Covid -19 epidemiyasi avj olishi jarayonini kuzatib borayotgan mutaxassislarning aksariyati ertami-kechmi koronavirus dunyo aholisining katta bo‘lmasa-da, sezilarli qismini zararlashini taxmin qilishmoqda. 

Hatto infeksiya mustahkamlanadi va odatiy gripp kabi mavsumiy holga keladi, degan taxmin ham mavjud. 

Uning yuqishi faqat vaqt masalasi bo‘lsa, qanday qilib kasallikning oldini olish haqida emas, balki unga qanday tayyorgarlik ko‘rish haqida o‘ylash kerak: dushmanni yuzidan tanigan ma'qul.

BBC’ning rus xizmati SARS-CoV-2 koronavirusi haqida eng ochiq savollarga javob berib o‘tgan.

koronavirus
Foto: Getty Images

Covid -19 epidemiyasi avj olishi jarayonini kuzatib borayotgan mutaxassislarning aksariyati ertami-kechmi koronavirus dunyo aholisining katta bo‘lmasa-da, sezilarli qismini zararlashini taxmin qilishmoqda. 

Virus — bu himoyaviy oqsil qatlamga o‘ralgan mayda genetik kod parchasi. Uning zarralari shunchalik kichikki, virusni odatiy mikroskopda ham aniqlab bo‘lmaydi: 100 million nusxadagi yangi koronavirus igna uchiga osongina joylashadi.

Mitti hajm — bu viruslardan himoyalanish juda mushkulligining sabablaridan biridir. Infeksiya yuqtirgan bemorning har yo‘talishida har birida milliardlab virus zarralari bo‘lishi mumkin bo‘lgan mayda tupuk tomchilari uchib ketadi. 

Virus hujayraga kirib, uni oddiy oqsillar o‘rniga virus nusxalarini yaratishga majbur qiladi — infeksiya shunday rivojlanadi. 

Yangi koronavirus qayerdan paydo bo‘lgan?

Fanga o‘nlab million viruslar ma'lum va yangi, ilgari noma'lum turlar doimiy ravishda kashf qilinmoqda. 

Shu bilan birga, ularning aksariyati odamlar uchun mutlaqo bezarardir — atigi bir necha yuz virus turlari xavf tug‘diradi va hatto immunitetimiz evolyutsiya bosqichlarida ularning aksariyatiga qarshi muvaffaqiyatli kurashishni o‘rgangan.

Biroq viruslar ham rivojlanib boradi va ba'zan mutatsiya natijasida ilgari faqat hayvonlarda uchragan infeksiya inson tanasiga kirib borishi mumkin. 

Bunday «yangi» viruslar ayniqsa xavflidir, chunki odam immuniteti ular bilan hech qachon uchrashmagan va himoya mexanizmini yaratmagan.

Natijada, virus epidemiyaga aylanib, odamlar orasida faol tarqala boshlaydi. Aynan shu holat OIV, SARS, MERS va bugungi yangi koronavirus bilan sodir bo‘ldi.

Virus o‘zidan avvalgi SARS va MERS’dan qanday farq qiladi?

London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi direktori Piter Piotning so‘zlariga ko‘ra, SARS-CoV-2 to‘rtta muhim farqli xususiyatga ega. 

Birinchidan, infeksiyalanishdan keyingi bir necha kun mobaynida odam hech qanday alomatlarga duch kelmaydi, ammo allaqachon boshqalarga yuqtirishi mumkin. Bu juda yoqimsiz xususiyat bo‘lib, virusni izolyatsiyalashni sezilarli darajada murakkablashtiradi.

Masalan, SARS holatida hamma narsa mutlaqo aksi bo‘lgan: alomatlar darhol paydo bo‘lgan, ammo bemorning atrofdagilarga xavf solishi bir necha kundan keyin boshlangan. 

Ikkinchidan, bemorlarning 80 foizigacha bo‘lgan qismi oddiy shamollash yoki gripp kabi yengil holsizlikni sezadi, deyarli har beshinchi (18 foiz) inson esa o‘zida hech qanday alomatlarni sezmaydi, ammo o‘zi bilmagan holda ham u infeksiya manbayi bo‘lib qolmoqda.

Uchinchidan, COVID-19 alomatlari odatiy grippga juda o‘xshash bo‘lgani sababli ko‘plab bemorlar o‘zlarining yangi virus tashuvchisi ekanliklaridan shubhalanishmaydi, lekin atrofdagilarga yuqtirishda davom etishadi.

To‘rtinchidan, kasallikning dastlabki bosqichlarida virus aynan tomoqda ko‘payadi, shuning uchun virus yuqtirib olgan odam har qanday aksirish va yo‘tal bilan atrofga milliardlab virus zarralarini sochadi. Bemor birinchi navbatda yo‘talishni boshlaydi — boshqa barcha alomatlar keyinroq paydo bo‘ladi (yoki paydo bo‘lmaydi). 

Vaksina tayyor bo‘lishini qachonga kutish kerak?

Qisqa javob berganda — kutmang. Imkon qadar tezroq ishlab chiqilgan taqdirda ham, siz uchun asqotishi dargumon.

Vaholanki vaksinaning birinchi klinik sinovlari allaqachon boshlangan bo‘lsa-da (bir vaqtning o‘zida turli mamlakatlarda bir necha talqinlar sinovdan o‘tkazilmoqda), hatto eng yaxshi natijada ham, ishchi vaksinani ommaviy ishlab chiqarish boshlanishi 2021 yil oxiriga qadar cho‘ziladi, bu vaqt ichida insonlarning virus xavf solayotgan guruhlarining aksariyati allaqachon kasallanishga ulguradi. 

Bundan tashqari, aksariyat mutaxassislar optimistik nuqtayi nazarga ega bo‘lishiga qaramay, vaksina prinsipial jihatdan yaratilishi mumkinligiga kafolat ham yo‘q. 

Piter Piotning eslatishicha, OIVga qarshi vaksina yaratishga urinish, masalan, 35 yildan beri davom etmoqda va hali ham foyda yo‘q. Garchi bu vaqt ichida kasallikning oldini olish uchun bir nechta dorilar paydo bo‘lgan. 

Koronavirus haqida nimalarni bilish kerak?
Foto: Getty Images

Virus aslida qanchalik xavfli?

Bunday xavfni baholash uchun universal miqyos mavjud emas. Ammo har qanday kasallik xavfini aniqlaydigan asosiy omillar uning yuqumliligi, ya'ni tarqalish tezligi va yengilligi hamda o‘lim ko‘rsatkichidir.

Yuqumliligi

Xitoylik shifokorlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Uhan shahrida (Xitoydagi yangi koronavirus epidemiyasi markazi hisoblanadigan shahar) har bir bemor o‘rtacha 2,2 sog‘lom odamga virusni yuqtirgan. Epidemiya pasayishi uchun bu ko‘rsatkich 1dan past bo‘lishi kerak. 

Biroq, Uhan zudlik bilan karantinga olinganini esga olsak, uning yuqumliligi yuqori bo‘lishi kerak. Italiyada virus tarqalishi boshlanishi bilan, u yerdagi har bir bemor o‘rtacha 3-4 sog‘lom odamni zararladi. 

Yangi virus oddiy mavsumiy gripp kabi oson tarqalishiga qaramay, uning yuqumliligi yuqoriroq. U havoda uch soat, plastik va po‘lat yuzalarda uch kungacha hayotiyligini saqlab qoladi. 

O‘lim darajasi

Olimlar yangi koronavirusdan o‘limni barcha bemorlarning 1-2 foizi darajasida hisoblashmoqda. Bu odatdagi mavsumiy grippdan taxminan 20 baravar yuqori, ammo SARS (10 foiz) va MERS (35 foiz) epidemiyasining yaqiniga ham bormaydi.

Virus immuniteti zaif va surunkali kasalliklarga chalingan keksa odamlar uchun eng xavflidir. 70 yoshdan keyingi yosh guruhida o‘lim darajasi 5 foizdan oshadi, 80 yoshdan oshganlarning har o‘ndan biri virusdan nobud bo‘lmoqda.

Virusga qarshi maxsus davolash kursi mavjudmi?

Qisqa javob — hozircha yo‘q. Yuqtirib olganlar faqat simptomatik davolanmoqda, ya'ni kasallikning o‘zi bilan emas, balki uning alomatlari bilan kurashilmoqda.

Biroq, shifokorlar ta'kidlashlaricha, bu vahima qo‘zg‘ash uchun mutlaqo sabab bo‘la olmaydi. Bemorlarning aksariyati (80 foizdan ortig‘i) tibbiy yordamga umuman muhtoj emas. Ular uyda, oddiy grippga qarshi vositalar yordamida davolanadi va odatdagidek, taxminan bir hafta yoki biroz ko‘p vaqt mobaynida tiklanadi.

Kasallanganlarning faqatgina har beshdan yoki oltidan biri uchun shifoxonaga yotqizish talab qilinadi — asosan keksa va/yoki surunkali kasalliklarga chalingan odamlar.

Agar infeksiya virusli pnevmoniyaga aylanib, bemor nafas olishda qiynala boshlasa, u intensiv terapiyaga (reanimatsiya) o‘tkaziladi. Bunday bemorlarning ulushi barcha tasdiqlangan holatlarning taxminan 4 foizini tashkil qilmoqda.

Yuqtirib olgan holatda nima qilish kerak?

Ko‘plab tadqiqotlar va modellardan ko‘rinib turibdiki, virusga qarshi kurashning eng samarali vositasi — karantin, u atrofdagilarni zararlamaslik uchun muhim.

Grippga birinchi shubha paydo bo‘lishi bilan (ilk alomat yo‘tal, keyin yengil harorat ko‘tarilishi mumkin) o‘zingizni oila a'zolaringizdan ajratib ihotalaning va iloji bo‘lsa, to‘liq tiklanmaguncha uydan chiqmang.

Antibiotiklarni qabul qilmang — ular viruslarga qarshi hech qanday yordam bermaydi.

Har qanday shaxsiy aloqa uchun himoyaviy jarrohlik niqobini kiying. Profilaktika nuqtayi nazaridan foydasiz bo‘lgan niqob bemor tomonidan kiyilganda uning tupuk tomchilarini to‘sib, atrofdagilarni himoya qiladi.

Yangi koronavirusning odamdan odamga o‘tish tezligi va osonligini hisobga oladigan bo‘lsak, ertami-kechmi dunyo aholisining aksariyat bo‘lmasa ham, katta qismi u bilan kasallanadi. 

U bilan taqqoslanadigan «ispanka» yuqumli epidemiyasi davrida (1918-1919 yillar) virus sayyoraning har uchinchi kishisiga yuqqan, yangi infeksiya esa yanada jadalroq harakatda.

Shuning uchun Piter Piot ogohlantirmoqda: kasallikka tayyor turish kerak, shu jumladan psixologik jihatdan ham. Kelgusi haftalarda va ehtimol bir necha oy ichida kasallanganlar va o‘limlar soni ko‘payadi — ayniqsa aholini ommaviy tekshirish boshlanganida.

Asosiysi, vahimaga tushmang. Siz allaqachon uni yuqtirib, istimasiz yengil yo‘tal yoki hech qanday alomatlarsiz «dahshatli virusdan» qutulib bo‘lgandirsiz. Bo‘lishi mumkin.

24.03.2020
BBC Russian / Kun.uz

Ushbu maqolani ham o'qing:
Ogoh bo‘ling: Pnevmokokk infeksiyasi