Cho‘l va adirlarda, yo‘l bo‘ylarida, devorlar ustida, ekinlar orasida o‘sadigan kovul ko‘p urug‘li rezavor bo‘lib, mevalari etdor, uzunligi 2 smga boradi. Iyul-avgust oylarida urug‘lari pishadi. Bu dorivor o‘simlikning mevalari tarkibida saponinlar, alkaloidlar, 32,9 foiz uglevodlar, 150 mg askorbin kislota, 3,75 foiz moy, ildiz po‘stlog‘ida staxidrin alkaloidi mavjud.
Kovul yoki kavar o‘simligi tabiiy holda O‘rtayer dengizi, Yevropa janubida, Kavkazda, O‘rta Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda, Pokiston va Hindistonda tarqalgan. Bu o‘simlik Fransiya, Ispaniya, Italiya, Aljir hamda Kiprda, Gretsiya va Shimoliy Amerikada madaniylashtirilgan bo‘lib, landshaftlarning bezagi hisoblanadi. O‘simlikning nomi Erondagi Dashti-Kavir cho‘li bilan bog‘liq holda atalgan. Chunki kovul bu hududlarda eng ko‘p uchraydigan o‘simlik sifatida ajralib turadi.
Kovul dorivor o‘simlik bo‘lishi bilan bir qatorda oziq-ovqatda ham ishlatiladi. Kovulning g‘unchali novdalari, g‘unchalari, rivojlanayotgan mevalari sirka kislotasida marinovat qilinadi hamda oziq-ovqatda «kaperslar» nomi bilan mashhur dori-darmon ko‘rinishida foydalaniladi. Hindular kovulni kobra, kabra yoki kabarra nomlari bilan atashadi hamda o‘simlik organlari qo‘shib tayyorlangan oziq-ovqatlarni yoqtirib iste’mol qilishadi.
Tabobatda pishgan mevasi, barglari, novda va ildiz po‘stlog‘i ishlatiladi.
May-avgust oylarida ochilmagan g‘unchalari, barglari terib olinadi. Shu bilan birga yosh, yog‘ochlasha boshlagan novdalari va ildizining po‘stlog‘i shilib olinadi, maydalanadi hamda quyoshda yoki 50-60ºS haroratda quritiladi.
Kovul ishlatilishi
Po‘stlog‘idan tayyorlangan damlama ishtaha ochuvchi ta’sirga ega. Xalq tabobatida yiringli yaralarni davolash uchun ishlatiladi. Yangi shilingan po‘stlog‘i og‘rigan tishga bosilganda ijobiy natija beradi. Ba’zan ochiq yiringli yaralarga qo‘yilganda antiseptik ta’sir qiladi. Bundan tashqari o‘simlikdan stenokardiyada, tireotoksikoz, gemorroyda, qandli diabet kasalligini davolashda ham foydalaniladi. Ildiz po‘stlog‘idan nastoyka tayyorlash uchun 20 g shilib olingan po‘stlog‘i ustiga 0,5 l qaynagan suv quyiladi, 1-2 soat davomida tindiriladi. Kuniga uch mahal ovqatdan oldin 1/2 stakandan ichiladi.Stenokardiya, sariq kasalligida
Quritilgan ildiz po‘stlog‘idan 2 choy qoshiq olinib ustiga bir stakan suv quyiladi hamda past olovda 10-15 minut qaynatiladi. Sovitilgan qaynatmasi kuniga uch mahal 1 oshqoshiqdan ichiladi.Teri kasalliklarida
Quritilgan ildiz po‘stlog‘idan 2 choy qoshiq olinib ustiga bir stakan suv quyiladi hamda past olovda 10-15 minut qaynatiladi. Sovitilgan qaynatmasi bilan kasallangan teri tez-tez artiladi.Tireotoksikoz, gemorroyda
Quritilgan mevalaridan 1 choy qoshiq olinib ustiga 200 ml suv qo‘yiladi hamda 3-4 minut qaynatiladi. Sovitilgan qaynatmasi kuniga uch mahal ovqatdan oldin 1-2 oshqoshiqdan ichiladi.Qandli diabet kasalligida
Quritib maydalangan novda va barglaridan 1 oshqoshiq olinib, ustiga 200 ml suv qo‘yiladi hamda 4-5 minut qaynatiladi. Sovitilgan qaynatmasi kuniga 3-4 mahal 2 oshqoshiqdan ichiladi.© Nodira ARABOVA, biologiya fanlari nomzodi. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Gijja tushirish uchun qo‘llaniladigan tabiiy retseptlar