Mavsumiy mevalar gʻarq pishadigan pallaga ham yetib keldik! Mazasi tilni yoradigan oʻrik yeyapsizmi? Ochlik xissidan xalos etuvchi, koʻp miqdorda vitamin va mikroelementlarni oʻzida mujassam qilgan, kattayu kichikka birdek foydali oʻrik, nafaqat salomatlik, balki goʻzallik borasida ham ayni muddaodir. Bugun oʻrik haqida suhbatlashamiz!

Oʻrik mevasining qanday foydali xususiyatlari bor?

Oʻrik mevasi tarkibi haqida eshitganmisiz?

Bir dona oʻrikda: koʻrish qobiliyati, teri, soch, tish koʻrinishini yaxshilovchi A vitamini, xotira va moddalar almashinuvini ragʻbatlantiruvchi B2 vitamini, artrit va tomir tortishishidan xalos boʻlishga yordam beruvchi B5 vitamini, shuningdek mashhur B9, foliy kislotasi, immunitetni chiniqtiruvchi C vitamini, sizni hamisha yosh va maftunkor koʻrsatuvchi E vitamini mavjud.

Ushbu meva kaliy, kalsiy, magniy va fosfor minerallariga ham boy sanaladi. Taʼmi qanday shirin boʻlishiga qaramay 100 gr oʻrikda 44 kilokaloriyagina mavjud. Yaʼni oʻrik oson oʻzlashtiriluvchi uglevodli parhezbop mevadir. Qomatim demasdan, maza qilib oʻrikxoʻrlik qilavering.

Oʻrikning foydali xususiyatlari

Oʻrik tarkibidagi karotin moddasi nafaqat yurak kasalliklarini davolaydi, balki erkaklik salomatligi uchun ham foydalidir. Ayollarga esa goʻzallik borasida asqatadi. Teringiz tarang va ajinlar holi boʻlishini istasangiz, oʻrik sharbatini kanda qilmang. Danagidan tayyorlangan efir moyini esa teridagi husnbuzar va toshmalar ustiga surtsangiz osongina xalos boʻlishingiz mumkin.

Bundan tashqari, oʻrik quyidagi holatlarda bizlarga yordam beradi:

  • mikroblar va bakteriyalarga qarshi kurashadi;
  • ovqat hazm qilishni yaxshilaydi;
  • qon bosimini tushiradi;
  • organizmda suv yigʻilishini kamaytiradi;
  • koʻrish qobiliyati va xotirani yaxshilaydi;
  • miya faoliyatini yaxshilaydi;
  • yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi;
  • teri, soch va tirnoq sifatini yaxshilaydi.

Sarvqomat boʻlaman desangiz...

Ochlik hissini bartaraf etish boʻyicha oʻrikka teng keladigani yoʻq. Ammo qorinni toʻq tutar ekan deya, meʼyorni unutib qoʻymang-a... Shirin taʼmiga asir boʻlsangiz, oshqozoningiz qiynalib qoladi-ya. Och qoringa ham yemang, ovqatlanib boʻlgach, desert, pirojniy va shirinliklar oʻrniga oʻrikning qoqidan 5-6 ta yeb olsangiz kifoya.

Oʻrik mevasi kimlarga mumkin emas?

Tarkibida shakar moddasi koʻp boʻlganligi tufayli qand kasalligi bilan ogʻriganlar oz miqdorda oʻrik yeyishlari lozim. Qand miqdori yuqorilaganda esa umuman cheklagan durust. Pankreatit kasalligida esa bir kunda bir marta, 2 dona yeyish kifoya. Xastalik xuruj qilganida oʻrikning qoqisigagina ruxsat bor.

Oʻrikdan niqob tayyorlash

Mevani poʻstidan ajratib, boʻtqa koʻrinishiga keltiring. Aralashmani tozalangan yuz terisiga surtingda, 5 daqiqadan soʻng iliq suvda yuvib tashlang. Niqobdan soʻng yuzga krem surtish shart emas, muolajani har ikki kunda takrorlab tursangiz yuzingiz vitaminlarga toʻyinib, yarqiray boshlaydi.

Yogʻli yuzlar uchun oʻrik boʻtqasiga 3 osh qoshiq kefir aralashtirish va 20 daqiqaga yuzga surtib qoʻyish tavsiya etiladi.

Darvoqe, oʻrik sharbatidan ham goʻzallik muolajasi oʻrnida foydalanish mumkin. Buning uchun ikki qavat dokani meva sharbatida hoʻllab, yuzingizga qoʻying. Doka quriguncha uni yuzda ushlab turing, soʻng yana hoʻllang va muolajani takrorlang. 3-martadan soʻng yuzni quruq paxta bilan artib oling.

Quruq yuzli xonimlarga esa oʻrik boʻtqasi va tvorogni teng miqdorda aralashtirib, niqob oʻrnida qoʻllash maslahat beriladi.

Mevasini yeng-u, danagini...

Dorixonadan oʻrik danagidan tayyorlangan moyni sotib olingda shampun idishiga 2-3 tomchi aralashtirib qoʻying. Yangicha tarkibli shampun sochlarni yumshoq, mayin va mustahkam koʻrinishga keltiradi.

Mazali oʻrikni toʻgʻri tanlash

Hech qanday kimyoviy moddalar qoʻshilmagan, shirin oʻrikni tanlashda uni hidlab koʻrishning oʻzi kifoya, bunda u juda xushboʻy is taratishi kerak. Ushlab koʻrganda u yumshoq, lekin tarang boʻlsin. Agar ular juda pishib ketgan boʻlsa, unda bunday oʻrikdan jem yoki povidlo tayyorlash mumkin.

Oʻriklar tezda aynishi sabab, ularni uzoq vaqt saqlab boʻlmaydi. Ularni sovutgichda bir necha kungacha saqlash mumkin.

Oʻrik sharbatini tayyorlash

Oʻrik damlamasini chanqovbosdi sharbatga aylantirish uchun quyidagicha tayyorlash kifoya: 10-15 dona oʻrikni sovuq suvda yaxshilab yuvib, ustidan bir litr qaynab turgan suv solasiz. Sharbatga kam miqdorda shakar qoʻshing. Aks holda, u chanqoq bosuvchi emas, chanqatuvchi ichimlikka aylanadi. Sharbat xushxoʻr boʻlishi uchun 2-3 dona yalpiz yaprogʻidan solsangiz ham boʻladi.

Anora Gʻulomova.
Darakchi.uz