Xotirani mustahkamlaydi
Britaniyalik olimlarning sichqonlar ustida o‘tkazgan tajribalarida olmaning xotirani mustahkamlashi aniqlandi. Ularning fikricha, kishi kuniga uch dona olma iste’mol qilsa, istalgan yoshda xotirasi mustahkam bo‘lib, keksalik bilan bog‘liq parishonxotirlikning oldi olinar ekan. Bundan tashqari, olma qon tarkibidagi xolesterin miqdorini ham kamaytirarkan. Olma tarkibidagi pektin moddasi organizmdan ortiqcha xolesterin chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Kuniga ikki dona olma iste’mol qilish qondagi zararli xolesterin miqdorini o‘rtacha to‘qqiz foizga kamaytiradi. Qolaversa, pektin moddasi qand xastaligi paydo bo‘lishi xavfini ham kamaytiradi. Olma tarkibidagi antioksidantlar saraton xastaliklariga qarshi yaxshi himoyadir. Biroq buning uchun olmani faqat po‘sti bilan yeyish kerak. Negaki, saratonga qarshilik ko‘rsata oladigan moddalarning aksariyati aynan olma po‘stidadir.Umrni uzaytiradi
Muntazam ravishda olma iste’mol qiluvchilar olma yemaydiganlarga qaraganda 17 yil uzoqroq yashaydi. Buning boisi olma tarkibidagi katexin polifenolida ekan. Bu modda immunitetni oshirib, qon aylanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi va umuman yurak-qon tomir tizimini yashartiradi. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, kuniga bir donadan olma yeb yurgan kishilarning yurak-qon tomir tizimi olmani xushlamaydiganlarga qaraganda 17 yilga yosh bo‘larkan. Olma tish emalini tozalab, milklarni massaj ham qiladi. Biroq olmada organik kislotalar ko‘pligi bois ular tish emalini yemirishi mumkin. Shu sababli olmani yeb bo‘lgach, og‘izni suvda chaygan yoki saqich chaynagan ma’qul. Olma qancha nordon bo‘lsa, demak, tarkibida C darmondori shuncha ko‘p bo‘ladi. Agar olmalarni mum qoplagan bo‘lsa, qo‘lingiz yog‘lanadi, shu sababli iste’mol qilishdan oldin ularni yaxshilab yuvish zarur. Agar olma hid taratmasa uzoq saqlangan va shirasini yo‘qotgan bo‘ladi.Ivitilgan olmada darmondori ko‘p saqlanadi
Buning uchun tekis olmalarni saralab, yaxshilab yuvib, idishga qat-qat qilib terib chiqish kerak. Bir litr suvga bir yarim qoshiq shakar, ikki qoshiq asal, ozgina tuz solib qaynatib, so‘ng sovutilgan sirop tayyorlab olinadi va terilgan olmalar ustidan quyiladi. Olmalar ustini og‘ir yog‘och krujka bilan bostirib qo‘ying. 3-4 kun ichida olma o‘ziga suyuqlikni singdirib olgach, sirop sathi pasayadi. Yana sirop quyib olma ustini suyuqlik bilan to‘ldiring. Suyuqlik yog‘och krujka ustidan 3-4 santimetr ko‘tarilsin. 30-40 kundan so‘ng olmalar tayyor bo‘ladi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti haftasiga ikki-uch marta baliq iste’mol qilishni tavsiya etadi. Chunki olimlarning aytishicha, baliq salomatlik uchun betakror ne’mat. Tibbiyot fanlari nomzodi Ch.Derbenevaning ta’kidlashicha, haftasiga ikki marta baliq iste’mol qiluvchilarda yurak xastaliklari paydo bo‘lish xavfi 30 foizga kamayar ekan. Dengiz va daryo baliqlarining asosiy qimmati ularning go‘shti tarkibidagi yarim to‘yingan omega-3 yog‘ kislotasi. Bu modda qondagi lipidlar va xolesterin miqdorini tartibga solib, aterosklerozning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, bosh miya, yurak va qon tomirlar holatiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. To‘rt soat mobaynida hazm bo‘ladigan hayvonot go‘shtlaridan farqli ravishda baliq tarkibida 15 foiz miqdorida organizmga yengil singadigan oqsillar, shuningdek, yod, marganes, mis, rux, ftor kabi moddalar almashinuvi uchun betakror noyob mikroelementlar mavjud. Olimlar ta’kidlashicha, eng arzon baliqlar ham foydali bo‘lib, qator xususiyatlariga ko‘ra qimmat navli baliqlardan qolishmas ekan.Renat Akchurin, akademik, yurak jarrohi:
— So‘nggi paytlarda kasal bo‘lmaslik va uzoq yashash imkonini beradigan sirli ne’matlarni izlash urfga aylandi. Ishonch bilan ayta olamanki, bunday ne’mat amalda mavjud emas. Biroq shunga qaramasdan foydali mahsulotlar, xususan, yurakka nafi bor taomlar, albatta, mavjud. Yurak uchun eng foydali ne’matlardan biri — baliq. O‘tkazilgan klinik tadqiqotlarda haftasiga ikki marta baliq iste’mol qilish yurak xastaliklari rivojlanishini 30 foizga kamaytirishi isbotlandi. Baliqning yana bir noyob xususiyati shundaki, uning tarkibidagi to‘yinmagan yog‘lar iste’mol qilingan mahsulotlardagi zararlar ta’sirini yo‘qqa chiqaradi. Quruq mevalar, xususan, o‘rik va mayiz ham juda foydali. Ulardagi yurakka zarur mikroelementlar organizmga yengil singadi. 40 yoshdan keyin go‘sht mahsulotlarini umuman iste’mol qilmaslik, ularni asta-sekin sabzavot, meva hamda bo‘tqalar bilan almashtirib borish maqsadga muvofiq.«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi.
"Ziyouz.com" nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )