Qandli diabet kasalligida ko‘pincha oyoqlarda qon aylanishi sekinlashadi, oqibatda terida har xil bakteriyalar qo‘zg‘atuvchi shikastlanishlar ko‘payadi. Ayniqsa oyoq terlaganda ter tarkibida mavjud bo‘lgan glyukoza infeksiyalarning ko‘payishiga sharoit yaratadi.
Bemor teridagi yiringli kasalliklarning oldini olishi, ya’ni oyoq terisini ozoda saqlashi lozim. Aks holda teridagi har qanday jarohatlanish uzoq vaqt bitmaydigan yaralarga aylanadi.
Har kuni oyoqlarni bolalar sovuni bilan yuving, so‘ng yumshoq sochiq bilan arting. Tirnoqlarni juda qisqa qilib oling. Bunda oyoq barmoqlarining burchak terilari kesilishiga yo‘l qo‘ymang.
Qandli diabetda qon tomirlar uzoq vaqt shikastlanganligi bois teri quruqshaydi va osonlik bilan yoriladi. Buning oldini olish uchun yumshatuvchi va namlovchi kremlarni oyoq terisiga surtib turing.
Imkon qadar tabiiy matolar (jun, paxta, zig‘ir) dan to‘qilgan paypoqlardan foydalaning. Paypoqlar rezinasi qismasligi kerak, aks holda oyoqlarda qon aylanishi buzilishi mumkin.
Poyafzal oyoqlaringizda qulay tursin. Iloji boricha orqa tarafi mustahkam, usti yumshoq, tumshug‘i keng yoki to‘rtburchak shakldagi oyoq kiyimlarni tanlang.
Oyoq kaftlari oz bo‘lsada shikastlansa, yaralangan joyga darrov kuchsiz antiseptik surting. Shundan so‘ng quruq mato bosing. Yoddan foydalanmaganingiz ma’qul, chunki dorining rangi yallig‘lanish darajasi yoki infeksiya bor-yo‘qligini aniqlashda qiyinchilik tug‘diradi.
Teridagi so‘gal, qadoq va dag‘allashgan joylarni yo‘qotishga urinmang. Shuningdek, shifokor maslahatisiz o‘z-o‘zingizcha davolanmang, bu hol og‘ir oqibatlarga olib keladi.
© Barno SHOG‘AZATOVA endokrinolog, professor.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )