Turli-tuman ichimliklar bizning ratsiondan suvni tobora chegaralab borayotgani sir emas. Ko‘pchilik chanqaganda suv o‘rniga biror gazlangan ichimlikni ichishni ma’qul ko‘radi. Buning organizm uchun juda zararli ekaniga qaramay, biz me’yor degan narsani unutib qo‘yamiz. Shirin gazlangan va energetik ichimliklarga ruju qo‘yish og‘ir xastaliklarga olib kelishi haqida ko‘p ham o‘ylamaymiz.
Hozirda do‘konlarda sotilayotgan salqin ichimliklar orasida shakli juda ixcham bo‘lgan tunuka idishlardagi har xil yozuvli ichimliklarga ko‘zimiz tushadi. Bu ichimliklarning bozori chaqqonligini ko‘rib, hayron qolamiz. Mazkur ichimliklarning reklamalari ham o‘ziga yarasha: ularni ichsangiz, quvvatingiz oshadi, o‘zingizni tetik sezasiz, hayotda hamma narsaga erishasiz...
Xo‘sh, quvvatlantiruvchi ichimliklar o‘zi nima? Bu ichimliklarni kim o‘ylab topgan? Haqiqatan ham, ularni ichib ,odam o‘ziga yetishmagan tetiklik va faollikka ega bo‘ladimi?
Qadimda ham tetiklashtiruvchi ichimliklar ichilgan. Yaqin Sharq aholisi – qahva; O‘rta Osiyo va xitoyliklar – choy; Hindistondagilar – choy va qahva; amerikaliklar – kola; Uzoq Sharq, Sibir va mo‘g‘ullar esa odamgiyoh (jenshen) ichish orqali o‘zini quvvatlantirib yurgan.
Energetik ichimliklarni 1984 yilda avstraliyalik yirik kompaniya egasi Ditrixom Mateshsom kashf qilgan. Quvvatlantiruvchi ichimliklar tez kunda boshqa mashhur ichimliklar qatoridan joy oldi. Yildan-yilga uning turlari ko‘payib, Yevropa, Amerika va Rossiya bozorlarini egalladi. Ba’zi mamlakatlarda bu ichimlik taqiqlangan. Ba’zi davlatlar esa, masalan, Daniya, Shvetsiya, Fransiya, Norvegiyada bu ichimlik shifobaxsh hisoblanib, faqat dorixonalarda sotiladi.
Bugungi kunda ba’zi olimlar quvvatlantiruvchi ichimliklarni oddiy gazli ichimliklar deyishsa, ba’zilar aksincha, qaramlikni keltirib chiqaradi, degan fikrni ta’kidlashmoqda. Uning tarkibi haqida juda ko‘p qarama-qarshiliklar bo‘lgan. Xo‘sh, ular shuncha xaridorga nima ichirishyapti? Ichimlik tarkibiga tetiklashtiruvchi vosita sifatida guaran (Janubiy Amerikada o‘sadigan o‘simlik) qo‘shiladi. Hindular bu o‘simlikdan tetiklashtiruvchi va organizmni mustahkamlovchi vosita sifatida foydalangan. Guaranning ta’siri kofeinga yaqin.
Ayrim ishlab chiqaruvchilar hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi. Bundan tashqari, uning tarkibida yosh organizmga, albatta, foyda bermaydigan shakar va kofein bor. Energetik ichimliklar tarkibida katta dozalarda B guruhi vitamini bo‘lib, bu yurak urishini tezlashtirib, qo‘l va oyoqlarda qaltiroq paydo bo‘lishiga olib keladi.
Yodda tuting!
Quvvatlantiruvchi ichimliklar homiladorlar, bolalar va o‘smirlar, 50 yoshdan oshganlar, shuningdek, biror surunkali kasalligi bo‘lgan kishilarga qat’iyan man etiladi. Shunday ekan, ularni qabul qilishda, yaxshisi, ehtiyotkor bo‘lgan ma’qul. Yoshlar kerakli quvvatni o‘zini chiniqtirish , sog‘lom oziq-ovqatlardan, misol uchun, oqsil, sut mahsulotlari va ko‘k choydan, o‘rta yoshlilar esa sog‘lom turmush tarziga rioya qilish hamda tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilish orqali olishi mumkin. Ushbu maqolani ham o‘qing: Turnikka tortilish foydalimi?© Qalampir.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Qorin og'rishi - turlari, sabablari va o‘ziga xos belgilari