Semirish yoki ozish istagida bo‘lganlar shifokor mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, ozib ketish (semirish)ning sabablarini o‘rganiladi. Tashxis qo‘yishda kishining vazni, bo‘yi, yoshi, nima ish bilan shug‘ullanishi, nasliyati ham muhim. Ozg‘inlik nasliy ham bo‘lishi mumkin, bunaqalar har qancha ovqat tanavvul qilsalar ham semira olmaydilar. Xalqda bunday odamlarni “chayir” deyishadi. Qolaversa bu biror bir kasallikning belgisi bo‘lish ehtimoli ham bor. Surunkali oshqozon ichak kasalliklari, endokrin bezlar tizimining buzilishi, yoki tanadagi turli gilmentlar (gijja va shunga o‘xshash) sababidan ham bo‘lishi mumkin. Shu bois mutaxassis shifokor nazoratidan o‘tish maqsadga muvofiq. U tashxis qo‘ygach, kasallikdan kelib chiqqan holda bemorga parhez va davolash muolajalarini tavsiya qiladi.
Nima ish bilan shug‘ullanish ham odam fiziologiyasiga ta’sir qiladi. Kun davomida jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish yoki ovqat yeyish tartibining buzilishi (ayniqsa talabalarda) ozg‘inlikka sabab bo‘lishi mumkin. Asablar charchashi oqibatida ham odam ozib ketadi.
Semirish uchun...
Taomning to‘la hazm bo‘lishi uchun ishtaha muhim. Chunki ishtahani tananing ovqatga bo‘lgan talabi deyish mumkin. Taomlarda ham o‘simlik va ham hayvonot yog‘lari, go‘sht bo‘lishiga ahamiyat berish, yengil hazm bo‘luvchi ovqatlar tanavvul qilish lozim. Kechki taom uyquga yotishdan kamida 2 soat avval yeyilishi kerak. Yotishdan avval ochlik his qilsangiz sut va sutli mahsulotlar (qatiq, kefir, yogurt, tvorog) yeyish foydadan holi bo‘lmaydi. Bir sutka davomidagi taom tanovuli (hajmi suv bilan birga 3 litrgacha) 5‑6 martaga taqsimlanib, oz‑ozdan iste’mol qilinishi lozim. Ovqat ratsioniga turli meva, sabzavotlar va asal mahsulotlarini qo‘shish ham foydali. U tanani vitaminlarga boyitadi va ishtahani ochadi. Tana vaznini ko‘tarish uchun oqsil va B guruhi (B1, B2, B3, B5, B6, B9, B12, B15) vitaminlarga boy bo‘lgan xamirturush eritmalarini (pivnыye drojji) qabul qilish ayni muddao. Xamirturush eritmalarini dorixonalardan olish mumkin. Vazningizni orttirishda ham ma’lum qoidalarga rioya qiling. Oz vaqt ichida ko‘p vazn orttirishning salomatlik uchun zarari bor. Parhezga ahamiyat bering. Vazn orttirish uchun esa to‘g‘ri va tartibli ovqatlaning. Ishtahani ochadigan narsalar iste’mol qiling. Masalan, ovqatdan avval meva sharbati yoki gazli suv iching. Kuniga 6 marta ovqatlaning. To‘yimli nonushta, tushlik va kechki ovqat tanovuli orasida, ikkinchi nonushta, ikkinchi tushlik ham qilib, meva‑cheva yeb oling. Ko‘proq suyuqlik iching. Turli sharbatlar, sutli mahsulotlar kaloriyaga boy va tanani to‘yintiradi. Kuniga 1.5‑2 litr suyuqlik iching. Xamir ovqatlar, turli shirinliklar, makaron va non mahsulotlari ham vazn oshiradi. Kaloriyaga boy mahsulotlar sirasiga oq non, jo‘xori, kartoshka, qaymoq, qora shokolad va go‘sht kiradi. Maxsus vitaminlar qabul qiling. Hozirgi kunda dorixonalarda kalsiy, proteinlar va uglevodlarga boy multivitamin darmondorilar mavjud. Faqat ularni qabul qilishdan avval mutaxassis shifokor bilan maslahatlashing. Tanani chiniqtiruvchi sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullaning. Aks holda iste’mol qilayotgan kaloriyalar bo‘ksa va qorinda yig‘ilib, qomatingizni xunuklashtirib qo‘yishi mumkin. Yuqorida keltirilgan fikrlar diyetologiyaning umumiy, ko‘pchilikka to‘g‘ri keladigan tavsiyalariga kiradi. Ma’lum bir odamga ovqatlanish yuzasidan kerakli tavsiyalarni berish uchun esa talabgorni ko‘rikdan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Kerakli ma’lumotlar yig‘ilgach, lozim topilgan tavsiyalarni berish mumkin.Saidov Botir Mixmonovich, diyetolog. "Sug‘diyona" gazetasi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )