Keyingi yillarda «o‘t pufagimni operatsiya yo‘li bilan oldirib tashladim», deguvchi insonlarni ko‘p uchratayapmiz. O‘t pufagi «qiyshayganda» operatsiya qildirish shartmi? O‘t qopi organizm uchun qanday vazifani bajaradi? Safro degani nima? Sizni qiziqtirgan bu kabi savollarga javob olish maqsadida "Bekajon gazetasi" muxbiri  M.Qurbonova Toshkent Tibbiyot Akademiyasi «Umumiy xirurgiya va bolalar xirurgiyasi» kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali xirurg Shomurod Mehmonov bilan suhbatlashdi. Quyida shu suhbatni o‘qishingiz mumkin. Eng avvalo, o‘t qopi fiziologiyasi haqida tushuncha berib o‘tsak. O‘t pufagi, asosan, jigar bilan bog‘liq. Uning hajmi o‘rtacha 60 mg bo‘lib, u jigarning pastki qismida joylashgan. O‘t qopi oshqozon osti bezi fermentlarini aktivlashtiradi, modda almashinuvida ishtirok etadi. U yog‘li ovqatning parchalanishiga yor­dam beruvchi «safro» degan achchiq ko‘kimtir suyuqlik to‘playdi. Bu kasallikning alomatlari shunday: qorin sohasida, qovurg‘a ostida qattiq og‘riq paydo bo‘ladi, ba’zida og‘riq yuqoriga chiqib, o‘ng kurakkacha boradi.

Safro qanday vazifani bajaradi?

- Safro yog‘li taomlar iste’mol qilganimizda yog‘larni parchalash xususiyatiga ega, bundan tashqari, oshqozon osti bezi fermentlarini o‘n ikki barmoqli ichakka yaqinlashtirib, oqsillarning parchalanishiga yordam beradi. Safroning tarkibida bilirubin — o‘t kislotalari, suv, tuzlardan tashkil topgan. Bilirubin eritrotsitlardan, ya’ni, qizil qon tanachalari parchalanishidan hosil bo‘ladi. Bilivezdin jigar hujayralari gliyekuron kislotasi bilan bog‘lanib, bilirubinni tashkil qiladi. Bu qon tanachalari har 120 kunda taloqda parchalanib turadi. O‘t pufagi devori yallig‘langanda, devori ikki baravar qalinlashadi,ilgari bor-yo‘g‘i 3 mm bo‘lsa, endi 1 sm. ga­cha qalinlashadi.

Ko‘pchilik tosh borligini bilmaydi

Insonlarning yigirma foizi o‘t qopida tosh borligini bilmaydi. Og‘riq bermaganligi uchun yuraveradi. Ayrim ho­latlarda og‘riq bo‘lganida jigarim og‘riyapti, deb shikoyat qiladi. Aslida bu paytda bemorning jigari og‘rimayotgan bo‘ladi. 40-50 yoshdan keyin bemor shifokor huzuriga kelib, «shu joyim­da sovuq sezayapman» deydi. Aslida bemor ko‘rikdan o‘tganida ko‘proq osteoxondroz bezovta qilayotganligi va og‘riq berayotganligi aniqlanadi. Ayrim hollarda o‘t qopidagi tosh olib tashlansa-da, og‘riq bemorni tark etmaydi.Chunki uni umurtqa pog‘onasidagi o‘zgarish — os­teo­xondroz bezovta qi­lib, og‘riq o‘qtin-o‘qtin bezovta qilaveradi. Og‘ir narsa ko‘targanimizda umurtqa pog‘onamiz qiyshayadi. «Osteoxondroz» degani umurtqalar orasidagi diskni degenerativ o‘zgarishlari natijasida hosil bo‘ladigan jarayondir.

Tashxislash

- Bemor shikoyat qi­lib kelganida qanday choralar qo‘llaniladi? - Bemor eng avvalo tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bu tosh bilan bog‘liqmi yoki umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liqmi? Yallig‘lanish protsessi bo‘ladigan bo‘lsa UTTda tekshirib ko‘riladi. Bu holatda birinchidan, o‘t qopida dimlanish hosil bo‘ladi, ikkinchidan, o‘t devori qalinlashadi, bular o‘t qopida tosh paydo bo‘l­ganligidan darak beradi. O‘t qopida tosh paydo bo‘­lish mexanizmi qanday kechadi? Birinchidan, in­­­­­­fek­siya tushadi, infeksiya tushishi natijasida o‘t qopining shilliq qa­­­­­vatida epiteletlari sekin-asta qipiqlanib tusha boshlaydi. Dimlanish holatlari paydo bo‘lgandan keyin kaloid holatlari buziladi. Tuzlar cho‘kishi natijasida tosh hosil bo‘ladi. Bu toshlar har xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. O‘t qopida 1200 tagacha tosh bo‘lishi mumkin. Ayrim toshlar borki, hatto bol­g‘acha bilan urib ham maydalab bo‘lmaydi.

O‘t pufagi kasalligining kelib chiqish sabablari nimada?

- O‘t pufagi jigar ishlab chiqargan o‘t suyuqligi uchun rezervuar hisoblanib, u ovqatlanish paytida o‘t suyuqlikni 12 barmoqli ichakka haydab berish vazifasini bajaradi. O‘t pufagi kasalliklari pala-partish ovqatlanish, ratsionda yog‘li taomlarning ko‘pligi, ovqatlangandan keyingi kam harakatlilik, o‘t suyuqligining dimlanishi ta’sirida kelib chiqadi. O‘t pufagida o‘t yig‘ilgandan keyin o‘t pufagi devorlari taranglashib, qon aylanishi buziladi, natijada organizmda yallig‘lanish paydo bo‘ladi.

 Muhim maslahat

- O‘t pufagi operatsiya qilib olib tashlangan bemor nimalarga rioya qilishi zarur? Bunday bemorlar ko‘pincha «ozib ketdim» yoki «to‘lishib ketdim», deyishadi. O‘t pufagi funksiyasini qaysi or­ganlar zimmasiga oladi? - O‘t pufagi olib tashlangan bemor operatsiyadan keyin bir oy mobaynida parhezga amal qilishi zarur. O‘t qopi bu — rezervuar, ya’ni qo‘shimcha qism. Bemorning o‘t qopi olib tashlansa-da, avvalgidek turmush tarzini kechiraveradi. Ozish yoki to‘lishib ketish bunga bog‘liq jarayon emas. Yog‘li taomlar iste’mol qilinganida o‘t yo‘li qisqarib, safro o‘n ikki barmoqli ichakka tushadi. O‘t yo‘lida 10ml gacha safro turadi. - O‘t pufagi bezovta qilganida, «dyubaj» qi­linishi mumkinmi? - Agar o‘t qopida tosh bo‘lsa, «dyubaj» aslo mumkin emas. Agar o‘t qopida qiyshayish bo‘lsa, yog‘li taomlarni kamroq iste’mol qilgan ma’qul. O‘t qopi kasalligi bilan og‘rigan insonlarning juda ko‘p foizi ayollardir. - Ayting-chi, o‘t pufagi og‘riqlari to‘satdan bezovta qiladimi yoki ilgari ham o‘qtin-o‘qtin og‘riq bergan bo‘ladimi? - To‘satdan qattiq og‘­riq berishi mumkin. Bemor shifokor huzuriga kelganida besh yildan beri shu joyimda ozgina og‘riq bo‘lib turardi, deb shikoyat qiladi. Mayda toshlar tiqilgandan ke­yin o‘t qopi yallig‘lanib shishadi, yiring­laydi, bunday holatlarda jarrohlik yoki laparoskopik yo‘llar bilan operatsiya qilinadi. Ayrim kasallar yuragim sanchib qoldi, deb shifokor huzuriga boradi va kardiologiya bo‘limiga tushadigan EKG da esa o‘zgarish yo‘q. Aslida uni o‘t qopidagi toshlar bezovta qilayotgan bo‘ladi. 72 soat ichida yallig‘lanish protsessi bezovta qilib og‘riq to‘xtamasa, bemor operatsiya qilinadi. Bu ko‘rsatgich bemor kasalxonada kuzatuvda bo‘lgan bo‘lsa, ayrim hollarda bemorlar yallig‘lanish kuchli bo‘lib, atrof to‘qimalarga tar­qalgan holda kasalxonaga keladi va bunday paytda zudlik bilan operatsiya qilinadi. - Qaysi holatlarda bemor operatsiya qilinmaydi? Deylik, uning yuragida jiddiy nuqsonlar bor? - Har qanday holatda ham bemor operatsiya qilinadi, hatto yuragi infarkt jarayonidan o‘tgan bo‘lsa ham. Chunki bemorga azob berayotgan og‘riqni to‘xtatish uchun o‘t qopidagi tosh olib tashlanadi. Bo‘lmasa bemorning hayoti xavf ostida qoladi.
Mavzuga aloqador maqola:  Xolesistit: sabablari, belgilari, turlari va uning davosi