Nafas qisishidan ehtiyot bo‘ling!

Nafas qisishini keltirib chiqaruvchi bir qancha omillar mavjud. Masalan, fiziologik (tabiiy) nafas qisishi zinapoyadan tez chiqqanda yoki shoshib, yugurganda yuzaga keladi. Mushaklarning tez qisqarib bo‘shashi qondagi kislorod miqdoriga bo‘lgan talabni bir necha marotabagacha oshirib yuboradi. Bosh miya esa kislorod yetishmovchiligini reflektor yo‘l bilan tez nafas olish orqali qoplashga harakat qiladi.

Fiziologik nafas qisishi yigirma daqiqadan so‘ng o‘tib ketsa, organizm uchun xavf tug‘dirmaydi. Ammo 2-qavatga yurib chiqqaningizda uzoq vaqt nafasingiz qisa boshlasa, demak tananing jismoniy holati havas qilgudek emas. Tana holati me’yorda bo‘lganda nafas qisishi kam vaqt kuzatiladi va yaqqol namoyon bo‘lmaydi.

Ochiq havoda muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanilsa kishi o‘zini ancha yengil sezadi. Bunday mashqlar nafas ritmi va yurak urishi tezlashishiga olib kelib, nafas olish hamda yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Har kuni yarim soat muntazam ravishda tez-tez qadam tashlab piyoda sayr qilish ham yaxshi natija beradi. Shuningdek, zinadan 3-4-qavatlarga sekin chiqib-tushish ham foyda beradi.

Hissiy zo‘riqish ro‘y bersa

O‘ta qattiq hayajonlanish, vahima bosishi, qattiq jahl va qo‘rquv adrenalin gormoni ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Adrenalin qonga tushgach, o‘pkada me’yordagidan ko‘p havo aylanadi, oqibatda nafas siqilishi ro‘y beradi.

Hissiy zo‘riqish tufayli yuzaga kelgan nafas qisishining salomatlik uchun deyarli zarari yo‘q. Lekin vahima xurujlari (vegetativ kriz) kuzatilganda bemor mutaxassis shifokorga uchrashishi zarur. Vegetativ kriz paytida kishi o‘z-o‘zidan vahima va qo‘rquvga beriladi, bu holat esa biror kasallik, masalan, vegetativ-qon tomir distoniyasining belgisi bo‘lishi ham mumkin.

Nafas qisishining yana bir sababi kamqonlik (anemiya) kasalligi bo‘lishi ham mumkin. Temir ionlari qonning kislorod bilan to‘yinishi, to‘qimalar orqali nafas olishini ta’minlab, qon yaratilishida muhim rol o‘ynaydi. Temir ionlari yetishmaganda organizmda gipoksiya (to‘qimalarda kislorod yetishmasligi) rivojlanadi. Bunga javoban o‘pkamiz bilan zo‘riqib nafas olish yuzaga keladi. Anemiyada ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Shifokor buyurgan dori vositalar va ovqatlar tarkibida temir organizmga yaxshi so‘rilishi uchun bemorga temir saqlovchi dorilar bilan birga vitamin C ham buyuriladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nafas qisishiga nimalar sababchi?

Ortiqcha vazn to‘planganda

Kishida ortiqcha vazn to‘plansa, qalin yog‘ qavati o‘pka va yurakni hamma tomondan o‘rab olib, me’yoriy nafas olishga xalaqit beradi. Bundan tashqari ortiqcha vaznga ega odamlarning yuragi ham zo‘riqib ishlaydi. Natijada kerak bo‘lgan muhim a’zolarga me’yordagidan kamroq miqdorda kislorod yetib boradi.

Ortiqcha yog‘ to‘qimasidan xalos bo‘lishda parhez va jismoniy harakatlar yordam beradi. Jismoniy mashqlarni oddiydan murakkabga qarab, sekin-asta ko‘paytirib borish lozim. Aks holda mashq paytida odam hushini yo‘qotishi ham hech gap emas.

O‘pka, yurak-qon tomir yetishmovchiligi

Nafas a’zolari kasalliklari tufayli kelib chiqadigan nafas qisishi inspirator va ekspirator turlarga bo‘linadi. Inspirator nafas qisishida bronxlardagi shilliq va balg‘am yoki o‘pkadagi o‘sma sababli nafas olish qiyinlashadi. Ekspirator turdagi nafas qisishida bronxial astmada bronxlar muskulaturasi spazmi tufayli nafas chiqarish qiyinlashadi. Umumiy amaliyot shifokori va pulmonolog ko‘rigidan o‘tish va nafas yo‘llari kasalligini davolash orqali nafas qisishidan xalos bo‘lish mumkin.

Ko‘pincha toj arteriyalar spazmi yoki obstruksiyasida ham nafas qisishi mumkin. Yurakning ishemik kasalligi tufayli nafas qisishi kutilmaganda paydo bo‘ladi, bemorga havo yetishmayotgandek tuyuladi, ko‘krak qafasining chap qismida og‘riq turib, pastki jag‘ va qo‘lga ham o‘tishi mumkin.

Yurak yetishmovchiligi tufayli nafas qisishi odam past yostiqda yotganida boshlanib, bosh va tanani biroz ko‘targanda o‘tib ketadi. Keskin paydo bo‘lib, bo‘g‘ilishga aylanib ketadigan nafas qisishi yurak astmasi uchun xos belgi. Odatda bunday xuruj kechasi bezovta qiladi, bemorning rangi oqaradi, badanini muzdek ter bosadi, qon bosimi tushib ketadi, bezovtalanadi, nam xirillashlar paydo bo‘ladi.

Kutilmaganda kuchayib boruvchi nafas qisishi ro‘y bersa darhol tez tibbiy yordamni chaqirish zarur. Chunki bu xol organizmdagi a’zolar ishining jiddiy buzilishidan darak berishi mumkin. Elektrokardiografiya o‘tkazilib, tashhis qo‘yilgach, shifokor davolash tartibini belgilaydi.

O‘qishingiz uchun tavsiya qilamiz: Nafas qisishini tabiiy usullar orqali bartaraf qilish

© Nigora TURSUNOVA,
shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Close