3.6
(16)

Buyrak sili- sil tayoqchasi qo‘zg‘atadigan siydik tizimining infeksion kasalligi.

Jarayon hajmi va bosqichiga qarab, turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Keyingi yillarda dunyoda siydik ajratish va jinsiy a’zolar sili tobora ko‘paymoqda. Ko‘pchilik davlatlarda silning bu shakli 50 foizdan ko‘pni tashkil etadi. Kasallik 50-80 foiz bemorlarda sil jarayonining kech va tarqalgan bosqichlarida aniqlanmoqda. Shuning uchun umumiy davolash muassasalarida turli tashxislar bilan olib tashlangan buyrakni gistologik tekshirilganda 9-14 foiz hollarda sil aniqlanmoqda.

Siydik tizimi a’zolari orasida sildan asosan buyraklar, kamroq siydik naylari va qovuq zararlanadi. Ko‘pincha katta yoshdagilar va ayollar xastalanadi.

Buyrak sili ikkilamchi jarayon bo‘lib, ko‘pincha, kasallikning birlamchi namoyishidan bir necha yildan so‘ng rivojlanadi. Birlamchi zararlanish davrida sil mikobakteriyalari gemotogen yo‘l bilan tarqalib, buyraklarning po‘stloq qismiga o‘rnashadi. Kasallikning keyingi bosqichlari rivojlanishi mahalliy omillarga bog‘liq. Spetsefik jarayon biror sababga ko‘ra, qaysi buyrakning urodinamikasi buzilgan bo‘lsa, shu buyrakda rivojlanadi. Nefroptoz, piyelonefrit, tug‘ma nuqsonlar, ginekologik kasalliklar, homiladorlik va hokazolar shunday sabablardan hisoblanadi. Ikkinchi buyrakda jarayon latent kechadi yoki so‘rilib ketishi mumkin.

qovuq sili

Burakdagi o‘ziga xos jarayon biror sababga ko‘ra, qaysi buyrakning urodinamikasi buzilgan bo‘lsa, shu buyrakda rivojlanadi. Nefroptoz, piyelonefrit, tug‘ma nuqsonlar, ginekologik kasalliklar, homiladorlik va hokazolar shunday sabablardan hisoblanadi. Ikkinchi buyrakda jarayon latent kechada yoki so‘rilib ketishi mumkin.

Buyrakdagi o‘ziga xos jarayon, po‘stloq qismida granulemalarning paydo bo‘lishidir.

Buyrak infilptrativ sili kasalligi avj olganda jarayon buyrakning mag‘iz va so‘rg‘ich qismiga tarqalib-sil papilliti rivojlanadi.

Bunda so‘rg‘ichlarda yaralar paydo bo‘lib, keyinchalik buyrak to‘qimasi yemiriladi va buyrak jomchasiga ochilgan bo‘shliq paydo bo‘ladi.

buyrak kavernali sili — kaverna devori 3 qavatli 1-tashqi fibroz, 2-o‘rta granulyatsion va 3-ichki kazeoznekrotik bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Dorivor tog‘rayhon

Kaverna atrofida ko‘plab sil o‘choqlari va yemirilish joylari paydo bo‘ladi. Ularning kattalashib, bir-biriga qo‘shilishi natijasida-buyraklarning polikavernoz sili bo‘lib, kavernalarning yemirilgan devorlarida kazeoz massalar bir-biriga qo‘shilib-sil pionefrozini keltirib chiqaradi. Destruktiv buyrak silining boshqa asoratlariga ikkilamchi bujmaygan buyrak yoki kalpsinatlangan buyrak kiradi.

Buyrak parenximasi yemirilishi va biriktiruvchi to‘qima bilan almashinishi qisman yo butunlay buyrak faoliyatining so‘nishiga olib keladi.

KLINIKASI: ko‘pincha hech qanday shikoyatlarsiz kechadi.

Infilptratli turida tinka modor qurishi, belning simillab og‘rishi, tana harorati vaqti-vaqti bilan ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan kechadi.

Burak sili papillit turida intoksikatsiya belgilari bilan birga, siydik nayiga qon yoki yiring laxtalari tiqilib, belda tutib-tutib og‘riqlar paydo bo‘ladi. Tana harorati febril ko‘tarilishi, sovqotish, doimo simillab og‘rib, vaqti-vaqti bilan kuzatiluvchi buyrak sanchiqlari xuruji bilan namoyon bo‘ladi.

Sil jarayoni siydik yo‘li va qovuqqa tarqalishi tez-tez siyish (pollakuriya) va og‘riqli siyishga (alguriya) olib keladi.

Bemorlarning bir qismida asosiy kasallikning asorati yoki qo‘shimcha kasallik sifatida nospetsefik infeksiya-piyelonefrit, sil kasalligi kechishini o‘zgartiradi va ma’lum darajada tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi.

Ikki tomonlama buyraklar sili yoki yagona buyrak sili asta-sekin surunkali buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Bu asorat siydik trakti silida ko‘p uchraydigan asorati bo‘lib, 60 foizgacha uchraydi. Bundan tashqari, buyrak sili siydik yo‘li infeksiyasi, ikkilamchi toshlar, nefrogen gipertenziya, gidronefroz, amiloidoz kabi asoratlar uchraydi.

DIAGNOSTIKASI umumklinik, endoskopik, bakteriologik, biokimyoviy, rentgenologik, UTT va immunologik usullar ko‘magida amalga oshiriladi.

Anamnez yig‘ishda bemorda sil kasallari bilan kontaktda bo‘lganligi, bemorda avval va hozir boshqa a’zolar sili borligi, qarindoshlarida buyrak kasalligi borligiga jiddiy e’tibor beriladi. Bemorlarda belning simmillab og‘rishi, holsizlik, dizuriya, tana harorati oshishi, gematuriya qayd etiladi.

Umumiy qon tahlilida silga xos o‘zgarishlar topilmaydi. Ba’zan gipoxrom anemiya va ECHT ortishi, leykotsitoz aniqlanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Botulizm: zaharlanishdan ehtiyot bo‘ling

Biokiyoviy tahlilda qoldiq azot, mochevina, kreatinni miqdori ahamiyatlidir.

Buyrak sili tashxisini tasdiqlashda siydik tekshiruvi katta ahamiyatga ega. Siydik reaksiyasining nordon kislotali bo‘lishi silning klassik belgisi hisoblanadi. Bunday kasallarda leykotsituriya, eritrotsituriya, proteinuriyani aniqlash tashxisiga ahamiyat berish zarur.

Sil mikobakteriyasi buyrak silining ishonchli va erta belgisi hisoblanadi. Sil mikobakteriyasini siydikda aniqlash 3 yo‘ldan iborat bakterioskopik, bakteriologik va molekulyar biologik PZR usullardir.

DIAGNOSTIK USULLAR guruhiga sistoskopiya, xromotsistoskopiya, siydik yo‘li kateterizatsiyasi kiradi.

Zamonaviy ftiziourologiyada rentgenologik tekshirish muhim sanaladi. Unga ko‘ra buyrakning shakliga, kattaligiga, holatiga, konturiga, buyrak soyasining qo‘yiqligiga ahamiyat berish kerak. Ekskretor urografiyada ayni bir vaqtning o‘zida kosacha-jomcha tizimi va siydik yo‘lining anatomik tasvirini va ikkala buyrakning funksional holatini va urodinamikasini, kosachadagi destruksiyani, kavernani ko‘rish mumkin.

Komppyuter tomografiyada buyrak infiltrativ silida parenximaning qattiqligi, papillitda so‘rg‘ichning yemirilishi, kavernada noto‘g‘ri shakl va har xil zichlikdagi gipodensiv soyani, pionefrozda buyrak ichidagi yoppa destruksiyani ko‘rish mumkin.

UTT kosacha-jomcha tizimi deformatsiyasi, qattiqlashishi, sklerozi ko‘rsatiladi. Buyrak silining har xil shakllarida buyrak parenximasidagi «Petrifikatlar» aniqlanadi. Ko‘p bemorlarda buyrak parenximasida bo‘shliq kavernalar topiladi.

QOVUQ SILI — buyrak va siydik yo‘llari siliga nisbatan ikkilamchi kasallik. Qovuq shilliq qavati sil infeksiyasiga rezistentligi, qovuqda jarayon ancha kech boshlanishiga sabab bo‘ladi.

Sil mikobakteriyalari bilan zararlangan buyrakdan limfa yo‘llari orqali qo‘zg‘atuvchi qovuq shilliq osti qavatiga tushib, kasallik rivojlanadi. Shu sababli kasallikning ilk davrida qovuq devorining siydik nayi teshiga atrofidan, zararlangan buyrak tarafida boshlanadi. Avvalo sil do‘mboqchalari shaklida boshlanib, vaqt o‘tib yaraga aylanadi. Bu yaraga infeksiyalangan siydik ta’sir etib, u kengaya boshlaydi. Oqibat qovuqning tepa, yon devorlari ham jarohatlanib, o‘rniga biriktiruvchi to‘qima bilan qoplanib, bitib boradi, natijada qovuq hajmi kichrayishi ro‘y beradi. Bu jarayonda avvalo detruzor gipertonusi kuzatiladi (spastik qovuq).

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Brutsellyoz

Keyinchalik detruzor chandiqlanish va sklerozlash jarayoni kuchayishi oqibatida sil mikrotsistisi paydo bo‘ladi. Buning oqibatida ikki taraflamatsistouretral reflyuks bo‘lishi, piyelonefirit va buyrak yetishmovchiligining kuchayishiga olib keladi.

KLINIKASI. Qovuq silida siydik tizimining boshqa a’zolari sili kabi patognomonik simptomlar bo‘lmaydi. Qovuq sili ko‘pincha buyrak va jinsiy a’zolar sili bilan birga rivojlanadi. Bemor umumiy ahvoli uncha o‘zgarmaydi. Kuchli diuriya-polakiuriya va alguriya belgilari yorqin namoyon bo‘ladi. Qovuq sohasida turli darajada og‘riqlar bo‘lishi, dizuriya-pollakuriya tez-tez siyish, aguriya siyganda og‘riqlar bo‘lishi, siydik tutaolmaslik yuz beradi.

Siydik tahlilida gematuriya, piuriya, proteinuriya, mikobakteruriya kuzatiladi.

Sistoskopiyadagi o‘zgarishlar do‘mboqchalar, giperemiya, eroziya, yaralar, chandiqlar bo‘ladi. Rentgenologik belgilar: qovuq shaklining o‘zgarishi, kichrayishi, bir yoki ikki taraflama sistouretral reflyuks kuzatiladi.

Xulosa qilib aytganda o‘pkadan tashqari a’zolari sili dunyo tibbiyotining katta muammosi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bunday kasalliklarning o‘ziga xos ma’lum bir patognomonik belgilari yo‘qligi, sekin-astalik bilan surunkali tarzda rivojlanishi, toki asoratlari paydo bo‘lmagunicha bemorlarni qattiq bezovta qilmasligi, bezovta qilgan taqdirda ham shifokorlar uchun yengil yallig‘lanish yoki nospetsefik infeksiya jarayonidek belgilar ko‘rinishida bo‘lishi, buyurilgan davo muolajalaridan keyin bemor ahvoli bir oz yaxshilanib, bir oz vaqt o‘tgach yanada shiddatliroq qo‘zg‘alishi, har safar qilingan muolajalrdan so‘ng qaytalinish davrining qisqarishi va asoratlar qo‘shilib borishi bilan barobarida bemorning shifo topishga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib, ruhiy tushkunlikka sabab bo‘ladi.

© A.Yusupov, Farg‘ona viloyat sil kasalliklariga qarshi kurashish
dispanseri bosh vrachi.
silning-davoi-bor.uz