Qutirish – tabiiy o‘choqli, virus chaqiradigan, o‘tkir yuqumli zooanroponoz kasallik bo‘lib, odatda hayvonlar tishlashi natijasida yuqadi. Kasallik markaziy asab tizimining zararlanishi bilan kechib, asosan o‘lim bilan yakun topadi. Tishlangan hayvon organizmiga qo‘zg‘atuvchi tushgandan so‘ng (so‘lak orqali jarohatga) nerv tolalari bo‘ylab markaziy asab tizimiga ta’sir o‘tkazib, ensefalit belgilarini keltirib chiqaradi. Qutirish bilan kasallangan hayvonlar agressiv bo‘lib qoladilar, hech sababsiz odamlarga, hayvonlarga tashlanadi, bu ayniqsa itlarda yaqqol kuzatiladi. Ko‘pincha uy hayvonlari (eng avvalo it) odamlarga qutirishni yuqtirishda yetakchi manba hisoblanadi. Qishloq joylarda uy jonivorlarining yovvoyi hayvonlardan kasallik yuqtirish kuzatilgan.
Odamlarga kasallik qutirish bilan kasallangan hayvonlardan (tishlaganda, kam hollarda shilliq qavat va teri butunligi buzilgan joyga so‘lakning tushishi natijasida) yuqadi. Infeksion jarayon kechishi hayvonlarnikidan farq qilmaydi. Yashirin davr virusning virulentligi, ularning soni va tananing tishlangan sohasiga bog‘liq bo‘ladi. Eng xavfli sohalar – bosh, bo‘yin, qo‘l panjalari, shu sohalardan tishlanganda hamda jarohat katta bo‘lsa, yashirin davr juda ham qisqa bo‘ladi (bir necha kundan – 10 kungacha). Tananing pastki sohalari tishlanganda, ayniqsa jarohat yuzaki bo‘lsa yoki so‘lak kam tushganda yashirin davr bir oyga, hatto bir yilgacha cho‘zilishi ham mumkin.
Qutirish bilan ko‘pincha veterinarlar, ovchilar kasallanadilar. 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar kattalarga nisbatan ko‘proq kasallanadilar, bu hol maktab o‘quvchilarining mushuk va itlar bilan doimiy muloqotiga bog‘liq. Kasallanishning uchrashi aprel-sentyabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Kasallikning oldini olish uchun profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib boriladi. Xavfli guruhga kiruvchi kishilar (veterinarlar, ovchilar, it ovlash bo‘limlari ishchilari, kinologlar) o‘rtasida profilaktik emlash (ayniqsa epizootik jarayon faollashgan paytda) o‘tkaziladi. Hayvonlar tishlagan odamlarni o‘z vaqtida emlash ishlari bilan travmatologiya punktlari va bo‘limlari (xirurgiya bo‘limlari) shug‘ullanadilar.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati emlashga oid uslubiy ko‘rsatmalar beradi hamda foydalanilayotgan vaksinalar sifati, shuningdek saqlash qonun-qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi. Davolash uchun ham vaksinalardan foydalaniladi.
Bemorning o‘z vaqtida emlash xonasiga murojaat qilmaslik, kechikib emlash, emlash jarayonida va emlashdan keyin vrachlar tavsiyalariga rioya qilmasligi natijasida yoki boshqa omillar sababli ba’zan kasallanish va uning kuchayishi kuzatiladi.
Unutmaslik joizki, asosiy profilaktik chora — yovvoyi hayvonlar sonini nazorat qiluvchi uyushma va tashkilotlarning tezkor xizmati, veterinariya xizmati, mahalliy mas’ul tashkilotlar xodimlari bilan birgalikdagi faoliyati, qarovsiz qolgan it va boshqa hayvonlarni tutish, ularni yo‘qotish hamda uy hayvonlarini emlashni ta’minlashdan iborat.
Nargiza SAIDQOSIMOVA, Toshkent tibbiyot akademiyasi «Epidemiologiya» kafedrasining katta o‘qituvchisi.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )