G‘alati holat… Ko‘z o‘ngingizda o‘tirgan bir odam kutilmaganda o‘zida qattiq charchoq sezadiyu shu zahoti qattiq uxlab qoladi! Hatto ayrim paytda tana mushaklari keskin bo‘shashib yiqilib tushadi va shu zaylda uxlayveradi. Bu hol yarim yoki bir soat davom etadi, keyin bemor o‘z-o‘zidan uyg‘onishi mumkin. Mutaxassis olimlar shu holatni narkolepsiya, ya’ni uyquchanlik deb atashadi. “Narkolepsiya bosh miya po‘stlog‘ining ayrim qismlarida tormozlanish jarayoni ro‘y berishi natijasida kelib chiqadi. Ba’zan odam uyqudan uyg‘ongani zahoti bir muncha vaqt tana mushaklari o‘z tarangligini yo‘qotganini sezishi mumkin” deyishadi olimlar.
Bu kasallik rivojlanishining aniq sabablari yetarlicha o‘rganilmagan. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, narkolepsiya dardiga chalingan bemorlarning bosh miyasida biologik faol modda (kimyoviy ingridiyent)ning yetishmasligi aniqlangan.
Narkolepsiya: Ish qobiliyati keskin pasaysa…
Siz avtoulov boshqarish, kundalik yumushlarni bajarish yoki o‘qish jarayonidagi qobiliyatingiz susayganini sezdingizmi? Bu sizning kundalik ish va hayot faoliyatingizga salbiy ta’sir o‘tkazyaptimi? Demak, darhol shifokor mutaxassisga murojaat qilishingiz lozim. Bordiyu sizga narkolepsiya tashxisi qo‘yilsa, uning qay darajada rivojlanganligini polisomnografiya va MSLT test (uyqu jarayonlarining buzilishini aniqlashga imkon beruvchi maxsus sinov turi) o‘tkazib bilish mumkin. Somnologik markaz mutaxassislari tomonidan bemorning bosh qismiga maxsus elektrodlar joylashtirilib bosh miya, yurak va ko‘z sohasidagi funksional jarayonlar kuzatiladi. Sinovning ikkinchi kunida MSLT test o‘tkaziladi. Ya’ni kunduz kuni shifokor–mutaxassislar kuzatuvida har ikki soat ichida bemor qisqa muddatga uyquga ketishi taklif etiladi. Ushbu test yordamida bemorning uxlash xususiyati kuzatiladi. Narkolepsiya xastaligini nafaqat dori-darmonlar bilan davolash orqali, balki kundalik turmush tarzingizni nazoratga olgan holda ham ijobiy natijaga erishish mumkin. Maslahat shuki, har kuni bir xil vaqtda uyquga yoting va bir xil vaqtda uyg‘onishga harakat qiling. Ya’ni uyqu va tetiklik mutanosibligiga rioya qiling. Iishxona yoki uy sharoitida bajariladigan yumushlarni, masalan avtomobil boshqarish, ovqat tayyorlash chog‘ida ehtiyotkor bo‘ling. Shifokor tayinlagan dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qiling. Dorilarning ta’siri borasidagi o‘zgarishlar haqidagi xabarni unga yetkazib turing.Kuchli hayajon ham sababchi
Kunduzgi vaqtda haddan tashqari uyquga berilish narkolepsiyaning bitta alomati. Ba’zan kutilmaganda kuchli hayajon tufayli tana mushaklari tarangligi qisqa muddatga keskin pasayib ketadi (katapleksiya) va bemor to‘satdan yiqilib tushadi, lekin es-hushini yo‘qotmaydi. Uyqu fazasining buzilishi, uzoq vaqt davom etmaydigan “falajlanish” holatlari, uyqudan uyg‘onish chog‘ida yuz beradigan gallyutsinatsiyalar ham narkolepsiya belgilaridir. Kasallik asosan o‘smirlik davrida yoki yoshlikda paydo bo‘lib, o‘z vaqtida davolanmasa bir umrga saqlanib qolishi mumkin. Uyquchanlikning ushbu turiga uchragan odam xotirasining pasayishi, diqqat-e’tiborini jamlay olmasligi, muntazam bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladi. Tungi vaqtda esa miriqib uxlay olmaydi. Katta yoshdagi bemorlar ruhiy zo‘riqish bois kundalik ish yumushlarini bajara olmaydilar. Yosh bolalar esa o‘z tengdoshlaridan rivojlanishda ortda qoladi.© Jamila KOMILOVA, shifokor. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )