Tishni hammayam to‘g‘ri parvarishlay olmaydi. Shunda ular yemirilib, sina boshlaydi. Bu esa, qator noqulayliklarni tug‘dirishi tayin. Natijada sun’iy tish — protezlarga ehtiyoj sezamiz. "Oila davrasida" gazetasi muxbiri Ozoda Valiyeva «Dental» klinik ortodonti Temur RAHMATOV bilan protezlar haqida savol-javob tarzida suhbat uyishtirdi. Ushbu suhbatni quyida ham o‘qishingiz mumkin.
Qanday holatlarda bemorlarga sun’iy tish qo‘yish tavsiya etiladi?
— Sun’iy tish qo‘yishda bemor yoshi ahamiyatsiz. Yo‘qotilgan tishning o‘rnini sun’iy tish bilan to‘ldirish lozim. Sababi, agar tish bo‘lmasa, ovqat hazm qilish tizimi buziladi. Bu yuzning tashqi ko‘rinishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalardagi sut tishlarining erta tushib ketishi taom yeyishdagi qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Biroq organizmida biror bir metallga allergiyasi bo‘lgan kishilarga sun’iy tish qo‘yish taqiqlanadi.Og‘iz bo‘shlig‘iga sun’iy tish, byugel yoki protez qo‘yishdan avval nimalarga ahamiyat berish kerak?
— Avvalo, og‘iz bo‘shlig‘i infeksiyalardan xoli bo‘lishi lozim. Sun’iy tish qo‘yiladigan joy davolangan va sog‘lom bo‘lishi kerak. Agar og‘iz bo‘shlig‘ida kasallangan tishlar, protez qo‘yiladigan chegarada yallig‘lanish mavjud bo‘lsa, sun’iy tish qo‘yishdan avval ana shu joylar oxirigacha davolanishi, kovak tishlarni esa tozalash va plombalash lozim.Sun’iy tishlarning turi, bir-biridan farqi, narxi, chidamliligi, salomatlikka salbiy yoki ijobiy ta’siri haqida nima deysiz?
— Sun’iy tishlar olinadigan va olinmaydigan turga bo‘linadi. Ular tayyorlanishiga ko‘ra plastmassa, metall, chinni va aralash materiallardan tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Sun’iy tishlarning materiali qancha sodda bo‘lsa, narxi ham shuncha arzon bo‘ladi. Bundan tashqari, tayyorlashda ishlatiladigan materiallarning tannarxi ham ahamiyatga ega. Stomatolog vrach, tish yasovchi texnikning ish haqi ham protezning umumiy narxiga ta’sir ko‘rsatadi. Har bir protezning chidamliligi o‘rta hisobda 5 yildan 15 yilgacha mo‘ljallangan bo‘ladi. Agar protez to‘g‘ri va sifatli tayyorlangan bo‘lsa, organizmga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bundan tashqari, protez tish qo‘yadigan kishi ham, o‘z navbatida, sun’iy tishlariga e’tibor berishi, yuvib turishi, har 6 oyda shifokorga ko‘rinishi lozim.Byugel nima? Uning qanday turi bor? Ular bir-biridan farqlanadimi?
— Byugel qisman olib qo‘yiladigan protez turi bo‘lib, og‘iz bo‘shlig‘i tish qatorlarida ko‘plab tishlarning yo‘qligi, ko‘prik protezlarni qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlarda qo‘llaniladi. Byugelning ko‘plab turlari mavjud: ilmoqli, relsli, qulfli va hokazo. Ilmoqli byugellar soddaroq va nisbatan arzonroq hisoblanadi. Bu tur og‘iz bo‘shlig‘ining orqa sohalariga joylashtiriladi. U jag‘ tishlar bo‘lmagan holatlarda qo‘yiladi. Qulfli byugellar esa orqa tishlari bo‘lgan bemorlarga qolgan tishlarni qoplash uchun qo‘yiladi. Byugel protezlarining ichki qismidagi maxsus temir bo‘lib, u har bir kishiga alohida mo‘ljallab qo‘yiladi. Shu sababli ham ularning narxi biroz qimmat.Byugel tishlar, asosan kimlarga qo‘llaniladi, kimlarga mumkin emas? Narxi, chidamliligi qanday?
— Byugel tishlar, asosan, tish qatoridagi tishlarning ko‘plari bo‘lmagan holatlarda qo‘yiladi. Maqsad, og‘iz bo‘shlig‘iga tushayotgan chaynov bosimini to‘g‘ri taqsimlashdir. Bunday protezni qo‘yish uchun og‘iz bo‘shlig‘ida kamida 5-6 ta tish bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, mavjud tishlar ildizining baquvvatligi, sog‘lomligini nazarda tutgan holda, har bir bemorga individual ravishda tavsiya beriladi. Byugel protezlarining chidamlilik darajasi yuqori. Chunki ularning ichida metall karkas bo‘ladi. U protezning mustahkamligini belgilaydi. Kobaltli xromdan tayyorlangan byugel protezga nisbatan baquvvat sanaladi. Nikelli xromdan tayyorlangani esa arzonroq va nisbatan egiluvchan bo‘lib, unda deformatsiyalanish ehtimoli mavjud.Implantant nima va undan kimlar ko‘proq foydalanadi?
— Yo‘qotilgan tishning o‘rniga qo‘yiladigan sun’iy ildiz dental implantant deyiladi. Afzalligi u tishning ildizi sifatida qo‘yiladi va tish ildizi vazifasini bajaradi. Bemorga chaynash funksiyasini to‘liq tiklash imkonini beradi. Ko‘pchilik doimiy ravishda olinishi, buralishi, chiqarilishi mumkin bo‘lgan protezlarni taqishni xush ko‘rmaydi, ko‘nikolmaydi. Dental implantant aynan shunday bemorlar uchun mo‘ljallangan. Uni olishga, yechishga ham ehtiyoj tug‘ilmaydi. Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )