3
(2)

Buyrak konsentratsion faoliyati buzilishi oqibatida hosil bo‘lgan peshobning miqdor va sifat jihatdan o‘zgarishidan yuzaga keladigan surunkali kasallik peshob-nordon diatezi deyilib, unga xos o‘zgarishlar buyrakning nafaqat morfofunksional holati, balki organizmdagi umumiy moddalar almashinuvining buzilishi bilan ham bog‘liqdir.

Aniqroq aytganda, haddan ziyod ovqatlanish (ayniqsa go‘shtli mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish) oqibatida oqsillar parchalanishining kuchayishi organizmdagi oqsillar almashinuvi buzilishlariga olib keladi. Peshob-nordon diateziga buyrak-tosh kasalligining boshlanishi deb qarashi ham mumkin. Ya’ni, kasallik tufayli buyraklarning kosa-jom tizimi va peshob yo‘llarida to‘planib borgan tuzlardan bora-bora toshlar paydo bo‘ladi.

Fakt

Peshob-nordon diatezida ko‘proq shavel kislota tuzlari hisoblangan oksalatlar (56%), peshob kislota tuzlari bo‘lgan uratlar (19%), kamroq miqdorda fosfatlar (8%), qolganlari aralash tarkibli tuzlar (17%) yig‘iladi.

Sabablari

Peshob-nordon diatezining paydo bo‘lish sabablari to‘la aniqlanmagan, biroq organizmdagi kalsiy-fosfor, shavel kislota, peshob kislotasi kabi moddalar almashinuvi buzilishi bu kasallikda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, buyrak va peshob yo‘llaridagi infeksion yallig‘lanish jarayonlarining peshob oqimiga salbiy ta’siri tufayli yuzaga keladigan urodinamika buzilishi kasallik jadallashishida rol o‘ynaydi. Hatto talabalar orasida ovqatlanish tartibi buzilishi va tarkibini nazorat qilmaslik ham shu illatga olib keladi.

Klinik belgilari

Peshob-nordon diatezi bemorlarda eng avvalo dizuriya, ya’ni peshob ajralishining buzilishi (peshobning achishib va og‘riqli kelishi) va uning xiralashishi bilan namoyon bo‘ladi. Peshob yo‘llariga tuzlarning ko‘p miqdorda yig‘ilib qolishi oqibatida yo‘llarda to‘siqlar paydo bo‘lib, bu hol buyrak sanchig‘i xuruji darajasigacha borishi mumkin.

Bemorlarda xurujlar vaqtida va xurujdan so‘ng peshob qon aralash qizarib kelishi mumkin. Shuningdek, kasallikning buyrakdan tashqari belgilari ham kuzatilishi mumkin, ya’ni bular – og‘iz taxir bo‘lishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish, ishtaha pasayishi, qo‘zg‘aluvchanlikning oshishi, uyqu buzilishlari va boshqa ruhiy-emotsional buzilishlardir. Ba’zan bo‘g‘imlarda og‘riqlar ham kuzatilishi mumkin. Kasallikka tegishli laborator va instrumental tekshiruv natijalari asosida tashxis qo‘yiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bexterev kasalligi turlari, davolash usullari

Davolash

Peshob-nordon diatezini davolash asosan organizmdagi moddalar almashinuvi buzilishlarini muvofiqlashtirish hamda buyrak va siydik yo‘llarida peshob harakatini rovonlashtiradigan dori preparatlari tavsiya etishdan iborat. Parhez buyurilib, shavel kislotasi va peshob kislotasi paydo qiluvchi mahsulotlar chegaralanadi. Shuningdek peshob yo‘llaridagi infeksiyaga qarshi kurashish lozim.

Profilaktikasi

Peshob-nordon diatezi paydo bo‘lishi hamda rivojlanishining oldini olish uchun eng avvalo organizmdagi buzilgan moddalar almashinuvi jarayonlarini muvofiqlashtirish lozim. Bunga har bir bemor sog‘lom turmush tarziga rioya etish va parhezga amal qilish bilangina erishadi.

Parhez

Peshob-nordon diatezidagi parhezda birinchi navbatda osh tuzi chegaralanadi, shuningdek mol jigari, buyragi, tili, miyasi, qazi va dudlangan go‘sht mahsulotlari, margarin, bedana tuxumi, achigan sut mahsulotlari (brinza, pishloq), shokolad, qo‘ziqorin, anjir, dukkakli donlar (mosh, no‘xot, loviya), achchiq qora choy hamda qahva, kakao iste’moli chegaralanadi.

Shu o‘rinda bemorlarga yog‘siz mol go‘shti, parranda va baliq go‘shti (qaynatilgan va bug‘da pishgan holatda), o‘simlik moylari, sariyog‘, tovuq tuxumi (sutkasiga bittadan ortmasligi lozim), achimagan sut mahsulotlari, 1 va 2 nav un mahsulotlari, kishmish, murabbo, marmelad, guruch va grechka, karam, bodring, rediska, turp, qovoq, sabzi, mevalardan o‘rik, behi, nok, olma, shaftoli, uzum, qovun-tarvuz, olcha kabilar, suyuqliklardan ko‘k choy, meva va sabzavotlar sharbatlari, mors, kvas, kompot hamda na’matak damlamalarini tavsiya etish maqsadga muvofiq.

Burhon MUNAVVAROV,
Respublika nefrologiya ilmiy-amaliy markazi shifokori, nefrolog.

Mavzuga aloqador maqola: Nefroptoz — buyraklarning pastga siljishi