Mizojni yaxshi bilgan tabib bemorni muvaffaqiyatli davolay oladi, deydilar. Ammo buning uchun puxta bilim, boy tajriba va uzoq yillik kuzatuvlar talab etiladi. Abu Ali ibn Sinoning yozishicha, “unsurlar o‘z quvvatlari bilan bir-biriga ta’sir qilishlari natijasida bir kayfiyat vujudga keladi va ana shu kayfiyat mizojdir”.
Tabobatda to‘rt xil – issiq, sovuq, ho‘l va quruq mizoj bor. Shuningdek, oraliq mizojlar ham bo‘lib, ular ho‘l-issiq, ho‘l-sovuq, quruq-issiq, quruq-sovuq, deb ataladi. Dori-darmonlar ham xuddi shunday mizojlarga ega. Bunday mizojlar “dorilarning tabiati” deyiladi.
Qadimgi tabobatda davolash asosan mizojga ko‘ra belgilangan. Bunda har bir kishining mizoji tomir, til, ko‘z, badan va axlat rangidan aniqlab olingan va shunga mos mizojli dori-darmonlar buyurilgan.
Kishi rangsiz, qonsiz ko‘rinsa, ko‘z oqi ko‘kimtirroq bo‘lsa, “sovug‘i oshibdi”, deb darrov issiqlik ovqatlarni berishgan. Bunda qon yo‘qotgan, kamquvvat odamlarning ovqatini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Burungi tabiblar fikricha, yoshi o‘tib qolgan kishilar kuchli ovqatlarni kam iste’mol qilishlari zarur. Chunki ularning badanidan suv xiyla qochgan, qon tomirlari ozmi-ko‘pmi sklerozga uchragan bo‘ladi. Yoshi ulg‘aygan yoki semirib ketgan odamning yuragi “mijg‘ib” og‘riy boshlasa, boshi aylansa yoki jigar, o‘t qopida kasallik alomatlari kuzatilsa, manti, norin, yog‘li go‘sht, baliq, ikra, qo‘y yog‘i, o‘tkir va sho‘r gazaklar, yog‘li pishloq, kolbasa, qahva, kakao, shokolad, achchiq choy, spirtli ichimliklar va tamakidan parhez qilish tavsiya etiladi. Bunday bemorlarning va umuman yoshi ulug‘ kishilarning yeyish-ichishi sovuqroq choy, sutli choy, suvi qochganroq non, sabzavotli salatlar, sariyog‘, tuxum, yog‘siz sho‘rva, meva sharbatlaridan iborat bo‘lmog‘i lozim. Sabzavotlar bilan birga pishirilgan go‘shtli ovqatlar tabiblar tili bilan aytganda “o‘rta mizojli ovqatlar”dir. Sersabzi, paxta yoki zig‘ir yog‘i va yog‘siz go‘shtdan tayyorlangan palovni o‘rta mizojli deydilar. Masalan, shu palov bo‘shroq tayyorlansa, unga mayiz, behi solinsa, kuchli quvvatga ega bo‘lmaydi, ya’ni “issiqligi” past hisoblanadi. Bu xilda pishirilgan ovqatlar bemor va keksalar uchun parhez taom sanaladi va tez hazm bo‘ladi. Shuningdek, semizlikka moyil odamlar “sovuq” ovqatlarni iste’mol qilishga o‘tishlari zarur.
Ovqatlanishda organizmning o‘ziga xos xususiyati ham hisobga olinadi. Yosh bolalarning ovqatida murch, qalampir, sirka bo‘lmasligi kerak. Bular me’da-ichak shilliq qavatini yallig‘laydi, tanosil a’zolarini ta’sirlantiradi. Shuningdek, ular me’da, buyrak va jigar kasalliklarida ham tavsiya etilmaydi.
Boshqa tabiblarning aytishicha, agar odamning tilini karash qoplab, lablari qovjirab, boshi og‘rib, betiga qon tepib turgan bo‘lsa, “issiqligi” oshib ketgan yoki rangi o‘chib, tomiri sust urib, ko‘ngli aynib, qusishga moyil kishining “sovuqligi” oshib ketgan bo‘ladi.
Bundan tashqari, badan quruq yoki ho‘l bo‘ladi. Sovuq va quruq organizmga shaftoli yeyish tavsiya etiladi. Issiq va ho‘l badanga kashnich, yalpiz buyuriladi. Issiqligi oshgan tanaga limon, apelsin, olcha yeb turish foydali. Sovuq oshganda esa mayiz, asal, bodom, yong‘oq yeyishning xosiyati katta.
Demak, tabib nafaqat odam mizojini, balki turli o‘simlik, ma’danlar va hayvonlardan olinadigan dori-darmonlar tabiati va mizojini ham puxta bilishi zarur ekan. Masalan, kishi og‘zida achchiq va sho‘r ta’m sezsa, bu safrodir. Safro esa quruq-issiq mizojdan dalolat beradi, uni daf etish uchun chuchuk va achchiq anor suvini omuxta qilib, nonushtada ichish tavsiya etiladi. Odamning og‘zidan suv kelib, soch-soqol barvaqt oqarsa, qorni sanchib og‘risa, tabib bu illatlar sababi balg‘am ekanini aytadi. Balg‘amning mizoji sovuq bo‘lib, bunday bemorlarga issiq tabiatli ovqatlar (mayiz, yong‘oq) yeyish buyuriladi.
Abu Ali ibn Sino jigar, qon, yurak, o‘pka, taloq, buyrak, teri va kaftni issiq a’zolar, deb uqtiradi. Oyoq ham sovuq, bosh esa issiqdir. Shuning uchun ko‘pchilik “boshimdan sovuq o‘tmasin desang, oyoqni issiq saqla”, deyishadi. Shuningdek, kishi mizojini o‘zi yaxshi bilishi va shunga yarasha ovqatlanishi kerak. Nafsni tiyish kasallikka chek qo‘yishdir. Mizoj odamning yoshiga, ruhiyatiga, yeb-ichishiga va hatto fasllarga qarab o‘zgarib turadi. Yoshlarda va balog‘at yoshiga yetganda, 30 yoshdan 40 yoshgacha issiq va sovuq mizoj ustun turadi. Keksalarda (60 yoshdan oshgandan so‘ng) aksincha, quruq va sovuq mizojlilik kuzatiladi. Bunday mizoj egasi suyuq, issiq ovqatlarni tanovul qilishi lozim. Sutli taomlar ham unga ma’qul keladi.
“Jinslar (erlar va xotinlar) e’tibori bilan mizojlarning ayirmasiga kelsak, xotinlar erkaklarga nisbatan sovuq mizojliroqdirlar. Shuning uchun ular tuzilishda erlarga qaraganda kuchsizdirlar. Yana ularning mizojlari ho‘lroq hamdir”, deyiladi ibn Sino asarlarida.
Ulug‘ tabibning ta’kidlashicha, suv bilan bog‘liq ishlar bilan shug‘ullanuvchilarning mizoji ho‘lroq, aksincha quruqlikda ish yurituvchilarning mizoji quruq bo‘lar ekan. O‘rta yoshlilar va xususan keksalar mizoji juda sovuq bo‘lishi bilan birga juda quruq ham ekanligi aytilgan. “Buni ularning suyaklari qattiqligi va terilarining quruqligidan ham bilish mumkin”, deydi ibn Sino. Bolarning suyaklari va asablari esa yumshoq ekani ta’kidlanadi. Shuningdek, bolalarning mizoji mo‘’tadil bo‘ladi.
“Tabobat xazinasi durdonalari”da mizoj haqida shunday yoziladi:
Aniqlanur dardu alam yoshga qarab,
Tan mizoji, rangu ro‘y, toshga qarab.
Gohida dard qo‘zur faslu zamonlardan,
Turar joylar, shahar, o‘lka, makonlardan.
Tabiblarning aytishlaricha, mevalar, sabzavotlar, sut-qatiq, ko‘katli sho‘rvalar, xamir taomlar “sovuqlik” bo‘lib, bularni yoqtirgan kishilarning mizoji sovuqdir. Sabzavotlar bilan qaynatilgan parranda go‘shti va sho‘rvasi sovuqlik ovqatlarga kiradi. Agar shu parranda go‘shti qo‘y yog‘ida qovurilsa, “issiqlik” ovqat hisoblanadi. Odamning ko‘ngli nordon narsani tusasa, tabib tomonidan shunday ovqatlar buyurilsa, bilingki, bu odamning me’dasida xlorid kislota kam, ba’zi bemorlarning nordon narsalar (g‘o‘ra, ho‘l mevalar, ko‘katli ovqatlar)ni yoqtirishining sababi shunda. Yog‘li qo‘y, ot, mol go‘shtlari, jigar, buyrak, yog‘li baliq esa issiqlik ovqatlar hisoblanadi. Bunday ovqatlarni sevib iste’mol qilgan odamlar “issiq” mizojli bo‘lishadi.
Xullas, har bir odam o‘z mizojini yaxshi bilishi va o‘zi yoqtiradigan taomlar hamda dori-darmonlarning tabiati bilan qiziqish kerak. Ana shundagina kasalliklardan tuzalishi osonlashadi. Bir xil kasallikka chalingan o‘n nafar kishiga bir xil dori to‘g‘ri kelmasligi, har bir dori o‘z tabiati bilan shu bemor mizojiga mos bo‘lgandagina unga buyurilishi zarurligini bilishimiz lozim. Zero, mizojni hisobga olmasdan dori-darmon qabul qilish xuddi ko‘r-ko‘rona davolanishga o‘xshaydi.
© Tib.uz nashri
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )