‘llar ikki yonga tushiriladi. So‘ng bir qo‘lni gavda bo‘ylab yelka tomon ko‘taring-da, tanani qarama-qarshi tomonga engashtiring. Ikkinchi qo‘lni oyoq bo‘ylab pastga tushirib, shu zaylda ikkinchi tomonga engashing.
  • Yuztuban yotib, ikki qo‘lni qanot qilib yozing-da, orqaga engashing.
  • Cho‘kka tushib, qo‘lga tiraling, bir qo‘lni ko‘tarib, unga qarama-qarshi tomondagi oyoqni orqaga cho‘zing. Keyin asta dastlabki holatga qayting. Oyoq-qo‘l holatini galma-gal o‘zgartirib, mashqni bir necha marta takrorlang.
  • Dam o‘ng, dam chap qo‘lni cho‘zib, oyoqni galma-gal uzaytirib emaklang.
  • Yuzni umurtqa pog‘onasining qiyshaygan tarafiga qaratib, qiya o‘rindiqqa o‘tirib, bir qo‘lni belga, ikkinchisi ensaga qo‘ying. Mazkur mashqni 2-3 marta takrorlang. Mashqlarning davomiyligi muolaja uchun juda muhimdir.

Pirimqul NAZIROV, tibbiyot fanlari nomzodi, professor Dildora YUSUFBЕKOVA, nashrga tayyorlovchi. "Sug‘diyona" gazetasi.

Mavzuga aloqador maqola: Skolioz (Mutaxassis bilan suhabat)