Oyoqlardagi zamburugʻli kasallik dermatovenerologiya sohasida eng keng tarqalgan kasallik boʻlib barcha teri kasalliklari orasida ikkinchi oʻrinda turadi. 
Oyoq zamburug'i (griboki) tovonning kam holatlarda butun oyoqning yuza terisi zararlanishi bilan kechadi.

Patologik zamburugʻ bemor inson bilan muloqot vaqtida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etmaslik natijasida yuqadi. 

Oyoq zamburug'i. oyoq griboki
Foto: iStock

Quyida oyoqda uchraydigan zamburugʻli kasallikning yuqish yoʻli, kasallik simptomlari va uning davo chora tadbirlari haqida batafsil maʼlumot keltiramiz. 

Kasallik sabablari

Kasallik qoʻzgʻatuvchisi Trixofiton (Trichophyton) turkumiga kiruvchi mikroskopik zamburugʻlardir. Ushbu zamburugʻlarning bir necha turi sogʻlom inson terisida ham uchraydi, ammo ular kasallik chaqirmaydi. Ayrim holatlardagina kasallik yuzaga chiqishi mumkin. Bunday omillarga quyidagilar kiradi:

  • Oyoq terisi jarohatlanishi;
  • Noqulay oyoq kiyim kiyish;
  • Oyoq terlashi;
  • Oyoqlarda qon aylanishi buzilishiga olib keluvchi surunkali kasalliklar (Reyno kasalligi, ateroskleroz va boshqalar);
  • Oyoqlarning sovuq qotishi va sovuq urishi;
  • Immunitetning zaiflashuvi ;

Oyoq zamburugʻli kasalligi koʻpincha tirnoqlarda kuzatiladigan zamburugʻli kasallik bilan birga kechishi mumkin. Kasallik erkaklarda koʻproq qayd etiladi. Bunga sabab erkaklar oyoq terisining oʻziga xos tuzilganligi, koʻp terlashi va koʻproq noqulay oyoq kiyimlar kiyishidir.

Zamburugʻlar koʻproq oyoq yalang yuradigan joylarda: suv havzalari, sauna, hammom va goʻzallik salonlarida yuqish ehtimoli yuqori boʻladi.

Oyoq zamburug'i belgilari

Oyoq terisining zararlanishi turli xil koʻrinishida boʻlishi mumkin. Kasallikning bir necha shakllari mavjud, aynan shular kasallikning bosqichlari boʻlib ham hisoblanadi.

Skvamatoz – barmoqlar orasi, barmoqlar asosi va kaft yuzasi terisining qipiqlanishi bilan namoyon boʻladi. Bemorlarni bu bosqichda kasallik bezovta qilmaydi.

Skvamatoz-giperkeratotik – teri qipiqlanishi natijasida ayrim sohalar terisi qalinlashadi, terida qadoqlar hosil boʻladi. Barmoqlar orasida qichishish kuzatiladi.

Intertrigioz – qattiqlashgan va qadoqlangan terida yalligʻlanish jarayoni boshlanadi, terida chuqur yaralar paydo boʻladi. Qichishish bilan birgalikda achishish hissi bemorlarni bezovta qila boshlaydi. Ushbu bosqichda koʻpincha tirnoqlarda ham zamburugʻli kasallik rivojlanadi.

Disgidrotik – yalligʻlanish oʻchogʻida seroz pufakchalar paydo boʻladi, ularning ichi suyuqlik bilan toʻladi. Pufakchalar yorilgandan soʻng yarali iz qoldiradi. Bunda bemor achishish va ogʻriq hissini sezadi. Tana harorati koʻtarilishi mumkin. Kasallikning bunday koʻrinishi yiringli asoratlar qoldirishi bilan xavfli hisoblanadi.

Oyoq zamburug'i (griboki)​ kasalligining  davosi

Zamburugʻli kasallik davosining samaradorligini oshirishi uchun shifokor mutaxassis bilan maslahatlashish zarur. Shifokor kasallikka aniq tashxis qoʻyadi va davo muolajalarini ham toʻgʻri tanlashda yordam beradi.

Zamburugʻlarga qarshi preparatlar:

  • Maz va kremlar – kasallik qoʻzgʻatuvchisini oʻldiruvchi moddalardan iborat boʻladi.
  • Boltushkalar – zamburugʻlarga qarshi qoʻllaniladigan maxsus dori vositasi boʻlib tarkibida ogʻriq qoldiruvchi, shishga qarshi, zamburugʻlarga qarshi, qurituvchi va boshqa moddalarni saqlaydi.
  • Antiseptik mazlar – yalligʻlanishga qarshi va teri, tirnoqlarda yiringlash ehtimolini kamaytirish uchun qoʻllaniladi. Antiseptik vositalardan tayyorlangan eritmada oyoqlarni vannochkalar qilish davo muolajalar samaradorligini yana-da oshiradi.
  • Tizimli taʼsir etuvchi preparatlar – kasallikning ogʻir kechishida ayniqsa, disgidrotik shaklida bemorlarda ichga qabul qilish uchun dori vositalari buyuriladi.
  • Har qanday mahalliy qoʻllaniladigan preparatlar zararlangan sohaga suriladi.

Zamburugʻli kasallikka qarshi xalq tabobati yordamida kurashish

Teri qipiqlanishi va yaralar hosil boʻla boshlaganda och pushti rangli kaliy permanganat eritmasi (margansovka) da vannochkalar qilish oyoq zamburug'i bezovta qilganda ancha samaralidir.

Foto: LiveInternet

Bundan tashqari quyidagi bir necha usullar yordamida oyoqlarda kuzatiladigan zamburugʻli kasalliklardan xalos boʻlish mumkin:

  • Chistotel. Yarim litr qaynoq suvga 3-4 osh qoshiq chistotel sokidan solamiz. Oyoq terisining zararlangan sohalarini botirgan holatda har kuni 25-30 daqiqa davomida vannochka qiling. Odatda muolaja 20 marotaba takrorlanadi.
  • Dengiz tuzi. 1 litr suvga 1 osh qoshi dengiz tuzi soling. Har kuni oyoqlarni ushbu eritma bilan yuvib turing.
  • Sirka kislotasi. Sirka kislotasi kislotali muhit hosil qilganligi uchun zamburugʻlarni nobud qiladi. Buning uchun 1 litr suvga 100-150 ml 9 % li sirka kislotasini qoʻshing va tayyor boʻlgan eritmada oyoqlarni vannochka qiling.
    Ehtiyot boʻling – kuchli konsentratsiyali sirka kislotasi oyoq terisi kuyishiga olib kelishi mumkin!
  • Qariqiz bargi bilan bogʻlam qoʻyish. Qariqiz bargini maydalang va oyoqning zararlangan sohalarini bint yordamida oʻrab qoʻying. Bunday bogʻlamni kun davomida 2 marotaba takrorlang. Muolaja odatda 3 haftagacha davom etadi.

Oyoq griboki profilaktikasi

Oyoq zamburug'i kasalligining eng samarali davosi – kasallik yuqmasligiga harakat qilishdir. Qoʻzgʻatuvchi oyoqlaringizga tushmasligi uchun bir necha chora tadbirlarni qoʻllang:

  • Begona insonlarning oyoq kiyimlarini kiymang va oʻzingizning oyoq kiyimingizni ham ularga bermang;
  • Agar oila aʼzolaringizdan birida zamburugʻli kasallik kuzatiladigan boʻlsa, shaxsiy gigiyena vositalarini alohida-alohida holda saqlang, Hojatxona va vannalardan foydalanganda ham shaxsiy oyoq kiyimi alohida boʻlishi shart;
  • Oyoq kiyimlarni muntazam ravishda sirka kislotasi yoki 1 % li xlorgeksidin eritmasi bilan artib turing;
  • Oʻzingizga qulay boʻlgan “nafas oladigan” oyoq kiyimini tanlang;
  • Har kuni toza paypoq kiying;
  • Agar oyoqlaringizda koʻp ter ajralsa, talk yoki boshqa kukunlardan foydalaning;
  • Oyoqlarni har kuni kamida 2 marotaba yuvib turing.