Turli o‘smalarni, shuningdek ba’zi yallig‘lanish kasalliklarini davolashda bugungi kunda nur terapiyasidan foydalaniladi.
Nur bilan davolashda ionlovchi nurlar (alfa, beta, neytron, elektron, proton zarralar hamda rentgen va gamma nurlari) qo‘llaniladi.
Xastaliklarni nur bilan davolashda nur yuboriladigan to‘qimaning biologik xususiyatlari va ionlovchi nurlarning fizikaviy xususiyatlari hisobga olinadi. Bunda nur ta’sirida to‘qimalarda ionlanish hamda murakkab fizik-kimyoviy va biokimyoviy jarayonlarni yuzaga keltiradi, so‘ng to‘qimalarning hayotiy faoliyatini izdan chiqaradi.
To‘lqin qanchalik uzun bo‘lsa, nurlanish ta’siri shunchalik kuchayadi. Ionlovchi nurlar xavfli o‘sma to‘qimalariga sog‘ to‘qimalarga qaraganda ko‘proq ta’sir qiladi.
Har bir hujayraning nurga nisbatan yuqori va past sezgirlik davri mavjud. Agar ionlovchi nur hujayraning o‘ta sezgir paytida ta’sir etsa, u qattiq shikastlanadi va davolash samarasi yuqori bo‘ladi. Sezgirligi sust vaqtida ta’sir etganda esa faoliyati uncha o‘zgarmaydi, oqibatda natijasi samarasiz kechadi.
Ko‘pgina tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, o‘sma hujayrasining nur bilan zararlanish darajasi to‘qimadagi kislorod miqdoriga bog‘liq. ya’ni hujayrada kislorod ko‘p bo‘lsa, nur ta’siri kuchli, kislorod kam bo‘lsa aksincha holat ro‘y beradi. Davolashda ana shu xususiyatlarga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘smalarni nur bilan davolashda ularning to‘liq yemirilishi uchun ionlovchi nurlarning katta miqdori qo‘llaniladi. Bunda organizmning nurga nisbatan mahalliy va umumiy turli reaksiyalari kuzatilishi mumkin. Reaksiya kuchli bo‘lsa darhol shifokor tomonidan ko‘rsatmalar beriladi. Nur bilan davolash natijasining ijobiy bo‘lishi asosan bemorning shifokor ko‘rsatmalariga rioya etishiga bog‘liq kechadi.
Bilish muhimki, onkologik kasalliklar, masalan bachadon bo‘ynidagi, to‘g‘ri ichak va o‘pkadagi, teri va ko‘krak bezlaridagi, shuningdek bosh miyadagi xavfli o‘smalarni davolashda nur terapiyasi mustaqil davo chorasi sifatida tavsiya etiladi. O‘smalarni nur bilan davolashda asosan ikki xil nur manbalaridan foydalaniladi. Ya’ni:
1.Zaryadlangan zarralar tezlatgichlari (rentgen asboblar, siklik va chiziqli tezlatgichlar).
2.Sun’iy radioaktiv moddalar (gamma moslamalar, radioaktiv moddalar).
Nur bilan davolashning ikki xil: tashqi (distansion) va ichki (kontaktli) yo‘nalishi mavjud. Amaliyotda tashqi nur berish ko‘proq qo‘llaniladi.
Ta’kidlash joizki, nur terapiyasi davolashda samara bersa-da, nohush asoratlar ham qoldirishi mumkin. Masalan bachadon bo‘yni saratoniga qarshi nur terapiyasidan foydalanilganda ayollarda sistit (siydik qopining yallig‘lanishi) kasalligi kelib chiqadi. Bosh miya o‘smalariga qarshi nur yuborilganda esa miyada shish bo‘lishi kuzatiladi. Nur davosi samaradorligini oshirish, noxush asoratlarini kamaytirish uchun bemorlar radiolog shifokorlar tomonidan puxta tekshiriladi va nur davosi muolajalariga maxsus tayyorlanadi.
Nur bilan davolash mustaqil tarzda yoki boshqa maxsus davolash muolajalari bilan birga olib boriladi. Agar nur terapiya jarrohlik amaliyoti bilan birga qo‘llanilsa, bemorga nur yo operatsiyadan oldin, yoki keyin beriladi. Nur terapiyasi o‘sma kasalliklarining turi, alomatlari va qanday kechishiga qarab onkolog va radiolog mutaxassislar tomonidan tavsiya etiladi. Bunday davolash usuli bemorning ahvoliga va kasallikning kechishiga ko‘ra uch haftadan to ikki oyga qadar davom ettiriladi.
Ulug‘bek UBAYDULLAYEV, shifokor-radiolog, tibbiyot fanlari nomzodi.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )