Bosh miya to‘qimalari qo‘zg‘alish va tormozlanish xususiyatiga ega. Odam uyg‘oqlik paytida miya hujayralari ko‘p marta qo‘zg‘aladi. Har bir hujayra, har qanday to‘qima ish faoliyati vaqtida juda ko‘p kuch-quvvat yo‘qotadi. Ularning faoliyati uzoq davom etishi uchun sarflangan quvvat o‘rnini to‘ldirishga ehtiyoj seziladi. Miya charchaganda uyqu keladi. Uyqu paytida kuni bilan xizmat qilgan hujayralar yana qo‘zg‘alish uchun kuch-quvvat tiklaydi. Demak, tuni bilan miriqib uxlab turgan odam o‘zini yengil, yangi mehnat kuni uchun kuch to‘plaganini his etadi. Ko‘p uxlash Tibbiyotda uyqu jarayoni buzilishi bilan kechadigan kasallik narkolepsiya, deb ataladi. Bu dardga chalinganlarni oddiy qilib, uyquchi, deyishadi. Kasallik xuruj qilganida odam o‘ta darajada holsizlanib qoladi, birdan kuchli uyqu bosadi. Bunday paytda qancha vaqt uxlangani ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Narkolepsiyaga chalingan bemorlar kutilmaganda har qanday vaziyatda ham uyquga ketishi mumkin. Bu kasallikka chalingan odamlar aslida o‘zlariga nima bo‘layotganini mutlaqo anglashmaydi. Narkolepsiya bosh miya, aniqroq aytsak, bosh miyadagi uyqu va tetiklik holatlarini nazorat qiluvchi markazlar faoliyatidagi patologik (nuqsonli) o‘zgarishlar oqibatida yuzaga keladi. Aksariyat hollarda narkolepsiya kunduzgi vaqtda haddan tashqari uyquga berilish, katapleksiya (kutilmaganda tana mushaklari tarangligining keskin pasayib ketishi), uyqu vaqtidagi “falajlanish” (uyqu vaqtida mutlaq harakatsizlik holatining his etilishi; fiziologik jihatdan haqiqiy falajlikka o‘xshab ketadi, ammo uzoq vaqt davom etmaydi) kabi alomatlarni namoyon etadi. Narkolepsiyaga chalingan odamlar o‘zini kunduzi tetik his qilmaydi, tungi vaqtda miriqib uxlay olmaydi. Bemorlar aksariyat hollarda predmetlarning ikkiga ajralib ko‘rinishi, diqqat-e’tiborini jamlay olmasligi, xotiraning yo‘qolishi, bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishadi. Bunday alomatlar kuzatilishi bilan, albatta, shifokorga murojaat qilish lozim. Shifokor, avvalambor, bemorda boshqa (yo‘ldosh) kasalliklar bor-yo‘qligini aniqlaydi. Shundan keyin somnolog (uyqu buzilishi va uning fiziologiyasi bo‘yicha mutaxassis)ga borish tavsiya etiladi. Narkolepsiya degan tashxis qo‘yilsa, kasallikning qay darajada kuchli rivojlanganligini aniqlash uchun polisomnografiya va MSLT test (uyqu jarayonlarining buzilishini aniqlashga imkon beruvchi maxsus sinov turi) amalga oshiriladi. Polisomnografiyani amalga oshirish uchun bemor tunni somnologik laboratoriyada o‘tkazishi kerak. Bunday sharoitda birinchi kuni bemorning bosh qismiga maxsus elektrodlar joylashtirilib bosh miya, yurak va ko‘z sohasidagi funksional jarayonlar kuzatiladi. Sinovlarning ikkinchi kunida MSLT test o‘tkaziladi. Buning uchun kunduzgi vaqtda shifokor-mutaxassislar kuzatuvida har ikki soat ichida qisqa muddatga uyquga ketish taklif qilinadi. Mazkur test yordamida har bir kishining uxlash xususiyati (tibbiy tilda aytganda uyquning patterni) kuzatiladi. Hozircha narkolepsiyani to‘liq davolashning imkoni yo‘q. Biroq ushbu xastalikning klinik kechishini nazorat qilib borish va uning oqibatlarini nisbatan yumshatish yo‘llari mavjud. Amalda narkolepsiyaga chalingan bemorlarga kompleks tarzda davolanish, turli dori-darmonlar ichish tavsiya etiladi. Xastaning yaqinlari, hamkasblari bilan profilaktika-tushuntirish ishlari olib boriladi. Tavsiya etilgan dori-darmonlar kunduzgi uyquchilikni, uyquning buzilishini bartaraf etish yoxud ularning oqibatlarini nisbatan yumshatishga yo‘naltirilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Mavzuga aloqador maqola: Uyquchanlik: alomatlar, sabablar, tashxislash va davolash

© Shahzod G‘AFFOROV. Milliytiklanish.uz

Ushbu maqolani ham o'qing:
Miasteniya qanday kasallik?