4.1
(24)

Shu yerda peshona va ko‘z atroflarida kuzatiladigan o‘ta kuchli bosh og‘rig‘i hurujlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Tibbiy tilda klaster sefalgiya deb atalmish ushba bosh og‘riqlar, asosan, boshning bir tomonida, ya’ni ko‘z soqqasi va peshona-chakka sohasida kuzatiladi. Bu og‘riqlarning bir joyda to‘planib kuzatilgani uchun ham tutamli bosh og‘riq deb ataladi. Klaster sefalgiya Xorton sindromi deb ham ataladi. Bu kasallik erkaklarda ko‘p uchraydi.

Og‘riq xurujlari boshning ma’lum bir qismida, ya’ni bir joyga to‘planib kuzatilganligi uchun “tutamli” atamasi qo‘llaniladi. Demak, klaster sefalgiyada og‘riqlar bir joyga to‘plangan va chegaralangan bo‘ladi. Og‘riq xurujlari to‘satdan boshlanadi va 10–15 daqiqa ichida kuchayib ketadi. Bu og‘riq xurujlari o‘rtacha 45–60 daqiqa davom etadi, kam hollarda 2 soatgacha cho‘ziladi. Og‘riqlar har doim bir tomonda vujudga keladi.

Og‘riq shu darajada kuchli bo‘ladiki, og‘riyotgan joyga o‘tkir tishli va kuydiruvchi temirni tiqib buragandek tuyuladi. Bu azobga chida olmay bemor og‘rigan joyini kafti bilan yopib o‘tirib qoladi. Og‘riq xurujlari bir kunda 3–4 marta takrorlanadi va asosan kunning ikkinchi yarmida kechga yaqin qo‘zg‘aydi. Ba’zida bemor tungi uyqu paytida og‘riq xurujidan uyg‘onib ketadi, ba’zida esa ertalab uyg‘ongandan keyin og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq xuruji paytida bemorning bir ko‘zi qizarib ketadi, yosh oqaveradi, burni bitadi va suyuqlik oqadi. Bu belgilar xuruj tutgan tomonda paydo bo‘ladi. Og‘riq xurujlari spirtli ichimliklar ichganda, stress paytida tez qo‘zg‘aydi.

Qanday davolash kerak?

Davolash nevropatolog tomonidan olib boriladi. Bunday bemorlarga kavinton kabi qon tomirni kengaytiruvchi dorilar berish mumkin emas. Og‘riq hurujlari paytida tarkibida ergomatin saqlovchi va og‘riqni tez to‘xtatuvchi dorilar beriladi. Bemor issiqda yurmasligi, spirtli ichimliklar ichmasligi, tunda ishlamasligi, sigaret chekmasligi  kerak. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, sportning yengil turlari bilan (suzish, yugurish, badantarbiya) og‘riq xurujlarining yengilroq kechishiga mezon yaratadi.

Maqola professor Ibodullayev Zarifboyning «Asab va ruhiyat» kitobidan olindi. Mavzu yuzasidan professorga savollaringiz bo‘lsa, muallifning shaxsiy asab.uz saytida yozib qoldirishingiz mumkin.