Kasallik qo‘zg‘atuvchilari — lambliyalar (Lamblia intestinalis) vegetativ shaklda (trofozoit) uchraydi va sistalar hosil qilish
qobiliyatiga ega. Vegetativ shakli faol va harakatchan bo‘lib, ular noksimon shaklda ko‘rinadi. Tanasining oldingi qismi to‘mtoq, orqa qismi esa o‘tkir bo‘lib, uzunligi 9—18 mkm bo‘ladi. Tanasining oldingi qismida so‘rg‘ich disklar mavjud. Ular 2 ta yadro va 4 juft xivchinlarga ega. Xivchinlari qisman sitoplazmadan o‘tgan bo‘lib, bo‘yalganda yaxshi ko‘rinadigan ikkita bo‘ylama tutam hosil qiladi.
Harakati xarakterli bo‘lib, parazit doimo o‘z o‘qi atrofida yon tomoni bilan aylanib harakat qiladi. Preparatda xona haroratida lambliyalar tez nobud bo‘ladi. Oziqni butun tanasining yuzasi bilan so‘radi. Uzunasiga bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi.
Sistalar — lambliyalarning harakatsiz shakllari hisoblanadi. Uzunligi 10—14 mkm, oval shaklda, qobig‘i nisbatan qalin. Lugol eritmasida sarg‘ish-qo‘ng‘ir rangga bo‘yaladi. Bo‘yalgan yetuk sistada 4 ta yadroni ko‘rish mumkin.
Lambliyalar ingichka ichakning yuqori bo‘limlarida hayot kechiradi, so‘rg‘ich disklari yordamida vorsinkalarga yopishib oladi. Ular o‘t pufagida yashay olmaydi, chunki o‘t suyuqlig‘i ta’sirida nobud bo‘ladi. Ularning duodenal zondlash vaqtida ko‘p topilishi lambliyalarning o‘n ikki barmoq ichak devorlaridan tushganligi bilan tushuntiriladi.
Vegetativ shakllari odatda najas bilan chiqmaydi, ammo ular ich ketganda najasda paydo bo‘lishi mumkin. Lambliyalar ichakning pastki bo‘limlariga tushganda noqulay muhitga uchraydi va u yerda yashay olmasdan sistalarga aylanadi, ular esa odatda najas bilan Sistalar tashqi muhitda yaxshi saqlanadi, havo namligi va haroratiga qarab tashqi muhitda bir oygacha saqlanishi mumkin.
Odam kasallikni iflos qo‘llari, o‘yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari va suv orqali yuqtirishi mumkin. Sistalar ichakka tushib,vegetativ shakllarga aylanadi. Bitta sistadan ikkita vegetativ shakl hosil bo‘ladi.
Lambliyalar keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa bolalarda ko‘p uchraydi. Ular organizmga ko‘p miqdorda tushganda ichak shilliq pardalarini mexanik ta’sirlashi va ma’lum darajada so‘rilishning buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunda qorinda kuchli bo‘lmagan og‘riq, qorin dam bo‘lishi (meteorizm) va quldirashi, ich kelishi ning buzilishi, ishtaha pasayishi, ko‘ngil aynishi, ba’zan esa o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq kuzatilishi mumkin. Ayrim hollarda lambliyalar organizmdagi boshqa ichak va o‘t yo‘llari kasalliklarining qayta zo‘rayishiga sabab bo‘ladi.
Lambliyalarni kasallik yuqtirgan kishilarda aniqlash odatda oson. Agar najas shakllangan holda bo‘lsa, u vaqtda surtmada mikroskop yordamida sistalar aniqlanadi. Lugol eritmasida bo‘yalgan surtma parallel tekshiriladi.
Yangi suyuq najasda va duodenal zondlash orqali olingan materialda harakatchan vegetativ shakllarni aniqlash mumkin. Najasda sistalarning topilishi tashxis qo‘yish uchun yetarli tasdiq hisoblanadi, shuning uchun vegetativ shakllarini aniqlash maqsadida materiallarni tekshirishning hojati qolmaydi.
© E.I. Musaboyev, A.Q. Bayjanov.
"Yuqumli kasalliklar epidemiologiya va parazitologiya".
Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo'llaniladigan dori vositalardan biri URSOSAN FORTEdir:
https://apteka.uz/uz/product/ursosan
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.