Epigraf: Mening ishtaham yo‘qolib oza boshladim. Ovqat yesam qornim og‘riydigan bo‘lib qoldi, ovqatim yaxshi singmasdi ham. Doktorga bordim. U menga ishtahani ochadigan va ovqatni hazm qildiradigan dorilardan yozib berdi. Ularni 20 kun ichdim, biroq foyda qilmadi. Holim qochib yuragim teztez uradigan, jaxldor bo‘lib qoldim. Qornim og‘riyverdi. Shlanga yutqizib qornimni tekshirib ko‘rishdi. Gastrit deb tashxis qo‘yishdi. Jigarni ultratovush usuli bilan tekshirib o‘t yo‘llari qiyshaygan, jigar biroz kattalashgan deyishdi. O‘t yaxshi tommagani sababli ovqatingiz xazm bo‘lmayapti, deb xulosa berishdi. Buyurilgan barcha dorilarni o‘z vaqtida istyemol qildim. Biroq foyda qilmadi. Qon bosimim o‘ynaydigan, yuragim teztez uradigan, qo‘llarim titraydigan bo‘lib qoldi. Meni kardiolog va endokrinologga yuborishdi. Kardiolog “Neyrotsirkulyator distoniya” desa, endokrinolog: “Bo‘qoq” deb tashxis qo‘ydi. Ularning tavsiyalari bo‘yicha ham dorilarni qabul qildim.

Senda hech qanaqa kasallik yo‘q!

“Tuzalmayapman-ku” deb meni davolayotgan doktorlar oldiga borsam, “Senda hech qanaqa kasallik yo‘q, sening asabingni davolash kerak, nevropatologga bor” deyishdi. Xatto yonidagi doktor “Bu narkoman bo‘lsa kerak, rangi-ro‘yini qara xuddi narkomanga o‘xshaydi” dedi. Nevropatolog “Nevroz” deb tashxis qo‘ydi va tinchlantiruvchi dorilar buyurdi. Biroz yaxshi bo‘lib yurdim, biroq to‘la tuzalib ketmadim. Xatto psixonevrologik dispanserda ham davolandim. Tanish-bilishlar “Sening kasaling tabiblik, tabibda davolan” deb aytishdi. Turli xil giyohlar bilan tabibda ham davolandim, baribir kor qilmadi. Menga qo‘yilgan tashxislar soni 10 dan oshib ketdi. Hammasi bo‘lib 3 yil davolandim. Uyimda tinchim yo‘qolib, yaqinlarim bilan urishadigan bo‘lib qoldim. Battar ozib ketdim”. Ushbu shikoyatlar bilan bizga murojat qilgan bemorning tashxisi: “Psixosomatik kasallik” edi. Xo‘sh psixosomatik kasallik yoki sindromlar deganda nimani tushunamiz. Endi shu haqda ma’lumot bersam. Psixosomatik sindrom – ruhiy-asabiy zo‘riqishlar (stresslar) oqibatida rivojlangan ichki a’zolar faoliyati buzilishi bilan kechuvchi kasallik. Ularning ba’zi turlari bilan tanishib chiqamiz.

Yurak sohasidagi og‘riqlar yoki psixogen kardialgiya nima?

Psixogen kardialgiya – ruhiy siqilishlar sababli yurak sohasida paydo bo‘lgan og‘riq. Ko‘krak qafasining chap tomonidagi har qanday noxush sezgilar va og‘riq qandaydir bir xavotirlik bilan qabul qilinadi. Negaki, bu yerda yurak joylashgan! Mabodo boshimiz og‘rib qolsa, bemalol analgin yoki sitramon ichib ishga ketaveramiz (ba’zan, ichmasdan ham), lekin yurak sohasida og‘riq paydo bo‘lsa darrov doktor chaqiramiz. «Hammasi joyida, yuragingiz biroz siqilibdi, xolos» degan xulosani eshitgandan so‘ng tinchlanamiz. Yurak sohasidagi og‘riqlar, ya’ni kardialgiyalarni keltirib chiqaruvchi sabablar birmuncha. Ular – yurak ishemik kasalligi, ya’ni stenokardiya, infarkt, o‘sha sohadagi nervlar shamollashi (nevralgiya), bo‘yin osteoxondrozi va asabiy-ruhiy buzilishlar. Bularning ichida asabiy-ruhiy buzilishlar alohida o‘ringa ega. Bu yerda shu haqda so‘z yuritamiz. Demak, yurak sohasidagi og‘riqlarni faqat stenokardiya va infarkt bilan bog‘lash noto‘g‘ridir.

Belgilari

Ruhiy siqilishlar sababli paydo bo‘lgan og‘riqlarda, ya’ni psixogen kardialgiyada yurakka havo yetishmasligi, uning tez-tez yoki to‘xtab-to‘xtab urishi, qizib ketishi yoki muzlab qolishi, yurakning tomoqqa borib tiqilishi kabi belgilar kuzatiladi. Og‘riyotgan joyni bemor barmog‘i bilan ko‘rsatadi. Bu nuqta, asosan, yurak uchiga to‘g‘ri keladi, bunda og‘riq doimo bitta joyda bo‘ladi yoki ko‘chib-ko‘chib turadi. Bemor o‘zining odatdagi ishlash yoki yashash uslubini o‘zgartirsa, uzoq vaqt transportda yursa yoki ruhiy-hissiy zo‘riqishlarga olib keluvchi har qanday vaziyatlarda yurak urishi tezlashib ketadi. Bemor yozning issiq kunlarini yomon o‘tkazadi, doimo salqin joyga intiladi, asosan kunning ikkinchi yarmida yurak urishi kuchaygani yoki susayib ketganiga va nafas yetishmayotganiga shikoyat qiladi. Ovqatni (ayniqsa, xamir ovqatni) to‘yib yeyish, mehmonda uzoq vaqt qolib ketish ham yurak urishining kuchayishiga olib keladi. [box type="shadow" align="aligncenter" ]Eslatma: Yurak sohasidagi har qanday og‘riqlarda EKG tekshiruvidan o‘tishni unutmang![/box]

Bo‘g‘imlar nega og‘riydi?

Doimiy ruhiy siqilishlarda bo‘g‘imlarda ham og‘riqlar kuzatilishini ko‘pchilik bemorlar bilmasa kerak. Oyoq va qo‘llarda, turli bo‘g‘imlarda har xil og‘riqlardan shikoyat qiluvchi bemorlar ancha. Bo‘g‘imlar sohasidagi og‘riqqa shikoyat qilib «bod» (revmatizm) tashxisi qo‘yilgan bemorlarni keyinchalik chuqurroq tekshiruvlardan o‘tkazganda, ularning deyarli yarmisida bu og‘riqlar ruhiy-asabiy zo‘riqishlardan ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi. Bunday og‘riqlar faqat bo‘g‘imlarda kuzatilmasdan, suyak va mushaklarga tarqalib, bemorning ravon yurishiga xalaqit beradi. Uzoq vaqt bir xil holatda turib qolish, stanok yonida bir necha soat tik turib ishlash bemorda oyoqdagi og‘riqlarni kuchaytiradi. Ikkala oyog‘imga xuddi tosh osib qo‘ygandek, yurayotganda oyoqlarimni qimirlata olmayman, qadam tashlagan sayin yurishim qiyinlashib boraveradi, deb shikoyat qiladi ular. Bo‘g‘imdagi og‘riqlar mushaklar tortishuvi bilan birgalikda namoyon bo‘lib, tunda kuchayadi. Ba’zida bo‘g‘imlar atrofida shish ham paydo bo‘ladi.

Qanday xatoga yo‘l qo‘yildi?

Ba’zi hollarda bo‘g‘imdagi og‘riqlar sababi asab buzilishlari ekanligiga e’tibor qilinmaydi. Shu haqda bir misol keltirib o‘taman. Bu voqea 1995 yili ro‘y bergan. O‘zim bilan birga o‘qigan kursdoshim menga “juda og‘ir” bemorni konsultatsiyaga yubordi. A. ismli 15 yashar qiz travmatologiya-ortopediya bo‘limida davolangan. Chunki uning ikkala oyog‘i tizza bo‘g‘imida bukilmaydigan bo‘lib qotib qolgan bo‘ladi. Uning boshqa hech joyi og‘rimasdi, biroq oyoqlarini tizza bo‘g‘imida buka olmas edi. Kasallikning boshlanganiga uch oy bo‘lgan. Qilingan barcha choralar yordam bermaganligi sababli uni Toshkentga davolanishga yuborishadi. Bemorga turli tashxislar qo‘yilgan: «bo‘g‘imlar yallig‘lanishi», «bod kasalligi», «bo‘g‘imlar orasiga suyak o‘sib chiqqan» va hokazo. Men bemorning rentgen xulosalarini ko‘rib chiqdim.

Rentgen ko‘rsatkichlari toza edi

Rentgen ko‘rsatkichlari toza edi. Bunga viloyatdagi doktorlar ham e’tibor qilishgan, albatta. Lekin davolash muolajalari yordam bermayotgani sababli bemorni markazga yuborishgan. Xatto tizzani operatsiya qilmasa bo‘lmaydi, degan xulosaga ham kelishgan. Bemor tashqi ko‘rinishidan juda tinch, o‘ziga bino qo‘ygan, yoshiga qaraganda gavdali edi. Uning otasidan (bemor otasi bilan kelgan) qizning xulq-atvori haqida so‘raganimda, qiziga ijobiy ta’rif berdi: «Uydagi hamma ishlarni qiladi, onasiga qarashadi, lekin sal erkaroq, o‘z bilganidan qolmaydi». «Qizda kasallik boshlanishidan oldin ruhiy siqilishlar bo‘lganmi», deb so‘raganimda, otasi «Yo‘q», deb javob berdi. Men bemorni xonada yurgizib, kursida o‘tqazib va karavotda yotqizib tekshirib ko‘rdim. Bu harakatlarni u ikkala oyog‘ini tizzada bukmasdan bajardi. Bemorning otasidan qizning kechqurun uxlaganda oyoqlari qay ahvolda bo‘lishini bilib berishini so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha bemor kechasi uxlab yotganida u yoq-bu yoqqa qayrilib yotar va hatto g‘ujanak bo‘lib olarkan. Demoqchimanki, oyoqdagi harakatlar to‘la bajarilarkan. Ushbu ma’lumotlardan so‘ng menda kasallik ruhiy jaroxat ekanligiga hech qanday shubha qolmadi. Bemorga o‘tkazilgan neyropsixologik davolash muolajalaridan keyin u to‘la tuzalib ketdi.

Ikki kundan so‘ng...

Ikki kundan so‘ng qizning onasi menga qo‘ng‘iroq qilib muhim bir ma’lumotni berdi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz otasidan dugonasinikiga o‘xshash qimmatbaho palto olib berishini so‘ragan. Otasi rad javobini bergan va qizini qattiq koyigan. Onasi ham otasining tarafini olgan. Qiz yig‘lab-yig‘lab uxlab qoladi. Ertalab tursa, ikkala oyog‘i ham qotib qolgan bo‘ladi. Tabiyki ota-ona qizidagi bu holatni kechagi janjal bilan bog‘lamagan va «qizimizning oyoqlari shamollab qolibdi», deb shifoxonaga yugurishgan. Bu voqea otasining esidan chiqib ketgan. Onasi esa faqat mening «Ruhiy siqilishlar bo‘lmaganmi?» deb bergan savolimdan so‘ng shu voqeani eslagan edi. 1999 yili ro‘y bergan kichik bir voqeani misol qilib keltiraman. Bunday holatlar yosh bolalarda ham bo‘ladi. Qo‘shnimizning 3 yashar o‘g‘li ko‘chada yugurib o‘ynab yurgan paytida qattiqroq yiqilib tushadi va chap oyog‘ining sonidan lat yeydi. Og‘riqdan oyog‘ini qimirlata olmay qoladi, qattiq yig‘lay boshlaydi. Qo‘rqib ketgan onasi bolani o‘sha zahoti shifoxonaga olib borib, travmatologga ko‘rsatadi. Oyog‘i rentgen qilinganda bolada suyakning singan belgilari topilmaydi. Lekin bolaning oyog‘i ozgina lat yegandi. Shuning uchun bolaga oddiy ukol qilib lat yegan joyni bog‘lab uyiga jo‘natishadi. Uni bir hafta mobaynida ehtiyot qilish, iloji boricha oyoqni avaylash buyuriladi. Shu muddat ichida doktorning tavsiyalari bajariladi va bola iloji boricha qo‘lda ko‘tarib yuriladi. Lat yegan joy butunlay bitib ketadi.

Endi o‘zing yur!

Doktor bog‘lamlarni olib tashlaydi va bolani yerga qo‘yib «Endi o‘zing yur!» deydi. Bola bu iltimosni rad etib chinqirib yig‘lab onasiga yopishadi. Onasi uni ko‘tarib olgandan so‘ng bola yig‘lashdan to‘xtaydi. Bola yiqilganda nerv tolalari ezilgan bo‘lishi mumkin, og‘riq o‘shandan bo‘lsa kerak, deb nevropatologga maslahatga borish tavsiya qilinadi. Bolani kechqurun mening uyimga olib chiqishdi. Uning injiqligi, juda erkaligi va buning ustiga qattiq qo‘rqqanligi shundoq ko‘rinib turardi. Bolani kursiga o‘tqazib tekshirayotganimda yig‘lab yuborishi, onasining oldiga o‘tqazib tekshirganda esa jim o‘tirishi e’tiborimni tortdi. Chalg‘itish uslubiga o‘tdim. Bolaga: «Men tekshirayotganimda sen kursida indamay o‘tirsang, mana shu konfetni olasan», deb uqtirdim. Bola aytganimni qildi. Topshiriqni yanada murakkablashtirdim: «Endi kursidan o‘zing tushsang, mana bu o‘yinchoqni beraman». O‘yinchoq (tank) juda chiroyli bo‘lganidan bola «og‘riqni» ham esidan chiqarib kursidan sakrab tushdi. «Endi sen mana shu o‘yinchoqni o‘ynab tur, biz onang bilan maslahatlashib olamiz» deb bolaning harakatlarini chekkadan kuzatib turdik. U mening endi 4 yoshga kirgan o‘g‘lim bilan o‘yinga berilib ketdi. Ular birgalikda gilam ustiga cho‘kkalab olib, xonaning u yog‘idan bu yog‘iga g‘ildirakli tankni haydab rosa o‘ynashardi.

Meni ko‘taring!

Ona-bola ketishga shaylanishganda, bola yana ko‘taring, deb onasiga yopishib oldi. Bolaga «Agar sen zinapoyadan pastga o‘zing yurib tushsang, men senga balkondan mana shu koptokni tashlayman» deb va’da berdim. Mening o‘g‘lim esa koptokni bermayman deb uyning to‘riga ketdi. Qo‘shnimizning o‘g‘li esa onasining qo‘lidan tushib o‘g‘limning yoniga chopib borib koptokni ber deb yig‘lay boshladi (Bola oyoq og‘rig‘ini unutgan edi!). Biz bolani zo‘rg‘a tinchlantirdik. Men “Agar o‘zing yurib pastga tushsang senga ushbu koptokni balkondan tashlayman” dedim takroran. Biz 5-qavatda yashardik. Bola besh qavatli uyning beshinchi qavatidan onasi bilan o‘zi yurib pastga tushdi. O‘g‘lim “Koptokni balkondan man tashayman” deb qiziqib qoldi. Balkondan pastga tashlangan koptok dumalab ancha joyga ketib qoldi. Bola xursand bo‘lganidan “og‘riqni” ham unutib koptokning izidan yugurib ketdi.

Ushbu maqolaning davomini o‘qish→

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.